OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bobomurod Erali. Majoziy ishq bulog‘i

Alisher Navoiy ijodi olamini o‘rganish va tadqiq etish maqsadida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Gazetamiz sahifalarida imkon qadar ularni yoritib borishga harakat qilyapmiz. Jumladan, tadqiqotchi Bobomurod Eralievning ulug‘ shoirimiz “Farhod va Shirin” dostoniga bag‘ishlangan izlanishlari turkum maqolalar tarzida haftaligimiz sahifalarida bosilayotganidan xabaringiz bor. “Farhodning tashrifi” maqolasida (“O‘zAS”, 2012 yil, 20 yanvar) Farhodning tug‘ilishi, ishq va dard timsoliga aylanishi mavzusi yoritilgan bo‘lsa, “To‘rt qasr sharhi” maqolasida (“O‘zAS”, 2012 yil, 8 iyun) Farhodni darddan forig‘ etish maqsadida to‘rtta muhtasham qasr qurilishi va unda uyushtirilgan ziyofat tafsilotlariga doir talqinlar berilgan. “To‘rt timsol sharhi”da (“O‘zAS”, 2013 yil, 1 fevral) Farhodning majoziy ishq olamiga kirish oldidan yo‘lida uchragan to‘siq-g‘ovlarni yengib o‘tishi, “Majoziy ishq talqinlari”da (“O‘zAS”, 2013 yil, 31 may) Farhodning Shirin bilan uchrashuvi, majoziy ishqda husn va dard masalasi tafsilotlari sharhlangan. Quyida B.Eralievning “Farhod va Shirin” dostoni tahliliga bag‘ishlangan navbatdagi maqolasi bilan tanishasiz.

* * *

Suqrot aytganidek, qalb oynasini ­poklagan Farhod ishq yo‘lida duch kelgan to‘siq-g‘ovlarni mardonavor yengib o‘tgani uchun majoziy yor — Shirin visoliga yetishdi. Ammo Farhod va Shirin sevgi-muhabbati hamda uning shavq-zavqi muvaqqat va foniy ekani taqdiri azal daftariga bitib qo‘yilgan: “Visol ichra yetishmay oshnolig‘, Falak soldi aro yerda judolig‘”.

Manbalarga tayanib majoziy ishq haqiqiy ishqning soyasi, majoziy ishq – vosita, uning samarasi haqiqiy ishq, deydigan bo‘lsak, bunda ham avom ishqida bo‘lganidek, visol hijronga o‘rin bo‘shatib beradi. Ya’ni qasrda Farhodga atalgan ziyofat chog‘ida Shirin paydarpay qadah tutib, uning ko‘nglini xushnud etadi. Farhod bu uchrashuvdan ruhlanadi. Nozik tomoni shundaki, u aysh-ishrat uchun qasrda qolmasdan, dostonda aytilganidek “balo tog‘i”ga jo‘naydi. Biroq charxi kajraftor o‘yin ko‘rsatib, taqdir yorg‘uchog‘ida hajr zahrini tuyib, oshiq-ma’shuq ichayotgan sharobga bildirmasdan tashlab qo‘yadi: hukmdor Xusrav Parvez toju taxtiga munosib merosxo‘r qoldirish niyatida uylanishga qaror qiladi va o‘ziga munosib yorni qidiradi. Har tarafga otlangan odamlari Arman yurtida husnu jamolda tengi yo‘q Shirin degan qiz borligini xabar beradi. Ammo shoh jo‘natgan sovchilar Mehinbonudan rad javobini olib qaytadi. Xusrav Shirin bilan ­Farhodning oshiq-ma’shuqligini eshitib, qanday qilib bo‘lmasin, oshiqni yo‘ldan olib tashlash rejasini tuzadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, asarning oldingi boblari talqinida Arman yurtiga kelishdan oldin Farhodning Suqrot ko‘rsatmasi bo‘yicha manzillarda uchragan ajdaho, Ahriman va temir paykar ustidan g‘olib chiqib, nafsoniy poklikka erishgani va ko‘zgu tilsimini ochib, unda Shirin jamolini ko‘rishga muyassar bo‘lganini aytib o‘tgan edik. Taqdirning sinov-imtihon bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib kelayotgan Farhod majoziy ishq yo‘lini tutgan oshiq maqomiga ko‘tariladi. Ahamiyat berilsa, Xusrav ham Shiringa sevgi-muhabbat izhor etib, o‘zining unga munosib yor ekanini da’vo qiladi. Demak, Farhod ham, Xusrav ham Shirin visolidan umidvor va da’vogar oshiq. “Mahbub ul-qulub” asarida: “Majoziy ishqqa bir mahbub bo‘lg‘ay, aning ishqida behud va mag‘lub bo‘lg‘ay”, deyilganini inobatga olsak, xoslar ishq-muhabbatida ham avom ishqiga xos oshiq holatiga o‘xshash “bir mahbub” taqozo etiladi; xoslar bilan avom ishq-muhabbatining ruhiy holat, kechinma va dardu iztiroblarida, zohiriy jihatdan olib qaraganda, bir-biriga o‘xshashlik mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Ammo bu ikki ishq turida maqsadlar boshqa-boshqa ekanini unutmaslik kerak. Shu ma’noda, Xusrav va Farhodning qaysi ishq turiga mansub oshiq ekanini ajratib olish qiyin emas:

