Sohibqiron Amir Temur barpo etgan ulug‘ davlat, u qurdirgan o‘lmas me’moriy obidalar, uning sarkardalik dahosi butun dunyoga ma’lum va mashhurdir. «Temur tuzuklari» deb atalgan ajoyib asari ham turli tillarga tarjima etilib, jahon miqyosida katta e’tibor qozongan. Bu asar tarixchilar va qonunshunoslar tomonidan ko‘p tahlil va talqin etiladi. Chunki Amir Temur yaratgan tuzuklar qonun kuchiga va ulkan tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, davlat ishlari shular asosida amalga oshirilgan.
Faqat biz, adabiyotchilar, «Temur tuzuklari»ni mumtoz adabiyotimiz tarixidan mo‘‘tabar o‘rin oladigan adabiy-avtobiografik asar sifatida har tomonlama tahlil va talqin qilib berganimiz yo‘q. Ushbu badia mana shu vazifani qisman bo‘lsa ham ado etish yo‘lidagi bir intilishdir.
Bundan yetti-sakkiz asr burun vatanimiz Turonzamin va uning xalqlari bir yuzu ellik yil mo‘g‘ul bos-qinchilarining jabru zulmini boshdan kechirdi. Juda katta harbiy kuchga ega bo‘lgan Chig‘atoy avlodlari Turon xalqini qurol kuchi bilan o‘ziga qul qilib olgan edi.
Qullik zanjirini uzib tashlash va mamlakatni istilochilardan ozod qilish uchun Amir Temur va uning sodiq odamlari o‘n yildan ortiq o‘lim xavflari bilan olishib, eng og‘ir sharoitlarda qahramonona kurash olib boradilar.
Bu kurashning eng yorqin va haqqoniy tafsilotlari «Temur tuzuklari»da qahramon obrazi orqali ko‘rsatilgandir.
Asarning bosh qahramoni, Turonzaminni mo‘g‘ul istilosidan ozod qilish uchun boshlangan xalq harakatida 25 yoshlik bahodir yigit — Temurbek yetakchilik qiladi. Uning zimmasiga tushgan o‘lim xavfi, quvg‘inlar, qamoqlar va boshqa azobu uqubatlarga qaramay, metin iroda bilan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga intiladi.
Amir Temur hayotining burilish pallalaridan biriga bag‘ishlangan sahifadan parcha keltiraylik:
«Movarounnahrda chingiziylarning1 jabru zulmi kuchayib ketdi. Ular sayyid va sayyidzodalardan yetmish kishini asir olib qamab qo‘ydilar... Men bu mazlumlarni zolimlar zulmidan xalos qildim. Bu ish chingiziylarning menga nisbatan dushmanlik qilishiga sabab bo‘ldi... Xon meni o‘ldirish haqida yorlig‘ yubordi. Bu yorlig‘ mening qo‘limga tushib qoldi... Barlos qavmining bahodir yigitlarini o‘z atrofimda to‘plab, ularni birlashtirdim. Menga bo‘ysunib, ko‘makdosh bo‘lishga rozilik bergan birinchi kishi — Iki Temur bo‘ldi, ikkinchisi Joku barlos edi...
Mamlakatning ulamo va mashoyixlari fatvo yozib berdilar... «Musulmonlarning yeri, molu mulki, nomusi va joniga zulm-sitam qo‘lini cho‘zgan chingiziylarni daf’ qilishda barcha ahli islom mol va jonlarini ayamay Temurbekka yordamlashsinlar...»
Bu fatvoni menga ko‘rsatganlaridan keyin jangu jadal bayrog‘ini ko‘tarib, chingiziylar ustiga lashkar tortishga qaror qildim... Lekin bir necha razil kishilar bu sirni fosh qilib qo‘ydilar... Shundan keyin o‘ylanib qoldim. Yaxshisi shahardan chiqib, Samarqand tog‘larida joylashay. Toki menga qo‘shilishni istaganlar huzurimga kelsinlar... Samarqanddan chiqqanimda oltmish otliqdan boshqa bir kishi ham menga ergashmadi.
