1. Siz qanday kitoblarni o‘qishni maslahat bergan bo‘lardingiz?
2. Shaxsiy kutubxonangizda, agar sir bo‘lmasa, qancha kitob bor va ular qaysi sohalarga doir?
3. Kishi bir yilda, qolaversa, umr mobaynida nechta kitob o‘qib chiqishi mumkin? Sizning tavsiyangiz.
4. Yurtimiz kitobxon o‘lkaga aylanishi uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
Mahkam Andijoniy:
1 . Savol juda o‘rinli. Chunki, agar eng muhim, noyob, eng zarur kitoblarni tanlab o‘qilmasa, odamning umri yetmaydi. Har bir savodli inson, ayniqsa, Vatan, el, yurt ishi bilan band ziyolilar va dehqon, hunarmandlar ko‘p kitob o‘qishga vaqt topa olmaydilar. Aniqroq aytsak, men yosh do‘stlarimga (yoshlar, albatta, ko‘p o‘qishi kerak) turli behayo, oldi-qochdi kitoblarni, masalan, Ann va Serj Golonlarning «Anjelika va Iblis», «Anjelika va sulton» kabi ko‘p tomli asarlarni o‘qimaslikni maslahat berardim. Stefan Sveygni, G.E.Lessingning «Laokon yoxud Hamburg dramaturgiyasi» asarini, V.Belinskiy va N.G.Chernishevskiy asarlarini, Gogol, Turgenev, Dostoevskiy asarlarini, M.Bulgakovning «Oq o‘rdu» («Vatangadolar»), «It yurak», «Usta va Margarita», «G‘aroyib tuxumlar» asarlarini, Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy, Qahhor, Oybek, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Mirzakalon Ismoiliy, Mirkarim Osim, Yavdot Ilyosov asarlarini ko‘proq o‘qish ruhingizni boyitadi, deb o‘ylayman.
2 . Bir kuni (5-sinfda edim) g‘aroyib tush ko‘rdim. Tushimda Parij yoki Londonga o‘xshash obod shaharda yashayapman, uyimda naqshin javonlarda Shekspir, Balzak, Pushkin, Turgenev, Aleksandr Dyuma va men bilmagan juda ko‘p buyuk adiblar va shoirlarning zarhal muqovali qalin kitoblari viqor bilan nur sochib turibdi. Bu g‘aroyib tushni ko‘p yillar davomida qayta-qayta ko‘rardim. Va qalbim shodliklarga to‘lardi.
Ne baxtki, maktabni bitirib, qo‘shni qiz – ustozim Habibaxon opaning tavsiyasi va yordami bilan O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozir O‘zbekiston Milliy universiteti) filologiya kulliyoti, jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirdim. Stipendiyamning yarmidan ko‘piga kitob olardim, kiyim-kechak, oziq-ovqat bilan ishim yo‘q edi. Maktabdan muallimlar ham, otasiz o‘sganim uchun pul yuborib turar edilar, bu pullarga ham jahon adabiyoti durdonalarini sotib olardim.
Shaxsiy kutubxonamda 10 mingdan ziyod kitob bor, bular orasida Aristofan, Esxil, Sofokl, Evripid, Maks Plavt, Ovidiyning «Tag‘ayyurot» («Evrilishlar»), Vergilining «Eneida», Aflotun, Arastuning saqlanib qolgan barcha asarlari, A.Dante, F.Rable, V.Shekspir, J.Rumiy, Navoiy, Fuzuliy, Ogahiy, Moler, Bomarshe, Lope de Vega, Servantes, Gyote, Geyne, Berns, Bayron, Shelli, Kits, D.Defo, J.Svift, Sh.Bodler, Kamyu, Kafka, O.Uayld, Edgar Po, Plutarx, Ksenofont, Pliniy, Tit Liviy, Ibn Arabshoh, N.Shomiy, Ali Yazdiy, qadimgi hind, xitoy, yapon faylasuflarining asarlari, G‘azzoliy, Ibn Rusht Beruniy, Ibn Sino, Ibn Tufayl, Jomiy kabi Sharq mutafakkirlarining asarlari bor.
Kutubxonamda bundan tashqari yana arxeologiya, arxitektura, tabiatshunoslik, kino, teatr, musiqa, tasviriy san’at, etnografiya (elshunoslik) va boshqa sohalarga ham doir ko‘p kitoblar bor.
3 . Odamlar moddiy boyliklarga juda katta e’tibor bilan qaraydilar. Ammo ma’naviy, ruhiy boyliklarni ko‘paytirish haqida unchalik qayg‘urmaydilar. AQShning XIX asrdagi mumtoz adiblaridan Henri Toro «Uolden (yohud o‘rmondagi hayot)» kitobida Sa’diyning «Guliston» asaridan ajoyib bir fikrini keltiradi: «Qadimgi odamlar o‘zlarini ulug‘lab, juda katta toshlardan haykallar yo‘ndirganlar. Ular buning o‘rniga o‘zlarining fe’l-atvoridagi keraksiz jihatlarni yo‘nib, tarashlasalar, ancha yetuk insonlar bo‘lur edilar». Agar hayotimiz kunlarini unumli o‘tkazsak, umrimiz davomida necha minglab ajoyib kitoblarni o‘qib, ilm-ma’rifat tufayli fozil odamlar bo‘lib yetishardik, jamiyatda xudbin,, loqayd, tama’gir, yul g‘ich, shafqatsiz odamlar kamayar edi.
