Ko‘zlarga yoshlar to‘lganda
Soyamiz qo‘shilgan damlarni eslang!
Shavkat RAHMON
... U yuzini ters o‘girdi.
— Nimaga keldingiz?Nafasi siqilib, butun vujudi bo‘g‘riqqan, yuz tomirlarigacha taranglashib, tobora qorayib borayotgan daryo toshlaridek zaxali, o‘ydim-chuqur yuzi endi burungidek qoyatoshni eslatmas;
musavvir yurtdoshi chizgan polotnodan boqib turgan burgut nigohlardan asar ham qolmagan; ayovsiz dard bilan olishmoqdan tinkasi batamom qurg‘agan; ketmonchinikiga o‘xshash baquvvat qo‘llariga botgan ignalarning son-sanoqsiz izlari o‘rnida ko‘kish-qora dog‘ bilaklariga yoyilib, tok zangiga o‘xshayozgan; sochlariga tuyqusdan yog‘ilgan oq qirovlar endi qirq to‘qqiz yoshni qoralagan zabardast shoirni yetmish yashar munkillagan mo‘ysafidga aylantirgan edi.
— Nimaga keldingiz?
Men ruhoniyati cho‘qqilardek o‘ktam va qaysar, jismining har zarrasida halollik, to‘g‘rilik, e’tiqod va go‘zallik yashagan shoir ayni paytdagi holatiga toqat qilolmayotganini his qilardim. Dard nomardlarcha uni oyoqdan olganiga, bir qultum havo uchun butun vujudini qon qaqshatayotganiga chidayolmasdi. Yo‘q, o‘limdan qo‘rqadiganlardan emasdi. U boshqacha o‘limni istardi va hatto o‘shandek bir o‘limni yashirin orzu qilardi. Deylik she’rlariga o‘xshash go‘zal, ayovsiz, achchiq, fojiali va kutilmagan o‘limni...
Men hech narsa demadim. Hammasi kundek ayon edi. So‘lg‘in ko‘zlarining tubida qotib qolgan «turkona» (bu uning iborasi) bitiklar o‘zbek she’riyatining Alp Tegini umrining oxirgi lahzalarini yashayotganini tasdiqlardi. Bu bitiklarda Oloy tizmalari etaklarida qolib ketgan beg‘ubor bolalikning uchqur xayollari, O‘sh ostonasida uning yo‘llariga ko‘z tikavermoqdan qorachig‘lari yo‘llarga to‘kilgan va nihoyat dovon osha Toshkentga kelib, jon talashayotgan bolasining holsiz vujudi yonida Xudoga nola qilayotgan onaizor lablarining pichir-pichirlari, sambit qomatli suluv qizlarining bo‘yiga boqib, ularga kahkashondek baxt orzu qilgan ayolining ma’yus xayollari, yagona Shohruxning beg‘ubor va sodda nigohlari... va yana ko‘p narsalar ifodalanayotgandek edi. Ko‘ngil ko‘tarishdek bema’nilik xayolimga ham kelmadi. Jim uning nigohlariga boqdim va xonani tark etdim. Qaytib bormadim. Endi borib bo‘lmasdi. Rostini aytganda, o‘zim ham uni bu holda ko‘rishni istamasdim.
Toshkentning talabalar shaharchasi yonboshidagi onkologiya markazi binosi joylashgan daraxtzor hovlida yurgan odamlarning qiyofasida ham allanechuk mung bor edi. Asosan, saraton kasaliga chalinganlar bilan shug‘ullanuvchi do‘xturlarning ahvolini tasavvur qilishga harakat qildim. Ular bemorlarga qanday qilib umid bag‘ishlashar ekan? Chorasiz bu dard qoshida ojizligini tan olmagan tabibu tabobat deyarli qolmadi? Nahotki, saraton o‘z changaliga olgan va olayotgan kishilarning ko‘z o‘ngida faqat saratonda qurib-qaqshab qolgan biyobondan boshqa hech narsa bo‘lmasa?..
Bu narsalarga aqlim yetmasligini bilardim. Men tobora dunyodagi rizqi tugab borayotgan «o‘jar shoir»ning qismatini o‘ylay boshladim. Ajal odam tanlamasligiga ishonsam-da, ammo bunday odamga aqalli biroz shafqat qilish lozim bo‘lgan kuchlar bordek tuyulardi. Axir, shunday buyuk qalbni yaratib, uni qanday qilib qaytarib olish mumkin? Uning borliqqa hali qonib to‘ymagan nigohi, rayhon bo‘ylariga bo‘lgan go‘zal sog‘inchi, hamma-hamma narsaga cheksiz muhabbati, qilichdek keskir oriyati, Vatan va el-yurtga bo‘lgan buyuk muhabbati haqqi-hurmati uni asraguvchi kuchlar bor deb o‘ylardim... Ammo, hamma va hamma narsa saratonning qarshisida ojiz ekanligini oshkor tan oldilar.
