Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy – rus shoiri, XX asrning yirik ijodkorlaridan biri. Uning she’rlari otashin misralarga to‘la, satrlarida qizg‘inlik, kuchli ehtiros yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mayakovskiy shoirlikdan tashqari, dramaturg, kinostsenariynavis, kinorejissyor, “LYeF” (“Leviy front” – “Chap front”), “Yangi LYeF” jurnallari muharriri sifatida ham o‘zini sinab ko‘rgan. Shoirning fojiali hayoti hanuzgacha rus adabiyotining og‘riqli mavzularidan biri bo‘lib kelmoqda...
Ignadan qo‘rqish
Vladimir Mayakovskiy 1893 yil 7 (19) iyulda Gruziyaning Kutaisi guberniyasi Bagdadi qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi Vladimir Konstantinovich Mayakovskiy (1857 – 1906) o‘rmonchi bo‘lib ishlardi. Onasi Aleksandra Pavlenko (1867 – 1954) kelib chiqishi jihatidan kuban kazaklaridan bo‘lib, Kubanda, Ternovskaya qishlog‘ida tug‘ilgan edi.
Bo‘lajak shoirning ikki nafar opasi: Lyudmila (1884 – 1972) va Olga (1890 – 1949) hamda ikki akasi bo‘lgan: Konstantin (uch yoshida qizilcha kasalligi tufayli hayotdan ko‘z yumgan) va Aleksandr (bolaligida vafot etgan).
1902 yildan e’tiboran Mayakovskiy Kutaisidagi gimnaziyada tahsil ola boshladi. U gruzin tilida erkin gapira olardi. Yosh Vladimir inqilobiy namoyishda ishtirok etdi, tashviqotchilikka oid risolalar bilan tanishdi.
Oila boshlig‘i Vladimir Konstantinovich 1906 yili qog‘oz tikayotib barmog‘iga noxos ignani suqib oldi. Oqibatda uning qoni zaharlandi va vafot etdi. Shu fursatdan boshlab bo‘lajak shoir Mayakovskiy igna va soch to‘g‘nag‘ichlarga nisbatan toqat qila olmaydigan bo‘ldi. Unda bakteriyalardan qo‘rqish (bakteriofobiya) kasalligi bir umrga saqlanib qoldi. Voyaga yetgan Vladimirning bo‘yi ikki metrga yetgan edi.
O‘sha yilning iyulida Mayakovskiy onasi va opalari bilan Moskvaga ko‘chib o‘tdi va klassik gimnaziyaning 4-sinfida o‘qiy boshladi. Aytishlaricha, u Boris Pasternikning akasi Shura bilan yonma-yon tahsil olgan. Biroq 1908 yilning martida bo‘lajak shoirning gimnaziyada o‘qishiga ruxsat berilmadi. Oila kambag‘al yashayotgani bois ta’lim pulini to‘lay olmagan edilar.
Mayakovskiyning birinchi “yarim she’ri” Uchinchi gimnaziya tomonidan chop etiladigan norasmiy “Shiddat” jurnalida bosilgan. Shoirning so‘zlariga ko‘ra, “favqulodda inqilobiy va o‘sha darajada bema’ni chiqqan”.
Moskvada Mayakovskiy inqilobiy kayfiyatdagi talabalar bilan tanishdi, marksizm ruhidagi adabiyotlarni mutolaa qildi. 1908 yili RSDPRga qabul qilindi. U savdo-sanoat hududida targ‘ibotchilik bilan shug‘ullandi. 1908 – 1909 yillarda uch marta hibsga olindi (maxfiy bosmaxona ishi, anarxist-ekspropriatorchilar guruhi bilan bog‘langanlik, Novinskiy qamoqxonasidan siyosiy mahbus ayollarning qochishida vositachilik qilganlikda ayblangan). Birinchi ish bo‘yicha voyaga yetmagani bois ozod etilib, onasining nazoratiga topshirildi, ikkinchi va uchinchi ish yuzasidan esa yetarli asos bo‘lmagani sababli qo‘yib yuborildi.
Qamoqxonada Mayakovskiy “janjallashar”, bir bo‘limdan boshqasiga o‘tkazilardi. Uning Butirskayadagi hibsxonaning bir kishilik kamerasida 11 oy o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan.
