Shoir va dramaturg, adabiyotshunos va tarjimon, tarixchi va mutafakkir, notiq va pedagog — bularning bari hozir, ya’ni 1950 yilda biz — talabalarga ma’ruza o‘qishga shaylanib, ko‘z oynagini dastro‘moli bilan artib turgan odamda jamuljam edi. O‘rta bo‘yli, miqti gavdalik, jingalak sochlari qandaydir shoirona tarzda to‘zg‘igan, o‘zbekcha so‘zlarni jinday ozarboyjoncha ohangda talaffuz etadigan bu odam — Shayxzoda Maqsud edi. Biz uni yaqindan birinchi marta ko‘rib turgan bo‘lsak-da, uning dovrug‘i allaqachon o‘zi ishlaydigan Nizomiy nomidagi pedagogika instituti hududlaridan chiqib, butun O‘zbekistonga taralgan edi. Uning ma’ruzalari to‘g‘risida talabalar orasida rivoyatlar yurardi. “Genial san’atkor” degan kitobini hijjalab o‘qib chiqqan edim. Kitob lotincha yozuvda chop etilgan bo‘lib, 40-yillarning boshlanishida Alisher Navoiy to‘g‘risida mavjud bo‘lgan to‘rtta tanqidiy asarning bittasi edi. Juda zo‘r zukkolik bilan yozilgan bu risola Alisher Navoiyga shu qadar zo‘r muhabbat bilan sug‘orilgan ediki, uni o‘qigan har qanday odam Navoiy dahosini o‘z qalbi bilan his qilib, uning mo‘‘jizakor san’atiga umrbod ko‘ngil qo‘yib qolmasligi mumkin emasdi.
Shayxzoda ko‘z oynagini artib bo‘lib, burni ustiga qo‘ndirdi, shoshmay cho‘ntagidan... yo‘q, ma’ruza matnini emas, bir quti “Kazbek” papirosini chiqardi, undan bir dona olib, orqasi bilan bir-ikki qutiga urib, tamaki kukunini to‘kdi-da, keyin papirosni tutatdi. Lekin uni bir marta tortib, ma’ruzani boshlagach, papirosni unutdi: biroz o‘tmay, quti ustiga qo‘yib qo‘yilgan papirosdan buralib-buralib ko‘tarilayotgan ko‘kish tutun g‘oyib bo‘ldi — papiros o‘chib qolgan edi. Shayxzoda ma’ruzaning oxirigacha papirosga boshqa qo‘l uzatmaydi — u butun vujudi bilan ma’ruzaga berilib ketgan edi.
Hammamiz ma’ruzaga mahliyo bo‘lib qolgan edik. Biz avvallari ham darslarda Navoiy ijodidan ma’ruzalar tinglagandik, lekin, baribir, Shayxzodaning birinchi ma’ruzasidayoq buyuk shoirning ijodiyot olami ko‘z o‘ngimizda batamom yangicha qirralari bilan jilolandi, go‘yo biz shu paytga qadar Navoiy yaratgan san’at asarining shaklu-shamoyiliga qoyil qolib, uning tevaragida aylanib yurar edig-u, Shayxzoda bizga shu koshona eshigini ochib, ichkari kirmog‘imiz uchun bir kalit tutqazgan edi... Biz o‘zaro taassurotlarimizni o‘rtoqlasha-o‘rtoqlasha navbatdagi ma’ruza kunini sabrsizlik bilan kuta boshladik. Ammo... Shayxzoda ma’ruzaga kelmadi. Keyin ham undan darak bo‘lmadi. Shunday ulug‘ odamning bunaqa intizomsizligidan ranjib, uning sabablari to‘g‘risida bir to‘xtamga kelib ulgurmasimizdan sovuq bir xabar yetib keldi: Shayxzoda qamalipti. Biz o‘sha kezlarda ancha balog‘atga yetib qolgan edik, lekin shunday bo‘lsa-da, hali mustaqil fikrlashni bilmas, o‘z tuyg‘ularimiz va istaklarimizni ochiq aytib o‘rganmagan edik. Aksincha, 37-yilning mudhish voqealari ko‘z o‘ngimizda kechgan bo‘lsa-da, uni chuqurroq idrok etib, undan tayinliroq xulosalar chiqargan emasdik. Butun chiqargan xulosamiz “odam olasi ichida”, “Ishonmagin do‘stingga, somon tiqar po‘stingga”, “Bizning shonli organlarimiz adashmaydi, ular o‘z postlarida hushyor “turipti” deganga o‘xshash gaplardan nari o‘tmasdi. Shuning uchun Shayxzodaning qamalganiga ancha afsuslandik, o‘zimiz, vaqtida uning asarlari yoki ma’ruzalaridan millatchilik yoki aksilsho‘roviy xatolarni topa olmay, siyosiy ko‘rlik qilganimizga o‘kindik-da, ko‘p o‘tmay boshqa ishlarga andarmon bo‘lib ketdik. Faqat oradan olti yil o‘tib, oradan ancha suvlar oqib ketgandan keyin Stalin o‘lib, uning istibdodi qulagandan keyingina Shayxzodaning, u bilan birga yana anchagina o‘zbek ziyolilarining mutlaqo begunoh bo‘lganini bildik — ular Stalin barpo etgan va ko‘p yillar mobaynida mamlakatda amal qilgan qatli om mashinasining aybsiz qurbonlari bo‘lgan edi.
Shayxzoda oqlandi, lekin olti yillik ruhiy va jismoniy azoblar, tutqunlik, xo‘rliklar, kamsitishlar uning qancha umrini olib ketdiykin, qancha-qancha shoh satrlar umr daftarini bezash o‘rniga “hechiston” qa’rida g‘oyib bo‘lib ketdiykin.
Shunday bo‘ldiki, Shayxzoda qaytgandan keyin men uning to‘g‘risida maqola yozdim. U taqriz emas, adabiy portret janrida yozilgan edi. Albatta, bu maqola ham adabiy portret janridan juda uzoq edi, negaki, birinchidan, mening tajribam kam, qalamim ancha no‘noq bo‘lsa, ikkinchidan, nimani yozish mumkin va nimani yozish mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan va, ayniqsa, yozuvchining iztiroblari, boshidan kechgan og‘ir voqealar, dardlar, hatto xastaliklar to‘g‘risida ham yozish qat’iyan man qilingandi. Ammo shunga qaramay, mening maqolam Shayxzoda to‘g‘risidagi dastlabki yirikroq maqola bo‘lgani uchunmi, jamoatchilik tomonidan xayrixohlik bilan kutib olindi va shoir bilan yaqindan aloqa o‘rnatishimizga turtki bo‘ldi. Shundan keyingi bir necha yillik muloqot davomida amin bo‘ldimki, Shayxzoda ijod bobida nechog‘li buyuk bo‘lsa, inson sifatida ham shuncha ulug‘ ekan. Birgina men emas, uni bilgan deyarli hammaning e’tirof etishicha, Shayxzoda har jihatdan barkamol, ko‘nglida kiri yo‘q, begidir inson edi, u qo‘lidan kelsa, ko‘pchilikka yaxshilik qilar, ayniqsa, hamisha “Shomirza-yu qoq-quruq” bo‘lib yuradigan talabalarning o‘ziga bildirmay yordam