OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ikki Abdulla

Qur’oni Karimda ismlar osmondan tushadi, ya’ni ilohiydir mazmunidagi oyat bor. Ism (nom) inson taqdiri bilan bog‘liq, aniqrog‘i, uning kelajagi shu ismda yashiringan bo‘ladi. Ushbu fikr isbotini yigirmanchi asrning ikki buyuk ijodkori — Abdulla Qodiriy hamda Abdulla Qahhor nomlari  misolida ham ko‘rish mumkin.
Abdulla (Abdulloh) arab tilidan tarjima qilinganda, "Ollohning quli" demakdir. Kimki, nomi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Parvardigorga chin dildan qullikni ixtiyor etsa, u  mislsiz in’omu ehsonlarga sazovor. Mamlakat shohi bo‘lmaganda ham, ruh mulkining shohanshohi (hoqoni) bo‘lishga munosib.
Toshkentlik Qodir bobo va Josiyat bibilar ketma-ket o‘n to‘rtta farzand ko‘radilar. Ammo ular go‘dakligidanoq vafot etaveradilar. Sabrli ota-ona navbatdagi tug‘ilgan o‘g‘ilga Abdulla deb nom beradilar. Tangri taoloning karomatini ko‘ringki, shu o‘g‘il ham, undan keyin tug‘ilgan bolalar (Rahimberdi, Qudratulla) ham omon qoladilar, voyaga yetib, oilali bo‘lib, o‘zlaridan ko‘payadilar.
Xuddi shunday hodisa farg‘onalik temirchi Abduqahhor oilasida ham takrorlangan. Ustaning bir nechta farzandi ba’zilari yo‘rgakda, boshqalari keyinroq dunyoni erta tark etib ketadilar. Faqat Abdulla ismi berilgan bo‘lajak buyuk adib omon qoladi.
Bunday voqeaning zaminida qanday sir-sinoat bor — biz, ojiz bandalar, bilmaymiz. Yolg‘iz Ollohning hukmi, irodasi o‘limdan-da kuchli ekanini anglashimiz mumkin.
Sirtdan qaralganda ikki Abdulla orasidagi o‘xshashlik ana shu hodisa (Ajaldan omon qolish) bilan chegaralanganga o‘xshaydi. Qodiriy bahor faslida Toshkentdagi bog‘bon, Qahhor kuzda qo‘qonlik temirchi oilasida tug‘ilgan. Biri jadid harakatining, ikkinchisi, sho‘ro davri adabiyotining vakili. Bunisi yerga,  dehqonchilikka mehr qo‘ygan, unisi esa temir-tersakka, texnikaga qiziqqan. A.Qodiriy majlislarda nutq so‘zlashni yoqtirmagan, A.Qahhor esa ajoyib notiq bo‘lgan...
Ammo bu masalaga chuqurroq razm solsak, ularning shaxsi, ijodlari orasidagi mushtaraklik g‘oyat serqirra va ko‘p qatlamli ekanligini ko‘ramiz.
Birinchidan: bu ikki adibni so‘zga bo‘lgan mehr, so‘z oldidagi buyuk mas’uliyat birlashtiradi. Ular yomon yozmaganlar, so‘z xazinasini isrof etmaganlar. Shu boisdan ham asarlarida har bir so‘z olmos kabi yarqirab turadi. Mohir zargar — so‘z ustasi qo‘li ularga sayqal bergan, abadiyat saltanati (adabiyot) hududiga olib kirib qo‘ygan. Ular keraksiz gaplarni yozmaganlar, aksincha yozganlarini tahrir qilib ixchamlashtirganlar. Oz so‘z bilan ko‘p ma’no berish ularning ijodiga kredo (asosiy maqsad) bo‘lgan.
 Ikkinchidan: aslida yuqoridagi o‘xshashlik ikkala yozuvchi shaxsiyati bilan bog‘liq. A.Qodiriy ham, A.Qahhor ham kamgap, kamsuqum, kamtar inson edilar. Ularga manmanlik begona bo‘lgan. Buyuk asarlar yaratsalar-da, o‘zlarini oddiy-el qatori odam deb bilishgan. Minbarlarga, martabalarga intilmaganlar, adabiyotdan tama’, manfaat kutmaganlar, maqtanishni yomon ko‘rishgan.
Odob, hayo, chuqur madaniyat ularning ichki dunyosini hammaga ko‘rsatib turardi.
