OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hakim Sattoriy. Amir Temur g‘oridagi sinoatlar

Sohibqiron Amir Temur haqida gap ketganda Yakkabog‘ tumani hududidagi Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan g‘or tez-tez tilga olinadi. Unga xalq qasoskori Hoshim ibn Hakim — Muqanna qadam qo‘ygani haqida ma’lumotlar uchrasa-da, xalq xotirasida “Amir Temur g‘ori” nomi bilan yashab qolgan. Qolaversa, hazrat Navoiy “Sabba’i sayyor” dostonida bu go‘shani tilga oladi, vasfiga o‘n baytga yaqin shoh satrlar bag‘ishlaydi (beshinchi iqlim yo‘lidan keltirilgan musofir hikoya­sida).

Ko‘plab tarixiy manbalarda, jumladan, muarrix Muhammad Narshaxiy asarlarida bu g‘orning ta’rifi keltiriladi.

Turli davrlarda bu sirli maskan turli toifa kishilarining diqqat-e’tiborida bo‘lgan, uni ilmiy maqsadlarda o‘rganish uchun ekspeditsiyalar tashkil etilgan, tabiat ishqibozlari uning mo‘‘jizalarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun uzoq-uzoqlardan tashrif buyurishgan, xotiralar totli bir tarzda qalblarida yashagan, taassurotlarini to‘lib-toshib so‘zlab yurganlar.

Zero, mazkur g‘orda ko‘plab sinoatlar yashiringan. Tarix va tabiat hamohangligida paydo bo‘lgan mo‘‘jiza shukuhini quyi­da rus tilidan tarjima qilib keltirayotgan parchani o‘qib, yana bir bor his etish mumkin:

“Shukronalar bo‘lsinki, tog‘ manzaralarini tomosha qilish, ularning ajoyibotlaridan bahramand bo‘lish uchun ikki marta Toshqo‘rg‘on amlokiga bordim. Safarimning birida mo‘‘jizali Qal’ai sheron haqida eshitib qoldim va uni ko‘rishni ixtiyor etdim. Mahalliy aholidan ishonchli kishilarni atrofimga to‘plab, Qal’ai sheronga yo‘l oldik. Menga yigirma uch kishi hamrohlik qildi. Bir kecha yo‘lda tunadik. Oftob qisqichbaqa burjida bo‘lishiga qaramay, kun botishi bilan chodirda olov yoqildi va uning atrofida jips o‘tirdik. Havo shunday sovib ketdiki, tananing olovga ters tomonlari muzlab qolayozdi...

Tong otishi bilan yo‘lga tushdik va choshgohga yaqin manzilga yetib bordik. Ikki cho‘qqi orasidan ko‘rinib turgan tog‘ poyida yigirma tanobcha maydon ko‘zga tashlanardi. Ikki tog‘ orasidan daryocha jo‘shib oqardi, u Yakkabog‘daryoning boshi hisoblanadi. Bu yerda yovvoyi zardoli, gilos, olma, olcha kabi mevali daraxtlar chappar urib yotardiki, ularning sanog‘iga yetib bo‘lmasdi. Tog‘ning bir tarafidagi daraxtlar endi gullagan, boshqa yoqdagilari esa meva tugib qolgandi (zardoli dovchalarini yesa bo‘lardi). Bir-biriga qarama-qarshi turgan tog‘ qoyalari shunchalik yaltirardiki, ularga kimdir sayqal berganga o‘xshardi.

O‘ng tomondagi tog‘ning o‘rtasida to‘rtta kunda ustiga o‘rnatilgan darvoza turardi. Darvozaning ustiga randalangan to‘rtta xodadan mezana ko‘tarilgan. Uning bir yog‘ochi qulab yotibdi, uchtasi o‘z o‘rnida turibdi. Darvoza o‘z mezanasi bilan yerdan o‘ttiz-qirq gaz balandlikda, tog‘ cho‘qqisidan esa qirq-ellik gaz pastda. Quyida turib, bu imorat nima uchun, kim tomonidan qurilgan va unga yo‘l qayerdan boshlanishi haqida qancha bosh qotirmaylik, hech narsa tushunmadik. Safimizda ikki-uch toshqo‘rg‘onlik ko‘p kitob ko‘rgan (o‘qigan) odamlar bor edi, ular ham bu inshootning qachon paydo bo‘lganini bilishmadi.

