OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Axborot jamiyati: xayolot emas, haqiqat

Muvozanat va murosa - yangi davr tamaddunining ikki mehvari

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan xalqaro miqyosdagi anjumanlarning birida daniyalik jurnalist Maykl Andersen bilan tanishib qoldim. U Kopengagen radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri ekan. Ma'lumki, aksariyat G'arb jurnalistlari biryoqlama tanqidga xiyla o‘ch bo‘ladi. Shov-shuv, sensatsiya hukmron bo‘lgan muhitda kimnidir badnom etish, sha'nini yerga urish odatiy hol o‘laroq qabul qilinadi. Ba'zida esa bunga xolislik va jonkuyarlikdan ko‘ra g‘arazgo‘ylik mayllari ko‘proq aralashadi.

Biroq Maykl Andersenni bu toifadagi jurnalistlar sirasiga qo‘shib bo‘lmasdi. O'zaro muloqot jarayonida men bunga amin bo‘ldim. Chunki u axborotning haqiqiy mazmun-mohiyatini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunadi. Bunday deyishimning boisi bor, albatta.

Gap shundaki, keyingi yillarda bir qancha nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan dunyo miqyosida axborot texnologiyalarining taraqqiyotiga taalluqli ko‘plab hisobot va ma'ruzalar tayyorlanmoqda. Ularning deyarli barchasida Daniya axborot texnologiyalari rivoji bo‘yicha oldingi o‘rinda borayotgani qayd etilgan. Xo‘sh, yaqin-yaqingacha katta siyosat maydonida nomi ko‘pam tilga olinmaydigan, ustiga ustak, haligacha konstitutsiyaviy monarxiya tuzumida yashayotgan mamlakatning axborot jamiyatiga o‘tish borasida bunday ilg‘orlikni qo‘lga kiritishining siri nimada? Bu savolga Maykl quyidagicha javob berdi:

- Daniyaning axborot jamiyatiga o‘tishdagi muvaffaqiyati siri juda ham oddiy. Yurtimizda axborot yuksak qadriyat sifatida baholanadi. Ana shu tamoyilga asosan mamlakatimizda barchaga axborot olish borasida teng imkoniyatlar berilgan. Deylik, iqtisodiy boshqaruv idoralarida rahbar ham, oddiy xodim ham deyarli bir xil axborotga ega bo‘ladi. Boshliqning o‘zigagina ma'lum bo‘lgan axborot kamdan-kam hollardagina uchraydi. Bunday sharoitda mabodo rahbar ishda yo‘q bo‘lsa ham istalgan xodim uning vazifasini bajarib ketaverishi mumkin...

Darhaqiqat, insoniyat tsivilizatsiyasining yangi davri sifatida baholanayotgan axborot jamiyatini bunyod etishda axborot texnologiyalarini rivojlantirishdan ham ko‘ra aholiga axborot olish imkoniyatini berish muhimroqdir. Bir qarashda bu fikr ancha munozarali bo‘lib tuyuladi. Chunki axborot jamiyati g‘oyasining "ota"lari bo‘lmish D.Bell, Yu.Xayashi, E.Toffler kabi olimlar insoniyatning yangi davrga o‘tishida axborot texnologiyalari birlamchi o‘rin egallashini e'tirof etgan. Biroq ayni kezlardagi voqelik "uchinchi to‘lqin" yuzaga kelishi uchun texnika-texnologiyani rivojlantirishning o‘zi kifoya qilmasligini ko‘rsatmoqda. Masalan, Afrika qit'asining janubiy mamlakatlarida juda katta tabiiy oltin zaxiralari bor. Ammo shiddat bilan yelib borayotgan "taraqqiyot poezdi"dan tushib qolgan (balki unga chiqishga ham ulgurmagan) bu davlatlarda qimmatbaho ma'danlarni o‘zlashtirish uchun zarur uskunalar yo‘q yoki yetishmaydi. Ma'dan qayta ishlanmagach, o‘zlashtirilmagach, u - har qancha qimmatbaho bo‘lmasin - qadrlanmaydi: axir, zar qadrini zargar biladi-da!

