OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Toshboyev. Adabiyotni vijdon deb bilardi

Otam ziyoli bo‘lgani bois uyimizda ancha-muncha kitoblar bo‘lar edi. Bir kuni otam menga Mirkarim Osimning “Jayhun ustida bulutlar” va Shukur Xolmirzaevning “Og‘ir tosh ko‘chsa...” kitoblarini sovg‘a qildi. Shukur akaning kitobiga ishora qilib: “Bu kishi o‘zimizdan chiqqan Yozuvchi” deya qo‘shib qo‘ydi.

Shukur Xolmirzaev bilan O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining ikkinchi kursida o‘qib yurganimda yuzma-yuz suhbatlashishga muyassar bo‘l­ganman.

Talabalikka xos g‘ayrat, shijoat bilan adib huzuriga borganman. Keyinchalik, aniqrog‘i, Yozuvchining “Olabo‘ji” romani “Sharq yulduzi” jurnalida chop etila boshlagandan so‘ng shoir Eshqobil Shukurning taklifi bilan “Saodat” jurnali uchun suhbat ham yozib kelganman. Hajman kattagina ushbu suhbat 1993 yil jurnalning 2-3-sonlarida e’lon qilindi. Ke­yinchalik biz qadrdon bo‘lib ketdik.

Shukur aka yurtimiz tarixini yaxshi biladigan, folklorni, urf-odatlarni nozik anglaydigan, bilimli va iste’dodli Yozuvchi edi. Tabiatida cho‘rtkesarlik ham bor edi. Gohida adabiyotga asossiz da’vo qilguvchi ba’zi qalamkashlar haqida kuyunib “Bular kitob o‘qimaydi, kitob yozadi”, deganlarini bir necha marotaba eshitganman.

U kishi “Adabiyot o‘ladimi?” maqolasini Yozuvchilar uyushmasidagi katta adabiy yig‘inda tik turib, guldiragan ovozda o‘qib berganida odamlar uni she’r yoxud doston kabi tinglaganlari hamon ko‘z o‘ngimda turibdi. Yig‘ilish qizg‘in munozaralar bilan yakunlangandi o‘shanda. Adib hayotining so‘ngigacha takrorlab ketgan “Men adabiyotga xiyonat qilmadim” degan gapini endi-endi anglayotgandekman. U kishi adabiyotni vijdon deb bilardi. Shukur aka mehri tog‘dek baland, ammo qahri ham qattiq odam edi. Mehri tovlanganni “oynanay” deya ko‘pchilikning oldida bo‘lsin ochiq suyar, xush ko‘rmaydigan odamini, masalan, “O‘tirib bo‘miydi, og‘ajon!” der edi. Shukur akaning Do‘rmonda o‘tgan ijodiy hayotini yaqindan biladiganlar yaxshi eslaydi. U kishi o‘zining adabiy qahramonlari kabi mag‘rur va halol yashab o‘tdi. O‘ziga sharoit yaratish ilinjida birovga yalinib bormadi. Bozor iqtisodini, hayot murakkabliklarini bahona qilib yo‘llari ayro tushgan ba’zi do‘stu qadrdonlaridan, beoqibat shogirdu ukalaridan gina qilsa-da, ko‘nglida ularga nisbatan g‘araz saqlamadi.

Adibdan bir paytlar sadoqatli shogird bo‘lib “Oq yo‘l” olgan, keyinchalik nashriyot rahbari sifatida diniy adabiyotlar nashridan tijorat qilib, adabiyotni tamom unutgan bir qalamkashning “Haliyam yozayapsizmi? Kim ham o‘qirdi adabiyotingizni!” deganida, alamdan “O‘zim o‘qiyman! He...” deya javob qilganini eshitgan edim. Kitoblari nashr etilmay turgan yillarda biroz asabiylashar, lekin yana ijod bilan mash­g‘ul bo‘lib ketaverardi.

Yozuvchining Do‘rmondagi boysunlik ustalar tiklagan peshayvonli, ikki xonali uyi juda ko‘p adabiy suhbat va munozaralarga guvoh. Bog‘ nihoyatda mehr bilan parvarishlangan: turli atirgul va mevali daraxtlar har qanday kishining havasini keltirardi. Yerga bunchalik mehrning sirini so‘rasangiz:

— Bog‘iga bir tup nihol qadamagan odamning Vatan haqida yozganiga kim ham ishonadi?! –deya savol ohangida gap qator edi.