She’rni tom ma’noda har nechuk tutqunlikdan ozod qilgan, har qanday zohiriy sarhadlarni buzib tashlagan, so‘zga jon bag‘ishlash san’atini yaratgan, quruq bayonchilik, arzon pand-nasihat, matalnamo so‘zamollikni adabiyot maydonidan haydab solmoqchi bo‘lgan, jonli tilning bor imkoniyatlarini amalda qo‘llay olgan, yalang‘och haqiqat tuyg‘usiga ilohiylik libosini kiydirgan so‘z sehrgarlaridan biri omonsiz dard changalida surunkasiga uch yuz oltmish olti kecha-kunduz olishib, hali tugallanmagan she’ridek jon taslim qildi. Balki Paganini shunday jon bergandir, balki Mashrab ham shunday jon holatda dor ostiga borgandir. Balki Lorka... Ammo ular o‘z ahvolidan «xijolat chekmagan». Dor to‘shak emas. U buni yaxshi bilardi va qachonlardir, jangda qurbon bo‘lish haqida so‘ylagandi. Endi esa, bir qultum havo ham yo‘q, borliq olam guldirab, ayqirib nafas olib yotibdi, hatto uning Aravonida, Novqat va Sulaymon tog‘larida toshlar ham nafas olyapti. Daryolar shovillab, mirza teraklar O‘sh ko‘chalari bo‘ylab sollanib, yutoqib nafas olmoqda, maysa va giyohlar, qurtu qumursqalar, ilonu chayonlar ham nafas olayaptilar. Faqat u... bir qultum nafas olish uchun butun vujudi bilan tirishib, zo‘riqib azob chekadi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
tog‘larimni chaqiring —
osmon to‘la havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
ko‘zimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
Peshonamning sho‘ridan
Bino bo‘lgay bu daryo...
Osmon to‘la havolar
Faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
Boring, qorli tog‘larga:
Bir shoir yotibdi deng
Xudoning hovlisida...
Osmon to‘la havolar
Faqat menga yetmaydi...
Manzura opa, biror nafasi halol duoxon bo‘lsaydi, dedi ovozi titrab. U keyingi kunlarda o‘zi ham deyarli turmush o‘rtog‘ining ahvoliga tushib qolganga o‘xshab ketardi. O‘shandek eti borib suyakka yopishgan, o‘shandek yuz-ko‘zlari kuyuk va dardli, o‘shandek siniq. Xayolimdan Sayyid Ne’matulloh Ibrohim o‘tdi. Shogirdi. Dalaning odami. Nafas ololmayotgan ustoziga Ko‘ktosh tomonlardan, Rangon tog‘laridan, aziz-avliyolarning marqadu mozorlaridan, Ibrohimbekning tulporlari kishnagan dala-dashtlardan ustozi uchun toza havo olib keladi, o‘yladim men. Ammo... Endi qirq to‘qqiz yoshga to‘lgan zabardast chinorning ulkan yaproqlari bir-bir uzildi va qalqib-qalqib yerga to‘shala boshladi.
Koridorda duch kelgan Tohir aka «Shavkat o‘tibdi», dedi. «Shoira ketdi...»
Men Hofizga qo‘ng‘iroq qildim.
— Ko‘chaga chiqib turing, — hamishalik asabiy ovoz titradi.
Ko‘cha. Odamlar o‘sha-o‘sha, sho‘x-shodon. Qayoqqadir shoshgan, qayoqdandir shoshib kelayotgan. Kimdir redaktsiyalarga she’r eltyapti va eng buyuk she’r jon taslim qilayotganini bilmaydi. Kimdir maqolasi qahramoni bilan suhbat qurmoqda. Moshindan tushib tahririyat binosiga yo‘l olgan mashhur tanqidchi qatag‘on qilingan adiblar haqida maqolalar yozadi va u ham qaerdadir Sibir yoqda, qandaydir GULAGlarda emas, bir chaqirim naridagi kasalxonada buyuk o‘zbek shoiri jon topshirayotganini bilmaydi. Qayoqdan ham bilsin?
Yeseninning bir holati esimga tushdi. 1922 yil. Berlin. Yesenin Oydinbog‘da M.Gorkiy bilan uchrashadi. Oydinbog‘ ayqirib yotibdi. Odamlarning baxtiyor kulgilari atrofni tutgan. Kim muzqaymoq shimadi, kim alvon pufagining bandidan tutib chopadi. Oshiq-ma’shuqlarning qaynoq bo‘salari.
— Menga, — deydi M.Gorkiy mutlaqo ruhsiz Yeseninga, — anovi it haqidagi she’ringizni aytib bersangiz. Bolalari nobud bo‘lgan it...
Yesenin «Quyosh o‘ynar javdar xirmonda...» deb boshlanuvchi va shafqatsiz sohibi yetti nafar bolasidan judo qilgan ona itga bag‘ishlagan ma’yus she’rini o‘qiydi. Rossiyani larzaga solgan shoir mana bu satrlarni o‘qiyotib beixtiyor Gorkiyga nazar tashlaydi. Buyuk proletar adibi yig‘layotgan edi.
