OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Husan Ermuhammad. Nobelga kim munosib? (nufuzli mukofot tarixiga bir nazar)

Nobel mukofotining jahon ilm-fani, adabiyoti taraqqiyotida o‘ziga xos hissasi borligini hech kim inkor etmasa kerak. Chunki ushbu yuksak mukofot, shak-shubhasiz, dunyodagi juda ko‘p ulug‘vor ishlarga katta rag‘bat berib, inson aql-zakovatining noyob namunalarini dunyo jamoatchiligi uchun tavsiya etib, iste’dod egalarining kuchiga kuch, ilhomiga ilhom, quvvatiga quvvat qo‘shayotir. Ayni paytda, ushbu mukofotni taqdim qilish, unga tavsiya etilgan ishlardan qay birini tanlash bilan bog‘liq jarayonlarda qizg‘in bahs va munozaralar, tortishuv va ba’zi o‘rinlarda noroziliklar ham bo‘lib turadi. Albatta, buni tabiiy hol, deb qabul qilish mumkin.

O‘tgan yili frantsuz shoiri Arman Syulli-Pryudomning vafotiga yuz yil to‘ldi. Ha, uni hech kim eslamasligi ham mumkin edi. Agar bir tarixiy voqelik bo‘lmaganida. Hatto o‘z vatanida ham unutilayozgan shoir tarixda birinchi bo‘lib adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan edi. Bu 1901 yilda, hali dunyoda asarlari eng ko‘p o‘qilayotgan yozuvchi Lev Nikolaevich Tolstoy hayoti va ijodi barq urib turgan mahalda bo‘lib o‘tgan edi.

Syulli-Pryudom ko‘p qiyinchiliklar ko‘rib, shu bilan birga, ko‘ksini baland tutib yashagan ijodkor, nochor hayotiga qaramay, Frantsiyaning eng ma’lumotli kishilaridan biri edi. O‘zining falsafiy poeziyasida insonparvarlikni targ‘ib qilgan edi. Prusslar armiyasi Parijni ishg‘ol qilgan vaqtga kelib shaharni himoya qilish uchun qo‘liga qurol olgan. Uning qanday inson bo‘lganligi yozgan asarlari va qilgan ishlari o‘rtasidagi uyg‘unlik bilan ham ahamiyatli. U Nobel mukofoti uchun olgan pullarining katta qismiga yosh shoirlar uchun mukofot joriy qilgan. Biroq ijodining salmog‘i va darajasi bilan Tolstoyga yaqinlasha olarmidi? U qayoqda-yu, Tolstoy qayoqda?

“Yasnaya polyanalik chol” Nobel mukofotini rad etgan, degan farazlar ham yo‘q emas. Soljenitsin ham shu fikrni ta’kidlagan. Uning aytishicha, Tolstoy “qandaydir kerosin sotuvchi adabiyot mukofotini taklif etadimi, bu qanaqa gap”, deb e’tiroz bildirgan. Bu qanchalik haqiqatga mos, bir narsa deyish qiyin. Negaki Tolstoyning mukofotni 1906 yilda rad etganiga shubha yo‘q, biroq 1901 yilda hali endi-endi ta’sis etilayotgan, atrofida janjal boshlanayotgan bu mukofot haqida buyuk yozuvchining xabardor bo‘lganiga ham shubha qilasan, kishi.

Shvetsiya akademiyasi kotibi Karl Virsen Tolstoyning o‘lmas asarlar yaratganini tan olgan va shu bilan birga, bu nomzodga mutlaqo qarshi bo‘lgan. Tolstoy bu janobni “tsivilizatsiyaning barcha shakllarini inkor etib, buning o‘rniga hamma mavjud madaniyatlardan uzilib qolgan primitiv yashash tarzini qabul qilishga undagani” uchun ham g‘azablantirgan edi.

Albatta, shved olimi Tolstoy asarlarini o‘ta vulgar talqin etgan. Biroq haqiqat shundan iboratki, yigirmanchi asrning, ta’bir joiz bo‘lsa, erta tongida jahon adabiyotining eng yirik adibi, deya Syulli-Pryudom tan olindi.

Bir tomondan bu shved akademiyasining yevrotsentrizmi bilan ham izohlanadi. Aynan o‘sha Virsenning ta’kidlashicha, mukofot Yevropaning ilg‘or yozuvchilarini ularning ko‘pyillik ijodi va adabiyotga qo‘shgan ulkan hissalari uchun rag‘batlantiruvchi mukofot sifatida ta’sis etilgan.

