OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurahmon Pirimqulov. Poktiynat ustoz

http://ziyouz.uz/images/abdurashid_abdugafurov.jpg

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Abdug‘afurovni eslaganda beixtiyor hazrat Alisher Navoiyning poklik, halollik haqidagi mashhur qit’asi yodga tushadi:

Tuzlukka moyil o‘lki, ishing borg‘ay ilgari,
Yuz mushkul o‘lsa, yo‘qsa, ming ollingda har zamon.
Yuz sahfa bir qalam birla kotib qilur raqam,
Ming qo‘yni bir aso bila har yon surur shubon.

Darhaqiqat, e’tiqodi, hayotiy a’moli bilan Abdurashid Abdug‘afurov ushbu qit’ada ta’riflangan “tuzluk” — to‘g‘rilik, halollikni umr mazmuni deb bilgan inson edi. U kishining manbashunoslik, matnshunoslik, Alisher Navoiydan tortib Yusuf Saryomiygacha bo‘lgan mumtoz shoirlarning adabiy faoliyati, badiiy mahorati xususidagi monografik tadqiqot va maqolalari, beistisno, XX asrning ikkinchi yarmi va istiqlol davri o‘zbek adabiyotshunosligining yorqin sahifalari bo‘lib qoldi. Domlaning navoiyshunoslikka qo‘shgan hissasi alohida ehtiromga loyiq. Zero, olimning “Xamsa” tarkibidagi hikoyatlar tahlili yoki kulliyotga oid jumboqlar, ilk devonning yaratilishi, chor devon mundarijasidan chetda qolgan g‘azallar, shoir ijodiy evolyutsiyasining nozik qirralari, ba’zi g‘azallarga nazira va taxmis bog‘lash an’anasining Qo‘qon va Xorazmda qizg‘in davom etgani, shuningdek, genial shoir she’riyatining fors-tojik adabiyotiga ta’siri kabi muammolarga bag‘ishlangan maqolalari davrimiz navoiyshunosligining qimmatli sahifalariga kiradi.

Xolislik va haqgo‘ylik A.Abdug‘afurov ilmiy merosining negizini tashkil etar edi. Ustoz mumtoz adabiy omillarni chuqur tahlil qilardi. Muhim adabiy hodisani tarixiy-ijtimoiy muhit va dolzarb nazariy muammo aspektida tekshirar, muayyan davr adabiy muhitida jiddiy o‘rin tutgan muqobil asar bilan qiyoslar va har qanday asarni tadqiq etganda, milliy mafkura tamoyillariga asoslanar, ayniqsa, tadqiqot markazida hazrat Navoiy turganligini chuqur his qilgan holda qalam tebratardi. Boshqa olimlarning tadqiqotlariga baho berishda ham xuddi shu mezondan kelib chiqib mulohaza yuritardi. Biror maqola yozsam, odatda, ma’lum muddat domlaga ko‘rsatolmay yurardim. U kishining “bo‘ladi” yoki “bo‘libdi”, deganlari biz uchun katta baho edi. Ustoz qanchalik qattiqqo‘l bo‘lmasin, o‘zaro suhbatlarda davraga alohida fayz bag‘ishlab, ishtirokchilarga tabassum ulashib o‘tirardi, hazil-mutoyibani xush ko‘rardi, ayniqsa, hayotiy latifalar aytib, suhbat orasida qoyilmaqom lutf qiladigan odatlari bor edi.

Domlaning rasmiy shogirdlari unchalik ko‘p emasdi. Har holda u kishi bilan ishlash yosh tadqiqotchidan katta jur’at talab etilardi. Darvoqe, Sidqiy Xondayliqiy ijodi bo‘yicha nomzodlik ishi yoqlagan Ramida Javharova: “Domla bilan ishlash uchun suv kelsa simirish, tosh kelsa kemirish kerak”, derdi.

Domlaning Bobur lirikasi, ayniqsa, uning jahonda biror-bir taxt hukmdorida uchramaydigan sirli qobiliyat, ulug‘vor siymosi, astoydil iltijo orqali o‘g‘lining dardini o‘ziga “ko‘chirishi”, ongli ravishda Humoyun uchun jonini tasadduq etishi haqidagi nisbatan ixcham, ammo teran mazmunli maqolalari istiqlol davri boburshunosligining yutuqlari sirasidandir. O‘rni kelganda ta’kidlab o‘tishni xohlardikki, ­Abdurashid aka “Bobur lirikasi” sarlavhasi ostida bir emas, ikki maqola e’lon qilgan. Biri tahlil nazokati ila keng qamrovga ega bo‘lsa, ikkinchisi shoir devoni uchun kirish so‘z sifatida yozilgan. Biri ikkinchisini to‘ldirib keladi. Domla birini olimlar, ikkinchisini esa keng kitobxonlarga mo‘ljallagan.

Ustozning shaxsiyatini eslaganimda, bir hayotiy voqea yodimga tushadi.

Domla “Bobur devoni”ni nashrga tayyorlagan, kitob 1994 yili “Fan” nashriyotida 50 ming nusxada chop etilgandi. Qalam haqi hisobidan domlaga yuztacha kitob berishgani yodimda. Keyinchalik nashriyot direktori fondda qolgan nusxalarni ham domlaga berib yuborgan ekan. Domla ixtiyoridagi mingtadan ortiq kitobni menga topshirayotib tayinladilar: “A’lochi o‘quvchilaringizga, ayniqsa, yotoqxonada turadigan talabalarga bepul tarqating”.

Ustoz bilan oxirgi suhbatimiz ham hech esimdan chiqmaydi. 2003 yil boshlarida domlaning huzuriga borib, institutimiz jamoasi G‘afur G‘ulom tavalludining 100 yilligini nishonlashga hozirlik ko‘rayotganini, atoqli adib ijodi haqidagi ma’ruzalar to‘plami chop etilishini aytdim. Bu bejiz emasdi. Chunki akademik shoir Abdurashid akaning ustozi bo‘lganini, chamasi 60-yillarda shu inson rahbarligida nomzodlik ishi yoqlaganini bilardim. U kishi ustozi haqida so‘zlaganda doimo G‘afur aka, deb eslaganining guvohi bo‘lganman. Xullas, domlaning maqolasini “G‘afur G‘ulom va davrimiz” (2003) nomli to‘plamga kiritdik. To‘plam kirish so‘zdan keyin Abdurashid akaning “G‘afur G‘ulom – adabiyotshunos” sarlavhali maqolasi bilan ochiladi. O‘sha uchrashuv biz uchun so‘nggi diydorlashuv bo‘ldi. Domla 74 yoshda boqiy dunyoga rixlat qildilar. Ustozdan yaxshi nom, boy ilmiy meros va hammamiz uchun ibrat bo‘ladigan insoniy fazilatlar qoldi.

Abdurahmon Pirimqulov,

filologiya fanlari nomzodi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 19-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.