OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kursi - insonning do'sti (agar u elektrli bo‘lmasa)

115 yil ilgari, ya’ni 1890 yilning 16 avgustida Obern qamoqxonalarining birida jahonda ilk bor o‘lim jazosiga mahkum etilganlarning insoniy huquq davri eshiklarini ochib bergan elektr stuli foydalanishga topshirilgan edi. Va bu stul ham xuddi «Koka-kola» yoki «Xod-dog» kabi Amerika ramzlaridan biriga aylandi.

7 avgust kuni esa Obernda ana shu o‘lim kursisida Uilyam Kemmler nomli oliy jazoga mahkum qilingan mahbusni qatl etishdi. Bu hodisa AQShda birinchi yangilik o‘rniga chiqib ketadi. Gazetalar tinimsiz qatl marosimida ishtirok etgan muxbirlarning hisobotlarini chop etardi; erinmasdan jallodning so‘zlaridan quyidagicha ko‘chirmalar keltirardilar: «U hech qanday og‘riq sezmay jon berdi!» — va shu bilan birgalikda barcha amerikaliklarni ular insonparvarlik va har qanday shafqatsizlikdan xoli bo‘lgan qatl tufayli butun dunyoda yana birinchilikni olganlari bilan qutlardi. O‘shanda bu — qatl etishga doir insonparvarlik harakatlarining bor-yo‘g‘i boshlanishigina ekanligini balki hech kim bilmasdi ham.

Odamparvar

XIX asr o‘rtalariga kelib Amerika jamiyatining o‘lim jazosiga mahkum etilganlarning qatl vaqtidagi azoblariga nisbatan xavotiri oshib bora boshladi. Qo‘shma Shtatlar maydoni va aholisining soni ortgani sayin, qatllar ko‘rsatkichi ham ko‘payib borayotgandi. Tajribali jallodlar esa taassufki, boshqa topilmay qolgandi. Shu bois gazetalarda tez-tez mamlakat qamoqxonalarida tongda amalga oshirilayotgan qatllar vaqtida sodir bo‘layotgan etni junjiktiruvchi holatlar to‘g‘risida xabarlar chop etib turilardi. Bu xabarlar goh qaerdadir mahkum osilishi kerak bo‘lgan arqonning uzilib ketishi natijasida jazoga mustahiq etilgan odamning dorosti lyukiga qulab, oyoq-qo‘llari singani haqida, goh yana bir joyda dor tugunining sekinlik bilan tortilishi oqibatida mahkumning o‘lim oldidan nihoyatda uzoq vaqt azoblangani haqida so‘zlardilar. Yana bir joyda esa jallodning harakati aniq va keskin bo‘lmaganligi tufayli mahkumning o‘z og‘irligini ko‘tara olmasligi natijasida tananing boshdan uzilib tushish hollari ham bo‘lib turardi.
Ziyoli amerikaliklar — vrachlar, yurist, o‘qituvchi, yozuvchilar tez-tez qatlning osish turi konstitutsiyaga zidligi, johilona va noinsoniyligi muammosini ko‘tarib chiqa boshladilar.
Biroq 1881 yilga kelib amerikaliklarda umid uyg‘ondi. Nyu-York shtatining Baffalo shahrida yashovchi Albert Sautvik ismli bir dantist o‘rtog‘i senator David Makmillanga o‘zi guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib beradi. Gap shundaki, qandaydir bir piyonista tasodifan ochiq qolgan elektr simiga tegib ketadi va shu ondayoq, ta’bir joiz bo‘lsa, hattoki hech qanday og‘riqni ham his etmay jon beradi. Senator Makmillan esa bu hodisa haqida Nyu-York shtatining gubernatori Devid Xillga so‘zlab beradi. O‘z navbatida Xill shtatning qonun chiqaruvchi yig‘iniga mazkur masalani ko‘rib chiqish, elektr toki dorga osish usulini alishtira olishi mumkinligini o‘ylab ko‘rishni taklif etadi. Bu muammo balkim shu tarzda muammoligicha qolib ketaverarmidi, agar Tomas Alva Edison bo‘lmaganida.