Ammo bu talqin Alfred Nobelning vasiyatlariga zid. «Mening tilagim shuki, mukofot millati va kelib chiqishidan qat’iy nazar, eng kuchlilarga taqdim etilishi kerak», degan edi u. Ha, ko‘pchilik shunday o‘ylagan ham, aynan o‘sha Virsenning qirqdan ziyod vatandoshi ham ko‘pchilik qatori 1902 yilning yanvarida Tolstoyga maktub jo‘natishgan. Bu qo‘llab-quvvatlovchi maqtovnoma va ayni vaqtda e’tirof ham edi:

«Nobel mukofoti ilk bor taqdim etilayotgani vajidan biz quyida imzo qo‘ygan shvetsiyalik yozuvchi, rassom va tanqidchilar Sizga o‘z ehtiromimizni bildiramiz. Biz, garchi o‘zingiz shaxsiy dunyongiz bilan bu kabi mukofotlarga intilmagan bo‘lsangiz-da, sizning timsolingizda nafaqat zamonaviy adabiyotning patriarxini, balki bugungi kunda hammadan oldin ko‘z oldimizga kelayotgan ulkan so‘z san’atkorlaridan birini ko‘ramiz».

Bunday murojaatdan so‘ng Lev Nikolaevich ham o‘z fikrini bildirish va javob yozishni lozim topadi. O‘zining qisqagina maktubida u, jumladan, shunday yozgan edi:

«Qadrli va hurmatli birodarlar! Nobel mukofoti menga taqdim etilmaganidan men juda ham rozi bo‘ldim. Bu bilan, birinchidan, har qanday moddiyliklar kabi zulm keltirishi mumkin bo‘lgan pullarni sarf qilishdek og‘ir tashvishdan xalos bo‘ldim. Ikkinchidan, menga notanish bo‘lishsa-da, men uchun qadrli bo‘lgan shuncha shaxslardan hamdardlik va xayrixohlik maktublarini olganim menga katta sharaf va mamnuniyat bag‘ishlaydi».

Tolstoy garchi juda istab turgan bo‘lmasa ham, albatta, o‘zi aytmoqchi, bosh og‘rig‘i — pullarni qanday taqsimlash masalasini o‘ylab ko‘rishga ma’nan tayyor edi. Bu qaysidir darajada uning 1901 yili Nobel mukofotini inkor etmaganiga ishora beradi. 1906 yildagi holat boshqacharoq edi. Rossiya akademiyasi Nobel mukofotiga nomzodini tavsiya qilib, Stokgolmga maktub jo‘natganida Tostoy buning oldini olishga harakat qildi. Asarlarini fin tiliga tarjima qiluvchi yaqin og‘aynisi Arvid Yarnefeldga xat yozib, undan o‘zining Shvetsiyadagi tanishlarini ishga solib, ulardan iloji boricha mukofotni unga berishmasligiga erishishini iltimos qiladi, bu meni mukofotdan voz kechishdek noqulay ahvolga solib qo‘yadi, deydi u.

Yarnefeld bu iltimosni uddalagan, chog‘i, 1906 yilgi Nobel mukofoti yana bir notanish italyan shoiri Kaduchchiga berildi. Keling, mulohaza qilib ko‘raylik: mukofot Tolstoyga nima berishi mumkin edi? Hech narsa. Ammo Tolstoy o‘zining yuksakligi bilan bu mukofot obro‘sini ko‘targan va unga munosib bo‘lishi mumkin bo‘lganlarga ham juda katta darajaga yetish belgisini o‘rnatib qo‘ygan bo‘lar edi. Bu adabiy jarayon uchun juda muhim bo‘lgan mezonlarni ham belgilab berar edi.

Nobel mukofotidan voz kechganlar ham bo‘ldi. Misol uchun, Jan-Pol Sartr bu mukofotdan o‘zi voz kechgan bo‘lsa, Pasternakni undan voz kechishga majbur qilishdi. Biroq ushbu taqdim etilmagan mukofotlar Nobel yilnomasida saqlanib qolgan, uning hisobotiga ham kiritilgan.

Tolstoyning ismi esa, u joyda qayd etilmagan, faqat mish-mishlar va taxminlar qoldi, xolos.

Xullas, adabiyot yo‘nalishidagi Nobel mukofoti tarixi xatolar bilan boshlangan, deyish mumkin. Bu esa, ma’lum darajada mukofotning hozirgi davrgacha ham bir qadar sub’ektiv, ayni vaqtda, muayyan bahsli mukofot bo‘lib qolayotganida ham rol o‘ynadi, albatta. Chunonchi, Nobel mukofoti Tolstoy kabi Rossiyada yashab ijod qilgan Chexov, Aleksandr Blok, Maksim Gorkiy yoki Korolenko kabi yirik adiblarni ham chetlab o‘tgan.