Shuningdek, biror mamlakatda zamonaviy texnologiyalarning mavjudligi hali unda axborot jamiyatining yuzaga kelishi uchun yetarli emas. Buning uchun aholi axborot olish borasida keng va teng imkoniyatga ega bo‘lishi, jamiyatda yuksak axboriy madaniyat shakllanmog‘i zarur.

Sirasini aytganda, "axborot jamiyati" istilohini hozir ommaviy axborot vositalari so‘z boyligida juda ko‘p uchratish mumkin. Qolaversa, mazkur atama dunyoning yuksak minbarlarida nufuzli davlat arboblari tomonidan ham bot-bot tilga olinyapti. Chunki insoniyat o‘z istiqbolini ayni shu axborot jamiyati timsolida tasavvur qilyapti. Binobarin, rivojlangan G'arb davlatlari allaqachon axborot jamiyatiga o‘tish borasida strategik dasturlar ishlab chiqqan. Masalan, AQShda 1993 yili milliy axborot infrastrukturasini tashkil etish bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan (u yerda "axborot jamiyati" atamasi o‘rniga "milliy axborot infrastrukturasi" istilohi qo‘llanadi). Ko‘hna qit'aning 27 mamlakatini birlashtirgan Yevropa Ittifoqida ham 1994 yildayoq bu borada maxsus harakat rejasi ishlab chiqilgan (Yeurope and global information society. Recommendations to the European Council. Mau 1994). Kanadada esa "axborot jamiyati" o‘rniga "axborot magistrali" (information highway) atamasi qabul qilingan. Ushbu rivojlangan mamlakatda axborot magistraliga o‘tish borasida ma'lum dastur amalga oshirilyapti. Ana shu maqsadda hukumat tarkibida axborot jamiyati muammolarini o‘rganuvchi maslahat kengashi ham tashkil etilgan. "Axborot magistrali", "axborot infrastrukturasi" yoxud "axborot jamiyati" - qanday atalishidan qat'i nazar, bunday kontseptsiyalarda bir mushtaraklik ko‘zga yaqqol tashlanadi: ular "jamiyatdagi jamiki ne'mat inson manfaatlariga xizmat qilishi kerak, fuqaro davlat uchun emas, davlat fuqaro uchun zarur" degan tamoyilga tayanadi. O'xshatish o‘rinli bo‘lsa, axborot jamiyatiga o‘tish borasidagi turli tadbirlar ana shu "yadro"ga jipslashgan.

Aslida, daho zotlar tomonidan ilgari surilgan barcha g‘oya, mafkuralar odamzod og‘irini yengillashtirish, farovon turmushini ta'minlash, bir so‘z bilan aytganda, insonning munosib turmush sharoitida yashashiga qaratilgan. Misol tariqasida aytsak, mustamlaka xalqlarga zulm qilishdek tuban yo‘l bilan hayot kechirgan kechagi Yevropani bugungi tsivilizatsiyalashgan Yevropaga aylantirgan kapitalizm g‘oyasi yoki yo‘qsillikni oliy fazilat deb ulug‘lagan sotsializm mafkurasida ham insoniyat hayotini to‘kis-tugal ko‘rish maqsadi mujassamlashgan edi. Biroq nazariya va amaliyot har doim ham mutanosib bo‘lavermaydi - kishilik tarixi buning yorqin isboti. Sirasini aytganda esa, falakning gardishi aylanib, davrlar almashaveradi - bashariyatning farovon yashashi yo‘lida yangi-yangi g‘oya va mafkuralar yuzaga kelaveradi. Insonning yashash uchun kurashiga asoslangan hayotda hattoki g‘oya va mafkuralar ham umrboqiylik uchun kurash olib boradi. Shu ma'noda, uzoqni ko‘ra biladigan oqillar tomonidan ilgari surilgan axborot jamiyati g‘oyasi ham aslida tarixga kirgan son-sanoqsiz "izm"lar, ya'ni ta'limotlardan biri, xolos. Biroq bu g‘oya o‘zgacha bir qudratga, o‘ziga tortuvchi ohanraboga ega.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, rivojlangan va rivojlanayotgan dunyo - bo‘lingan Yer sayyorasini yagona maqsadga birlashtirayotgan, bir yoqadan bosh chiqarishga chorlayotgan axborot jamiyati g‘oyasining sehri nimada?