1909 yilda qamoqda bo‘lgan Mayakovskiy yana she’rlar yoza boshladi, biroq yozganlaridan ko‘ngil to‘lmadi. “Nazoratchilarga rahmat, hibsdan chiqqanimda she’r daftarimni olib qo‘yishdi, aks holda uni bosib chiqarardim”, – degan edi u.
Uchinchi marta hibsga olingan shoir 1910 yilning yanvarida ozod qilindi. Shundan so‘ng u partiyadan chiqdi. 1911 yili Mayakovskiyni ilhomlantirgan do‘sti musavvira Yevgeniya Lang rassomlikka qiziqtirib qo‘ydi.
“Generalni hibsga oling!”
Mayakovskiy Stroganov bilim yurtining tayyorlov kursida, rassomlar S.Jukovskiy va P.Kelin studiyalarida saboq oldi. Shundan so‘ng Moskva rassomchilik, haykaltaroshlik va me’morchilik bilim yurtiga o‘qishga kirdi. “Gileya” futuristik guruhi asoschisi David Burlyuk bilan tanishgach, adabiy davraga kirdi. Uning birinchi she’ri “Kecha” (1912) futuristik to‘plam bo‘lmish “Jamoat ta’biga ko‘ra shapaloq” to‘plamiga kiritildi.
1912 yilning 30 noyabrida “Daydi it” artistlar yerto‘lasida Mayakovskiy ilk bor ommaviy chiqish qildi.
Oradan bir yil o‘tib, uning “Men” nomli birinchi kitobi nashr etildi (to‘rtta turkum she’rdan iborat). Kitob qo‘lyozmadan iborat bo‘lib, Vasiliy Chekrigin, Lev Jegin chizgan rasmlar bilan to‘ldirilgan, 300 nusxada chiqqan edi. Asta-sekin boshqa nashrlarda ham Mayakovskiy she’rlari ko‘rina boshladi.
O‘sha yili shoir dramaturgiyaga ham murojaat etdi. “Vladimir Mayakovskiy” dasturiy fojiasi yozildi va namoyish qilindi. Dekoratsiyani “Yoshlar ittifoqi” rassomlari P.Filonov va I.Shkolnik tayyorlashdi. Muallifning o‘zi esa rejissyor va bosh rol ijrochisi sifatida namoyon bo‘ldi.
1914 yilning fevral oyida Mayakovskiy va Burlyuk ommaviy chiqishlari uchun o‘qishdan haydalishdi. Birinchi jahon urushidan so‘ng shoirning “Urush e’lon qilindi” nomli she’ri chiqdi. U ko‘ngilli sifatida yozilmoqchi edi, bu siyosiy jihatdan shubhali ekanligini aytib izn bermadilar. Ko‘p o‘tmay Mayakovskiy podshoh armiyasida xizmat qilishni o‘zining “Sizga!” she’rida ifodaladi va u qo‘shiqqa aylandi.
1915 yilning iyulida shoir Liliya Yurevna va Osip Brik bilan tanishdi. 1915 – 1917 yillarda M.Gorkiy yordamida Petrograddagi avtomobil o‘quv maktabida harbiy xizmatni o‘tadi. Askarlarga yozganlarini bosish taqiqlangan edi, shoirni bundan Osip Brik qutqardi. U Mayakovskiydan ikkita dostonini sotib olib (har bir misrasini 50 tiyindan), nashr qildirdi. 1916 yili uning birinchi katta to‘plami “Oddiy g‘o‘ldirash” kitobi chop etildi.
O‘sha yilning 3 mart kuni Mayakovskiy 7 nafar askardan iborat otryad tuzdi va avtomobil o‘quv maktabi generali P.Sekretovni hibsga oldi. Qizig‘i shundaki, sal avvalroq, 31 yanvarda u aynan Sekretov tomonidan “G‘ayrat-shijoati” uchun kumush medali bilan taqdirlangan edi. 1917 yilning yoz oyi mobaynida Mayakovskiy o‘zining urushga yaroqsiz ekanligini qizg‘in sur’atda olqishladi va kuzda harbiy xizmatdan bo‘shatildi.
1918 yili Mayakovskiy o‘zining stsenariylari asosida uchta filmda suratga tushdi. U yozishga kirishgan “Misteriya Buff” esa 25 oktyabrda tayyor bo‘ldi.
