OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Adam Smitning “ko’rinmas qo’l”i

Bu odamni bizda hali ko‘pchilik tanimaydi. Entsiklopedik lug‘atda:
Smit Adam (1723 — 1790) — shotland ekonomisti va faylasufi... deb boshlangan qisqacha izoh berilgan. Ammo biz uni 1976 yilda nashr etilgan, muqaddam yashab o‘tgan barcha atoqli faylasuflar nomi jamlangan «Falsafa lug‘ati»dan harchand izlab topa olmadik. Bugungi kunda bozor iqtisodiyoti ilmining dahosi sifatida haqli ravishda tan olingan, biroq biz yaxshi tanimaydigan bu odam kim bo‘ldi ekan? 

G‘alati odam


Adam Smit — bir qarashda tushunib bo‘lmaydigan g‘alati odam, deyilgan ba’zi manbalarda. U goho o‘zi bilan o‘zi gaplashar, goho shunaqangi o‘ychanlikka berilib ketardiki, chetdan kuzatib turgan kishilar uni tentak deb o‘ylasharkan.
Aslida Adam g‘oyatda bilimdon kishi bo‘lgan. Ikki universitetni tugatib, falsafa, siyosat, matematika, astrologiya, huquqshunoslik, sotsiologiya va nihoyat iqtisodiyot fanlarini o‘rganib, ko‘zga ko‘ringan olim bo‘lib yetishdi. Edinburg universitetining professorligi darajasigacha o‘sib borgan Smit talabalarga etika, huquq hamda siyosat ilmidan ma’ruzalar o‘qir va shu bilan bir vaqtda ajoyib kitoblar ham yozardi. Uning birinchi chop etgan asari «Axloqiy tuyg‘ular nazariyasi» deb nomlanadi. 
Insonning ichki tabiatini obdon o‘rganib chiqqan olim, chindan ham buyuk kashfiyotlar qildi. Bir so‘z bilan aytganda, bashariyatning iqtisodiy-ijtimoiy qiyofasini haqqoniy chizib berdi. Uning 1776 yilda yozgan «Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida» kitobi G‘arb¬da hozir haqli ravishda «Kapitalistik iqtisodiyot Bib¬liya¬si» deya nom olgan. Bu asarda qalamga olingan fikrlar va xulosalar mana, oradan asrlar o‘tayotgan bo‘lsa-da, bugun ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas.
«Mamlakatni eng chuqur qoloqlikdan farovonlikning yuqori bosqichiga olib chiqish uchun faqatgina tinchlik, yengil soliqlar va boshqaruvdagi bag‘rikenglik kifoya qiladi, qolganlarini esa voqealarning tabiiy oqimi bajaradi», deb yozgan edi Adam Smit. 

Kim boy bo‘lishni istamaydi?!