Ushbu ta'limotning asoschilaridan biri bo‘lgan yapon olimi Yu. Xayashi "Yaponiya axborot jamiyati: mavzular va yondashuvlar" (Japan's Information Society: Themes and Visions) deb nomlangan kontseptsiyasida insoniyat hayotining yangi tamadtsun bosqichida kompyuter va axborot texnologiyalari o‘rni keskin oshishini bashorat qilgan (darvoqe, "axborot jamiyati" istilohi ilk marotaba ana shu olim tomonidan ilmiy muomalaga kiri-tilgan). Uning fikricha, "yangi jamiyat" g‘oyasi dastlab Ikkinchi jahon urushidan keyin kunpayakun bo‘lgan yapon davlatini tiklash, uni oyoqqa turg‘azish maqsadiga xizmat qilmog‘i lozim edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan axborot jamiyati g‘oyasi faqatgina milliy miqyosdagi jarayon bo‘lmay, balki global munosabatlarga daxldor masala ekani oydinlashdi.

Yapon ilmiy doiralari bashoratiga ko‘ra, insoniyat kelgusida qadam-baqadam biror bir ijtimoiy sinfsiz va ixtilofsiz hayot tarziga o‘tadi. Bu o‘rinda axborot jamiyatidagi "sinfsizlik" tushunchasini sotsializm mafkurasiningustunlaridan biri bo‘lgan qarash bilan farqlash kerak. Zotan, sotsializm ta'limotida davlatmandlarning mulkini tortib olib, kambag‘al va yo‘qsillarga berish orqali sun'iy ravishda sinfsiz jamiyat qurish yo‘li tanlangan. Axborot jamiyatida esa sinfsizlikka tabiiy ravishda, ya'ni aholining barcha guruhlariga birday farovon turmush, o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatini berish vositasida erishiladi. (Dunyo bino bo‘pganidan buyon turli tabaqa va toifalarga bo‘linib yashab kelayotgan bashariyatning umumiy farovonlikka erishishi to‘liq amalga oshadimi yoki yo‘q - bu endi boshqa mavzuga tegishli masala.)

Kunchiqar mamlakat olimlari ustuvor tamoyil o‘laroq e'tirof etgan ikkinchi jihat - ixtilofsizlik. Insoniyatning bizga ma'lum bo‘lgan tarixini tahlil qilsak, uning qancha davri urushlar, qonli to‘qnashuvlar va ixtiloflarga to‘g‘ri keladi? Chorak qismimi yoki yarmi? Nisbatda bir oz tafovut bo‘lishi mumkin, biroq xulosa tayin: ixtilof, jangi jadal degani allaqachon insoniyatni bezdirib bo‘ldi. Endilikda ziddiyat va urushlardan muvozanatini yo‘qotib, ko‘zdagi yoshday qalqib turgan dunyo tinchlik, osoyishtalik istab qoldi. Yangi jamiyat esa insoniyat ko‘nglidagi ana shu ezgu istaklarning ijobatini va'da qilmoqda. Bizningcha, axborot jamiyati g‘oyasining kuchi ham, ohanrabosiyu sehri ham ana shunda!