Bukun Farhod ul ozodavashdur,
Ki yo‘qluq bodasidin jur’akashdur.
Fano o‘ti aro andoqki xoshok,
Vujudi xirmanin pok o‘rtamish pok.
Bo‘lubtur o‘yla haq zotida foniy,
Ki yo‘qtur anda o‘zlukning nishoni.
Bu ash’yo ichrakim bo‘lg‘ay mazohir,
Ko‘rar mazharni har yon bo‘lsa nozir.

Ulkan toju taxt egasi Xusrav sovchilarini jo‘natganda Mehinbonu chiroyli ishoralar orqali Shirinning bir aybi borligi, ya’ni uning huzurida er otini tutib bo‘lmasligini aytadi. Xusravning sovchilari esa, Shirinning Farhoddek toshyo‘nar, telba bir yigitni yaxshi ko‘rishini, bu muhabbat dovrug‘i butun el-yurtga ma’lum ekanini ro‘kach qilib, Mehinbonu aytgan so‘zlarni rad etadi. Xullas, Shirinni nikohiga olmoqchi bo‘lgan Xusrav Mehinbonuning imo-ishora bilan bergan javobini to‘g‘ri fahmlamaydi. Tabiiyki, u Farhodni avom ishqi maqomidagi o‘ziga o‘xshash oshiq deb o‘ylaydi.

Shiringa sovchi yuborib, maqsadiga osonlikcha erisha olmagandan keyin Xusrav zo‘ravonlik, do‘q-po‘pisa va tahdid orqali niyatiga yetmoqchi bo‘ladi. Hatto Arman yurtiga katta qo‘shin tortib, Mehinbonu bilan Shirin turgan qal’ani qamal qiladi. Farhod uning yo‘liga bir o‘zi to‘g‘anoq bo‘lib, qarshi chiqqanida Xusrav uni nazariga ilmaydi. Bundan ayon bo‘ladiki, u mutakabbir, kalondimog‘ va kuch-qudratiga ishongan shoh bo‘lishdan tashqari, oshiqlik da’vosi bilan qanday bo‘lmasin Shirin vasliga yetish choralarini qidiradi.

Farhodning yolg‘iz o‘zi katta qo‘shinga teng kelolmasligi o‘z-o‘zidan ayon. Ammo bir narsani to‘g‘ri tushunish lozimki, Navoiyning maqsadi bu tasvir orqali ikki turdagi ­ishqning bir-biridan farqini ochib berish, ya’ni avom ishqiga mansub oshiq qanchalik kuch-qudratga ega bo‘lmasin, baribir xoslar ishqi maqomida turgan oshiq bilan tenglasha olmasligini vositalar orqali tasvirlashdir. Farhod nafsoniy poklikka erishgani uchun Xusravdan har jihatdan ustunligini xatti-harakatlari va ishq xususidagi bahs-munozarasida anglatib turadi:

Dedikim: kuymagingni ayla ma’lum!
Dedi: andin erur joh ahli mahrum!
Dedi: qay chog‘din o‘ldung ishq aro mast?
Dedi: ruh ermas erdi tang‘a payvast.

