OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Davlat tili: yigirma yildan so’ng…

21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga yigirma yil to‘ldi. Mustaqillik kurashi debochasi sifatida 1989 yilning 21 oktyabrida «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilin edi. 1995 yil 21 dekabrda mazkur qonun yangi tahrirda qabul qilindi. O'tgan yillar mobaynida ona tilimizning nufuzi qay darajada o‘zgardi? O'zbek tilining maqomini yanada oshirish, jahon tillari darajasiga olib chiqish uchun nimalar qilish kerak? Mazkur savollarga adabiyot, ilm-fan va san'at vakillari javob beradilar.

Vatanparvarlik ona tilini sevishda ko‘rinadi!

Pirimqul Qodirov, O'zbekiston xalq yozuvchisi:

Ta'rif
Davlat tili - muayyan mamlakatda qonun chiqarish, ijroiya va sud hokimiyatlarida ish yuritish uchun rasmiy belgilangan til. Dunyodagi yuzga yaqin mamlakatda davlat tili mavjud. Albaniya, Frantsiya, Germaniya, Litva kabi mamlakatlarda yagona davlat tili amal qiladi. Belorus, Belgiya, Kanada, Finlyandiya, Afg‘onistan, Paragvay, Boliviya, Hindiston, JARda esa bir nechta davlat tili mavjud.  

- Shu yoshga yetib eng sevib o‘rgangan soham ona tilimizdir. O'zbek tili benihoya boy, go‘zal. Uning fazilatlari va jozibasini asarlarimda kuchim yetganicha ko‘rsatishga harakat qildim. Tilning qudratini asarlarida benihoya teran ifoda etgan Bobur Mirzo: "Qachonki o‘qisang, yozganlarimni, sog‘ingaysan mening o‘zimni..." deydi. Chindan ham, tilga muhabbat eng suyukli odamni sog‘inishdek qadrdon tuyg‘u.

Frantsuz adibi, Nobel mukofoti sohibi Alber Kamyu: "Ona tilim mening vatanimdir. Vatanni qanchalik sevsam, tilni ham shunchalik sevaman" deydi. Haqiqiy vatanparvarlik ona tilini sevishda ko‘rinadi! Ona tilimizni muqaddas bilib, sevadiganlar qatorida uni yaxshi bilmaydigan va qadrlamaydigan eldoshlarimiz ham bor. Men bu haqda "Til va el" kitobimda ham yozgandim. O'z qadrini bilgan odam ona tilini yuksak darajada o‘rganadi va sevadi. O'z tilini qadrlamaydigan shaxs esa o‘zini qadrsizlantiradi.

Istiqlol davrida ona tilimizga davlat tomonidan katta e'tibor qaratilmoqda. Bunday yuksak qadrlash yillar o‘tib, o‘z oltin mevalarini beradi. Kelajakda o‘zbek tilini jahon tillarining eng ilg‘or safiga olib chiqadigan katta olimlar, yozuvchilar, ziyolilar paydo bo‘ladi deb ishonaman.

Til qoidalarini buzayotgan qo‘shiqchilar

Zamira Suyunova, O'zbekiston xalq artisti, O'zbekiston Davlat konservatoriyasi dotsenti:

- Haqiqiy san'atkor bo‘laman, umrboqiy qo‘shiqlar yarataman degan ijodkor avvalo tilimiz me'yorlariga rioya etishi kerak. Qo‘shiqchilikka endigina kirib kelayotgan ayrim yoshlarning til maromlarini qo‘pol ravishda buzayotgani, adabiyotning birlamchi talablariga ham javob bermaydigan she'rlarni qo‘shiq qilib aytayotgani ancha og‘riqli. Qo‘shiq matnidagi so‘zlarning xato talaffuz qilinishi, urg‘uning noto‘g‘ri qo‘yilishi ham ko‘p uchrayapti. Ba'zida qo‘shiqchilar nochor matnni klip bilan yopib yuborishga urinyaptilar. Ammo she'r badiiy jihatdan yuksak saviyada bo‘lmas ekan, undan hech qachon yaxshi qo‘shiq chiqmaydi.

Azaldan qo‘shiqchilik tilning qudratini ko‘rsatuvchi vosita bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham ustoz san'atkorlarimiz ijro etgan mumtoz qo‘shiqlarni tinglab, tilimizning naqadar boyligini his etamiz. Musiqa va klipga baho beradigan badiiy kengashlar qo‘shiq matniga ham jiddiy ahamiyat qaratcalar, yomon bo‘lmasdi.

Tarjimachilikni rivojlantirish uchun...

Ma’lumot
Jahon mamlakatlarining ko‘pchiligida rasmiy til bilan davlat tili aynan bir xil. Ayrim mamlakatlarda esa rasmiy til maqomi davlat tili maqomidan farqlanadi. Masalan, Shveytsariyada Konstitutsiyaga binoan nemis, frantsuz, italyan tillari – rasmiy til, nemis, frantsuz, italyan va retoroman tillari – davlat tili sanaladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ingliz, rus, frantsuz, ispan, arab va xitoy tillarini rasmiy til deb e’lon qilgan.
Yer sayyorasida taxminan 5-6 ming til mavjud. Globallashuv va migratsiya jarayoni sababli, har ikki haftada bitta jonli til o‘lik tilga aylanmoqda. Ayni paytda dunyoda to‘rt yuzga yaqin til yo‘qolish arafasida. 