«Har bir kishi, — deydi Adam Smit, — daromadini yo o‘z mehnati bilan yoki sarmoyasi bilan va yoki yeri orqali olishi lozim:
Mehnati orqali oladigani — ish haqi;
Sarmoyasi orqali oladigani — foyda;
Yeridan oladigani esa — yer rentasidir».
Keyinchalik uning ayrim tanqidchi shogirdlari buyuk ustozlariga shakkoklik qilib, oxirgi ikki usulni qonundan tashqariga chiqarishdi va ularga mehnatsiz daromad degan tavqi la’natni osishdi. Holbuki, Adam Smit daromadlarning yuqoridagi har uchala turini ham har qanaqa jamiyat va hamma uchun mutlaqo teng huquqli, hatto zarur ekanini qattiq uqtirgan edi.
«Oramizdagi ba’zilar bajarayotgan ishlarini go‘yo pul uchun emas, burch uchun qilyapman, deb o‘ylaydilar. Bu esa o‘z-o‘zini aldashdan boshqa narsa emas. Chunki har bir odam iloji boricha tinchroq yashashni istaydi. Mehnatsevarlik har qanday insoniy xususiyatlarda bo‘lganidek, rag‘batning miqdoriga qarab o‘sib boradi. Shu bois, yuqori ish haqi berish orqali biz hamisha tashabbuskor, tirishqoq, fahm-farosatli kishilarni istaganimizcha topa olamiz. Past ish haqi bilan esa bunga erishib bo‘lmaydi», — deydi u.
Biroq ana shu joyda ishning «ishkali» chiqib qoladi. Kishilar mehnatsevarlik va tirishqoqligi samarasi o‘laroq boyib qolishgach, xuddi boyvachchalarga o‘xshab erkalana boshlaydilar. O‘zlarini tuzukroq koyitmasdan ko‘proq narsa talab qiladilar.
Smit ushbu noxush holatni ham e’tibordan qochirmagan: «Inson qanaqa mashg‘ulot bilan shug‘ullanmasin, katta daromadga ega bo‘lib qolgach, boshqa davlatmand odamlar singari yaxshi yeb-ichgisi, bashang ki¬yingisi, turli xil ko‘ngilochar ishlar qilishni istab qoladi».
Bunda har qanday kishi ham iloji boricha asl narsalar xarid qilishni, yashab qolishni, yashaganda ham yaxshi yashashni istaydi. Bu mutlaqo tabiiy hol. Ammo topganini yemay-ichmay, qirq joydan tugib, jam¬g‘aradiganlarga nima deysiz?
Buyam, albatta, yaxshi. Nega desangiz, oddiy xalq iborasi bilan aytganda, «Pul — belga quvvat, ko‘zga nur». Adam Smitning fikriga ko‘ra esa, uchinchi yo‘l eng to‘g‘riroq. Ya’ni jam¬g‘armani yemasdan, yig‘masdan ko‘chmas mulk yoki ishlab chiqarishga jalb etganlar yutadi. Bir so‘z bilan aytganda, puldan pul tug‘dirish kerak. Bizning o‘zbeklar garchand Adam Smit bilan birga o‘tirib qatiq yalashmagan bo‘lsalar ham «Pul pulni topar, pulsiz — boshog‘riqni», deb qo‘yishganiga, bilmadik, qancha zamonlar bo‘lgan. Kim bilsin, balki algebra, tibbiyot, kibernetika, astronomiya va boshqa sohalarda bo‘lganidek, bobolarimiz iqtisodiyot borasida ham Adam Smitga ustoz chiqib qolishsa, hech ajablanadigan joyi yo‘q.

Obro‘ kerakmi yoki shovla?


Adam Smitning iqtisodiy lug‘atida biz odatlanib qolganimiz: oklad, stavka, tarif, yarim stavka, o‘rindoshlik, eng yuqori ish haqi, eng past ish haqi, limit va hokazo har xil atamalar mutlaqo mavjud emas. Uning nazariyasidagi har bir xulosa hayotning o‘zidan va faqat o‘zidan chiqarilgan.
«Hurmat va obro‘-izzat har qanday nufuzli kasbning o‘ziga xos katta bir rag‘bati hisoblanadi, — deb yozadi Smit. — Biz or qilib, uyaladigan yoki qo‘limizdan kelmaydigan ayrim qora ishlarda esa ushbu rag‘bat hisobini daromad qoplaydi. Aytaylik, qassoblar juda katta foyda olishadi va bizga qaraganda to‘kisroq yashaydilar. Ammo ularning kasbi qanchalik daromadli bo‘lsa, shu qadar qo‘pol, yoqimsiz va og‘irdir. Shunga ko‘ra, bu kasb hamma joyda boshq¬a kasblarga qaraganda daromadliroq».
Endi-endi ma’lum bo‘lyaptiki, eng buyuk fojealarimizdan biri shunda ekanki, uzoq vaqt bizni xususiy mulkka nisbatan nafrat hissida tarbiyalashdi. «Biz sotsialistlarmiz! Bu degani biz xususiy mulkchilikka qarshimiz!» degan aqidaga amal qilindi. Mana davr o‘tdi, zamon o‘zgardi. Endilikda bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat barpo etayotirmiz. Xususiy mulkchiliksiz bozor iqtisodiyotini tashkil etish, demokratik jamiyat qurish mutlaqo mumkin emas. Bu borada Adam Smit quyidagilarni yozdi: «Mulkka ega bo‘lish huquqi bo‘lmagan odam hamisha kamroq ishlab, ko‘proq yeyishga intiladi. Mulk¬ka egalik huquqi — muqaddas huquq — mehnat qilish huquqiga tayanadi. Zero, mehnat har qanday mulkning asosidir. Hech vaqosi yo‘q kishining ham chaqqon qo‘llari bor. Kimda-kim uni ana shu qo‘llarini ishlatish huquqidan mahrum qilsa, uning eng muqaddas huquqidan mahrum qilgan hisoblanadi».
Demak, inson mehnat qilish huquqidan to‘liq foydalanishi uchun uning qo‘llarini yechib yuborish kerak. Mulkka egalik qilish huquqi esa insonning nafaqat qo‘llarini, balki ruhini ham ozod qiladi. Natijada uning chaqqon qo‘llari qo‘l emas, chinakam qanotga aylanib ketadi. Mana, Adam Smit nima demoqchi!