Tarixdan ma'lumki, bir zamonlar dunyoni zir titratgan Rim imperiyasi mislsiz harbiy kuch-qudratga ega bo‘lgan. Uning yordamida bag‘oyat ulkan sarhadli davlat bunyod etilgan. Biroq ildizi qon bilan sug‘orilgan imperiyani saqlab qolish uchun birgina harbiy qudratning o‘zi kifoya qilmas edi. Rim imperiyasining birinchilardan bo‘lib qog‘oz tayyorlash texnikasini o‘zlashtirgani ham o‘sha kezlarda o‘ta muhim ahamiyat kasb etgan. Aniqroq aytganda, papirus qog‘ozlariga yozilgan ma'lumotlar butun imperiya bo‘ylab muntazam ravishda harakatlangan, ya'ni saltanatda o‘ziga xos axborot almashuvi yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa madaniy qadriyatlarni tez va soz o‘zlashtirib borgan davlatning raqiblaridan ustun jihati edi. Imperiya shuhrati yo‘lida jon fido qilgan legionerlar jasoratini aslo kamsitmagan holda aytish mumkinki, axborotning ulkan qudratini anglash va undan samarali foydalanish Rim imperiyasini oldinga boshlagan "taraqqiyot aravasi" g‘ildiraklaridan biri bo‘lgan.

Agar bundan yuz yillar muqaddam axborotga shu qadar hayotiy zarurat sezilganini hisobga olsak, hozirda u beqiyos boylik manbai sanalishi barobarida butun boshli tsivilizatsiya yaratilishiga asos bo‘layotgani unchalik ham hayratlanarli hodisa emas. Boz ustiga, bu ham axborotning umumiy qadr-qimmatini tasavvur etish uchun yetarli emasdek tuyuladi. Jamiyatning rivojlanish sur'ati va yo‘nalishi birinchi galda kishilarning tafakkur tarzi va fikrlash saviyasiga bog‘liqligi shunday xulosaga kelishga asosdir. Chunki inson qanday fikrlasa, dunyoni qanday anglasa, borliqni ne surat-shamoyilda tasavvur etsa, jamiyatning taraqqiyot yo‘li ham ana o‘shanday bo‘ladi.

Amerikalik mashhur futurolog olim Elvin Toffler bashariyat tarixini agrar (milodning XVIII asrigacha bo‘lgan muddat), industrial (milodiy XVIII asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha) va postindustrial (XIX asr ikkinchi yarmidan boshlanadi) tarzida uchta "to‘lqin"ga ajratganida ana shu omilni - inson ongidagi o‘zgarishlarni inobatga olgan.

Sirtdan qaraganda, Tofflerning insoniyat jamiyatini uch davrga tasniflashiga odamlarning tirikchilik tarzi va yashash holati asos bo‘lgan, degan xulosaga kelish mumkin. Lekin "uch to‘lqin" nazariyasi mohiyatan teranroq tahlil etilsa, davrlar taqsimotida insonlarning tafakkur tarzidagi evrilishlar birlamchi o‘rin tutgani ayon bo‘ladi. Agrar davrda inson asosan o‘zlashtirma mehnat bilan kun ko‘rdi - tabiatdagi mavjud ne'matlardan "bor boricha" qabilida foydalandi. Sanoat inqiloblari bosqichida esa uning tafakkur tarzi keskin o‘zgardi: qo‘l mehnatidan xalos bo‘lgan insoniyat texnika yordamida bunyodkorlik va yaratuvchanlik davriga qadam qo‘ydi. Toffler "uchinchi to‘lqin" deya nomlagan axborot jamiyatida esa izlanuvchanlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilish hayot mazmuniga aylandi. Agar industrial davrda odamlar uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilgan texnologiya asosiy qadriyat hisoblangan bo‘lsa, axborot jamiyatida u o‘rnini bilimlarga bo‘shatib berdi.