Shunisi e’tiborga molikki, ko‘pgina mukofot sohiblari ushbu mukofotni taqdim qilish marosimlarida o‘zlaridan ko‘ra munosibroq bo‘lgan yozuvchi va shoirlarning ismlarini ham e’tirof etganlar. Misol uchun, Lyuis Sinkler buyuk Shervud Andersonning mukofotga munosib topilmaganidan o‘z taajjubini izhor etgan. Ispaniyalik shoir Xuan Ramon Ximenes birinchilik tojini o‘zidan ancha yosh bo‘lgan vatandoshi Federiko Garsia Lorkaniki, deb hisoblagan. Afsuski, Lorkaga bu martaba nasib etmadi. Tomas Mann Jozef Konradni o‘zidan baland qo‘ygan. Frantsiyalik Fransua Morak buyuk dramaturg Avgust Strinberg Nobelsiz qolgani uchun shvedlardan norozi bo‘lgan. Iosif Brodskiy mukofotni olar chog‘ida shunday degan edi: «Men bu yerda mendan avval kimlar mukofot olganidan emas, balki munosib bo‘la turib ololmaganlardan xijolat tortmoqdaman». U Osip Mandelshtam, Marina Svetaeva va Anna Axmatova nomlarini keltirib o‘tadi.

Nobel mukofotini rus adabiyotida birinchi bo‘lib bolsheviklarning qonli qo‘zg‘olonini qoralab Frantsiyaga chiqib ketgan Bunin olgan edi. Buninga Nobelni berish masalasini qo‘mitadagilar rasman aniq talqin etishgan: rus klassik adabiyoti an’analarini rivojlantirishga xizmat qilgani va yuksak mahorati uchun. Nobel mukofoti qo‘mitasidagilar uchun Buninning fuqaroligini ko‘rsatish masalasi bosh og‘rig‘iga aylangan: millati yo‘q, Frantsiyada yashaydi. «Bez natsionalnosti», degan iborani yana qanday tarjima qilish mumkin? Ivan Alekseevich mukofotni ola turib o‘zini o‘z vatanidan badarg‘a qilinganlar orasida Nobelchi bo‘lgan birinchi odam, deya ta’riflab ham qo‘ygan.

O‘tgan bir asrdan ortiq vaqt ichida 103 nafar yozuvchi va shoirlarga Nobel mukofoti nasib etgan. Ularning qaysi mamlakat fuqarolari ekanini aniq ko‘rsatish bugungi globallashib ketgan davrda anchayin oson emas. Misol uchun, Brodskiyni olaylik, millati yahudiy, AQSh fuqaroligidagi ijodkor o‘zini rus adabiyotchisi, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqilsa, nazarimizda, adiblarning asarlari qaysi tilda yozilgani ko‘proq ahamiyat kasb etsa kerak.

Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yozuvchilarning 26 nafari ingliz tilida yozgan, bu jami laureatlarning 25 foizini tashkil qiladi. 13 nafar yoki 12,5 foizi frantsuz tilida ijod qilgan, 12 laureat yoki 11,5 foiz yozuvchi nemis, 10 foizi ispan, 6 foizi italyan va shved, 5 foizi esa rus tilida yozgan adiblardir.

Ingliz tilida ijod qiluvchilarning mutloq ko‘pchilikni tashkil etishini tabiiy, deb qabul qilish mumkin. Chunki ko‘pgina davlatlarda bu til davlat tili maqomiga ega. Frantsuz va ispan tillarining bu borada ustun o‘rinda ekani ham izoh talab qilmasa kerak. Rus yozuvchilari o‘z vakillarining kamligidan rozi emasligi ham bor gap. Tarixda ko‘pgina holatlarda bu tilda yozgan ijodkorlarga mukofot qo‘mitasi ayni ijodkorlarning mamlakat rahbariyati bilan jiddiy ziddiyatlarga kelgan vaqtlarida e’tibor qaratishganiga guvoh bo‘lamiz. Pasternakni nomzodlardan biri sifatida qo‘mita olti marta 1946 yildan 1950 yilgacha har yili va 1957 yilda yana bir bor ko‘rib chiqadi. Biroq mukofot unga berilmaydi. Pasternakning 1958 yilda «Doktor Jivago» romani o‘z vatanida emas, Italiyada va yana italyan tilida e’lon qilingach boshlangan janjallardan so‘ng tarozi pallasi uning tomoniga tosh bosib ketadi.