qo‘lini cho‘zishga intilardi. Nazarimda, u ko‘nglidan nafrat degan narsani butkul quvib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan nodir odamlardan biri edi. Albatta, hasaddanmi, yo boshqa sababdanmi — Shayxzodani yomon ko‘rgan, uning ustidan bo‘hton uyushtirgan, qamatishga erishgan odamlar bo‘lgan. Albatta, yomonlarning kirdikorlaridan Shayxzoda ko‘p aziyat chekkan, qiynalgan, nochor qolgan hollari ham bo‘lgan. Biroq uning ko‘ksida kekka o‘rin bo‘lmagan, ulardan qasos olishni o‘ylamagan. Nazarimda, intiqom yo‘lidan borish, kek olovini gurillatishni u o‘zining insonlik sha’niga nomunosib deb hisoblagan, shuning uchun past odamlarga baravar bo‘lishni istamagan. Bir voqea sira esimdan chiqmaydi. 1956 yilda Yozuvchilar uyushmasida katta yig‘in bo‘ldi. Unda qamoq va surgunlardan oqlanib qaytgan yozuvchilar ham ishtirok etishdi. Albatta, ularga ham so‘z berildi. So‘zga chiqqanlarning bir qismi lagerlarda tortgan mislsiz azoblarini gapirib, qamalishlariga sababchi bo‘lgan odamlardan “xun” talab qildilar. Shayxzoda ham minbarga ko‘tarildi. Lekin u bir og‘iz ham ko‘nglidagi alamlardan gapirmadi, qismatidan nolimadi, aksincha, irodasi baquvvat, ruhi tetik odamlarga xos tarzda, mayda-chuyda narsalardan yuqori turib, ijodkorning ulug‘ burchi haqida gapirdi va so‘zining oxirida: “Men so‘nggi yillarda jonajon Toshkent shahriga bag‘ishlab bir doston yozdim, shuni o‘qib ko‘ringlar, lozim topsalaring, chop etarsizlar”, — dedi. Bu “Toshkentnoma” dostoni edi — keyinchalik u Toshkent haqida yozilgan eng yaxshi asarlardan biri bo‘lib qoldi. O‘sha kuni Shayxzodaning nutqi butun majlis ahlini qattiq larzaga soldi, negaki, kechagina olti yil davomida mustabid tuzumning mislsiz qiynoqlarini boshidan kechirib kelgan bu odam olijanoblikning eng oliy namunasini namoyish qilgan edi. Bundan keyin ham men bu odamning yuksak insoniy fazilatlariga ko‘plab marta guvoh bo‘lganman. Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston ziyolilarining qurultoyi bo‘ldi. Bu anjuman ham shaxsga sig‘inishni tanqid qilish bahonasida o‘z dardini har qancha to‘kib solsa, ko‘taradigan yig‘in edi. Ammo bu gal ham Shayxzoda o‘z bilganidan qolmadi — shaxsiy dardlarini yig‘ishtirib qo‘yib, respublikaning dardidan, o‘zbek ziyolilarining ahvolidan hayajonli nutq so‘zladi. Butun zal uning nutqini bir jon, bir tan bo‘lib tinglagani, bot-bot qarsaklar bilan bo‘linib turgani esimda. O‘shanda Shayxzoda har qanday xalqning madaniy rivoji uning qomusida muhrlanib qolishini aytib, O‘zbekistonda ko‘p jildlik “Qomusi Sharqiya”ni nashr etish taklifini o‘rtaga tashlagan edi.