Tog‘ning yana bir mo‘‘jizasi shu ediki, chap tomondagi qoya bag‘rida yuqori balandlikdan suv otilib tushardi. Tarvuzdan kattaroq teshikdan kuchli oqim bilan chiqqan suv yoyilib-yoyilib pastga tushar, yerga tushguncha musht­dek pufak hosil bo‘lardi. Pufaklar keyingi oqimda tovuq tuxumidek kichrayar, yerga tushgach, toshloqqa singib, yo‘q bo‘lib ketardi. Unga yaqinroq borib, manzarani miriqib tomosha qildik, tushayotgan mayda tomchilar shudringga o‘xshardi. Ancha suv pastga tushib, daryoga qo‘shilib ketardi.

Bu joydan o‘tgach, ko‘z oldimizda sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan daraxtlardan iborat yovvoyi chorbog‘ va kattagina irmoq paydo bo‘ldi. Shu joyda otlardan tushdik va ovqat tayyorlashga kirishildi.

Tushlik va dam olishdan keyin qariyb yigirma kishi Qal’ai sheronni tomosha qila boshladik. Biz ellik-yuz qadamcha ko‘tarildik. Bu yerda katta darvozaning qoldiqlari yotardi, undan o‘tib, ichkariga kirdik. Yuz qadamcha oraliqda yuqorisi yopilgan, otxonaga o‘xshagan imorat turardi. U tog‘ning ichkarisiga qarab o‘yib yasalgan. Imoratning kesimi o‘ttiz gazga teng. Devorning ikkala tomoniga tarashlangan tosh qalab chiqilgan... Imoratning balandligi otliq qo‘lida qilichini ko‘tarib yurganda ham shipga yetolmaydigan darajada edi.

Binoni tomosha qilib, bosh­qa eshikdan chiqib qoldik va qarshimizda shaharlarda bo‘­ladigan katta darvoza turardi. Ammo tavaqalarning o‘rni bilinib tursa-da, o‘zi joyida yo‘q edi. Darvozadan kirdik va o‘ng tomonda toshdan taxlangan zinaga duch keldik. Kimnidir ko‘tarilib, qarashga taklif qildik. Yuqorida taxt va toshdan qilingan bir necha keng supalar bor ekan.

Har ehtimolga qarshi o‘zim bilan ikki-uch fonus, uch-to‘rt temir mash’ala, ikki kosa zig‘ir yog‘ va ikki-uch qadoq sham olib kelgan edim.

Shu yerdan ichkariga yo‘l oldik. Shipning balandligi otxona darajasida. Binoning yuqori kesimi taxminan yigirma gazga teng. Yuqori yopiq. Uning tomi va aylanasi baland tog‘lar, albatta. Devorining ichki qismi islimiy naqsh­lar va qabariq tasvirlar bilan bezatilgan. Ikkala devorda ham o‘yilgan katta-kichik tokchalar bor. Tokchalarning ko‘p qismi tosh panjaralar bilan o‘ralgan. Turli joylarda toshdan yasalgan katta shamdonlar turardi. Ikki-uch joyda yorg‘ichoqlar yotardi. Quyida yashayotganlar va cho‘ponlar olib keta olmagan yorg‘ichoqlar sindirilgan.

Xullas, mash’alani yoqib, o‘zimiz bilan non, go‘sht, suv va bosh­qa yeguliklarni olib, ikki yuz qadamcha yurdik va gumbazi Buxoro zargarlik ustaxonalariga o‘xshab ketadigan, yo‘laklari bor keng joyga chiqib qoldik. O‘rtada yoqutdek tovlanuvchi katta oq marmar ustun osilib turar, odamlar uning ba’zi qismlarini sindirib olgandilar.”...

Bizning sharh: safarnoma 1893-98 yillarda Yakkabog‘ begi, Buxoro amirligida katta mavqega ega bo‘lgan olim va adib Mirza Salimbekka tegishli. Dastxat sifatida o‘tgan asrning 50-yillarida ilmiy ekspeditsiyalarning birida qo‘lga kiritilgan arab imlosidagi bu manbani tarixchi olim Naim Norqulov fors tilidan ruschaga o‘giradi va yirik sharqshunos A. Arends rahbarligida nomzodlik ishi sifatida himoya qiladi. Uch yuz sahifadan ortiq salmoqli hajmga ega bo‘lgan safarnoma Buxoro tarixiga doir boshqa manbalarda ko‘p ham uchramaydigan ma’lumotlar borligi bilan qadrlidir. Inchunun, unda Amir Temur faoliya­ti bilan bog‘liq g‘or haqida ham qiziq dalillar keltirilgan. Agar tafsilotlarning bundan bir asr oldin qog‘ozga tushirilganini hisobga olsak, manzarani bugungi kun bilan taqqoslaganda ko‘plab xulosalarga asos bo‘ladi.