Shu o‘rinda yana bir ma’lumotni keltirib o‘tish joiz. O‘ta siyosiylashtirilgan zamonlarda, ikkinchi jahon urushigacha rus yozuchilaridan Dmitriy Merejkovskiy o‘n marta — 1914, 1915 va 1930 —1937 yillarda, Gorkiy to‘rt bora — 1918, 1923, 1928, 1930 yillarda, Bunin besh marta 1923, 1930 — 1933 yillarda, Balmont 1923 yilda, Shmelev 1931, 1932 yillarda mukofotga nomzod qilib ko‘tsatilgan edilar.

«Adabiyot sohasidagi Nobel mukofotini xalq muhokamasidagi mukofot deb atash joiz, — deydi rus jurnalisti Dmitriy Volchek. — Sababi, o‘zingiz o‘ylang, misol uchun ximiya yoki fizika sohasidagi mukofotga sazovor bo‘lgan ishni kim ham muhokama yoki munozara qilishi mumkin. U yaqqol ko‘rinib turgan ish. Biroq adabiyot boshqa masala, yozuvchilar va ularning asarlari haqida bunday mutloq xulosa qilish qiyin».

Ha, adabiyot sohasidagi Nobel mukofotiga munosabat turlicha. Misol uchun, Nobel mukofotiga ko‘pincha Yevropa va AQSh yozuvchilari munosib topiladi. Mingyillik adabiy an’analarga ega bo‘lgan Osiyodan, qolaversa, Afrikadan laureatlikka erishgan yozuvchilar nihoyatda kam foizni tashkil etadi. Rossiyalik tanqidchi V.Kojinovning fikricha, ba’zi-ba’zida osiyolik va afrikalik yozuvchilarning mukofotga loyiq deb topilayotgani mukofotning xalqaro maqomga ega ekanini ko‘z-ko‘zlash uchun qilinayotgan ko‘zbo‘yamachilikday gap. Darhaqiqat, g‘arblik adiblar orasida skandinaviyaliklar, xususan, finlyandiyalik, norvegiyalik, shvetsiya va daniyalik Nobel mukofoti sohiblari ham mutloq ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ko‘pgina holatlarda mukofotni taqdim qilish-qilmaslik ideologik yondoshuvlar, g‘oyaviy qarama-qarshilik va boshqa sabablardan kelib chiqib hal etilgan. Pyotr Vayl shunday yozadi: «Har qanday ziyolilar jamiyati kabi Nobel mukofoti qo‘mitasi ham so‘l e’tiqod tarfdorlari vakillaridan tashkil topgan. So‘l, deganda men, albatta, yevropacha terminologiyadan kelib chiqdim. Aynan mana shuning uchun ham yigirmanchi asrning eng buyuk yozuvchilaridan biri Borxes Nobel mukofotiga sazovor bo‘la olmadi. Hamma gap shunda ediki, u kommunistlarni yanchib tashlagani uchun Pinochetning qo‘lini siqqan va tahsin aytgan edi. Ajab, Borxesni uning buyukligi hisobiga hamma tushundi, Pinochetni esa hech kim kechirgan emas».

Darvoqe, besh nafar Nobel mukofotiga munosib topilgan sobiq ittifoq yozuvchilaridan to‘rt nafari u yoki bu darajada davlat rahbariyati va siyosati bilan ziddiyatda bo‘lishgan. Bunin va Brodskiy qochqinlikda kun ko‘rishgan bo‘lsa, Soljenitsin dissident edi. Pasternak aynan xorijda yashagan chog‘ida yaratgan romani uchun bu mukofot bilan taqdirlangan. Mana shu vajlardan ham kelib chiqib, bu tomonning tanqidchilari ularga mukofot so‘zsiz siyosiy sabablar bois berilganini ta’kidlashadi.

Aleksandr Soljenitsin bir safar Sholoxovga bu mukofotni berishlari ham, aslida, siyosiy sabablar evaziga bo‘lgan, degan edi. Mstislav Rostropovich esa, bu kabi fikrlarga kinoya bilan qarab, bunday munosabat har narsadan kir izlaydigan siyosatdonlarning ishidan boshqa narsa emas, degan.

Har nima bo‘lganda ham, bular adabiyot bilan umrini bog‘lagan, adabiyotning sir-sinoati va kuchidan boxabar kishilarning fikrlari. Biz bu o‘rinda biron-bir xulosaga kelishni har kimning o‘ziga qoldirganimiz ma’qul. Ammo haqiqat shundan iboratki, ko‘pgina yozuvchilarning asarlari Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganidan keyingina boshqa millat va mamlakatlarga yetib kelgan. Ana shu e’tirofdan keyin bu yozuvchilarning asarlari boshqa tillarga tarjima qilinib, uning asl mohiyatiga yetish, haqiqatni yanada oydinlashtirish imkoniyati yaratilgan.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 39-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.