Tinib-tinchimagan odamzod pul va moddiy boyliklar hamma narsaning kaliti bo‘lgan kezlarni boshdan o‘tkazdi, qurol kuchi, zo‘ravonlik bilan hokimiyat egallangan davrlarni ko‘rdi. Mana, endi axborot barcha ne'matlardan ustun bo‘lgan zamon kelyapti. Bunday jamiyatda kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda axborot omili yetakchilik qiladi. "Kimki haqiqiy axborotga ega bo‘lsa, u dunyoga hukmronlik qiladi" degan mashhur naql amaliy ahamiyat kasb etadi. Jamiyat hayotining barcha jabhalarida axborot hal qiluvchi kuch vazifasini o‘taydi. Ta'bir joiz bo‘lsa, jamiyat axborot bilan nafas oladi, axborot bilan oziqlanadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, "uchinchi to‘lqin" davrida insonlarga nafi yo‘q axborot emas, ilmiy qiymatga ega bo‘lgan, fanga, demakki, jamiyatga hali noma'lum biror yangilikni ochishga xizmat qiladigan axborotgina qadr topadi. Axborot da'vosidagi yuzaki ma'lumotlar esa son-sanoqsiz informatsiyalar girdobida yo‘q bo‘lib ketadi.

Odatda ilm-fan xususida so‘z borganda, raqamlar vositasida xulosa chiqariladi. Garchi ilm-fan kishilarining soni ular bajargan ish sifati oldida ancha kam bo‘lsa-da, baribir inson zoti tabiatan raqamlarga qiziquvchan. Ma'lumotlarga qaraganda, ilm-fan yuksak taraqqiy etgan Uyg‘onish davrida ham butun yer yuzida bor-yo‘g‘i ming nafarga yaqin olim bo‘lgan ekan. XIX asr boshida ular soni yuz mingga yetgan. XX asr oxirlariga kelib esa ilm kishilarining mikdori besh milliondan oshdi. Agar arifmetika hisobini shu taxlitda davom ettiradigan bo‘lsak, butun insoniyat tarixidagi olimlarning to‘qson foizi zamondoshlarimiz bo‘lib chiqadi.

Axborot jamiyati to‘g‘risidagi nazariy qarashlar dastlab paydo bo‘lgan vaqtda u futurolog olimlarning kelajak to‘g‘risidagi xayoloti sifatida qabul qilingani bor gap. Biroq keyingi o‘n yillar ichida rivojlangan mamlakatlar erishayotgan muvaffaqiyatlar axborot jamiyati to‘g‘risidagi fikrlar xayolot emasligini, u tobora hayotiy haqiqatga yaqinlashib borayotganini ko‘rsatayotir.

Aytishlaricha, Birinchi jahon urushi boshlangani haqidagi xabar Turkistonga olti oylik muddatdan so‘ng yetib kelgan ekan. Bugun-chi? Soniyalar ichida dunyoning istalgan hududi bilan aloqa o‘rnatish imkonini berayotgan zamonaviy kommunikatsiya vositalari bu kabi o‘tmish voqeligini navqiron avlod uchun nakd ertakka aylantirib qo‘yayozdi. Yaqindagina dunyo ahli ingliz alpinisti Rod Beyderning Yer yuzidagi eng baland Jomolungma cho‘qqisidan turib uyali telefon orqali oilasi bilan suhbatlashganiga shohid bo‘ldi. O'tmish davrlarda odamzod qadami yetmagan 8848 metrlik cho‘qqi mo‘‘jizalarga boy zamonamizda zabt etildi. Tag‘in deng, o‘shancha yuksaklikdan ko‘hna zaminga axborot uzatildi. Bu esa axborot jamiyati allaqachon davrimiz ostonasida eshik qoqib turganidan dalolatdir.