Nafsilambirini aytganda, lavhada shavq bilan tasvirlangan tabiat ko‘rinishlari bugunga kelib yillar shamoli ta’sirida ancha xiralashgan. Vodiyni to‘ldirib yotgan mevali daraxtlardan asar ham qolmagan. G‘orning kirish qismidagi imorat tag-tagi bilan yo‘q bo‘lib ketgan. Tosh taxtlar, devordagi tokchalar, ularni o‘rab turgan panjaralarni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. “Buxoro zargarlik ustaxonalari”ning go‘zalligini eslatgan stalaktit va stalagmitlar qo‘porib olib ketilgan, “islimiy naqsh”larning taqdiri noma’lum. Xullas, qarovsiz muhit, nazoratsizlik o‘z kasrini qoldirgan, davrining salohiyatini va ruhiyatini namoyon qilib turuvchi ashyolar talon-toroj qilingan, tabiiy go‘zallikka zarar yetgan. Albatta, atrof-muhit muhofazasi borasida jiddiy tadbirlar ko‘rilayotgan, tarixiy manzillarni asrab-avaylash uchun jon kuydirilayotgan davrda bu haqda ham o‘ylab ko‘rish lozim bo‘ladi.

Ochig‘i, garchi biz eslatgan g‘or manbalarda qayd qilingan, ko‘plab mehmonlarda o‘chmas taassurotlar qoldirgan bo‘l­sa-da, u miridan-sirigacha o‘rganilmagan. To‘g‘ri, o‘tgan asrda unga ko‘plab ekspeditsiyalar uyushtirilgan, ma’lumotlar xalqaro kataloglarga kiritilgan, biroq bu joy sof milliy tarixiy nuqtai nazardan tadqiq qilinmog‘i lozim. U haqdagi tasavvurlar esa shunchaki ishqi­bozlarning hayajonli hikoya­lari yoki qalamkashning ta’rif-tavsifi darajasida qolib ketmoqda, haqiqiy mutaxassislarning asosli xulosalari yetishmayapti.

Shunday taassurotlarga suyanib dadil aytsa bo‘ladiki, bu yer osti yo‘lagida qanchadan-qancha sinoatlar yashirinib yotibdi. G‘or ichida daraxt shoxlarini, hayvon suyaklarini ko‘plab uchratish mumkin. Daraxt qoldiqlariga qarab taxmin qilish mumkinki, bir paytlar suv sathi shu darajada baland bo‘lgan va bu kovak joy suv bilan liq to‘lgan, shunda o‘rmon qoldiqlari oqib, ichkariga kirgan. Suyaklar esa balki million yillar oldin yashagan dinazavrlarga tegishlidir. Negaki, g‘orga eltuvchi yo‘ldagi qoyatoshda haqiqatan yirik hayvonning yigirma uchta izi qotib qolgan...

G‘orni respublikada eng uzun — 616 metr deb ta’riflashadi. Agar hozirgi tasavvurlar bilan shu xulosaga kelingan bo‘lsa, bu dalil unchalik to‘g‘ri emas. «Amir Temur g‘ori» tele­filmi­da g‘or eng to‘rdagi ko‘lda tugaydi, degan fikr qayta-qayta uqtiriladi. Holbuki, ko‘plab guvohlar, jumladan, shu satrlar muallifi ham ko‘ldan o‘tib, yana 20-30 qadamlar ichkarilagan. Oxiriga taqalib qolgan joy yuqoriga qarab davom etadi. Yo‘lni narvon yoki arqonsiz davom ettirib bo‘lmaydi. Chunki balandlikka shunchaki chiqishning iloji yo‘q, ko‘rinib turgan yo‘laklar ancha baland bo‘lib, odamning sidirg‘a bo‘yi yetmaydi. Shu manzara g‘orning davomi borligini tasdiqlab turibdi...

Bag‘rida ko‘p sinoatlarni saqlab yotgan maskan qachondir o‘z sirlarini oshkor qiladi. Shunda butun mamlakatimiz, hatto insoniyat tarixiga daxl­dor yangi ma’lumotlar topilsa, ajab emas. Bu topilmalar bolalik va o‘smirlik yillari keragidan kam bayon etilgan Sohibqiron Amir Temur tarjimai holini to‘ldirishda ham asqotishi shubhasiz.

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.