... Tog‘da bir hafta yotdim, biror kishi bizga kelib qo‘shilmadi»2
Bu hodisalarni faqat o‘zi boshidan kechirgan odamgina shunday aniq, tiniq va ta’sirli hikoya qilib berishi mumkin. Temurbek o‘z xotiralarida yoshlik yillarida boshdan kechirgan voqealarni hikoya qilar ekan, biz buni nasrda yozilgan qahramonlik dostonidek, muxtasar bir romandek ta’sirlanib o‘qiymiz.
Amir Temur yigirma olti yoshida 1362 yilda Samar qandda mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurash bayrog‘ini ko‘tarib chiqqanda hali ko‘pchilik odamlar xalq ozodlik harakatiga tayyor emas edi. Shafqatsiz mo‘g‘ul qo‘shinlariga qarshi jang maydoniga chiquvchilar juda kam edi. Amir Temur oltmish yigiti bilan Tug‘luq Temurxonning o‘ttiz ming kishilik lashkariga bas kelolmasligini sezib, tog‘larda yashirinib yuradi, keyin Xorazmga borib panoh topmoqchi bo‘ladi.
Ammo Mo‘g‘ul xoni Amir Temurni o‘ldirganlarga yoki tirik tutib berganlarga katta mukofotlar va’da qilgan edi. Shu mukofotdan umidvor bo‘lgan xivalik Tavakkal degan bek Qoraqum sahrosida Amir Temurga qarshi ming kishilik qo‘shin bilan jang qiladi.
Bu jangda Amir Temur qahramonlik ko‘rsatib, shunday ko‘p sonli g‘animni yengadi. Lekin uning o‘ntagina odami tirik qoladi. Shulardan yettitasi otliq. Qolgan otlar ham jang maydonida halok bo‘lgan.
Amir Temurning yoshgina rafiqasi O‘ljoy Turkon og‘a ham safarda birga ekan. Amir Temur otiga rafiqasini mindirib, o‘zi piyoda qum barxanlari osha janubga — Xuroson tomonga yo‘l oladi.
Moxon degan joyda, qadimgi Marv shahri yaqinida ularni Alibek Jonqurboniy degan hokim o‘z navkarlariga tutdirib, bir uyga qamab qo‘yadi.
Amir Temur bunday adolatsizlikka ko‘nikib bo‘yin egadigan odamlardan emas edi.
«Tutqunlikdan qutulish chorasini izlab, o‘z-o‘zim bilan kengashdim, - deyiladi Tuzuklarda, - Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi. Bor kuchim va chapdastligimni ishga solib, soqchilardan birining qo‘lidagi qilichini tortib oldim. Soqchilarga hamla qilgan edim, barisi qo‘rqib qochdi.
Qilich ko‘targancha to‘g‘ri Alibekning ustiga bostirib bordim. Qilich tutganimni ko‘rib qo‘rqdi. Qilgan nomunosib ishidan pushaymon bo‘lib, mendan uzr so‘radi»3.
Amir Temur umr yo‘ldoshi bilan hibsdan qutulgandan keyin Xuroson tomonlarga boradi, uning atrofiga bir necha yuz tarafdorlar to‘planadi. Hali bu kuch bilan Tug‘luq Temurxonning ko‘p ming kishilik qo‘shniga bas kelib bo‘lmas edi.
«Ikki yuz odamimni Buxoro atroflariga tarqatdim, - deb hikoyasini davom etdiradi Amir Temur, -O‘ljoy Turkon og‘ani ham yashiriqcha o‘sha yerda qoldirdim, o‘zim Samarqandga yo‘l oldim... Yashirincha ulus oralab, ikki mingga yaqin kishini ittifoqdosh qildim. Samarqand uzra saltanat bayrog‘ini ko‘targudek bo‘lsam, ular yordamga keladigan bo‘ldilar. Tunda pinhona Samarqandga kirdim va katta opam Qutlug‘ Turkon og‘aning uyiga joylashdim. Kechayu kunduz fikr og‘ushida chora-yu tadbir izladim. Shu tariqa qirq sakkiz kun yashirinib yotdim. Oxiri shaharliklarning bittasi mening bu yerga kelganimni payqab qoldi. Sirim ochilishiga oz qolganda, nochor, birga kelgan ellik yigitimni olib, kechasi Samarqanddan chiqib ketdim»4.