O‘sha yilning 17 dekabrida Mayakovskiy birinchi marta Matrosskiy sahnasida chiqish qilib, “Chap marsh” she’rini o‘qib berdi. 1919 yil mart oyida Moskvaga ko‘chib o‘tdi va ROST bilan faol aloqa bog‘ladi, shoir hamda rassom sifatida targ‘ibot plakatlarini tayyorladi. Mayakovskiyning ilk she’riy to‘plami o‘n yil mobaynida yozgan she’rlaridan iborat bo‘lib, “Hammasini Mayakovskiy yozgan. 1909 – 1919” nomi bilan chop etildi. Dunyo inqilobi aks etgan “150 000 000” dostonini esa 1920 yili yozib tugatdi.
Ishqiy kechinmalar
1922 yil mobaynida “MAF” (Moskva futuristlar uyushmasi) tomonidan Mayakovskiyning bir nechta kitobi nashr etildi. U tashkil qilgan qalin jurnal bo‘lgan “LYeF”da Aseev, Pasternak, Osip Brik, B.Arvatov, N.Chujak, Tretyakov, Levidov va boshqalarning asarlari chop etilardi.
Fuqarolik urushi yillarini Mayakovskiy hayotidagi eng yaxshi davr hisoblaydi. Bu paytda u “Yaxshi!” dostonini yozdi.
1922 – 1924 yillarda shoir Latviya, Frantsiya, Germaniya bo‘ylab bir nechta sayohatga chiqdi. “Demokratik respublika qanday ishlayapti?” (1922), “Parij (Eyfel minorasidan quruq gaplar, 1923)” va boshqa ocherk hamda she’rlar yozdi. 1925 yili uning eng uzun sayohati – Amerikaga safari uyushtirildi. Mayakovskiy Gavana, Mexikoda bo‘lib, turli shaharlarda she’rlari va otashin so‘zlari bilan chiqish qildi. 1925 – 1928 yillarda esa ittifoq bo‘ylab safar uyushtirdi. “O‘rtoq Nettega, paroxod va odamga”, “Degrez Ivan Kozirev hikoyasi” asarlari shu yillarda yozildi. Mayakovskiy Bokuda ham bo‘lgan, opera va drama teatrida chiqish qilgan.
Uning she’rlari “Yangi dunyo”, “Yosh gvardiya”, “Ogonyok”, “Krokodil” va boshqa nashrlarda bosilardi. Reklama va targ‘ibot ishida qatnashgani esa Pasternak, Kataev va Svetlovning tanqidiga sabab bo‘ldi. 1926 – 1927 yillarda Mayakovskiy to‘qqizta stsenariy yozdi.
1927 yili u “LYeF” jurnalini “Yangi LYeF” nomi bilan tiklab, 24 ta sonini chiqardi. Biroq oradan bir yil o‘tgach, ixlosi qaytib, tashkilot va jurnaldan ketdi. Shundan so‘ng shaxsiy tarjimai holi bo‘lmish “Men o‘zim” asarini yoza boshladi. 1928 yilning 8 oktyabridan 8 dekabrigacha Berlin – Parij bo‘ylab yana xorij sayohatiga chiqdi. Noyabrda esa uning I va II tom asarlari nashr qilindi. Mayakovskiyning “Qandala” va “Hammom” satirik pesalari Meyerxold tomonidan sahnalashtirilgan.
Mayakovskiy ijodiy faoliyatida Lilya Brik ilhom manbai bo‘lgan. Ular 1915 yili Lilyaning ota-onasiga tegishli Moskvadagi Malaxovka qo‘rg‘oni dala-hovlisida tanishishgan edi. Adabiyotdan yiroq bo‘lgan Briklar tadbirkorlik bilan shug‘ullanishardi.
Shoir ularning uyida yangi dostonini o‘qib berdi va uni Lilyaga bag‘ishladi. Mayakovskiy bu kunni “Quvonchli sana” deb atadi. Lilyaning eri Osip mazkur dostonni bosib chiqardi. Lilyaga bog‘lanib qolgan shoir Petrograddagi Pushkin ko‘chasida joylashgan “Pale Royal” mehmonxonasidan qo‘nim topdi. Keyin esa yanada yaqinroqqa ko‘chdi – Nadejdinskaya ko‘chasidan uy topdi. Tez orada Mayakovskiy do‘stlarini futurist-shoirlar – D.Burlyuk, V.Kamenskiy, B.Pasternak, B.Xlebnikov va boshqalar bilan tanishtirdi. Bu maskan ko‘plab ijod kishilari tashrif buyuradigan joy bo‘lib qoldi.