Umuman, Shayxzoda har xil anjumanlarda, adabiy kechalarda, uchrashuvlarda ko‘p qatnashar va har gal tesha tegmagan gaplarni aytib, notiqlik bobidagi reytingini muttasil ko‘tarib borardi. Bir yili yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘ida yosh yozuvchilarning bir necha kunlik seminari bo‘ldi. Unda peshqadam yozuvchilarning deyarli hammasi navbatma-navbat yoshlar bilan suhbatlar qurdi. Shayxzoda ham o‘z tajribalaridan maroqlanib so‘zlab berdi. Gap aylanib, tarixiy asarlar ustida ishlashning murakkabligiga ko‘chdi. Tarixiy asar ustida ishlash juda qiyin, — dedi Shayxzoda. — Negaki, voqealar allaqachon o‘tib ketgan, ular to‘g‘risida esa kitoblardan, arxivlardangina ma’lumot olish mumkin. Lekin bu bilan ish bitmaydi. Tarixiy asarlarda ham qahramonlar sifatida jonli odamlar harakat qiladi. Ular jonli chiqmog‘i uchun xatti-harakatlari, qiliqlari, o‘zini tutishlari tafsilotlar va detallar orqali ifodalanishi kerak. Bu esa oson emas — har qadamda, har sahifada dabdurustdan hal qilish juda qiyin bo‘lgan savollar ko‘ndalang bo‘ladi. Ularni hal qilguncha ona suting og‘zingdan keladi. Masalan, XIV yoki XV asr odamlarini tasvirlar ekansan, ular bir-birlari bilan qanday salomlashganlar — bosh irg‘abmi, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yibmi, bir-birlarining yelkalariga qoqibmi, o‘ng qo‘llarini tik ko‘taribmi, qo‘l qisishibmi yoki yana boshqa biron tarzda ko‘rishishganmi, biron kitobda buning tasviri va tasdig‘i bormi deganga o‘xshash savollar ko‘ndalang bo‘ladi. Yoki u davr odamlari ko‘zoynak taqqanmi, soch qo‘yganmi, kiyim-kechagi qanday bo‘lgan, yotib-turishi, yuvinib-cho‘milishlari qanday kechgan va hokazo va hokazo... Bunaqa savollarning oxir-keti yo‘q. Ularga javob topmoq uchun yozuvchi tom ma’noda ba’zan katta, ba’zan kichik tadqiqot ishini amalga oshirmog‘i kerak. Shundan keyin Shayxzoda Navoiy zamonida odamlar ko‘zoynak taqqan — taqmaganini qanday hal qilganini aytib bergandi. Bu gaplarning barini nafaqat yosh yozuvchilar, balki bizga o‘xshagan “tajribalilar” ham jon qulog‘i bilan maroqlanib eshitdi, chunki bu gaplar ijodkor mehnatining mashaqqatlari haqida ancha haqqoniy tasavvur berar, yozuvchi mehnatiga hurmatni oshirardi.
Shayxzodaning naqadar dono va zukko bo‘lganini, nafaqat adabiyotni, balki sharq tarixini ham juda teran bilishini ko‘rsatadigan bir misolni aytib beray.
50-yillarning oxirlarida bizning dorulfunun bilan Boku dorulfununi o‘rtasida ilmiy-ijodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bunda ikki dorulfunun navbatma-navbat domlalar almashib turishdi. Navbatim kelib, men ham Bokuga bordim, uch kun mobaynida u yerda mehmon bo‘ldim. Boku safari umrimdagi eng maroqli va eng samarador safar bo‘lgan edi, unda ko‘rganlarim, bilganlarim, orttirgan do‘stlarim hamon yuragimda. O‘sha kezlarda onam Kavkazdagi qaysi bir oromgohda dam olmoqda edi. Men onamni Bokuga taklif qildim, bir-ikki kun bu yerda bo‘lib, Toshkentga birga qaytishimizni aytdim, onam rozi bo‘ldilar, biroq u kishi Bokuga kelgach, men butunlay soyaga chiqdim-qoldim. Mezbonlarimiz Idoyat muallim Efendiev, Lamax muallim Xalilov butun e’tiborni onamga qaratishdi, qaerga borilsa, u kishini to‘rga o‘tqazib, “tanishinglar, Ozod muallimning onasi Zubayda xonim” deb tanishtirishdi. Hatto o‘sha kezlarda ozarboyjon adabiyoti kafedrasining mudiri bo‘lgan professor Ja’far Xandon ham bizni uyiga mehmonga chaqirdi va balkonidan Kaspiyning ajoyib manzarasi ko‘rinib turgan muhtasham uyida bizni ozarboyjoncha palov bilan siyladi. Umrida bunaqa izzat-ikromlarni ko‘rmagan onamning boshi osmonga yetdi. Ozarboyjon ziyolilarining o‘ta yuksak madaniyati, mehmondo‘stligi, do‘stning tepasida parvona bo‘lib, jonini baxshida qilishga tayyorligi menda ham, onamda ham juda chuqur taassurot qoldirdi. Men kitobxondan biroz chalg‘iganim uchun uzr so‘rayman — biroq bu gaplarni ozarboyjon ziyolilariga nisbatan yillar mobaynida qalbimda taxlanib yotgan ehtiromimni bildirib qo‘yish uchun aytmoqdaman. Xullas, men Bokuga borib kelgach, Toshkentga Idoyat muallim Efendiev keldi. Tabiiyki, biz qo‘limizdan kelgan qadar u kishining hurmatini bajo keltirib qarzimizni uzishga harakat qildik.