«Samarqand uzra saltanat bayrog‘ini ko‘tarish» - chingiziylarni Turondan quvib yuborib, mustaqil davlat tuzish degan gap edi. Bu ulug‘ maqsadga yetish yo‘lida Amir Temur yana ko‘p xavfu xatarlarni, sargardonliklar va og‘ir ko‘rguliklarni boshdan kechiradi.
«Qandahor tomon ketayotib, Xilmend daryosining bo‘yiga yetganimda... Garmsir viloyatining xalqi va sipohidan qariyb ming otliq turk va tojik menga qo‘shildi, – deyiladi Tuzuklarda. — «Seyiston valiysi... elchi orqali sovg‘a-salom yuborib, mendan yordam so‘radi, «dushmanlarim menga zulm o‘tkazib, yetti qal’amni tortib oldilar, agar Amir Temur bu qal’alarni dushman qo‘lidan xalos qilsalar, askarlariga olti oylik oziq-ovqat yetkazib berar edim» degan va’dani berdi. Men Seyiston tomonga qo‘shin tortdim, yetti qal’adan beshtasini kuch va tadbir bilan qo‘lga kiritdim. Buni ko‘rib, Seyiston valiysining diliga qo‘rquv tushdi. «Agar Amir Temur bu yerlarda turib qolsa, Seyiston mulki uniki bo‘lishi aniqdir», degan xayol bilan valiy tunda menga qarshi tajovuz qildi, bexosdan ustimga qo‘shin tortib bostirib keldi... Ilojsiz jangu jadalga kirishdim.
Bir o‘q kelib bilagimga qadaldi, yana bir o‘q oyog‘imni yaraladi... shunga qaramay, jangni ular ustidan g‘alaba qilguncha davom ettirdim... Garmsir viloyatida ikki oy yaralarim bitguncha qolib ketdim»5 .
Mana shu parchaning tahliliga batafsilroq to‘xtalish joizdir. Chunki bu yerda Amir Temur hayotining eng dramatik voqealari mardona vazminlik bilan, qisqa, ravon va juda ta’sirli qilib aytib berilgan. Bu lavhalar xuddi badiiy asardek o‘qiladi.
Badiiy adabiyotda «muallif obrazi» degan tushuncha bor. Voqealar birinchi shaxs nomidan tasvirlangan asarda ko‘pincha muallif bosh qahramon sifatida gavdalanadi.
Yuqorida keltirilgan lavhalarda ham bosh qahramon – Amir Temurning o‘zidir. Muallifning so‘zlash tarzi, uslubiy o‘ziga xosligi orqali biz uning fe’li-atvorini tasavvur eta olamiz.
Amir Temurni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tarixchi Ibn Arabshoh uning qiyofasini quyidagicha tasvirlagan:
«Temur baland bo‘yli, qadimiy pahlavonlarday ulkan qomatli, yelkalari keng, boshi shernikiday katta, barmoqlari yo‘g‘on, oqu-qizil tiniq yuzli, yo‘g‘on ovozli, ikki ko‘zi bamisoli ikki yoniq shamday olovli, badani pishiq, xuddi tosh misoli qattiq, o‘limdan qo‘rqmaydigan iztirobsiz, vazmin odam edi»6 .