Yuqoridagilardan tashqari, ularni ushbu insoniy xususiyatlar bezab turgan: mardlik, yuksak ma’nodagi vijdon, haqiqatparastlik. Bu uch tushuncha bir-biriga bog‘liq, biri ikkinchisidan kelib chiqqani uchun faqat mardonalik jihatiga to‘xtalamiz.
Abdulla Qodiriy nihoyatda mard inson edi. Bu  kamyob fazilat. U g‘addor zamona turlanishlariga moslashmagan. 20-yillarda o‘tkir feletonlar yozib, ba’zi korchalon to‘ralarning jig‘iga tegadi. Ular seni o‘ldirishga qotil yollangan degan mazmunda adibga maktub yuboradilar. Adib "Mushtum" jurnali orqali bu dag‘dag‘aga javob berar ekan, o‘zim ham dunyodan to‘yganman, deydi piching aralash. O‘limdan qo‘rqmaslik, shirin jondan or-nomusni ustun qo‘yish A.Qodiriyga ham, uning ijobiy qahramonlariga xos xususiyat.
Mash’um tuzumga bo‘yin egmaganligi uchun Abdulla Qodiriyni ikki marta (1926 va 1937 yil) qamaganlar. U bandilikda ham o‘zini mardona tutadi. Xo‘rlikdan ko‘ra, o‘lim afzalroq, deydi u 1926 yilgi sud jarayonida. Qamoqdan chiqiboq qizg‘in ijodiy ishga sho‘ng‘ib ketadi va 1928 yilda ikkinchi shoh romani — "Mehrobdan chayon"ni yozib tugallaydi.
Yozuvchining fazilatlarini u yaratgan ijobiy qahramonlardan ham bilish mumkin. "O‘tgan kunlar"dagi Otabek — mard, dilovar yigit. Jallod Musulmonqul nohaq fitnachilikda ayblanib Qo‘qon o‘rdasiga keltirilgan Otabekka g‘azab o‘tini sochganda, u tahlikaga tushmaydi, "hukmingizni chiqaravering" deydi bosiqlik bilan. Bunday javob Musulmonqulday qattol kimsani ham hayratga soladi: "Dov yuraging bor ekan, yigit" — deydi zavqlanib.
A.Qodiriy 1937 yil dekabridan 1938 yil oktyabrgacha NKVD turmasida bo‘lgan va sud qarorisiz otib o‘ldirilgan. U bandilikda mislsiz qiynoqlarga bahodirona bardosh berdi. U  biror vatandoshini qoralab ko‘rsatma bermadi. Holbuki, boshqalar azob-uqubatlarga dosh berolmay, yolg‘on ayblovlarga imzo chekishga majbur bo‘lganlar.
Abdulla Qodiriy jasorati har bir millatdoshimiz uchun faxr va ibratdir.
Mardlik bobida Abdulla Qahhor buyuk insonning munosib vorisi. Uning tarjimai holidan bunday noyob fazilatni ko‘rsatuvchi ko‘plab voqea va dalillarni topish mumkin. Nabijon Boqiyning "Qatlnoma" asarida yozilishicha, Abdulla Qodiriyning "Ayblov jildi"ga imzo chekmagan yagona inson A.Qahhor bo‘lgan ekan.
O‘zbekiston Qahramoni, mashhur yozuvchi Said Ahmad "Yo‘qotganlarim va topganlarim" kitobida ustod adibning jasoratini ko‘rsatuvchi hodisalarni hikoya qilgan. Adabiyotni muqaddas dargoh deb bilgan A.Qahhor xom-xatala, badiiyati sayoz asarlarga murosasiz bo‘lgan, ularning mualliflariga o‘z fikrini ochiq aytgan. Ma’lum mavqega ega o‘rtamiyona qalamkashlar shuning uchun A.Qahhorni yomon ko‘rganlar. Unga turli yo‘llar bilan tazyiq o‘tkazishga, asarlarini yomonotliq qilishga urinishgan. Jumladan, o‘tgan asrning 60-yillari boshida "Qizil O‘zbekiston" gazetasida "Tobutdan tovush haqida" degan kattakon maqola chop etilib, unda yozuvchining sho‘ro voqeligini  qoralagani haqida bong urishgan. Ushbu materialga uchta mashhur yozuvchi va  adabiyotshunos imzo chekkan edi. Bulardan biri Abdulla Qahhorning yaqin do‘sti bo‘lgan. Shunday hujumu hamlalarga qaramay, e’tiqodli adib o‘z fikridan qaytmaydi, haqiqatni dastur bilib ajoyib asarlar yozishda davom etaveradi. Albatta, asablarning qaqshagani, soch tolalariga oq oralagani tabiiy. Zero, eng irodali odam ham temirdan yaralgan emas.