Osipning beparvoligi tufayli Mayakovskiy va Lilya Brik o‘rtasida ishqiy kechinmalar avj oldi. Bu muhabbat shoirning “Fleyta-umurtqa”, “Odam” dostonlari va “Hammasiga”, “Lilichka! Maktub o‘rnida” she’rida o‘z aksini topdi. Shundan so‘ng Mayakovskiy ko‘plab asarlarini to‘lasincha Lilyaga bag‘ishlaydigan bo‘ldi.
1918 yili Lilya va Vladimir birga filmda suratga tushishdi. Stsenariyni Mayakovskiyning o‘zi yozdi. Shoir Lilyaning rasmini ham chizgan.
Xorijdagi ma’shuqalar
Lilya Brik bilan mustahkam aloqalariga qaramay, Mayakovskiyning shaxsiy hayoti shu bilan chegaralanmagan. Guvohlarning ko‘rsatmalari va tegishli hujjatlarga qaraganda, shoir mashhur haykaltarosh Gleb-Nikita Lavinskiyning otasi hisoblanadi. Mayakovskiy uning onasi Liliya Lavinskaya bilan ROSTA satirasi ustida ishlayotganida tanishgan.
Lilya Brik bilan munosabatlar esa sovimadi. Hatto, Mayakovskiy, Lilya va Osipning bir tom ostida birga yashaganlari haqida ma’lumotlar bor.
1923 yilning yozida Mayakovskiy va Brik Germaniyaga uchib ketishdi. Birinchi haftani Gyottingenda o‘tkazishdi, keyin esa shimolga yo‘l olib, Nordedern sohilida dam olishdi. Shundan so‘ng esa, Mayakovskiy o‘zining “Yubiley” she’rida shunday deb yozdi: “Endi men muhabbat va plakatlardan ozodman”, yana: “mana endi sevgining kuni bitdi, Vladim Vladimich”. Adabiyotshunos K.Karchevskiyning aytishicha, mazkur asarlar shoirning Lilya Brik bilan munosabati tiklanmagani, ular oldingidek yaqin bo‘lmaganini ko‘rsatadi.
Mayakovskiyning xorijda ham ma’shuqalari bo‘lgan. 1926 yili rus muhojiri Elli Jons (Yelizaveta Zibert) undan qiz ko‘rgan. Elen-Patrisiya deb nom qo‘yilgan bu farzandini shoir faqat bir marta – 1928 yili Nitstseda ko‘rgan, xolos. Parijda esa Mayakovskiy yana bir rus muhojiri Tatyana Yakovleva bilan tanishgan va sevib qolib, ikkita she’rini bag‘ishlagan. Shoir Lilya uchun sovg‘a sifatida avtomobilni aynan u bilan tanlagan. Shu tariqa Brik rul boshqaruviga o‘tirgan ikkinchi moskvalik ayol bo‘ldi.
Mayakovskiy Tatyana Yakovlevani Rossiyaga qaytishga ko‘ndirishga urindi, ammo bu samara bermadi. 1929 yili u Tatyananing oldiga borishi kerak edi, biroq viza muammosi tufayli bu reja amalga oshmay qoldi.
Shoirning so‘nggi ma’shuqasi yosh va sohibjamol Veronika Polonskaya bo‘ldi (1908 – 1994). O‘shanda Mayakovskiy 36, MXAT aktrisasi bo‘lgan Veronika esa 21 yoshda edi. Polonskaya Mixail Yanshin bilan turmush qurgan edi. U Mayakovskiy bilan sevishganidan so‘ng ham eri bilan munosabatini uzmadi. Aftidan Veronika fe’l-atvori murakkab, beqaror, otashin shoir bilan munosabati sira kutilmaganda uzilib ketishi mumkinligini tushungan. Xuddi shunday bo‘ldi ham: oradan bir yil o‘tgach, ularning aloqasiga “o‘rtoq Mauzer” nuqta qo‘ydi.
Mayakovskiy hech kim bilan nikoh qurmagan. Yuqorida qayd etilganidek, uning ikki nafar farzandi bo‘lgani ayon.