«So‘l»chi

1886 yilda Nyu-York shtatida maxsus komissiya tuzilib, o‘lim jazosini insonparvarlashtiruvchi qonun qabul qilindi. Shunda maxsus komissiya Tomas Edisonga ushbu savol bilan murojaat etadi. Dastavval Edison ularning bu taklifini qabul qilmaydi. U oxir-oqibat o‘lim jazosiga inson sifatida hattoki eng manfur jinoyatchilar uchun bo‘lsa ham, ular qonunan shunga loyiq ko‘rilsa ham, yaratajak ixtirosi ajal quroli bo‘lishini sira istamasdi. Ammo ko‘p o‘tmay u komissiya a’zolari ko‘magida o‘zining azaliy raqibi bo‘lmish Jorj Vestingauz bilan kurashishga qaror qiladi.
Aytib o‘tish joizki, ushbu voqealar bo‘lib o‘tayotgan vaqtdan bir necha yil ilgari Edisonning mavjud monopoliyasiga hech qanday xavf-xatar qutqu solmagandi. Uning tok generatoridan butun mamlakat foydalanar va shu bilan birga uning ishi uchun nihoyatda zarur hisoblangan misning narxi, borgan sari oshardi. Biroq 1880 yillarga kelib vaziyat o‘zgaradi. Bozorlarda o‘zgaruvchan tokni generatsiyalovchi Vestingauz mashinalari paydo bo‘ldi. Ular mis kamligi uchun arzon, buning ustiga bir joydan ikkinchisiga o‘tkazish qulay edi. Raqobatchisi ustidan g‘alaba qozonish uchun Edison uni dog‘da qoldirish fikrida to‘xtaladi.
1887 yilda esa Edisonning «Ogohlantirish» nomli risolasi dunyoga keladi. U yerda Edison «o‘zining» doimiy tokini Vestingauzning o‘zgaruvchan toki bilan solishtirib, uning toki o‘ldirish xavfi nisbatini keltirishini isbotlashga urinadi. Buni faqatgina amaliyotda ko‘rsatishgina qoladi. Va Edison gubernatorlik komissiyasiga o‘z takliflarini bera boshladi. Uning ko‘rsatmalariga muvofiq tarzda 1888 yilda Nyu-York qonun chiqaruvchi yig‘ini «elektr qatl» to‘g‘risidagi yangi qonunni ishlab chiqdi. Bu qonun Nyu-York sud meditsina jamiyatiga 1889 yilning 1 yanvariga qadar taqdim etilishi belgilab qo‘yildi va ushbu qonnuning kuchga kirishiga qadar yangi usullarini tatbiq etishga doir tavsiyalarni taqdim qilish ham ko‘zda tutildi.