Buni qarangki, Idoyat muallim Shayxzodaning kuyovi bo‘lar ekan — uning singlisiga uylangan ekan. Mehmonlarni onamnikiga — Ko‘kchadagi hovlimizga taklif qildik. O‘z-o‘zidan Shayxzoda davraning guli bo‘ldi-qoldi. U juda erkin, yayrab o‘tirar, kulgili gaplardan gapirib, hammaning ko‘nglini olar, hazil mutoyiba qilardi. Nihoyat, qadah aytish navbati Shayxzodaga keldi. Bilmadim, ayollarni e’zozlash ozarboyjonlarga yo‘rgakdan tekkanmi, Shayx aka ham qadahini “Ozod muallimning onasi Zubayda xonim”ga bag‘ishladi.
Bilasizmi, biz — o‘zbeklarning bir qusurimiz bor — alyor aytishni, do‘stlar davrasida quvnoq qadah ko‘tarishni bilmaymiz. Biz aytadigan alyorlar butun boshli siyosiy dokladga aylanib ketadi, masalan, unda paxta rejasining to‘lishidan boshlab, bozorga sifatsiz mol kiritishimizgacha hamma narsa bo‘ladi-yu, bir chimdim kulgiga, hazil-mutoyibaga o‘rin topilmaydi. Shayxzodaning alyori ham qisqa bo‘lgani yo‘q. Yo‘q, u mening onam to‘g‘risida emas edi. Shayxzoda onam to‘g‘risida bir juft iliq so‘zini aytgandan keyin, umuman, ayolning inson hayotidagi o‘rni, sharq ayolining buyukligi va go‘zalligi to‘g‘risida chunonam ilhom bilan gapirdiki, gapning cho‘zilib ketgani bilingani yo‘q, aksincha, biz bu odamning aql-zakovatiga, xotirasiga, bilimiga qoyil qolib tinglab o‘tiraverdik. Men hozirga qadar o‘shanda aytilgan gaplarni yozib olib qo‘ymaganimga achinaman. Buni qarangki, odamning so‘zamolligi, chechanligidan ham yo‘llarida gullar unar ekan, qalblarni go‘zallik tuyg‘usi chulg‘ar ekan.
Keyin yana va yana bu odamning bir vaqtning o‘zida ham buyukligi, ham soddaligiga guvoh bo‘lganman.
U paytlarda fakultetimiz Xadrada — teatr yonidagi binoda joylashgan edi. Fakultet zalida “Mirzo Ulug‘bek” spektaklining muhokamasi bo‘ldi. Muhokama juda qizg‘in o‘tdi. Sal kam uch soat mobaynida spektakl haqida fikrlar aytildi, muallif talabalarning savollariga javob berdi. Nihoyat muhokama tugadi, biz uy-uyimizga ketmoqchi bo‘lib, ko‘chaga chiqdik. Shayx aka muhokamadan mamnun bo‘lgan edilar chog‘i, kayfiyatlari ancha ko‘tarinki edi.
