OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Muhammad Haydar. Bobur podshoh («Tarixi Rashidiy»dan)

O‘rta asrlar Sharqining ulug‘ muarrixlaridan biri Mirzo Muhammad Haydar Dug‘lot(1500–1551) Zahiriddin Muhammad Boburning xolasining o‘g‘li, ya’ni bo‘lasi edi. Uning onasi Xub Nigorxonim Boburning onasi Qutlug‘ Nigorxonimning tug‘ishgan singlisi edi. Ota-onadan yosh yetim qolgan Mirzo Haydar bir necha yil Boburning tarbiyasida bo‘ldi. Keyin taqdir taqozosiga ko‘ra undan ajralib, ko‘p yillar Koshg‘arda yashadi. Umrining so‘nggi o‘n yilini Kashmirda o‘tkazdi. U butun umri davomida Boburga nisbatan minnatdorlik va muhabbat tuyg‘ularini o‘z qalbida olib o‘tdi. Uning nomi «Haydar» so‘zining ma’nosi «sher» bo‘lib, bu jihatdan Boburning ismiga o‘xshash edi. Ularning taqdirlari va bashariyat tarixida qoldirgan izlari ham hayratangiz darajada o‘xshashdir. Har ikkalasi Movarounnahrda tug‘ilgan bo‘lsalar-da, voqea-hodisalarga boy jo‘shqin umrlari olis Hindistonda yakun topdi. Mirzo Muhammad Haydar o‘z ona tili turkiyda bitgan bir necha dostonlaridan tashqari, «Boburnoma»dan ilhomlanib fors tilida «Tarixi Rashidiy» nomli ajoyib tarixiy-badiiy asar yaratdi.Tadqiqotchilar ko‘pgina fazilatlariga ko‘ra «Tarixi Rashidiy» asariga haqli ravishda Sharq memuarchilik san’atida «Boburnoma»dan keyingi faxrli ikkinchi o‘rinni berishga moyildirlar. «Tarixi Rashidiy» ingliz, rus, xitoy, fors tillarida nashr etilgan. O‘tmishda bir necha bor turkiyga tarjima qilingan. Quyida Mirzo Muhammad Haydarning Zahiriddin Muhammad Bobur va uning ajdodlari haqidagi ayrim xotiralari hurmatli o‘quvchilar e’tiboriga havola etilmoqda. Mazkur lavhalar asarning Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanayotgan XVII asrda ko‘chirilgan nodir qo‘lyozma nusxasidan tarjima etildi.