 Uchinchidan: A.Qodiriy va A.Qahhorni o‘zbek mentalitetining ajoyib qirrasi — mehmonsevarlik bog‘lab turadi. Ikki adib ham  nihoyatda mehmonnavoz odamlar bo‘lishgan. Eshik qoqib kelgan har bir kishini — hunarmand, dehqonmi, mardikormi, ziyoli yoki to‘rami — ochiq chehra bilan kutib olganlar, dasturxon yozib, choy, taom qo‘yganlar. A.Qodiriy "O‘tkan kunlar", "Mehrobdan chayon" kabi shoh asarlarini yozayotganda ham, mehmondan aziz vaqtini darig‘ tutmagan. Ishini to‘xtatib mehmonning izzatini joyiga qo‘ygan. Aslida bunday xususiyat buyuk adib tabiatidagi saxiylik, javonmardlik xislati ifodasi.
Habibulla Qodiriyning yozishicha 1932-1934 yillardagi dahshatli ochlik yillarida har kuni adibning uyida kattakon qozon qaynab turgan. Undan adibning mehr-shafqati tufayli xonadonga olib kelingan muhtoj kishilar taom yeganlar. Yozuvchining o‘zi esa shu yillarda nihoyatda ozib, aftodahol bo‘lib qolgan. Bu oziq-ovqat yetishmaganligidan emas, aslo: Qodiriyning kattagina bog‘i, ekin-tikin, asalarilari bor edi. Bu holning sababi shundaki, insonparvar ijodkor o‘layotgan yuzlab vatandoshlarini ko‘rib qattiq iztirob chekkan, tomog‘idan ovqat o‘tmagan.
A.Qodiriyga xos saxo (saxiylik) shujo’ (shijoat) bilan qorishib ketgan edi. Mashhur feletonchi va adib G‘ozi Olimning o‘g‘li To‘lqin Yunusov shunday eslaydi: otasi "zararkunandachilik"da ayblanib qamalgach, ularning hayoti og‘irlashadi, u otasining tilla soatini ko‘tarib Qodiriyning uyiga keladi. Bu vaqtda G‘ozi Olimning ham, A.Qodiriyning ham xonadoni nazorat ostida edi. Shunga qaramay buyuk qalb egasi "xalq dushmani" o‘g‘lini ochiq yuz bilan kutib oladi, oldiga taom qo‘yib, qornini to‘yg‘izdiradi. Soatga insof bilan haq to‘laydigan diyonatli bir xaridor topib beradi. Shu bilangina kifoyalanmay yigitchaga "qiynalgan paytlaringda orqa eshikdan tortinmay kelib tur", deb tayinlaydi.  Ko‘p o‘tmay adibning o‘zi qamoqqa olingan.
Abdulla Qahhor oilasi saxiyligi, mehmonparvarligi haqida ham ko‘p gapirish mumkin. S.Ahmadning eslashicha, adib yoz kelishi bilan do‘kondan ko‘pgina yangi chelak sotib olar ekan. Ularni bog‘idagi sarxil shaftolilarga to‘ldirib, shogirdidan berib yuborgan. A.Qahhorning dala hovlisi "Yozuvchilar bog‘i"ning darvozasi yonida joylashgan edi. Kasbdoshlariga g‘amxo‘r adib pishiqchilik paytida har kuni bir chelakka meva-cheva to‘lg‘izib, bog‘dagi ulkan arg‘uvon ostiga keltirib qo‘yar, bu yerda ijod qilayotganlar ulardan yer ekanlar.
Abdulla Qahhor ish yuzasidan Moskvaga borib turgan. Har gal o‘zbekistonlik talabalarga uchrashar, ularga pul berib turar ekan. Bu ishni u saxovatpeshaligini ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, o‘z millati istiqbolini o‘ylab qilgan.
Hazrati Navoiy shunday yozganlar:
Muruvvat — barcha bermakdur, yemak yo‘q,
Futuvvat — barcha qilmakdur, demak yo‘q.