— G‘iyosobodga bormaymizmi, Ozodjon? — dedi Shayxzoda sirli kulimsirab. Qosh qoraya boshlagan edi, lekin Shayxzoda biror yoqqa taklif qilsa, “yo‘q” deb bo‘larkanmi? Asta suhbatlashib, Furqat ko‘chasi bo‘ylab Beshyog‘och tomon yo‘lga tushdik. Men Do‘mbirobodni bilardim, Yunusobodga ko‘p martalab yo‘lim tushgan edi-yu, lekin G‘iyosobod degan joyni eshitmagandim. Iymanib, Shayx akadan uning qaerdaligini so‘radim.
— Uzoq emas, hademay yetib boramiz, — dedi Shayxzoda.
Biroz yurgandan so‘ng Muqimiy teatriga yaqinlashib qoldik. U paytlarda Furqat ko‘chasining oxirida shinamgina oziq-ovqat do‘koni bo‘lar edi. Biz yetib kelganda do‘kon yopilgan, lekin uning yonidagi mudirning katalakdek xonasi ochiq edi. Shayx aka meni dadil shu xonaga boshladi. Xonada bitta yozuv stoli, uch-to‘rtta stul, yana kichikroq bir po‘lat sandiq turipti. Stol ortida o‘tirgan to‘laroqdan kelgan, qosh-ko‘zi qop-qora, istarasi issiq yigit Shayx akani ko‘rishi bilanoq “dik” etib o‘rnidan sapchib turdi-da, “keling-keling, marhamat, bormisiz, Shayx aka!” degan so‘zlar bilan unga peshvoz chiqdi.
— “O‘zlaridan so‘rasak! — deya xushxollik bilan unga qo‘l uzatdi Shayx aka! — tanishib qo‘ying, bu kishi Ozodjon, universitetda domla...”
Keyin yigitni menga tanishtirdi:
— G‘iyosobod deganimiz shu do‘kon bo‘ladi. Bu kishining ismi — G‘iyos. Shu do‘konning mudiri.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, G‘iyosjon Shayx akaning juda sadoqatli muxlisi ekan, hatto do‘konining bitta kalitini Shayx akaga berib qo‘ygan ekan. Shayx aka istagan vaqtida yolg‘iz o‘zimi yoki bir ikkita ko‘ngil tortar o‘rtog‘i bilanmi shu yerga kelib, istagancha yeb-ichib, pulini stol ustidagi siyohdonning tagiga qo‘yib ketaverar ekanlar. Men ko‘pgina muxlislarni eshitgan va ko‘rgan edim-u, idorasini, uning ichidagi buyumlarini ishonib tashlab ketaveradiganini ko‘rmagan edim.
Xullas, bir zumda gazetalardan dasturxon yozildi, stol ustida turli noz-ne’matlar paydo bo‘ldi, shishalar ochildi.
Men taraddudlanib qoldim.
— Shayx aka, qandoq bo‘larkin, men uydan bugundan boshlab ichmayman deb chiqqan edim.
— Nima ichmayman degandingiz?
— Aroq-da...
— O, unday bo‘lsa, juda yaxshi. Aroq ichmaymiz. Beti qursin. Men ham yoqtirmayman. Uzum suvidan yasalgan toza musallas ichamiz.
Darhaqiqat, uydan chiqayotganimda musallas masalasida gap bo‘lgani yo‘q edi. Men ko‘ndim. Ko‘p o‘tmay, o‘tirishimiz bazmi jamshidga aylanib ketdi. Albatta, uyga sudralib kirib borganimda, vaqt ancha bo‘lib qolgandi — men uyqusirab turib, eshitadiganimni eshitdim. Keyin ahvolni tushuntirib, va’dam ertadan kuchga kirishini aytdim. Lekin o‘sha oqshomning shukuhi bir umr dilimda saqlanib qoldi. Suhbatimiz juda shirin bo‘lgandi.
