OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Naim Karimov. Hurriyat orzusi

http://ziyouz.uz/images/jadidchilar.jpg

Buyuk Amir Temurdan qolgan qudratli davlatning oradan bir necha asr o‘tgach, nurab, parchalanib, mustamlaka davlatga aylanganligi bilan xalqning peshqadam siymolari aslo murosa qila olmadilar. Ular turli yo‘llar bilan xalqning basirat ko‘zlarini ochishga, vatandoshlari qalbiga erk va hurriyat tuyg‘ularini payvand qilishga intildilar. Shu tarzda o‘zbek xalqi tarixida milliy uyg‘onish davri boshlandi.

XX asr boshlarida Turkistonning ilg‘or ziyolilarida Amir Temur asos solgan davlatni mustamlakachilik kishanlaridan xalos etish, xalqda milliy o‘zlikni anglash va milliy g‘urur tuyg‘usini uyg‘otish istagi paydo bo‘ldi. Shu yillarda yangilana boshlagan o‘zbek adabiyotining g‘oyaviy yo‘nalishi tubdan o‘zgara boshladi. Tarixiy-ijtimoiy davr va xalq taqdiri bilan bog‘liq muhim muammolarni chetlab kelayotgan shoirlar, og‘ir uyqudan uyg‘ongan kishilardek, ko‘zlarini katta ochib, milliy tanazzulga olib kelgan illatlarga qarshi kurashish va millatning diqqat-e’tiborini milliy taraqqiyot masalalariga, birinchi navbatda ma’rifat masalalariga qaratishga yakdillik bilan kirishdilar. Zero, ma’rifat masalalari mavjud tarixiy sharoitda millatni ijtimoiy va madaniy yuksaklikka ko‘tarishi mumkin bo‘lgan birdan-bir omil edi.

XIX asrning 60-yillarida mustamlakaga aylangan Turkiston ziyolilarining XX asr boshlariga kelibgina uyg‘ona boshlaganining sabablari nimada? Nima uchun xalqning taraqqiyparvar kuchlari xalq va mamlakatni kundan-kunga chirmab tashlayotgan mustamlakachilik kishanlarini bo‘shatish uchun shu vaqtgacha biror xatti-harakatni amalga oshirmaganlar? Buning, shubhasiz, bir qancha sabablari bo‘lgan. Sabablardan biri shunda ediki, shu vaqtgacha Turkistonni idora qilib kelgan xonlar va amirlar mamlakat hayotiga yangi fikr va g‘oyalarning kirib kelishiga, xalq orasidan yetishib chiqayotgan aql va zakovat egalarining jamiyat hayotida muhim rol o‘ynashiga imkon bermay, xalqni, shu jumladan, uning ilg‘or kishilarini mutelik holatida tutib kelgan edilar. Turkiston mustamlakaga aylanganidan keyin xonlar va amirlar o‘z mavqelarini mutlaqo yo‘qotgan, o‘qtin-o‘qtin kallaklanib kelgan xalq orasidan esa hali ommani yetaklay oluvchi kishilar yetishib chiqmagan edi. Ammo ko‘p o‘tmay, mavjud tarixiy sharoit taqozosi bilan shunday kishilar avlodi yetishib chiqdi va xalq ularni jadid ma’rifatparvarlari deb atadi.

Shubhasiz, xalq o‘rtasida jadid nomi bilan tanilgan kishilarning hammasini ham XX asr boshlarida shakllana boshlagan milliy uyg‘onish harakatiga mansub, deb bo‘lmaydi. Ular orasida tasodifiy kimsalar oz bo‘lmagan. Biroq xuddi shu davrda Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Hamza, Tavallo, Xondayliqiy singari o‘nlab fidoyi ma’rifatparvar shoir va yozuvchilar yetishib chiqdilarki, biz ularni haqli ravishda milliy uyg‘onish harakatining qaldirg‘ochlari sifatida e’zozlab kelmoqdamiz.