So‘nggi yig‘i
1930 yil Mayakovskiy uchun og‘ir keldi. U ko‘p kasal bo‘ldi. Fevral oyida Lilya va Osip Yevropaga jo‘nab ketishdi. Uning she’rlarida fojiaviy motivlar uchray boshladi. Tanqidchilar Mayakovskiyni “proletar yozuvchisi” emas, “hukumatning yo‘ldoshi” deb hisoblashardi. Shoir esa aksini kutgan edi.
Ijodining 20 yilligi munosabati bilan Mayakovskiy o‘z ko‘rgazmasini tashkil etdi. Biroq unga har tomonlama xalaqit berishdi, ko‘rgazmaga yozuvchilar va davlat rahbarlaridan hech kim tashrif buyurmadi. Mart oyida esa “Hammom” pesasi premerasi muvaffaqiyatsiz o‘tdi. “Qandala” spektakli taqdiri ham xuddi shunday bo‘ldi. Adabiy doiralarda Mayakovskiyning ijod qilish qobiliyatini yo‘qotganligi haqida gapira boshlashdi. Shu bois xorijga chiqish vizasi rad etildi.
O‘z joniga qasd qilishidan ikki kun avval, 12 aprel kuni, Mayakovskiyning politexnika instituti talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu tadbir asabbuzarlik bilan o‘tdi. Sababi, ayrim yoshlar joylarida surbetlarcha qichqirib o‘tirdilar. Shoirning ortidan hamisha bahs-tortishuv va janjallar yurardi. Uning ruhiy holati tashvish va umidsizlikka to‘lib borardi.
14 aprel kuni ertalab Mayakovskiyning Veronika (Nora) bilan uchrashuvi belgilangan edi. Ikkovlon ikkinchi yili uchrashar, shoir Polonskayadan eri bilan ajrashishini talab qilar, hatto kelgusida birga yashashlarini o‘ylab yozuvchilar kooperatividan joy uchun ro‘yxatga yozilgan edi.
Keyinchalik Polonskayaning eslashicha, o‘sha kuni ertalab soat sakkizda shoir u bilan uchrashgan. Soat 10.30 da Veronikaning teatrda repetitsiyasi bor edi.
— U eshikni qulfladi, kalitni cho‘ntagiga yashirdi, – degandi Polonskaya. – Mendan teatrga bormasligim, umuman, u yerdan ketishimni talab qilib turib oldi. Yig‘ladi... Men kuzatib qo‘yish-qo‘ymasligini so‘radim. “Yo‘q”, – dedi. Pulim bor-yo‘qligini so‘radi. Pulim yo‘q edi. U yigirma rubl berdi... Men pod’ezd eshigiga yetmay turib o‘q ovozini eshitdim. Tashvishlanib qoldim, orqaga qaytishga qo‘rqdim. Keyin qaytib kirdim va o‘q uzilganidan keyingi tutunga ko‘zim tushdi. Mayakovskiyning ko‘ksida uncha katta bo‘lmagan qonli dog‘ bor edi. Men unga talpindim va qayta-qayta takrorladim: “Nima qilib qo‘ydingiz?” U boshini ko‘tarmoqchi bo‘ldi. Rangi qo‘rqinchli ravishda oqara boshladi... Odamlar kelishdi. Kimdir menga dedi: “Yuguring, “Tez yordam” karetasini kutib oling”... Yugurdim, kutib oldim. Ortimga qaytdim, zinada esa kimdir dedi: “Kech. O‘ldi...”
Mayakovskiy o‘limoldi xatini ikki kun muqaddam yozib qo‘ygan ekan: “Men vafot etgach, hech kimni ayblamang va, iltimos, g‘iybat qilmang, marhum buni nihoyatda yomon ko‘rardi”. Shoir Lilya Brik (shuningdek, Veronika Polonskaya), onasi va opalarini o‘z oilasi hisoblab, barcha she’rlari va arxivni Briklarga berishni so‘ragan edi.
Briklar Yevropa safarini to‘xtatib, dafn marosimiga kelishga ulgurishdi. Polonskaya esa, aksincha, bu marosimda ishtirok etmaslikka qaror qildi. Mayakovskiyning onasi va opalari shoirning o‘limida uni ayblashlaridan qo‘rqdi.
Mayakovskiy bilan vidolashuv uch kun bo‘lib o‘tdi. Odamlar oqimi kamaymadi.