«Temur tuzuklari»dan keltirilgan lavhalar Ibn Arabshoh tasvir etgan qahramon qiyofasiga mantiqan to‘g‘ri keladi. Amir Temur o‘limdan qo‘rqmaydigan botir yigit bo‘lgani uchun mo‘g‘ul istilochilariga qarshi kurash maydoniga chiqadi. Bu maydonda u mardona jang qiladi, oltmish yigiti bilan ming kishilik Tavakkal botirni yengadi. Uning jo‘mardligi– yoshgina xotinini otga mindirib, o‘zi qum barxanlari osha piyoda yurganida ham ko‘rinadi. Alibek Jonqurboniy zolimlik qilib uni qamab qo‘yganda Amir Temurdan boshqa zaifroq odam bo‘lsa umidsizlikka tushib, «oh-voh!» qilishi, fig‘oni ko‘kka chiqishi mumkin edi. Lekin Amir Temur yana o‘sha vazminlik bilan najot yo‘lini izlaydi, o‘zi-o‘zi bilan kengashadi. «Tangrining inoyati yetib, bahodirligim tutdi» deydi. Bu bahodirlik – o‘limga qarshi tik bora olish, bor kuchi va chapdastligini ishga solib, g‘anim bilan olisha bilish ilhomiga o‘xshaydi.
Qamoqxona eshigi oldida turgan soqchining beparvo paytini topib, to‘satdan uning qilichini tortib olganda sherday g‘azabnok Amir Temurning vajohati soqchini qanchalik qo‘rqitib yuborganini muallif – qahramonning gap ohangidan payqaymiz. Ko‘zlari olovday yongan, shersifat pahlavon qo‘lida yalang‘och qilich bilan Alibek Jonqurboniy qarshisida to‘satdan paydo bo‘lganda bu zolim ham beixtiyor qo‘rqib ketganiga va Temurbekni nohaq qamatgani uchun uzr so‘raganiga biz yana muallif obrazining haqqoniyligi tufayli ishonamiz.
O‘z oldiga Vatanini bosqinchi mo‘g‘ullardan ozod qilish kabi ulug‘vor maqsadni qo‘ygan Temurbek yashiriqcha Qarshi va Samarqandga boradi. Ikki mingga yaqin tarafdorlar topadi. Lekin mo‘g‘ul xoni 20-30 ming qo‘shini bilan mamlakatni asoratda tutib turibdi. Hali unga qarshi qilich yalang‘ochlaydigan vaziyat yetilgan emas.
Temurbek sabr-bardosh bilan qulay paytni kutadi, Samarqandda egachisi Ulug‘ Turkon og‘aning uyida 48 kun yashirinib yotadi. Shu kunlarning oxirida bir begona odam uni ko‘rib tanib qoladi.
Dushman qo‘liga tushmaslik uchun Temurbek yana ellik yigiti bilan Samarqandni tunda yashiriqcha tark etadi.
Qochqinlik va sargardonlik bir necha yil davom etadi. Xurosonga borganda Garmsir viloyatining mingga yaqin turku-tojik yigitlari uning qo‘shinlari safiga kiradi. Bu navkarlarni oziq-ovqat va qurol-yaroq bilan ta’minlash zarur. Ana shu hayotiy zarurat tufayli Temurbek Hirotdan janubroqda joylashgan Seyiston o‘lkasining hukmdori Malik Mahmud bilan ittifoq tuzib, shartlashadi. Qo‘shinning olti oylik oziq-ovqat zahirasi evaziga Temurbek Malik Mahmudga yordamga boradi. Temurbek ittifoqdoshlik shartini mardona bajaradi. Ammo Malik Mahmud nomardlik qiladi, yelkadan pichoq urganday bo‘ladi.
Avvalgi dahshatli qirg‘indan omon chiqqan Temurbek bu gal og‘ir yarador bo‘ladi. Tafsiloti aytilmagan bo‘lsa ham, biz olchoq «ittifoqdosh» Mahmudning tunda to‘satdan qilgan hujumi paytida Amir Temur zirhli kiyimlarini kiyishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilamiz. Shu ham sabab bo‘lib, birdan ham o‘ng qo‘liga, ham o‘ng oyog‘iga o‘q tegadi. Agar o‘q tekkan zahoti yaralarning qonini to‘xtatib, muolaja boshlansa, oqibati bunchalik yomon bo‘lmasligi mumkin edi. Lekin Temurbek odati bo‘yicha jangni g‘alabaga erishguncha davom ettiradi. Shundan keyin ikki oygacha yaralari tuzalmay betob bo‘lib yotganiga qaraganda, ahvoli juda og‘ir bo‘ladi.