Navoiy ushbu suhbat orqali Farhod bilan Xusravning ma’naviy olami, aql takomili va ishq to‘g‘risidagi fikr-mulohazalariga ochiq-ravshan ta’rif beradi. Xusrav zo‘ravonlik orqali maqsadiga yeta olmasligini bilganidan keyin hiyla-nayrang ishlatib Farhodni asir oladi va uni zanjirband qilib, Salosil qo‘rg‘oniga qamab qo‘yadi. Farhod bu qo‘rg‘onda Suqrot ta’lim bergan “ismi a’zam”ni o‘qib zanjirlarni uzadi, qo‘rg‘on atrofida bemalol aylanib yuradi, dashtga chiqib, parranda va darrandalar bilan ulfat tutinadi:

Sulaymonvash chekib ul yerga poya,
Ki qushlar tortibon boshig‘a soya.
Qilib ishq o‘yla shavkat rahnamuni,
Ki sheri sharzani aylab zabuni.
Bo‘lub ul goh sher ustiga rokib,
Sibou vahsh anga xaylu mavokib.
Zamoni babru qoplondin bo‘lub shod,
Qilib dildor ko‘yi itlarin yod.

Xusrav Farhodning ko‘ngli karomat nuri bilan yo‘g‘rilganini payqaydi. Lekin g‘ururi va havoyi nafsi bu haqiqatni tan olishga to‘sqinlik qiladi. Shu vajdan ishq yo‘lidagi raqibini zo‘rlik va do‘q-po‘pisa bilan yenga olmagach, bu ishga falak zoli — hiylagar kampirni yollaydi. Aslida falak zoli deb ta’riflangan bu hiylagar kampir afsona va ertaklarda bayon etilgan yovuzlik timsolidan farq qiladi. Dostonda kampirning dunyo timsoli sifatida ­talqin etilishida katta ma’no bor. Nafsoniy poklikka erishgan Farhodga dunyo kampir qiyofasida ko‘rinadi. Xusrav esa shu kampir — dunyoning makr-hiylasi vositasida Farhodni mag‘lub etadi. Kampir ming bora sinovdan o‘tkazgan hiylasini amalda qo‘llab, Farhodni bu olamdan ketishga majbur qiladi. Qolaversa, Farhodni dard timsoli deb atagan edik. Dard va husn uchrashishidan majoziy ishq amalga oshadi, o‘z navbatida, u qalb va ruhni haqiqiy ishq dargohiga tayyorladi. Dardning vazifasi shundan iborat edi. O‘z vazifasi va xizmatini bajarib bo‘lganidan keyin dard ketishi kerak, unga hamroh husn ham o‘z vazifasini ado etganidan keyin zavolga yuz tutadi. Shuni ta’kidlash lozimki, dard va husnni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi:

Firoqida bukunluk tonglaliqmen,
G‘amidin o‘ylakim, suvsiz baliqmen.
Baliq holi bu bo‘lg‘ay suvdin ayru,
Ki tolpinmoqdin o‘lg‘ay istabon su.
Aning hajrida tolpinmoq ishimdur,
Chu tolpindim, o‘lub tinmoq ishimdur.

Majoziy ishq ulkan dengizga qiyoslansa, bu ishq yo‘lidagi oshiq-ma’shuqlar unda suzib yurgan baliqlarni eslatadi. Qachonki, shu dengizdan biri chiqarilsa, ikkinchisi quruqlikka tashlangan baliq holiga tushadi. Mavlono Jaloliddin Rumiy ta’biri bilan aytganda, ikkita tirik qush bir-biriga bog‘lab qo‘yilsa, ko‘kka parvoz eta olmaydi. Garchi qanotlari to‘rtta bo‘lsa ham. Chunki ikkilik mavjud. Shu ikkilik yo‘qolsa, har ikkisi ham parvoz eta oladi. Zero, orada ikkilik qolmaydi.