4 . O‘zbekiston kitobxon o‘lkaga aylanishi uchun adiblar, shoirlar, olimlar, ustoz Abdulla Qahhor aytmoqchi, xalqning dilida, tilining uchida turgan, aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, degan fikrlarini, orzu, havas, tilak, istaklarini bejab-bo‘yamasdan, ayni vaqtda yuksak odob va madaniyat bilan badiiy baquvvat asarlarida ifodalab berishlari zarur. Nashriyotlar ham xalq talab-istaklari, ehtiyojlarini o‘rganib, iloji boricha nodir ma’naviyat durdonalarini chop etishga intilsalar yaxshi bo‘lur edi.
Abdulla Sher:
1. Men badiiy asar darajasiga ko‘tarilmagan kitoblarni o‘qishga maslahat bermasdim. Chunki bunday kitoblar o‘quvchining badiiy-estetik didini pasaytiradi, uning badiiy asar haqidagi tasavvurini jo‘nlashtiradi; o‘quvchini obrazli fikrlashdan uzoqlashtiradi; adabiy tilni buzadi, til madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi; chala obrazlar, chala xarakterlar, chala badiiy haqiqat kitobxonning hayot haqidagi tushunchasini chalkashtiradi. Bundan tashqari, har bir badiiy asar shakliy mukammallik jihatidan ham go‘zal bo‘ladi, badiiy asar darajasiga ko‘tarilmagan kitob ana shu go‘zallikdan mahrum.
2. Shaxsiy kutubxonamda 8 ming atrofida kitob bor. Ularning katta qismi rus tilida, qolganlari o‘zbek, fors-tojik, ingliz, olmon va qozoq tillarida; aksariyatini badiiy adabiyot tashkil etadi, shuningdek, falsafa, estetika, axloqshunoslik, adabiyotshunoslik, ruhshunoslik, tarix sohalaridagi kitoblar, qomuslar va lug‘atlar ham anchagina. Men, qanchalik hayron qolarli bo‘lmasin, kartoteka usulidan foydalanmayman: javonlar va ulardagi kitoblar tartibini yodda saqlayman. To‘g‘ri, ba’zan biror-bir kitobni ancha payt qidirib qolaman. Lekin buning ajoyib sirli sababi bor. Uni yo‘glar hayotiga murojaat qilib tushuntirish mumkin: xatxa-yo‘ga mashqlarini bajarganda, kishi har kuni o‘z badanining barcha a’zolarini xayolan ko‘z oldiga keltirib, «eslaydi», ana shu tarzda «eslash» jarayonida e’tibordan chetda qolgan a’zo «arazlab» kasallanishga moyillik tug‘diradi. Chamasi, bu hodisa narsalarga ham, xususan, kitoblarga xos. Biror-bir kitobimni uzoq muddat qo‘lga olmasam, u odatda «arazlab» mendan «yashirinadi» – topish uchun ancha vaqtim ketadi. Bu – shunchaki qiziq gap emas, haqiqat, necha marta bunga o‘zim shohid bo‘lganman: insonning narsaga muhabbati narsada ham unga muhabbat, «erkalanish» uyg‘otadi, shekilli.
3. Menimcha, bir kishining bir yilda 20-25ta kitob o‘qishi normal hol. Albatta, bir kitob – 2, boshqasi – 20 bosma taboq bo‘lishi mumkin. Biroq professional adib yoki olim bundan kamida 3 baravar ortiq kitob o‘qishi kerak, deb o‘ylayman. Men talabalik yillarimdayoq ajoyib ustozlarimdan biri Ozod aka Sharafiddinovning o‘qish normasini qabul qilganman – kuniga kamida 30 bet. Hozir ham shunday.
4. Hozir kitobga qiziqish avvalgiday kuchli emas. Buni ko‘pincha elektron texnologiyaning taraqqiyoti bilan bog‘lashga harakat qilishadi. Menimcha, masala bunda emas: agar kitob – zo‘r; o‘quvchida – vaqt, sotib olishga qurb, yozuvchida esa yaxshi yozishga imkon bo‘lsa, O‘zbekiston yana kitobxon o‘lkaga aylanishi mumkin. Hozircha yozuvchi yoki shoir oladigan qalam haqi ham qoniqarli darajada emas, buning professional yozuvchilikka ham ta’siri bor. Ma’lumki, kitobxon har jihatdan baland saviyadagi kitobni yaxshi ko‘radi: unda zamonaviy qahramon obrazi yaratiladi, ya’ni dolzarb masalalar, «tishli» gaplar, hayotiy haqiqat o‘rtaga tashlanadi. Lekin bunday asarlar ko‘pincha to‘siqqa uchraydi. Bu, nazarimda, hali qonunlarimizning mukammal emasligidan. Xuddi shu, qonunlar nomukammalligini Prezidentimiz Islom Karimov aynan so‘z erkinligi masalasiga bog‘lab, yaqinda o‘tgan Oliy Majlis sessiyasida kuyunib, ta’kidlab o‘tdilar. O‘ylaymanki, ikki palatali parlament, albatta, Prezidentimiz aytganlaridek, bu masalani ijobiy hal qiladi. Bundan tashqari nashriyotlar – xo‘jalik hisobida, lekin ayni paytda xususiy emas. Ular nochorlikdan puldor havaskorlarning yoki homiylari bor «xalqdan chiqqan iste’dod»larning maza-matrasiz «asar»larini bosishga majbur. O‘ziga to‘q, kitob chiqarishga mablag‘i yetarli yozuvchilar esa bitta-ikkita. Lekin, ishonchim komilki, bular qiyinchiliklar o‘tkinchi, tez orada, Prezidentimiz aytganlaridek, adabiyot va san’atga davlat bosh homiy bo‘lajak. Chunki O‘zbekiston kitobxon mamlakatga aylansa, unda o‘z-o‘zidan diniy ekstremizm, yolg‘on, pora, haromxo‘rlik singari illatlar yo‘qoladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 16-sonidan olindi.