Urg‘ochi pullar


Sarlavhani o‘qigan mushtariylar: «Ie, pulning ham erkagu urg‘ochisi bo‘larkanmi?» deb ajablanmasinlar. Adam Smit nazariyasi bo‘yicha, puldan pul tug‘dirish yo‘li bilan ham daromad olish mutlaqo mumkindir. Buning hech qanaqa uyatli joyi yo‘q. 
«Har qanday ishlab chiqarish va kasb-hunarda bo‘lganidek, ko‘pchilik hunarmandlar o‘z faoliyatlari uchun zarur bo‘lgan xomashyolar hamda ishlab chiqarishni tashkil etib, ishni bitirib olganlariga qadar, ma’lum bir mablag‘ga ehtiyoj sezadilar. Ana shu vaqt¬da ayrim kishilar qo‘lida to‘planib qolgan sarmoya hisobiga mehnatsevar va ishchan odamlarni atrofiga to‘plab, ularning mehnati hisobidan foyda ola boshlaydilar».
Ammo Adam Smit xulosasi bo‘yicha buning teskarisi ham bo‘lishi mumkin. Xo‘jayin foyda ketidan quvib, mahsulot narxini ko‘tarsa yoki yollanma ishchilarga kamroq ish haqi to‘lasa va yoxud keraksiz molu matolar ishlab chiqarsa, korxonasi kasodga uchrab, o‘zi sinib qolishi, zamonaviy til bilan aytadigan bo‘lsak, bank¬rot bo‘lishi mumkin. Demak, hamma gap me’yorni bilishda ekan. Ana shu me’yor atrofidagi gaplar asosida zamonaviy menejment va marketing ilmi paydo bo‘ldi.
Smitning uqtirishicha, «chinakam kapital (sarmoya) bu eks¬pluatatsiya vositasi yoki molning sotilishdan olinadigan daromad emas, balki jamiyatni farovonlashtiradigan mablag‘dir». Oradan yuz yil o‘tib, mashhur Genri Ford Adam Smitning fikrini sal bosh¬qacharoq tarzda talqin qildi: «Mehnatkashlarning kundalik turmushlarini yaxshilamaydigan, ularning mehnatiga adolatli haq bermaydigan kapital (sarmoya) o‘zining muhim vazifasini bajarmaydigan kapitaldir... Har qanday sarmoya ana shu muhim vazifasini bajarmas ekan, uning oddiy qumdan hech qanday farqi yo‘q». «Kapitalning eng bo‘lmag‘uri chetga chiqib ketadiganidir, — deydi Adam Smit. — Agar pullar mamlakat ichkarisida o‘ziga qo‘nim topmasa, har qanaqa qonun, farmon va cheklovlarga bo‘ysunmagan holda chegaralardan tashqariga turli ehtiyojlar uchun chiqib ketaveradi». Smit nazariyasiga ko‘ra, pul mamlakat ichida o‘z talabgorini topishi lozim. Bu degani zamonaviy qilib aytganda, bozor talabini import hisobiga emas, balki ichki ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga qondirish kerak. Aks holda xalq mehnati evaziga yaratilayotgan moddiy boyliklardan keladigan foyda huzurini ishlab chiqarishni yaxshiroq tashkil qilgan xorijiy korxonalar ko‘raveradi. 
Shu ma’noda hukumatimizning ichki bozor talabini tezroq qondirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish borasida ko‘rsatayotgan sa’y-harakatlari nihoyatda to‘g‘ri ekani ayon bo‘ladi. Aytaylik, sobiq ittifoq davrida paxtamizning atigi 8 foizi O‘zbekistonda qayta ishlangan bo‘lsa, hozirda bu miqdor yildan-yilga o‘sib bormoqda.