Mirzo Muhammad HAYDAR

BOBUR PODSHOH

«Tarixi Rashidiy»dan


... Shunday qilib rajab oyining boshida (1509 yil) men Qal’ayi Zafardan Kobul sari jo‘nadim. Menga o‘n olti kishi hamroh bo‘lgandi. Bizda ikki otdan tashqari hech narsa yo‘q edi. Hatto kechalari tunamoqqa yararli ashyolardan mahrum edik. Bizga ota kabi bo‘lib qolgan Mavlono Muhammadning bisotida Badaxshonning eng kambag‘al odamlari yopinadigan bir sholdan boshqa hech vaqo yo‘q edi. Qolgan ahvolni shundan qiyos qilib bilsa bo‘ladi.
Kobulga yetib kelganimizda bizni Bobur podshohga va menga ona tomonimizdan bir xilda qarindosh bo‘lgan Shirim Tag‘oy kutib oldi. U bizni yuksak ehtirom bilan o‘z uyiga tushirib, behad izzat-hurmat va insoniylik zohir etdi. So‘ngra podshoh odam yuborib, uch kundan so‘ng saodatli soat bo‘lishi va o‘sha paytda meni o‘z huzuriga chaqirtirishini ma’lum qildi... 
Nihoyat, men sharafli dargohga mulozamat uchun bordim. Podshohning saodatli nazari menga tushgach, shafqat va mehribonligi zo‘ridan gavhar sochuvchi muborak ko‘zlaridan ko‘z yoshlarini go‘yoki ipga tizilgan marvarid donalaridek shashqator qildi. U lutf izhor etib men tomon yuzlandi va inoyat bilan qarshilab marhamat qo‘lini uzatdi. Kamina ta’zim qilib borganimda, meni shafqat quchog‘iga oldi va otalarcha mehr bilan ko‘ksiga bosdi. U bir qancha muddat meni shu holda tutib turdi, yana ta’zim qilmog‘imga qo‘ymadi va o‘z yonida o‘tirg‘izdi. Qalbi bag‘oyat hissiyotli bo‘lganidan yana bir qancha payt aytib o‘tilgan tarzda ko‘zlaridan gavhar sochdi. Ayni damda dedi: «Sen bek yaznam, xon dodam, birodarlar va qarindoshlar shahid bo‘lganlaridan so‘ng omon qolib, Ollohga shukrlar bo‘lsinki, mening oldimga yetib kelding. Endi zinhor ulardan judolik tufayli qayg‘urmagin. Ularning o‘rniga eng yaxshi badal menman. Men senga ular berishi mumkin bo‘lganidan ham ziyodaroq mehr-shafqat ko‘rsataman». Shu tariqa, u menga nisbatan bisyor navozishlar va lutflar qildiki, yetimlik dardlari va g‘ariblik kulfatlari butunlay xotirimni tark etdi. Men tashqari chiqqanimda bir kishi benihoya takalluflar bilan menga peshvoz chiqdi va ta’zim qilib dedi: «Podshoh siz uchun bir uyni tayin etganlar va kamina sizni u yerga boshlab borurmen». U oldinga tushib meni g‘oyatda ko‘rkam bir hovliga olib bordi. Xonalarga gilamlar to‘shalgan, did bilan anjom va yostiqlar qo‘yilgandi. Farog‘at uchun zarur bo‘lgan narsalar – oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda xodimlar va xizmatkorlar bu hovlida hamma uchun yetarli tarzda muhayyo qilingan edi. Odamni bo‘g‘ilishga majbur etgan va ruhni tor qafasga solgan ul uqubat va falokatlardan so‘ng bunday turli-tuman ne’matlar, farog‘at muhayyo qilingan keng va safoli joyga tushsang, buning shukrini qay til bilan bayon etish mumkin?! Olloh unga yaxshilik bilan qaytarsin.
Shu tarzda men ko‘p muddatlarni Kobulda podshoh Boburning mulozamatida farog‘at va osoyishtalikda o‘tkazdim. U doimo yaxshi muomala, ochiq ko‘ngil hamda qat’iylik va talabchanlik bilan meni ilmlar kasb etishga undardi. Agar mening andak ilm egallaganimni payqasa, menga nisbatan o‘z iltifotini yanada ziyodaroq etishga intilar va bu haqda barchaga gapirib, tahsin aytishni talab qilardi. O‘sha muddat davomida u men bilan shu qadar mehr-shafqat ila munosabatda bo‘ldiki, faqat mushfiq va mehribon ota-onalargina o‘z farzandlariga nisbatan shunday qiladilar. Podshohning lutf-inoyatlari tufayli qayg‘u va kulfat kunlaridan iborat qiyinchiliklar davri unutilib ketdi.
Shu paytdan to to‘qqiz yuz o‘n sakkizinchi yilgacha (1512-13 yil) men podshohning mulozamatida bo‘ldim. Agar u otda biron tarafga chiqsa, meni o‘ziga hamroh bo‘lish sharafiga muyassar etardi. Suhbat paytlarida meni hamsuhbatlik martabasi bilan sarafroz aylardi. Alqissa, mashg‘ulotlar paytidan tashqari barcha hollarda meni o‘zidan judo qilmasdi. Saboqdan forig‘ bo‘lganimda meni chaqirish uchun odam kelar va shu tarzda u hamisha menga otalarcha g‘amxo‘rlik qildi.
... Mirzo Sulton Abusaidning uch o‘g‘li – Sulton Ahmad Mirzo, Sulton Mahmud Mirzo va Umarshayx Mirzoga Yunusxonning izzat va sharaf cho‘qqisida bo‘lgan uch aslzoda qizi – Mehr Nigorxonim, Sulton Nigorxonim va Qutlug‘ Nigorxonim nikohlab berildi.
Bobur podshoh sakkiz yuz sakson sakkizinchi yili, muharram oyining oltinchi kunida (1483 yil, 14 fevral) tug‘ildi. Ulug‘bekning mashhur ulamolaridan biri Mavlono Munir Marg‘inoniy uning tavalludi ta’rixini «shashi muharram» (muharramning oltisi) deb topdi. Hazrati Eshon Xoja Ubaydulloh quddisa sirrahudan chaqaloqqa nom qo‘yib berishni so‘rashdi. U go‘dakni Zahiriddin Muhammad ismi bilan baxtiyor etdi.
...U turli fazilatlar bilan bezangan va maqtovli xislatlarga ega bo‘lgan bir podshoh edi. Ushbu barcha fazilatlaridan shijoat va muruvvati ustun turardi. Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas. Turkiy tilda benihoya nafis devoni bor. «Mubayyin» nomli she’riy asar yozgan bo‘lib, fiqhga oid bu bag‘oyat foydali risola odamlarga maqbuldir. Turkiy aruzga oid asar bitgan bo‘lib, hech kim ungacha turkiy aruz haqida bu qadar aniq yozolmagan. Hazrati Eshon Xoja Ubaydullohning «Risolai volidiyya» asarini nazmga solgan.
Uning turkiy tilda «Vaqoe’» («Boburnoma») nomli tarixiy asari bo‘lib, juda jonli, ravon, beg‘ubor va tushunishga oson bir tarzda bitilgan. Musiqiy va boshqa san’atlarda ham Boburga teng keladigan odam uning xonadonida undan oldin yuzaga chiqmagan edi.
Uning hayotida ajoyib voqealar va g‘aroyib kechmishlar sodir bo‘ldiki, uning abnoyi jinsidan hech kimning chekiga bunchalik ko‘p kechmish tushmagandi.
 

Fors tilidan G‘ulom Karim tarjimasi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 8-sonidan olindi.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.