Shukur aka o‘z qo‘li bilan yaratgan bog‘da yayrab suhbat qurishni juda yaxshi ko‘rar, bog‘dagi har bir tup gul va daraxtni kimdan va qaerdan olib kelganini erinmasdan hikoya qilardi. Bog‘ hosilga kirgan yil u kishi uchun unutilmas yil bo‘ldi, desak adashmaymiz. Shig‘il mevalar va sabzavotlar kimlarga nasib qilmadi deysiz. Ana shunday suhbatlarda mavzu aylanib takror-takror adabiyotga taqalar va Shukur aka ustozi Abdulla Qahhorning o‘tirishlarda hikoyalarining syujetini aytib pishirib olganlarini maroq bilan so‘zlar, o‘zi ham ko‘pincha yozilajak hikoya va esselarini obrazga kirib aytardi. “Bandi burgut”, “Erkak”, “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi”, “Uh”, “Chillak o‘yin” kabi o‘nlab asarlar syujeti ana shunday o‘zaro suhbat-gurunglarda aytilgan.

Shukur aka nasrimizning shoiri, ta’bi nihoyatda nozik va yuqori edi. Navoiy, Bobur, Mashrab g‘azallarini, Mirtemir domlaning “Surat” poemasini, Cho‘lpon, Usmon Nosir, Abdulla Oripov, Xurshid Davron, Usmon Azim va boshqalarning eng zo‘r she’rlaridan parchalarni yod aytib, oxirida “Qalay? Zo‘r-a?” deb mamnun jilmayardi. Esimda, bir gazeta muharriri bo‘lgan shoirning kitobiga kirgan ayrim she’rlarining butun-butun qatorlarini chizib, sahifalarga “she’r emas, so‘zbozlik”, “she’r shu yerda tugagan”, deya izohlab ketganini ko‘rganman.

Shukur aka Yozuvchi odam she’riyatni yaxshi bilishi kerakligini, shoir esa, aksincha, ko‘proq proza o‘qishi lozimligini uqtirardi. U o‘zini tug‘ishganlaridan, Boysundan, uning o‘ziga xos xarakterli odamlaridan ayri tasavvur qila olmas va mudom ular sog‘inchi bilan yashar edi. Bir kuni onasi —Oysha momoning ma’rakalaridan so‘ng Dilobar jiyanining mashinasida Toshkentga jo‘nadik. Shukur aka bilan men orqaga, o‘g‘li Jamshid esa old o‘rindiqqa joylashdik. Dehqonobod, Kitob, Bulung‘ur, G‘allaorolda kechgan tong otar suhbatlarning o‘zi bir tarix. Adib, ayniqsa, Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh nomidagi xo‘jalik hududida yashovchi tog‘a va jiyanlari davrasida ko‘rsatilayotgan izzat-ikromdan, qolaversa, qarindoshlik rishtalari bardavomligidan o‘zini erkin va qudratli his qilgandi o‘shanda. Men ana shu to‘rt kunlik o‘ziga xos sarguzashtlarga boy bo‘lgan safar davomida Shukur akaning tutingan ukalariga, jigarlariga ayricha mehri borligini ko‘rdim.

Adibning do‘sti, “Ona tuproq qo‘shig‘i”, “Bobotog‘” va “Payg‘ambar oroli” kabi go‘zal esselari bilan ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan arxeolog Yozuvchi Mengziyo Safarovning o‘limi haqidagi xabar kelgan kun Shukur aka bilan telefonlashdik. U tamom cho‘kib, dovdirab, dam-badam uf tortar, alamli ovozda “Mengziyo, Mengziyo!” deya kalovlanardi. Keyinchalik “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida “Sening qadring o‘tdi” nomli xotirasi e’lon qilindi. Irodasi mustahkam, cho‘rtkesar, o‘z bilganidan qolmaydigan, tanti Shukur aka bir umrlik qadrdoni vafotini og‘ir qabul qilgandi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Meng­ziyo Safarovning “Turnalar uchadi” qissasi ikki ijodkor do‘stning bir-biriga yozgan xatlaridan iborat ekanini, Mengziyo akaning tarix, arxeologiya mavzuidagi suhbatlari va o‘qigan kitoblari ta’sirida Shukur akaning “Qadim Baqtriya tuprog‘ida” nomli essesi dunyoga kelgan edi.

“Alpomish” dostonining 1000 yilligi munosabati bilan 1999 yilda O‘zbekiston televideniesining “Yuzma-yuz” ko‘rsatuvi orqali Shukur aka bilan suhbat qildik. Dos­tonning ahamiyati haqida to‘lib-jo‘shib gapirgan adib: “Mustaqil bo‘lganimizdan buyon uchib yuribman, og‘am. Endi men bilan gaplashadigan odam yo‘q”, degan edi.