Agar shu shoir va yozuvchilarning ijodiy yo‘liga nazar tashlasak, ularning asr boshlaridan 1914 — 1915 yillargacha bo‘lgan ijodidan Turkiston va Buxorodagi siyosiy-ijtimoiy tuzumning chirigani va shu sababli mahalliy xalqning og‘ir iqtisodiy va madaniy ahvolda yashagani yaqqol ko‘rinib turadi. 1916 yilda O‘rta Osiyo bo‘ylab avj olgan qo‘zg‘olon va bu qo‘zg‘olonning shafqatsiz bostirilishi bilan jadid ma’rifatparvarlari Rossiya mustamlakachilik siyosatining g‘ayriinsoniy va g‘ayrimilliy mohiyatini yana bir bor ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ular milliy o‘zlikdan va islom dinidan tamoman mahrum bo‘lib qolmaslik uchun jiddiy harakat qilish zarurligini tushuna boshlashdi. Ko‘p o‘tmay, 1917 yil fevral inqilobi ro‘y berib, Rossiya imperiyasi chok-chokidan so‘kilishi bilan ular ijodiga yangi g‘oya — erk va hurriyat g‘oyalari kirib keldi. Bu yangi g‘oyaning katta sado kasb etishi uchun fevral inqilobi ro‘y berishi, milliy uyg‘onish harakati qatnashchilarida mustamlakachilik kishanlarini parchalash mumkinligiga ishonch tuyg‘ulari uyg‘onishi lozim edi. Shunday ishonch bilan yo‘g‘rilgan taraqqiyparvarlar xalq va uning peshqadam kishilarini bir bayroq ostiga birlashtirish maqsadida erk va hurriyat g‘oyalari balqib turgan asarlarni yozishga chog‘landilar. Bu asarlar, ular nazdida, xalqni hurriyat bayrog‘i ostida birlashib, milliy ozodlik uchun kurashga safarbar etishi mumkin edi.

Ammo bu muhim voqeadan avval Cho‘lponning ham, Fitratning ham, Hamzaning ham bir-biri ila ko‘rinmas iplar bilan bog‘langan Vatan va millatni sharaflovchi she’rlari maydonga kelgan edi. Chunonchi, Fitrat “Sayxa” to‘plamidan joy olgan forscha she’rlaridan birida Vatanning bunday purviqor obrazini yaratib, yozgan edi:

Binmo sahare azmi tavof Vatani man!
Ah-ah, chi Vatan, sajdagohi jonu tani man!
Ham ma’mani osoishu izzu sharafi man,
Ham Ka’bai man, qiblai man, ham chamani man.

Tarjimasi:

Tongda tavof etgani chiq – Vatanimdir,
Oh-oh, ne Vatan, sajdagohu jonu tanimdir.
Izzat-sharafim, tinchimu arshimda to‘lin oy,
Ham qiblamu, ham Ka’bamu, ham chamanimdir.

Agar bu go‘zal satrlar shoirning Turkiyada tahsil olgan yillarida yozilgan bo‘lsa, 1917 yil dekabrida ona-Vatanni dushman changalidan qutqarish orzusi bilan yashayotgan shoir qalbidan bunday otashin satrlar otilib chiqqan:

Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?..

Bu har ikkala she’rda yaratilgan Vatan obrazi shunday katta kuchga egaki, bu she’rlarni o‘qigan kitobxon qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ulari alangalanmasligi mahol. Fitrat ham, uning boshqa qalamkash birodarlari ham shunday she’rlardan keyin vatandoshlarini erk va hurriyat uchun kurashga da’vat etuvchi she’rlarni ko‘p va xo‘b yozishdi.

Shu yillarda Toshkent ma’rifatparvarlarining sardori Munavvar qori Abdurashidxonov “Haq berilmas, olinur!”, degan jangovar shior bilan chiqdi. Erksevar shoir va yozuvchilar o‘z she’rlari va publitsistik maqolalari bilan shu shiorning zamondoshlari qalbiga yetib borishi va ularning ­dasturilamaliga aylanishi uchun jonbozlik ko‘rsatdilar. Ular faqat safarbarlik ruhi bilan sug‘orilgan she’r va maqolalar yozibgina qolmay, 1917 yilning oktyabr oyida Qo‘qonda to‘planib, Turkiston Muxtoriyat hukumatining tuzilganini e’lon qildilar. Cho‘lpon, Hamza kabi shoirlar muxtoriyatni olqishlovchi she’rlari bilan vodiy aholisida mustamlakachilik kishanlarining parchalanganiga, erk va hurriyat g‘oyalari tantanasiga ishonch tuyg‘ularini uyg‘otishga intildilar. Ammo ular bolsheviklarning makkorliklarini yaxshi bilganlari uchun xalqni hayot-mamot kurashiga safarbar qilishning turli-tuman yo‘llarini axtardilar. Shunday yo‘llardan biri o‘z faoliyati bilan o‘zbek davlatchiligi tarixining oltin sahifalarini bitgan buyuk o‘tmishdoshlarimiz ruhidan madad so‘rash edi. Fitrat 1917 — 1918 yillarda “Yurt qayg‘usi” deb nomlangan turkum sochmalarida va “Temur sag‘anasi” piesasida Amir Temur ruhiga murojaat qilib, undan milliy ozodlik uchun kurashayotgan vatandoshlariga ruhan madadkor bo‘lishini so‘rab yolvordi:

“Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘ynim bukuk.

Sening ziyoratingga keldim, sultonim!

Ezilgan boshim, qisilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim!

Yuz yillardan beri jafo ko‘rub, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarini etaklaringga to‘karga keldim.

Qorog‘uliklar uchra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olg‘ali keldim...”

Fitratning yurak qoni bilan yozilgan bu so‘zlari mustamlakachilik zulmidan jabr ko‘rgan kishilarni loqayd qoldirmasligi aniq edi. Adib shu so‘zlari jabrdiyda vatandoshlari qalbiga yetib borishi va ularni kurashga sozlashi uchun “Temur sag‘anasi” piesasini yozib, Turon qorovuli nomidan iztirob to‘la so‘zlar bilan Amir Temur ruhiga murojaat qildi.

Fitrat, Cho‘lpon singari otashnafas shoirlar tufayli she’riyat shu yillarda kurash quroliga aylandi. Shubhasiz, o‘sha milliy tanazzul davrida erk va hurriyat yo‘lida olib borilgan bu kurashning g‘alaba bilan yakunlanishi amri mahol edi. Lekin o‘zbek she’riyati o‘z tarixi davomida birinchi marta xalq va mamlakat taqdiri bilan bog‘liq masalalarga qo‘l urib, o‘zining jangovarlik kuchini muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tkazdi.

Turkiston muxtoriyat hukumati tor-mor keltirildi. Muxtoriyat rahbarlari va ularga xayrixoh kishilar quvg‘inga uchradilar. Yosh sovet davlati Munavvar qori Abdurashidxonovlar, Ubaydulla Xo‘jayevlar, Fitrat va Cho‘lponlar xotirasidan “muxtoriyat”, “hurriyat”, “mustaqillik” singari so‘zlarni sitib chiqarishga urindi. Ammo Cho‘lpon 1920 yili Bokuga, Sharq xalqlari qurultoyiga borgan kezlarida Kaspiy dengizi bo‘ylarida qardosh do‘stlar bilan birga sayr qilar ekan, dengiz to‘lqinlarining qirg‘oqqa jilovsiz kuch bilan kelib urilishlarini ko‘rib, hayratga tushadi. To‘lqinlarning bu dahshatli o‘yini shoir ilhomini junbishga keltiradi. U dengizga qarab xitob qiladi:

O‘yna, ey to‘lqinlar, po‘rtana, dahshat sol,
Qirg‘oqlar titrasin qo‘rqib.
Ko‘k yuzi, yer osti tinch bo‘lsa, vahshat sol
Daryodan suv tashlab, purkib!
 
Bu mening keng ko‘nglim g‘avg‘oni, janjalni,
To‘polon, qo‘zg‘alish, chuvalash, isyonni, to‘fonni
Suyadir; shuning-chun dunyoni, jahonni, tog‘ va tosh –
Hammasin ag‘darmoq istaydir, yonadir, kuyadir...
 
O‘yna, ey po‘rtana, to‘xtama, quvvat ol,
Chog‘ kelgach, erinib yotma, uxlama, bo‘lmasin yo‘qlama.
Ko‘p ezgan dushmandan, past jondan
O‘chni ol, o‘chni ol, o‘chni ol!..