Botqoqlardan kechib o‘tdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Tom ustida qalqib turgan oy
Bolasiga o‘xshab ko‘rindi...
Sho‘rlik yana bolasin so‘rab,
Ko‘kka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta g‘ildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastga.
Bechoraga ermaklab, kulib
Non o‘rniga otishgandek tosh,
It ko‘zidan yulduzlar bo‘lib,
Qorga oqdi tomchi-tochi yosh...
(Erkin Vohidov tarjimasi)
Yesenin she’rni tugatib, Gorkiyga yuzlandi:
— Nima deysiz, she’riyat, umuman, mening she’rlarim kerakmi? Oydinbog‘ Shillersiz ham maza qilib yashayapti?..
Buyuk proletar adibi Yesenin nimalarni nazarda tutayotganini bilardi. Hali she’r ta’siridan qutulmagan adib hech narsa demaydi...
Mashina yo‘l chetida to‘xtadi. Orqa o‘rindiqda chopon, harakat maromini o‘zgartiradigan dastak yonida bir dasta pul.
— Qutulibdi, — dedi Hofiz parishon. — Men hayotimda bunaqa to‘g‘ri odamni ko‘rganim yo‘q. To‘g‘rilik faqat Xudoga xos ekan, bandaga emas...
Shavkat Rahmonning o‘limi haqida Tohir Malikka yetib kelgan xabar bemahal xabar edi. O‘shanda Shoira (shoirning o‘rtancha qizi) «Robita» jurnalida ishlar, Tohir Malik jurnalning bosh muharriri edi. Shoir og‘irlashib qolgan kun kimdir Shoirani zudlik bilan kasalxonaga chaqirgan. Ehtimol boyagi sovuq xabarning tarqalishiga Shoiraning tahririyatdan yig‘lab chiqib ketayotgani sabab bo‘lgandir?..
Biz kasalxonaga kirib borganimizda allaqachon do‘stlar o‘sha yerda jam edilar. Manzura opa butun jismiga turli xil tibbiy vositalar bog‘lab tashlangan umr yo‘ldoshining boshida nima qilarini bilmay jonhalak aylanar, qizlar bir burchakda mung‘ayib turishar, do‘xturlar, do‘st-yorlar, qarindosh-urug‘lar... Oradan hech qancha vaqt o‘tmay do‘xturlar bemorning ahvoli biroz o‘nglanganligini aytishdi va kelganlarga ruxsat berishdi. Soat kech o‘nlar edi. Biz qaytdik. Yo‘l-yo‘lakay Nabijon Boqiy allaqanday noyob dori haqida gapira boshladi. Endi quloqlarimga na dori, na darmon kirmas, nazarimda shoir eng so‘nggi nafaslarini olayotgandek tuyulardi.
Erta tong, soat beshlarda telefon jiringladi. Nabijon Boqiy Shavkat Rahmonning olamdan o‘tganligini aytdi. Shoirning Qorasuv dahasidagi beshinchi qavatda joylashgan kvartirasida odam gavjum edi. Xona to‘riga yotqizilgan shoir jasadi nihoyat Hofiz aytganidek, bu dunyoning bor g‘am-g‘ussalaridan qutulib osuda va tinch orom olardi. Kimdir aytganidek, buyuk to‘fon tingandi. Endi hammasi tugadi. Hammasiga nuqta qo‘yildi. Bir chekkada Nabijon Boqiy va Iqbol Mirzo qon bo‘lib yig‘lar, bir chekkada Mirza Kenjabek shoir jismini Toshkentda dafn etish yoki O‘shga olib ketish to‘g‘risida bahslashar, deraza yonida yotgan shoir go‘yo mana bu satrlarini o‘qiyotgandek, ammo hech kim bu satrlarni eshitmayotgandek edi:
Ayt, ey xasta bulbulim,
O‘shga qachon yetamiz?
Yashil bog‘lar sarg‘ardi,
Mag‘iz bo‘ldi gujumlar.
Oh, voy muncha yo‘l og‘ir,
Bulbulim...
Ulkan soat o‘rtasida
Madorim yo‘q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
Netamiz?
Abadiyat oralab
O‘shga qachon yetamiz?
Qorli tog‘lar bag‘rida
Begim — O‘shim ko‘rindi,
Sulton — O‘shim ko‘rindi...
Bu uning eng so‘nggi vasiyat she’ri edi. Ammo hozir hech kim bu she’r haqida o‘ylamas, «Xudoning hovlisi»ni tark etgan betakror o‘zbek shoirining bemahal o‘limi barchani es-hushidan judo qilgandi.
Shavkat Rahmon olamdan o‘tdi, Yalang‘ochota mozoriga dafn etildi. «O‘g‘limni O‘shga olib ketaman», deb Qorasuv mavzesini boshiga ko‘tarib yig‘lagan ona oxiri qizlarning ra’yiga qarshi borolmadi. Rozi bo‘ldi... Jigarbandi o‘limidan bir yil o‘tganidan so‘ng ona ham oxirat diyoriga safar qildi...