Shu o‘rinda axborot jamiyatining shakl-shamoyiliga andak ta'rif berib o‘tsak. Axborot jamiyati... "elektron kottej"lardan tashkil topadi. Bu fikr "ongli kishilar jamoasi jamiyat deb ataladi va u insonlardan iborat" degan qarash ta'sirida voyaga yetgan avlod uchun xiyla g‘ayriodatiy tuyulishi turgan gap. Chunki bu tushunchalar hozirgi davr sharoitida bir-biridan osmon bilan yercha farq qiladigandek. Lekin ta'riflanayotgan muhitda inson va kompyuter uyg‘unligidan yuzaga keladigan elektron "kottej" mazkur jamiyatning eng kichik birligi sanaladi. Boshqacha aytganda, xuddi asalari inidagi hisobsiz bo‘lmachalar kabi axborot jamiyati ham elektron kottejlardan bino bo‘ladi. Hozirdanoq G'arb mamlakatlarida "kompyuter - insonning umr yo‘ldoshi" degan kinoyaomuz o‘xshatishlar ishlatilayotgani ham ana shu omil bilan izohlanadi.

"2001 yilga borib mayda do‘konlarning ommaviy ravishda yopilishi boshlanadi: bunday do‘konlarga ehtiyoj qolmaydi. Odamlar zarur narsalarni Internet vositasida xarid qiladi". Bu - 1997 yili Londonda o‘tgan xalqaro anjuman ishtirokchilari tomonidan aytilgan mulohaza. O'shanda jahon matbuoti olimlarning bunday havoyi xulosasi ustidan kulib, kinoya bilan savdo sohasi vakillari ertangi tirikchilik tashvishini qilishi kerakligini yozib chiqqan edi. Albatta, mubolag‘aomuz bu taxminlar to‘liq amalga oshmadi (aslida, asrlar davomida mavjud bo‘lib kelgan voqelikning juda qisqa muddatda birdan yo‘q bo‘lishi tasavvurga ham sig‘maydi). Lekin aql bovar qilmas bashoratda tilga olinganidek, inson hayotiga elektron savdo, elektron imzo, elektron korxona kabi tushunchalar kirib keldi. Odamzod o‘z uyida - kompyuter qarshisida o‘tirgan holda pul topadigan, universitetda tahsil oladigan, buyum xarid qiladigan, hatto... oila quradigan bo‘ldi.

Ko‘zi bilan ko‘rganigagina ishonib, moddiyunchilik kayfiyatiga berilgan inson uchun axborot hukmronligi g‘ayritabiiy tuyulishi, hatto quruq safsata bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Ammo hozirdanoq rivojlangan mamlakatlarda jamiyatning siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ilm-fan kabi yetakchi sohalari axborot vositasida taraqqiy qilayotgani bunday xulosa chiqarishda shoshilmaslikka chorlaydi. Hozir axborot-kommunikatsiya sohasi iqtisodiy tizimda yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarishni rivojlantirishning asosiy manbaiga aylangan. Bunday sharoitda, tabiiyki, yalpi ichki mahsulotda ham axborot-kommunikatsiya sohasining ulushi salmoqli.

Siyosiy tizimda esa axborot demokratik tamoyillar ustuvorligini ta'minlashi kutilyapti. Davlat boshqaruvi jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining AKT) joriy etilishi fuqarolar va hokimiyat idoralari o‘rtasidagi munosabatlarni erkinlashtiryapti. Bu arayon pirovardida, dunyo mutafakkirlari orzu qilgan oliy maqsad - hokimiyat idoralari faoliyatining oshkoraligi va xolisligiga erishishga xizmat qiladi.

Nazariyotchi olimlar axborot jamiyati odamzod oldida turgan ko‘plab muammolarni hal etishiga umid bog‘lagan edi. Biroq insoniyat yaratgan boshqa ta'limotlar kabi bu g‘oya ham barcha muammolarga birday yechim topa olmasligi tobora ravshanlashib boryapti.