Shu fikr-mulohazalarga tayanib aytadigan bo‘lsak, Farhod va Shirin, ya’ni dard va husnni majoziy ishq bu olamda ikki qushdek juftlagandan keyin dunyo timsoli sifatidagi kampir birini parvoz ettirgach, ikkinchisi ham ilojsiz unga ergashib, izidan parvoz qildi. Bundan ko‘rinadiki, falak zoli — kampir shu ikki qushning parvoziga sharoit yaratib berdi. Dunyoning tarhi shunday yaratilgan bo‘lib, Farhod va Shirin kamolot bosqichiga ko‘tarilib, emin-erkin parvoz etish baxtiga muyassar bo‘lsa, Xusrav kabi nafs quliga aylangan oshiqlarga majoziy ishq mayidan totish nasib etmaydi. Farididdin Attor aytganidek, o‘zini yuz baloga giriftor etishdan boshqa narsaga erishmaydi. Navoiy ­Farhod va Xusrav obrazini bir-biriga zid ­ma’noda talqin etishi ayni shu farqni ko‘rsatib berish, shuning barobarida majoziy ishq takomil natijasida haqiqiy ishq ostonasiga qay tariqa yetib borishi va vahdat hosil bo‘lishini obrazli tarzda chizib berishdan iborat:

Gar ul ishqimda hirmon birla ketti,
Vale ishqi kamolin sobit etti.
Vujudin o‘rtab ul so‘zu gudozi,
Haqiqatqa badal bo‘ldi majozi.
Tutub soqiy vahdat jomin tavfiq,
Nasibi ayladi haq rohi tahqiq.
Baqo gulshanida sultonliqqa yetti,
Haqiqat mulkida xonliqqa yetti.

Ko‘rib o‘tganimizdek, majoziy ishq bulog‘ini ochish uchun dastlab dard bo‘lishi kerak. Dard bo‘lgan taqdirda oshiqlik chinakam va haqiqiy tus oladi. Shuningdek, dard bo‘lgan mahalda oshiq qalbi va ruhiyatida poklanish jarayoni kechib, oshiq bu yo‘lda uchraydigan g‘ov va to‘siqlarni mardonavor yengib o‘tishga bel bog‘laydi, mashaqqat yukini yelkasiga oladi. Yana shuni unutmaslik kerakki, mazkur dostonda bayon etilganidek, husn bo‘lgan taqdirda dard harakatga tushadi, o‘z bag‘rida turgan ishq chechaklarini namoyon etishga intiladi va majoziy ishqni haqiqiy ishq sari otlantiradi. Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, dard va husn egizakka o‘xshaydi, ularning bir-biridan ajralishini tasavvur etib bo‘lmaydi. Agar dard mavjud bo‘lsa, u husnni qidirib topadi, shu husn tufayli maqsadiga vosil bo‘ladi, o‘z navbatida, husn ham dard bo‘lmagan taqdirda hech qanday ma’no kasb etmaydi. Arman mamlakatida tog‘da ariqni qazishda qiynalib turgan odamlar Farhodning tashrifidan ­keyin birdaniga harakatga tushib, ishlarida unum bo‘lishi husn dardni kutib turganini ­anglatadi. Dard kelishi bilan husn ham o‘z vazifasini ado etishga kirishadi.

Navoiyning san’atkorligi shundaki, ­Farhod, ya’ni dard bo‘lgan taqdirda ichki dushman — nafs ajdahosi, Ahriman dev va temir paykarni yengib o‘tish nasib etadi, Suqrot hakim dargohiga borib, majoziy ishq ta’limi olinadi. Dard bo‘lgan taqdirda ichki dushmandan xalos bo‘lish orqali tashqi dushman — Xusrav ustidan g‘alaba qozonish qiyin bo‘lmaydi. Shulardan xulosa chiqarib, Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonini yigit-qizning sevgi-muhabbatini tarannum va vasf etishga bag‘ishlagan, desak to‘g‘ri bo‘larmikan? Ko‘rib o‘tilganidek, bu asarning ma’no-mohiyatiga yetib borish va uni haqiqiy holicha tasavvur etish o‘quvchidan muayyan ilmga ega bo‘lishni talab etadi. “Farhod va Shirin” dostoni ustida olib borilgan mazkur tadqiqotimiz bu asar olamiga kirib borish va uni kashf etish yo‘lida, aytish joiz bo‘lsa, bir urinishdan iborat. Hali bu asarni yanada teranroq tadqiq etish borasida ­izlanishlar davom etishi shubhasiz.

Bobomurod Erali,

tadqiqotchi

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 17-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.