«Ko‘rinmas qo‘l»ning kuchi


Bundoq qaraganda, Adam Smit ko‘zimizga buyuk kashfiyotchi bo‘lib tuyulsa-da, u azaldan mavjud narsalarni sodda va to‘g‘ri ko‘ra oldi, xolos. Qolaversa, hayot manzaralarini bo‘rttirmasdan, kamsitmasdan, qanday bo‘lsa, shu holatda ko‘rish-ko‘rsatishning o‘zi ham katta bir hikmat emasmi? Adam Smit insonni, umuman, hayotni qanday bo‘lsa, shu holda qabul qildi. O‘zidan keyingi dohiy va dohiychalarga o‘xshab, ideal insonni yaratishga urinmadi. Bor qusur-kamchiliklari, xudbinliklari bilan oddiy odamlar o‘zlari bilmaganlari holda jamiyatni farovonlashtirib yubora olishlarini ilmiy asosda isbotlab berdi. Smit nazaridagi odam xudbin va manfaatparast bir nusxa. Ammo Smit undan naf¬ratlanmaydi, balki «... agar inson o‘z foydasini ko‘zlab faoliyat yuritsa, beixtiyor ravishda jamiyat manfaa¬ti uchun xizmat qila boshlaydi» deya uni to‘g‘ri tushunib, umidbaxsh xulosa chiqaradi. Ushbu fikr hazrat Navoiyda ham bor, faqat talqini sal boshqacha:
Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Balki, bu naf, o‘zungga ko‘prakdurur.
Eng qizig‘i shundaki, u odam «bu bilan jamiyatni boyitayapman» degan o‘yni umuman xayoliga keltirmaydi. Ammo ushbu jarayondagi «ko‘rinmas qo‘l» uning yetti uxlab tushiga kirmagan natijalarga olib keladiki, bundan faqat haligi xudbin kishi emas, butun jamiyat manfaat ko‘radi.
«Hamma odamlarda, — deydi Adam Smit, — bitta xohish mavjud, ya’ni o‘z yashash sharoitlarini yaxshilashdek yo‘qolmaydigan istak. Ana shu istak ba’zi hukumatlarning isrofgarchiliklari, ayrim ma’murlarning xato-kirdikorlari orqasidan kelib chiqadigan barcha zarar hamda o‘pirilishlarniyam bartaraf etadi va hayotni kundan-kun yaxshilatib boraveradi».
Nima ham derdik, agar ana shunday bo‘lmaganida, odam zoti allaqachon iqtisodiy va siyosiy bo‘hronlar girdobiga tortilib, yer yuzidan zamonlar qa’riga g‘arq bo‘lib ketar edi.
Biz ushbu maqolamizda Adam Smitni keyingi paydo bo‘lgan nazariyotchi raqiblari bilan zidlashtirmadik va qiyoslamadik. Binobarin, bizda bunday niyat bo‘lgan ham emas, chunki bu masalalarda vaqtning o‘zi eng yaxshi hakamdir.
Buyuk Sitseron aytganidek: «Vaqt soxta fikrlarni yemiradi, tabiat hukmini esa tasdiqlaydi». Shotlandiyalik Adam Smit XVIII asrda tabiat hukmini boshqalarga nisbatan oldinroq va to‘g‘riroq anglagan edi, xolos. 

Xudoyberdi Komilov,
“Marifat” gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.