Tarixga nazar tashlasak, muvozanatning yo‘qolishi har doim talafot va yo‘qotishlar darakchisi bo‘lib kelgan. Axborot jamiyati muhitida ham ana shu me'yor-muvozanat buziladi, ijtimoiy tengsizlik yanada kuchayadi. Ulkan boylik va sarmoyaga ega bo‘lgan rivojlangan davlatlar hamda kambag‘al mamlakatlar o‘rtasidagi farq keskin oshishi oqibatida xalqaro maydonda yakkahukmronlik - gegemonlik siyosatiga keng yo‘l ochiladi. Bu borada biryoqlama (radikal) xususiyatga ega bo‘lgan "oltin milliard nazariyasi" ham mavjud. Ushbu nazariyaga ko‘ra, axborot jamiyatida jahon aholisining 1 milliard nafari yaxshi yashashi, qolgan 5 milliard aholi esa ana shu "oqsuyaklar"ning farovon turmushi yo‘lida ter to‘kishi zarur. Bu holning qanchalik "adolatli" ekani boshqa masala, albatta. Aslida esa ijtimoiy tengsizlikdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Bugun - G'arb mamlakatlari ko‘kka uchib, fazoni o‘zlashtirishni ko‘zlayotgan bir zamonda "uchinchi dunyo" deb atalgan hududda insonlar qorin to‘yg‘azish g‘amida turli vahshiyliklarga qo‘l urayotgani - achchiq haqiqat. Biroq chinakam inqiroz bunda ham emas. Tashvish va xavotirga arziydigan haqiqiy fojia - rivojlangan dunyoda ana shu tengsizlikni bartaraf etish o‘rniga uni qonuniyatga aylantirishga urinishlar kuchayayotganida!

Ayni zamonda tabiiy boyliklar va boshqa ne'matlarning bir nechagina mamlakat qo‘lida to‘plangani sir emas. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo aholisining faqat beshdan bir qismi farovon, qolgan besh milliard nafardan ortig‘i esa qashshoq, kambag‘al yoki o‘rta hol bir darajada hayot kechiryapti. Ijtimoiy tengsizlik holati axborot kommunikatsiyalaridan foydalanish borasidagi keskin farqda ham ko‘zga tashlanadi. Muqoyasa uchun aytsak, shu kunda Nyu-Yorkning birgina Manhettenidagi telefon tarmoqlari miqdori butun Afrika qit'asidagi telefon tarmoqlari soniga teng.

"International Te1esommunications Union" tashkiloti tadqiqotlari dunyo miqyosida kompyuterdan foydalanish borasidagi farq nechog‘liq kattaligini ko‘rsatadi. Yevropaning San-Marino mamlakati dunyodagi eng kompyuterlashgan davlat sanaladi. Ushbu kichikkina davlatda har ming kishiga 727 kompyuter to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda qayd etilgan AQShda esa bu ko‘rsatkich 554 tani tashkil etadi. Afrikaning qashshoq mamlakatlarini qo‘ya turaylik, jahondagi eng yirik hududni egallagan Rossiyada har ming nafar aholi bor-yo‘g‘i 43 kompyuter bilan kifoyalanishga majbur. Ko‘rinib turganidek, iqtisodiy salohiyati nisbatan bir-biriga yaqin davlatlar o‘rtasidagi tafovut ham ancha salmoqli. Shunday bo‘lgach, madaniy mustamlakachilik ta'siri ostida qolgan "uchinchi dunyo" davlatlaridagi ahvolni tasavvur qilish qiyin emas.

Axborot jamiyatida erkin axborot oqimi tamoyili amal qiladi: davlat chegaralaridan qat'i nazar, axborotning dunyo miqyosida to‘siqlarsiz tarqatilishiga erishiladi. Buni bir qarashda demokratik tamoyillar asosida qaror topgan hol sifatida ijobiy baholash mumkin. Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, iqtisodiy imkoniyatlar bir xil bo‘lmagan sharoitda tabiiy ravishda kuchlar tengsizligi yuzaga keladi. Taraqqiy etgan dunyodan rivojlanayotgan davlatlarga kelayotgan axborot oqimi ularning mafkuraviy ta'sir ostida qolish xavfini kuchaytiradi. Soddaro qaytganda, taraqqiy etgan davlatlar o‘z axborot vositalari orqali rivojlanayotgan mamlakatlarni boshqaradi.