“Sharq yulduzi” jurnalining 1988 yil 6-sonida Shukur Xolmirzaevning 1987 yil hikoyachiligi haqidagi “Mo‘’jiza bo‘lib qolsin” sarlavhali o‘ylari berilgan. Garchi adib kamtarlik ila o‘ylarim, deb atagan bo‘lsa-da, ushbu maqola Yozuvchining milliy prozamiz, jumladan, hikoyachiligimiz haqi­dagi jiddiy chiqishlaridan biridir. Muallif hikoyachiligimizning yutuq va kamchiliklarini Yozuvchi nigohi bilan ko‘radi, tadqiq qiladi. “Bir narsani BEMALOL qayd qilishim kerak: ko‘pchilik hikoyalarimizda YECHIM CHATOQ”, deydi adib va Chexovning “Hikoyaga yangi yechim topish — yangi hi­koyachilikni boshlash bilan barobar”, degan fikrini keltirib o‘tadi.

Maqolada nasrimizda bo‘y ko‘rsatayotgan yangicha yo‘l-yo‘nalishlar haqida ham to‘xtalib, ayrim dimog‘dor, da’vosi katta Yozuvchilarga anchayin xolis baho berib: “Endi, umuman, MAHORAT bobidagi tilak – OLAMni kengroq, DUNYOVIYROQ mushohada etish, demak, o‘zimizga IJTIMOIY va BADIIY talablarni kattaroq qo‘yish, qolaversa, ijod TEXNIKASI — professionallikni mukammalroq egallashdan iboratdir”, degan edi. Maqolaning dunyo yuzini ko‘rganiga yigirma yildan ziyodroq vaqt o‘tdi. Yaqinda maqolani yana bir bor varaqlab, muallifning e’tirof va e’tirozlari juda o‘rinli bo‘lganini, buni o‘tgan davr isbotlaganini angladim.

Shukur akaning “Shukur o‘ldi” degan hikoyasi bor deb eshitgandim. Ustoz bu hikoya syujetini o‘zaro gurunglarda hazil-chin ohangida aytib, oxirida o‘tirganlarning fikrini so‘rar edi. Xullas, hikoyada yozilishicha, Shukur Xolmirzaevning “o‘lgani” haqidagi xabar Surxondaryoga, aniqrog‘i, Boysunga yetkaziladi. Hamma bir-birini sim orqali xabardor qiladi. Lekin Tosh­kentga tezroq yetib borish haqida hech kim qayg‘urmaydi. “O‘lik” beega qoladi... Hikoya matbuotda e’lon qilingani yo‘q. Balki Yozuvchining qo‘lyozmalari orasidadir, balki qog‘ozga tushmasdan, xayol mahsuli sifatida qolib ketgandir.

Adib mustaqillik yillarida “Ozodlik”, “Chillak o‘yin”, “Bandi burgut”, “Arosat”, “Bulut to‘sgan oy”, “Tanholik”, “Ot yili” kabi adabiyotimizning chin ma’noda mulki bo‘lgan hikoya va qissalar, esselar va “Olabo‘ji”, “Dinozavr” nomli ikki roman bitdi. Lekin Yozuvchi ijodi, adabiy merosi hayotligida kam o‘rganildi. Bugun ham o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlari ko‘p. To‘g‘ri, adibning hikoyachilikda maktab yaratgani Yozuvchi va munaqqidlar tomonidan bir necha bor e’tirof etilgan. Ammo Shukur Xolmirzaev hikoyachiligi keng ko‘lamda ilmiy-adabiy jihatdan chuqur o‘rganilgani yo‘q.

Adib “Saylanma”sining uchinchi jildida qizi Sayyoraga yozgan minnatdorlik maktubi bor. Unda shunday deyiladi: “...men bu hi­koyalarning har birini dunyo adabiyoti hikoyachiligiga bo‘ylab yozganman. Bular qandaydir sintez javohirlar edi, ularning fazilati katta. Bolam, bu jildlar dunyo adabiyotida ham yangilik, boylik, hali bu asarlar o‘z qadrini topadi”.

Yaxshi asar va Yozuvchining umri boqiy bo‘ladi, deyishadi. XX asr­ning ikkinchi yarmi va XXI asr boshlaridagi milliy adabiyotimiz tarixida Shukur Xolmirzaev ijodi alohida bir zarvaraq. Badiiy so‘z muhiblari Yozuvchini har qancha faxru iftixor ila yod etsa arziydigan siymo.

Olim Toshboyev,

filologiya fanlari nomzodi

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.