Ya’ni: saxiy boshqalarga taom beradi-yu, o‘zi yemaydi. Oliy saxiylik (futuvvat) odamlarga yaxshilik qilish, ammo minnat qilmaslikdir.
Futuvvat — so‘fiylik sharti. Abdulla Qodiriy va Abdulla Qahhor dahriylik zamonida yashashlariga qaramay, ajdod-so‘fiy bobolarning an’anasini davom ettirganlar. Ular hammaga yaxshilik qilganlar, ammo minnat qilishmagan. Zero, saxovat ular hayotining substantsiyasi (javhari) edi.
To‘rtinchidan: ikki ijodkor o‘zbek epik adabiyotining bayroqdori bo‘lib tarix maydoniga chiqdilar. Epik ijodkor deganda hikoya, qissa, roman yozuvchi san’atkor tushuniladi.
Qodiriy va Qahhorning buyuk xizmatlari tufayli o‘zbek epik adabiyoti milliy hududdan yuqori ko‘tarilib, jahon adabiyoti cho‘qqisiga chiqdi.
Jahon tanigan alloma Yevgeniy Bertels A.Qodiriyni "Yangi romanchilik maktabi asoschisi" deb tan oldi. Bu shunchaki lutf yoki quruq maqtov emas, teran haqiqatdir.
Hali A.Qodiriy romanlari jahon adabiyoti nuqtai nazaridan teran o‘rganilgani yo‘q. Agar shu amalga oshirilsa, ulug‘ so‘z san’atkori badiiy merosining olamshumul ahamiyati yorqinroq, kengroq ochilgan bo‘lar edi.
Abdulla Qodiriy o‘zining romanchilik maktabida Sharqu G‘arbning ko‘p asrlik adabiy-badiiy tajriba, yutuqlarini birlashtirdi. Uning romanlarida "Alpomish", "Mahobhorat", "Ramayana", "Iliada", "Odisseya" kabi epos namunalari, "Urush va tinchlik",  "Kventin Dorvard",  "Ayvengo",  "D` Artanyan va uch mushketyor", "Graf Monte-Kristo" kabi epik asarlar bilan g‘aroyib bog‘lanishlarni ko‘ramiz. Bunday bog‘lanishlar A.Qodiriy epik tafakkurining ummon singari bepoyonligidan, jahon madaniyati xazinasidan chuqur xabardorligidan darak berib turibdi.
Adib romanning badiiy shakl sifatidagi hududini kengaytirgan, uning yangi imkoniyatlarini kashf etgan va  amaliyotga joriy etgan. Sadriddin Ayniy, Muxtor Avezov, Chingiz Aytmatovday jahon miqyosida tan olingan san’atkorlar Abdulla Qodiriyning romanchilik mahoratidan bahramand bo‘lishgan, uning badiiy tajribalarini davom ettirganlar. Shu ma’noda o‘zbek adibi asos solgan romanchilik maktabi faqat Qodiriyning yirik epik asarlari bilan chegaralanib qolmaydi, o‘z badiiy hududini kengaytirib, jahon adabiyoti hududini egallay borgan. Bunday jarayon hozir ham davom etmoqda.
Abdulla Qahhor bu borada ham Abdulla Qodiriyning munosib izdoshi bo‘ladi. "O‘tkan kunlar" o‘zbek adabiyotida birinchi tarixiy roman bo‘lsa, A.Qahhorning "Sarob"i milliy so‘z san’atidagi ilk zamonaviy romandir. Qodiriy romanida moziyning fojiaviy, dramatik voqealari aks etgan bo‘lsa, Qahhorning mazkur asarida g‘addor sho‘ro tuzumiga xos mafkuraviy, iqtisodiy-ijtimoiy ziddiyatlar, taloto‘plar ifodalandi. Eng muhimi, mana shu ikki asar ham yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan, ularda ulkan ruhshunos, so‘z zargarlarining buyuk mehnati yuz ko‘rsatib turibdi.
Qizig‘i shundaki, ikki adib ham o‘zlarining birinchi romanlarini 25 yoshlarida boshlab 27 yoshda yozib tugallaganlar. Bu "tasodif"da ilohiy hikmat bor, albatta.
Shunday qilib, milliy (o‘zbek) romanchilik maktabi ikki xudodod iste’dod egasi bo‘lmish san’atkorning sa’y-harakati,mehnati tufayli yaxlit bir badiiy maydon bo‘lib yuzaga keldi, mana, asr o‘tsa ham u qimmatini, jozibasini saqlab kelmoqda.