Ixtirochi

Edison kashfiyotni amalga oshirish uchun o‘ziga yordamchilikka Garold Braun ismli muhandisni oladi. Tajribalar laboratoriyada boshlanmasidanoq barham topishiga sal qoladi. Gap shundaki, Jorj Vestingauz Braunning tajribalari uchun o‘z generatorini sotishni rad etadi. Biroq oxir-oqibat muhandis undan ikkita generatorni sotib olishga muvaffaq bo‘ladi va shu zahotiyoq tajribasini boshlab yuboradi.
Qisqa vaqt davomida Vestingauzning o‘zgaruvchan toki yordamida Edison tajribaxonasida o‘nlab it va mushuklar, buzoqchalar, ikkita ot va hattoki bitta fil jonidan judo qilinadi. Deyarli hamma tajribalar jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgani uchun har kuni bu jarayonning miridan-sirigacha gazetalarda chop etib borilardi. Mazkur hisobotlarning barchasi ijobiy edi. «O‘zgaruvchan tok so‘zsiz jallodni ishsiz qoldiradi», — deb yozardi o‘sha paytda The New York Times.
1888 yil oxirida Braun shtat komissiyasiga o‘zining yakuniy hisobotini taqdim etadi. Unda o‘zgaruvchan tokning og‘riqsiz va yuqori ta’sirchanlikka ega ekanligi bilan bir qatorda o‘ldirish uslubi ham keltirilgandi. Dastavval, mahkumni suv to‘ldirilgan vanna yoki stolga yotqizish taxmin qilingandi. Biroq Braun hammasidan ham ko‘ra jinoyatchini tirsakli yog‘och stulga o‘tkazish qulay bo‘lishini aytadi. Va hattoki shunday stulning loyihasini ham tayyorlaydi.
1889 yilning 1 yanvarida birinchi elektr stul tayyor bo‘ldi. Biroq shu yerda ham Vestingauzning qarshiligi yuzaga chiqadi. Uning kompaniyasi Nyu-York qamoqxonalari boshqarmasining mazkur uskunani o‘rnatish haqidagi topshirig‘ini keskin rad etadi. Shunga qaramay, Braun va Edison yollangan shaxs orqali 7 ming dollarga uchta generatorni sotib olib, qamoqxona boshqarmasiga yuborishning uddasidan chiqishadi.

U dunyodan qaytgan

1889 yilda qo‘shnisining sigirlar podasini zaharlab, qirib yuborgan Jozef Shaplo degan bir kimsa o‘lim jazosiga mustahiq etilgan edi.
Sudyaning qaroriga muvofiq aynan shu odam elektr stulida qatl etiladigan dunyodagi birinchi odam bo‘lishi kerak edi. Biroq hal qiluvchi sudda Shaploga berilgan oliy hukm umrbod qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Hech kimga ma’lum bo‘lmagan fermerni jon-jahdi bilan himoya qilgan eng zo‘r oqlovchilarga Jorj Vestingauz hotamtoylik bilan mehnat haqi to‘lab turgandi. Natijada advokatlar qozi kalonlarni bor-yo‘g‘i bir nechta molni o‘ldirgani uchun odamzotni qatl etish mumkin emasligiga ishontira oladilar. Ammo Vestingauzning bu g‘alabasi vaqtinchalik ekanligini ko‘pchilik anglamadi ham.
O‘sha yilning o‘zidayoq ma’shuqasini vahshiylarcha o‘ldirgan Uilyam Kemmler sud oldida qora kursini egallaydi. Tabiiyki, unga o‘lim jazosi beriladi. Kemmlerning himoyasi uchun ham Vestingauz bir necha o‘n ming dollarni sarflab yuboradi. Biroq bu gal yutqazadi. Kemmler o‘z gunohini bo‘yniga oladi, jazoning adolatsizligiga qarshi qo‘yilgan dalillar esa ish bermaydi. Axiyri advokatlar Vestingauz nomidan alam bilan elektr kursida qatl etish — vahshiyona va noinsoniy jazo ekanligini bayon eta boshlaydilar. Biroq elektr kursining afzalliklari to‘g‘risidagi yuzlab maqolalarni o‘qib chiqqan sudyalarni bunga ishontirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari mazkur jarayonda elektr sohasidagi mashhur tadqiqotchilar Tomas Edison va Garold Braunlar ham ishtirok etayotgandi-da.
Shunday qilib Uilyam Kemmlerning qatli 1890 yilning 6 avgust sanasiga belgilanadi.