Shoirning mustamlakachilarga, yanada aniqrog‘i, Muxtoriyatni qonga botirgan, o‘zbek xalqiga hurriyatni ravo ko‘rmagan kuchlarga bo‘lgan adadsiz nafrati shu satrlarda dengiz to‘lqinlari bilan birga po‘rtanalanib turadi. Uning nazarida, po‘rtana – kurashga otlangan xalq, qirg‘oq esa mustamlakachi davlatning qudratli qo‘rg‘oni. U po‘rtananing shu qo‘rg‘onga ayovsiz kuch bilan urilaverib, qo‘rg‘on devorlarini buzib tashlashiga ishonadi, umid qiladi. Zero, uning nazarida, dunyoda faqat bitta buzilmaydigan qo‘rg‘on bor – bu Adolat hukmronlik, Haqiqat posbonlik qilgan buyuk qo‘rg‘ondir.

Cho‘lpon shu yillarda jo‘shib ijod qildi. Tinimsiz she’rlar yozdi. Bu she’rlarning aksarida ana shu kurash g‘oyasi qizil ip yanglig‘ o‘tib turadi.

Boku safaridan keyin ko‘p o‘tmay, Cho‘lpon Buxoroga borganida, mashhur “Xalq” she’rini yozdi. Buxoro jadidlarini qilichdan o‘tkazib, muqaddas zaminni ular qoni bilan sug‘organ amirning toju taxtni tashlab qochishi, vaqtincha bo‘lsa-da, amirlik vayronalari o‘rnida Buxoro Xalq Jumhuriyatining barpo etilishi Cho‘lpondagi mudroq tuyg‘ularni uyg‘otib yubordi. Uning xayolida xalq boyagi dengiz obrazida gavdalandi. Bu xalq-dengiz, uning nazarida, amirlik qo‘rg‘onini parcha-parcha qilib, o‘zining tarix ijodkori sifatida kuch va qudratini namoyish etgandek bo‘ldi. Shoir yozdi:

Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir.
 
Xalq qo‘zg‘olsa, kuch yo‘qdirkim, to‘xtatsin,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin...

Romantik Cho‘lpon bu she’rida o‘z orzularining ro‘yobga chiqqanini ko‘rib, tantana qilmoqda. Shu tantana sadolari she’rning har bir satridan jaranglab turadi. Lekin oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘qday otilib, “Buxoro Xalq ­jumhuriyati” ifodasi orasiga “sovet” degan so‘z suqilib kiradi. Xalqning Cho‘lpon she’ridagi dengizmonand obrazi sarob yanglig‘ adamga ketadi. Turkiston endi “oq” mustamlakadan “qizil” mustamlakaga aylangan, bu dahshatli reallikni o‘zgartira oluvchi kuch Cho‘lponlar va Fitratlarning nazar-e’tiboridagi kenglikda yo‘q edi. Bu o‘zbek taraqqiyparvarlarining va umuman o‘zbek xalqining katta fojiasi edi. Shunday tarixiy sharoitda ular yashirin harakat yo‘lini tanladilar. Erk va hurriyat uchun kurash qilichi qinga solindi.

Erksevar avlodlar mustamlakachilik havosida bo‘g‘ilgan kezlarida Cho‘lpon va Fitratning, Tavallo va Elbekning, Xondayliqiy va Usmon Nosirning shu ezgu g‘oyalar mavjlanib turgan asarlarini o‘qib, armondan chiqdilar. Cho‘lponning: “Cheking bu “Epoxa”ni, kuli ko‘klarga sovrilsin!” satrlaridagi bir olam ma’no ular qalbidagi hurriyat va mustaqillik haqidagi orzuning avloddan-avlodga o‘tib kelishini ta’minlab turdi.

O‘zbek xalqining mustaqillikka erishib, o‘z taqdirini o‘zi belgilovchi xalqlardan biri darajasiga ko‘tarilishida erk va hurriyat taronalarini kuylagan ajdodlarimizning ham xizmatlari oz emas. Zero, bizning qalbimizda jo‘sh urib turgan shu jangovar va dilbar taronaning muallifi va ilk ijrochisi ulardir. O‘ylaymizki, shu tarona hozir ulg‘ayib borayotgan avlodlar qalbida ham aks-sado berib, o‘zbek xalqining buyuk kelajagini, munavvar kelajagini barpo etishlarida ularga ilhom berib turadi.

Naim Karimov,

filologiya fanlari doktori, professor

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 33-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.