Ma’lumki, o‘tgan asrning 10-yillarida A.Qodiriy "Juvonboz", "Uloqda", "Jinlar bazmi", A.Cho‘lpon "Qurboni jaholat", "Do‘xtir Muhammadyor"  degan kichik epik asarlari bilan zamonaviy o‘zbek hikoyachiligiga asos soldilar. A.Qodiriyning "Uloqda" hikoyasi badiiy barkamolligi bilan hanuzgacha muxlislar e’tiborini tortib kelmoqda. Hikoyanavislik bobida A.Qahhorning xizmati beqiyosdir. U o‘tgan asrning 30-yillarida "Bemor", "O‘g‘ri", "Anor" hikoyalarini yaratdiki, ularning ta’rifiga til ojizlik qilib qoladi. Bu asarlarda ortiqcha so‘z uchramaydi. Detal (hikoyaning muayyan bir qismi) shunday joylashtirilganki, ularning o‘rnini almashtirish yoki olib tashlashning mutlaqo iloji yo‘q. Xarakterlar butun, tasvir g‘oyatda aniq, yorqin. Bu hikoyalar jahon adabiyotidagi eng barkamol novellalar bilan bemalol bellasha oladi. Bu fikrni o‘sha davrning mashhur adabiyotshunosi (Vera Smirnova) aytgan va bu haqqoniy e’tirofdir.
Abdulla Qodiriy o‘z romanlari, Abdulla Qahhor yetuk hikoyalari bilan yangi milliy adabiyotni jahonga qaytadan tanitdilar. Dunyo Farobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, A.Navoiy, Mirzo Bobur yashagan zamin va so‘zlagan til yangidan yangi iste’dodlar yarata olishiga ishondi.
 A.Qodiriy va A.Qahhor shaxsi hamda ijodidagi mushtaraklikning yana bir alomati ularning badiiyatga daxldor ekanliklarida namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan zamonlarda qanchadan-qancha shoiru adiblar ko‘plab asarlarini chop ettirganlar. Bularning ko‘pi odil hakam — Vaqt imtihonidan o‘tolmadi. Hozirgi avlod ularning asarlarinigina emas, nomlarini ham bilmaydi. Bu tarix hukmidir. Chunki u o‘zining shonli quchog‘iga faqat fidoyi, insoniyat istiqboli uchun xizmat qilgan millatparvar, insonparvar buyuk insonlarni qabul qiladi, boshqalarni esa yo‘qlik — unutilish qa’riga sovuqqonlik bilan uloqtirib tashlaydi.
Odamlar A.Qodiriy, A.Qahhorning hayoti, shaxsini o‘rganib, bu insonlardek halol, haqiqatgo‘y, mard va irodali bo‘lishni orzu qiladilar, asarlaridagi ijobiy qahramonlar bilan muallif orasidagi uyg‘unlikdan ibrat oladilar. Hikoya, romanlaridagi rangin badiiyatdan zavqlanadilar. O‘z yaqinlari, oila a’zolariga kitoblarini mutolaa qilishni uqtiradilar.
Aytishlaricha, A.Qodiriyning tanishlaridan birining o‘g‘li mashhur adibni yo‘lda uchratib, unga "O‘tkan kunlar" romanini o‘qib chiqqanini aytgan. Yozuvchi bu kitobni necha marta o‘qiganini so‘ragach, bir marta, deb javob bergan. Shunda adib yigitchaga romanni to‘rt-besh karra o‘qib chiqishni maslahat bergan. "Shundan keyingina asarni yaxshi tushunasan", — degan.
Haqiqatan, biz, kitobxonlar, "O‘tkan kunlar" romanini, "O‘g‘ri" kabi hikoyalarni qayta-qayta o‘qishga, ular doimo ko‘z oldimizda turishiga o‘rganishimiz lozim. Mutolaa, mulohaza qilganimiz sayin bu mukammal matnlarning yangi tomonlari, qirralari kengroq, ko‘proq ochila boradi va biz badiiy adabiyot deb atalgan ilohiy-ma’naviy olamdan ko‘proq nasiba olishdek buyuk baxtga musharraf bo‘lamiz.

G‘ayrat Murodov, adabiyotshunos.
“Yoshlik” jurnalidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.