A'zam Obid, tarjimon:

- Boshqa xalqlar bilan madaniy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek tilida yaratilgan asarlarni xorijliklarga tanishtirishda tarjimaning o‘rni katta. Yurtimizda tarjima san'atini rivojlantirish uchun adabiy tarjima maktablarini ochish, xorijiy tillardan o‘zbekchaga tarjima qilishga ixtisoslashgan maxsus kurslar tashkil etish zarur. Xorijiy filologiya fakultetlarida tarjimachilikni o‘rganayotgan talabalarga badiiy va tarixiy asarlarni xorijiy tillardan o‘zbekchaga o‘girish vazifasi diplom va dissertatsiya ishi sifatida berilsa, yoshlar orasida qiziqish kuchayardi. O'zbek tilini yaxshi biladigan mutaxassislar negadir xorijiy tillarni o‘rganish va tarjima qilishga kamroq qiziqishadi. Menimcha, mutaxassislar orasida qiziqishni oshirish uchun turli tanlovlar tashkil etish, grantlar ajratish lozim. Til o‘rganish bo‘yicha bosma lug‘atlar ko‘payib qoldi, mukammal elektron lug‘atlar tuzish ustida ham ishlash zarur.

Tilshunoslarning dolzarb vazifalari

Nizomiddin Mahmudov, filologiya fanlari doktori, professor, Toshkent Davlat pedagogika universiteti O'zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri:

- Oxirgi yillarda  ona tili fanini  o‘qitish sifatini oshirish uchun darsliklarni takomillashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Oldingi darsliklarda qoida va misol orqali mavzu tushuntirilgan bo‘lsa, yangilarida amaliy jihatga urg‘u berilmoqda.

Til o‘qitishdagi kamchiliklar, o‘quvchilarning savodxonlik darajasi yuqori bo‘lmagan holatlar ham mavjud. Buni chekka hududlarda ta'lim sifatining yuqori emasligi bilan  izohlash mumkin.

Davlat tili xususida so‘z borganda, qonun to‘la ishlamaydi degan iddaoni eshitib qolamiz. Bir narsani yaxshi anglash lozim: bu qonunning talabalarini bajarishda olim ham, yozuvchi ham, ishchi ham, amaldor ham baravar ishtirok etishi kerak.

Bu o‘rinda o‘zbek tilini o‘qitish metodikasini yaxshilash lozimligini eslatib o‘tmoqchiman. Yana bir masala. Tilshunosligimizda yangi yo‘nalish - sotsiolingvistika sohasi e'tibordan chetda qolyapti. Bu yo‘nalish til va jamiyat masalasini tadqiq qiladi. Tilni ijtimoiy sohalarda qo‘llash sharoitini o‘rganish - tilshunosligimizning dolzarb vazifalaridan.

O'zbek tili komputer tili bo‘lishi kerak

Fikr
Ko‘chada biror odam qoidani buzsa, darrov militsionerning hushtagi churillaydi, qoidabuzar mo‘maygina jarima to‘laydi. Nega endi tilimizni pisand qilmaydiganlar, uni har qadamda buzib rasvo qilayotganlarning mushugini hech kim "pisht" demaydi. 
Abdulla Qahhor 

Yorqin Haydarov, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti aspiranti:

- Hozirgi axborotlashgan zamonda tilning mavqeini belgilashda uning kompyuter tiliga aylangani asosiy mezonlardan biri sanaladi. Ya'ni ma'lum bir tildagi matn ustida ishlash uchun qanday kompyuter dasturlari mavjudligi shu tilning rivojlanganlik darajasini ko‘rsatadi. Bular sirasiga so‘zlovchi nutqini avtomatik tarzda yozma matnga aylantiradigan, elektron matnni ovozli o‘qib beradigan, imloni tekshiradigan, matnni avtomatik tahrir qiladigan va tarjima qiladigan dasturlar kiradi. Ba'zi kichik hajmdagi elektron lug‘atlarni demasa, o‘zbek tili uchun bunday dasturlar hali yaratilmagan.

Ishni Word dasturida yozilgan o‘zbekcha matnlar imlosini tekshirib beradigan dastur yaratishdan boshlash maqsadga muvofiq. Buning uchun o‘zbek tilidagi barcha so‘zlarning og‘zaki va yozma shakllarini o‘zida jamlovchi lug‘at bazasi zarur. Keyingi bosqichda o‘zbekcha matnni tahrir va tarjima qiladigan dasturlar yaratish kerak.

Kompyuter yordamida o‘zbek tilini o‘rgatadigan dasturlar, xorijliklar uchun ona tilimizni o‘zlashtirishda yordam beradigan darsliklar hamda Windows operatsion tizimining o‘zbekcha versiyasini yaratish ham zamon talabiga aylanib ulgurdi.

Abdul Sobir tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.