Qiyos uchun yana ayrim raqamlarga e'tibor qarataylik. BMT adqiqotlariga ko‘ra, hozir sayyoramizning o‘n uch foiz aholisi Internetdan foydalanish imkoniga ega. Ayni chog‘da xalqaro tarmoqdan foydalanuvchilarning deyarli to‘qson foizi rivojlangan dunyoda istiqomat qiladi. Bu esa jahonning qolgan aholisi ana shu kichik doira tarqatayotgan axborot ta'sirida hayot kechiradi demakdir.

Hozirgi davrda sun'iy yo‘ldosh axborot uzatishning eng qulay va samarali vositasi bo‘lib qoldi. Ammo u qulay bo‘lsa-da, "cho‘ntakbop" emas: juda katta mablag‘ talab etadigan sun'iy yo‘ldoshga hamma davlat ham egalik qilolmaydi. Shu bois fazodagi sun'iy yo‘ldoshlar bir nechagina davlatga qarashli: AQSh (30 ta), Yaponiya (21 ta), Rossiya (12 ta), Xitoy (9 ta), Hindiston (9 ta). Albatta, har bir davlat ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgani, imkoniyati darajasida ish tutgani ma'qul. Lekin axborot uzatishning asosiy vositasi sanoqli davlatlar qo‘lida to‘plangani boshqalarning ham ular aytayotgan "qo‘shiq"qa jo‘r bo‘lishini taqozo etadi. Ya'ni kimga qancha suv berishni quloqboshida turgan mirob hal qiladi...

Yana bir jiddiy muammo: axborot jamiyati muhitida jahon xalqlarining milliy, madaniy qadriyatlari uyg‘unlashib ketishini kuzatish mumkin. Bunday sharoitda esa dunyo xalkdari, xususan, kam sonli millatlarning milliy an'ana va qadriyatlari xavf ostida qoladi. G'arb olimlari tomonidan ayni shu jihatni ko‘zda tutgan "erituvchi qozon nazariyasi" ham ilgari surilgan. Bu nazariya tarafdorlarining fikricha, axborot jamiyatida millatlarning qadriyatlari, an'ana va urf-odatlari xuddi bir qozonda qaynagan taomdek qo‘shilib, aralashib ketadi.

Bundan tashqari, xalqaro virtual makon muhitida intellektual migratsiya (aqliy salohiyati yuqori bo‘lgan kadrlarning rivojlangan davlatlarda to‘planishi), madaniy marginallashuv (madaniy qadriyatlardan uzoq bo‘lgan avlodning yetishishi), axborot xavfsizligi, mualliflik huquqini muhofaza qilish kabi bir talay muammolar ham yanada dolzarblik kasb etadi.

Xulosa o‘rnida ta'kidlash joizki, insoniyat qadam qo‘ygan yangi asrga taalluqli turfa muammolar, kishini jiddiy o‘yga toldiradigan masalalar juda ko‘p. Xo‘sh, kelgusida ularni qanday hal etish mumkin? Bizningcha, mazkur muammolarning eng oqilona yechimi - murosa va muvozanatni tiklash! Tarixga nazar tashlasak, ixtilof va kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun hamisha sulhga murojaat qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Demak, insoniyatni o‘rgimchak to‘ri misol chirmab olgan ziddiyatlar endilikda ham faqat va faqat murosai madora vositasida yechilishi mumkin. Taraqqiyot ildiziga bolta urayotgan ziddiyatlar, eng avvalo, muvozanatning yo‘qolishi, axloqiy va ilohiy me'yorlarning buzilishi oqibatidir. Insoniyat tanazzulga yuz tutmaslikni va mavjud qiyinchiliklar girdobidan chiqishni istar ekan, ma'naviy-axloqiy muvozanatni qayta tiklashi zarur. Zero, muvozanatsiz dunyo ostun-ustun bo‘lib ketadi. Muvozanat va murosa yangi tamaddunning qo‘sh mehvari bo‘lsagina bashariyat ro‘yi zaminda sobit qolajak.

Sobirjon Yoqubov,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil 4-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.