Qatl

6 avgust saharida Uilyam Kemmler yog‘och kursiga o‘tirg‘iziladi, qo‘l va oyoqlari chandilib, ularga bir nechta elektrodlar yopishtirib chiqiladi va boshiga qora qalpoq kiygizishadi.
Edvin Devis ismli jallod, darvoqe endilikda uni «shtatning elektrigi» deb atashardi (chunki Desvisning shaxsan o‘zi kursini yasagan va tajribalarda ishtirok etgan edi) rubilnikni yoqib yubordi. Quvvat 17 sekund berilgach, rubilnik o‘chiriladi. Biroq mahkum hamon tirik edi. Kemmler talvasada yana o‘zini har yonga ura boshlaydi, tanasi tutab, xonani kuygan et hidi qoplaydi. «Kap-katta sog‘lom erkaklar bu ko‘rinishdan hushini yo‘qotdi» — deb yozdi ertasi kun gazetalar. Va bu jarayon shu tarzda 70 sekund davom etdi. Faqat shundan so‘nggina tok o‘chiriladi va qatl jarayonida ishtirok etayotgan vrachlar mahkumning jon berganini ma’lum qiladilar.
Qatl to‘g‘risida hisobot barcha gazetalarda bosiladi. Ulardan biri The New York Times bu hodisani «osishdan-da battar dahshatli spektakl» deb ataydi.
Vestingauz ham o‘z navbatida: «Bundan ko‘ra ular oddiy boltadan foydalanganlari afzal edi» deydi. Biroq shtat vakillari va ko‘pchilik gazetachilar mazkur operatsiyaning so‘zsiz muvaffaqiyatini e’tirof etishdi. Qamoqxona vakilining guvohlik berishicha, aslida Kemmler ilk daqiqalardanoq jon bergan bo‘lib, tokning ikkinchi karra jo‘natilishi faqat «nazorat» tarzida bo‘lgan ekan.
Bir necha yil o‘tib esa elektr kursida qatl etish AQShning ko‘pchilik shtatlarida o‘lim jazosiga mahkum qilinganlarga qo‘llaniladigan rasmiy uslubga aylanadi. Edisonni nihoyatda mamnun etgan holda, ko‘pchilik gazetalar uni jinoyatchilarning «vestingauziyasi» deb atadilar. Umuman olganda bu hol Vestinguazning biznesiga jiddiy ta’sir qilmadi ham — har holda mijozlar uchun uning generatorlari arzon va qulayligi bilan muhim bo‘lib qolaveradi.
Elektr qatlga qarshilar esa baribir bu uslubning yovuzona ekanligi to‘g‘risidagi masalani ko‘tarib qolaveradilar. 1928 yilda gazetalarda jurnalistlar tomonidan Snayderning qatlini yashirincha fotosuratga olgan etni junjiktiruvi lavhalar berildi. 1946 yilda esa jurnalistlarga mazkur elektr kursisida amalga oshirilgan qatldan omon qolgan odam bilan suhbatlashish imkoniyati ham tug‘iladi.
«Menga go‘yo lunjim sovuq yeryong‘oq yog‘i bilan to‘ldirilganidek tuyuldi. Men boshim va oyog‘imda nihoyatda chidab bo‘lmas og‘riqni his qildim. Mushaklarim esa shu qadar taranglashdiki, nazarimda ular mana hozir tilka-pora bo‘lib ketadigandek edi» — deya hikoya qilgandi 17 yoshli mahkum Uilyam Frensis. Bir necha yil o‘tib esa, uni baribir qatl etdilar.
Bu hodisalarning bari amerikaliklarni hayotdan mahrum etishning bundan ko‘ra anchayin yangi, insoniy uslublarini o‘ylab topishga undadi. Va bunday usullar topildi ham. Shtatlardan birida elektr stuli gaz kamerasi bilan almashtirildi. Unda tsionid eritilardi. Boshqalarida esa tomirga zahar jo‘natish, yana birida mahkumlarga o‘z qatlini o‘zi tanlash imkoniyatini berish uslublari joriy qilindi. Shu tarzda elektr kursida qatl etish o‘tmishda qola boshladi. 2004 yilning mayida esa ikki karra qotillikda ayblangan mahbus Jeyms Nil Takerning qatli amalga oshirildi. AQShdagi ko‘pchilikning fikricha uning nomi ham xuddi Uilyam Kemmler kabi elektr kursida qatl etilgan jinoyatchi sifatida tarixda qolishiga umid bog‘lashmoqda. Faqat... eng so‘nggi qurbon sifatida.

Dilfuza Qo'ziyeva

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.