Toshkent kuranti necha yillik tarixlarga guvoh bo‘lib kelmoqda. Bu minora ortiqcha bezak talab etmaydi, qiyofasi esa hech bir zamonda eskirmagan. Har chorak, yarim va bir soatda zang urib turadigan mahobatli inshootni poytaxtimizning ramzi, urib turgan yuragiga qiyoslash mumkin.
Hozir dunyodagi eng katta kurant soati Eronda joylashgan. 70 tonnalik beton poydevorga o‘rnatilgan soatning umumiy og‘irligi 750 kg. Diametri 15 metr, daqiqani ko‘rsatuvchi mil 7,5 m. |
Kurant me’moriy inshooti dunyoning sanoqli davlatlaridagina mavjud. Xususan, Buyuk Britaniyadagi Big-Ben va bundan bir necha yil muqaddam Eronda barpo etilgan kurant soatlari mamlakatlarning o‘ziga xos ramzi sanaladi. Ular orasida 1947 yil 30 aprelda qurilib, foydalanishga topshirilgan Toshkent kuranti kelib chiqish tarixi, mustahkamligi va milliy uslublari bilan alohida ajralib turadi.
Shahar me’moriy ansamblining Markaziy xiyobonidagi tarkibiy qismi bo‘lgan Toshkent kurantining tarixi juda qiziq. 1947 yilda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alaba sharafiga shaharning qoq markazida g‘alaba monumenti qurilishi rejalashtiriladi. Yodgorlik ikki oy ichida qurilib bitkazilib, hozirgi kurant joylashgan minora qad rostlaydi. Yodgorlik o‘sha yili Toshkentda qurilgan Alisher Navoiy nomidagi teatr binosining me’morchilik usuli ta’sirida ishlanadi. Ammo, yodgorlik ochilishiga sanoqli kunlar qolganda, qurilish mutlaqo boshqacha ko‘rinish kasb etadi. Kutilmaganda yodgorlik o‘rniga 1947 yilning aprelida Kurant qad rostlaydi. Uning me’mori A.Muhamedshin, bezagida Usta Shirin qatnashgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Kurant soati Germaniyadan olib kelingan ekan. A.Ayzenshteyn, V.Solihov, L.Malikov, A.Xitsan, G.Streltsovlardan iborat soatsozlar brigadasi 4 tsiferblatli qilib Toshkent kurantini o‘rnatishgan. Ular orasida, ayniqsa, Ayzenshteynning tashabbusini alohida ta’kidlash joiz. Aynan u tomonidan Kurant soati 1946 yilda sovg‘a qilingan. Aytishlaricha, leytenant Toshkent shahrida tug‘ilib o‘sganligi uchun bu noyob tuhfani ona shahriga taqdim etgan.
Toshkent shahar hokimligi binolardan foydalanish departamenti birinchi o‘rinbosari Temur Raxmetovning aytishicha, Kurant arxitektura jihatidan juda pishiq va mustahkam qurilgan. Uni qurishda milliy me’morlik va amaliy bezak san’ati an’analari qo‘llanilgan.
- G‘ozg‘on marmari bilan qoplangan va jezdan ishlangan metall qismlari o‘zaro uyg‘unlashgan me’moriy inshoot 1948 hamda 1966 yilgi yer silkinishlariga bardosh berdi, - deydi Temur Raxmetov. - Har ikkala zilzilada ham Kurant mustahkamligini isbotlab, chiroyini yo‘qotmadi. To‘g‘ri, 1966 yilgi tabiiy ofatdan minoradagi soat buzilgan, ammo zudlik bilan ta’mirlanib, ishga tushirilgan.
Kurantning balandligi 28,7 metr. O‘lchovi 4,1x4,1 metr bo‘lgan minoraning ichida maxsus xona mavjud bo‘lib, unda soatni yurgizadigan mexanizm bor. Mexanizm xonasiga minora ichida o‘rnatilgan zinapoya orqali chiqib boriladi.
Hech kuzatganmisiz, odamlar xoh transportda yoki piyoda bo‘lsin, ushbu minora oldiga kelganda boshlarini ko‘tarib, soatga qarashadi, keyin esa kimningdir harakati tezlashsa, birov xotirjam tin oladi. Uning har bir zangi kishini hamon sergaklik va hushyorlikka chaqiradi, hayot davom etayotganligini eslatib turadi.