OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bizning Aytmatov

Bundan bir necha yil muqaddam “Jahon adabiyoti” jurnalida andijonlik yozuvchi va shoir Qamchibek Kenjaning “Safarnoma”sini o‘qib qoldim. Unda muallif Xirotdagi Alisher Navoiy maqbarasini shunday tasvirlaydi: “Navoiy maqbarasining kun chiqish tomoni devorini snaryad uchirib yuborgan  ekan, g‘isht urib qo‘yishibdi. Ichkarida va tashqarida temir havozalar turardi. Aftidan ular ana shu o‘pirilgan joyni berkitishga olib kelinganu, shundayligicha qolib ketgan bo‘lsa kerak. Chunki, maqbara ichida uyulib yotgan g‘isht siniqlari, tosh, kesaklarga qarab, bu yerga yaqin o‘rtada ta’mirlovchilar ham, boshqalar ham oyoq bosmaganini sezish qiyin emas edi”.  

Mana shu holat – Navoiy qabrining besh asrdan keyingi holati kishini o‘ylatadi. Navoiyning-ku qarovsiz qolgan maqbarasi bugunga kelib, shaxsan Prezidentimiz tashabbusi va “Bobur” xalqaro jamg‘armasi vositasida qayta tiklandi. Uning asarlari – Navoiy geniysi besh asrdan buyon dunyoning she’rsevar ahlini larzaga solib, aqlini shoshirib kelmoqda. Shoirimiz Abdulla Orif aytganidek: Temur qilichi yetmagan joyni, Alisherbek qalam bilan olgani rost gap. 

Xo‘sh, bizning asrimizda turkiy olamning qaysi bir ijodkori ana shu bobomiz Alisher Navoiy zabt etgan cho‘qqini egallab qoladi?

Asrlar o‘tib, avlodlar qaysi bir millatdoshimizning qabri ustida turib qayg‘uradi, o‘ylaydi? Umuman turkiy olamda xalqning yurak og‘riqlarini, iztiroblarini, shodu-xurramligini, boshqacha aytganda turkiylarning bir xalq sifatidagi bo‘y bastini qog‘ozga muhrlab, o‘chmas qilib  qo‘ygan ijodkor qancha? 

Gapning rosti o‘zligini tanigan har bir ijodkor qo‘liga qalam olar ekan, yuqoridagi orzularni maqsad qiladi. Ammo, hamma gap shundaki, bu orzularning ushalishi barchaga ham nasib etavermas ekan. Asrlarning yemiruvchi bo‘ronlarini sanoqli ijodkorlargina yengib o‘tishi mumkin. 

Ikki asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatovning vafoti haqidagi xabarni eshitib, ko‘nglimdan yuqoridagi fikrlar kechdi. Ichimda nimadir uzildi. Kalovlanib qoldim: turkiy xalq, turk buduni    eng aziz kishilaridan birini yo‘qotdi. Yozuvchi Nabijon Boqiy va kamina Chingiz og‘a bilan qozoq xalqining taniqli shoiri, jamoat arbobi Muxtor Shoxonovning o‘zaro suhbatlari natijasi o‘laroq yuzaga kelgan “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobini o‘zbek tiliga o‘girish sharafiga muyassar bo‘lgan edik. Shu munosabat bilan Toshkentga tashrif buyurgan chog‘lari bir-necha bor og‘aning suhbatlarida ishtirok etganman. Uning suhbatdoshiga samimiyat bilan qarashi, gaplaridagi ma’no-mag‘iz hamon yuragimda.

Ho‘sh, Aytmatov dahosi nimalarda namoyon bo‘ladi? U o‘zining maqolalaridan birida  shunday yozadi: “San’at yaxshilikka, hayotni sevishga,nekbinlikka da’vat etishi lozim. Ayni mahalda san’at insonni chuqur o‘ylarga cho‘mdirishi, uning qalbini alg‘ov-dalg‘ov qilishi, undagi qudratli iztiroblar, yomonlikka qarshi isyon tuyg‘ularini paydo qilishi, uning “qars” etib sinishiga, qayg‘uga botishiga va toptalgan, paymol etilgan hayotdagi mo‘‘tabar jixatlarni tiklash uchun sobit turishga da’vat etishi ham haqiqatdir”.

Aytaylik, “Oq kema”dagi bola obrazi odamni o‘yga toldirmaydimi? Mo‘min chol-chi? “Asrni qaritgan kun”dagi Bo‘ronli Yedigey-chi? Manqurt qiligan o‘z bolasi Jolomon qo‘lidan o‘q yegan Nayman ona haqidagi rivoyatda XX asr fojealari namoyon bo‘lmaydimi? 

Ana shunday Chingiz og‘aning har bir  asari, har bir obrazi kitobxonni befarq qoldirmaydi. Uni chuqur o‘yga toldiradi. Qalbini alg‘ov –dalg‘ov qilib yuboradi. To‘fonli iztirobga soladi. Insoniyat erishgan eng yaxshi odatlarni, mo‘‘tabar tuyg‘ularni tiklash va saqlash uchun sobit turishga da’vat etadi. Uning dahosi mana shunda!

Biz esa ulug‘ inson bilan vidolashar ekanmiz, o‘lmas asarlar, barhayot obrazlar yarata olgan yozuvchi bilan zamondosh bo‘lganimizdan faxrlanamiz va “bizning Aytmatov” deya jaxonga yorug‘ yuz bilan boqamiz.       

Yoqubjon Xo‘jamberdiyev

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.