Shayxzoda mashina xarid qilgan emasdi. U tramvay, trolleybuslarda yurar, ko‘p hollarda esa oyoqning chigili yoziladi deya piyoda ketaverar, yo‘l-yo‘lakay uchragan tanishlari bilan gurunglashib, dunyo yangiliklaridan xabar topib, chaq-chaqlashib borardi. Bu gurunglarda ko‘pgina qiziq gaplar aytilar, keyinchalik ular hangomalarga aylanar va odamlar o‘rtasida latifa tarzida og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurardi. Shayxzoda bilan G‘afur G‘ulom to‘g‘risida ko‘p latifa aytilardi. Shayxzoda va Mirtemir oralarida bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlar ham tez og‘izga tushib ketardi. Bir kuni Yozuvchilar uyushmasida majlis bo‘lipti. U haddan tashqari cho‘zilib ketipti, majlis tugaganda hamma ochlikdan sulayib, holdan ketib qolgan ekan. Shayxzodaning yonida kelayotgan Mirtemir unga hazil qilipti:
— Ovqat masalasiga qanday qaraysiz, Shayx aka?
— To‘rt ko‘z bilan qaraymiz-da... — deb javob beripti darrov Shayx aka ko‘zoynagini qo‘li bilan tuzatib. Bu “itday ochmiz” degan ma’noda aytilgan ekan.
Shayxzodada yumor tuyg‘usi juda kuchli edi, u har qanday vaziyatda topqirlik bilan gap topar va hatto noxushroq ahvolga tushib qolganda ham uni bir zumda kulgiga aylantirib yubora olardi.
Bir yili Shayx aka Farg‘onaga adabiy kechaga boriptilar. Uni vodiyning eng mashhur odami, taniqli hajvchi Adham Hamdam kutib olipti va uyiga olib kelipti. Adham akaning rafiqasi butun marhamatini ishga solib, Shayx akani rosa siylapti. Ertasiga uchrashuv bo‘lipti. Teatr zali nimqorong‘i. Odam zalga sig‘may ketgan. Shayx aka o‘tiraverib zerikib ketganmi, zalga ko‘z yugurtirib, yonida o‘tirgan Adham akadan so‘rapti?
— Adhamjon, zalning chap tomonida sakkizinchi qatorda o‘tirgan, labining tepasida xoli bor chiroyli ayol kim?
— Ie, Shayx aka, tanimayapsizmi? Keliningiz-ku, — deb javob beripti Adham aka.
— Eh, ko‘zimiz uzoqdan yaxshi ko‘rmaydi-da, — deya uzr aytipti, Shayx aka.
Shayx aka haqidagi bunday latifalar va rivoyatlar bu insonning xalq orasida obro‘yi g‘oyatda katta bo‘lganini ko‘rsatadi. Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas edi. U adabiyotning fidokor xodimi edi. U Navoiyni hammadan ortiq sevardi. Vafoti oldidan yozgan eng so‘nggi maqolasini u “G‘azal mulkining sultoni” deb atadiki, bu ta’rif Alisher Navoiy ijodining mohiyatini juda yaxshi va juda ixcham ta’riflagan formula sifatida xalq ichiga singib ketdi.
Shayxzoda “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasini meros qoldirdi. Bu asar haqida ko‘p yozildi-yu, Shayxzoda bilan dramadagi Mirzo Ulug‘bek o‘rtasida mavjud bo‘lgan mushtaraklik ham tadqiq qilingancha yo‘q. Menimcha, ijodkorning og‘ziga qulf urilgan o‘sha og‘ir zamonlarda Shayxzoda o‘zining ko‘p dardlarini, odamlarga aytmoqchi bo‘lgan gaplarini Ulug‘bek tilidan aytgan bo‘lishi mumkin.
Shayxzoda ana shunday ulug‘ ijodkor va ulug‘ inson edi. Uni ko‘rganlar, suhbatini olganlar, asarlaridan bahramand bo‘lganlar va bo‘layotganlar naqadar baxtiyor!
Ozod Sharafiddinov. Adabiyotimiz fidoyisi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 19-sonidan olindi.