Bu voqealarni hikoya qilib bergan muallifning qahramonona xarakterini yana uning bosiq, vazmin va mardona gap ohangidan ilg‘ab olamiz. Boshqa ta’sirchanroq odam bo‘lsa, yaxshilikka yomonlik qilgan Malik Mahmudni «xoin, ablah» deb qoralab, bu baxtsiz hodisani kuyib-yonib hikoya qilib bergan bo‘lardi. Chunki shu hodisa tufayli Temurbek ko‘p aziyatlar chekdi.
Taqdir taqozosi bilan Amir Temur vatanini mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qiladi, qudratli davlat tuzadi va 1383 yilda, ya’ni oradan 21 yil o‘tgandan keyin Seyistonga qo‘shin tortib boradi. Seyiston valiysi Malik Mahmud hali tirik ekan, asir tushadi. Sharofiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida yozilishicha, Amir Temur uni o‘shanda xoinlik qilib otgan kamon o‘qlari bilan otib o‘ldirishni buyuradi7 . Olchoq g‘animga qasos qaytadi.
«Temur tuzuklari»dagi jumla tuzilishlari, mohiyat va ma’noning behad quyuqlig‘i «Alp Er To‘nga» dostonini va tosh bitiklardagi Bilga Xoqon va Kultegin tarixlarini eslatadi. O‘sha qadimiy dostonlar va tosh bitiklarda ko‘ringan mardona uslub, mohiyat va ma’noni turkiy tilda qisqa, lo‘nda va rostgo‘ylik bilan ifodalash an’anasi «Temur tuzuklari»da yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi.
«Saltanat to‘nini kiygach, tinchligu sog‘ligim ketdi, – deydi Amir Temur. – Huzur-halovatdan voz kechdim. O‘n ikki yoshimdan turli diyorlarni kezdim, ranju mehnat tortdim»8 .
Muallif faqat erishgan yutuqlari haqida emas, yo‘l qo‘ygan xatolari to‘g‘risida ham rostgo‘ylik bilan yozadi:
«Yaqinlarimdan ba’zilari yolg‘iz qolganimizda va odamlar oldida ulug‘ va e’tiborli amirlarimdan bo‘lgan Amir Abbos haqida yomon gaplarni aytdilar. Yolg‘on so‘zlar shamoli bilan g‘azabimni alangalantirdilar. Natijada gaplarini tekshirib ko‘rmasdan Amir Abbosni o‘limga buyurdim. Lekin keyinchalik ularning Amir Abbosga hasad va dushmanlik bilan yolg‘on gapirganlari aniqlandi. Men qilgan ishimdan o‘kinib, juda pushaymon bo‘ldim»9 .
Shu o‘rinda «Temur tuzuklari» to‘laqonli realistik asarlardagina bo‘ladigan iqror lavhalarini esga soladi.
Hajm jihatidan uncha katta bo‘lmagan bu asarning mohiyati va ma’nosi ba’zi ko‘p jildlik romanlarga ham sig‘masligi mumkin. Lekin Amir Temurning maqsadi farzandlar va avlodlariga o‘z hayotiy tajribasini aniq-ravshan shaklda yetkazib berish bo‘lganligi uchun boshqa tarixnavislar uddalay olmagan ishni u o‘zi qilishga intiladi.
«Zafarnoma»lar uning harbiy yurishlari haqida ancha to‘liq ma’lumot beradi. Amir Temur shuni bilganligi uchun To‘xtamishxonga qarshi yurishi va Yildirim Boyazid bilan qilgan jangi to‘g‘risida juda qisqa – bir bet, hatto yarim bet yozadi. Ammo tarixchilar uncha yaxshi yoritolmagan mavzularga ataylab batafsilroq to‘xtaladi.
Ana shu mavzulardan biri – sarkardalik mahorati haqidadir.
«Yaxshi lashkarboshi o‘zini va qo‘l ostidagi to‘qqiz sipohiy favjini10 bir tanadek ko‘rsin, ularni shu yaxlit tananing qo‘li, oyog‘i, boshi, ko‘kragi va boshqa a’zolaridek ishlatib kurashuvchi bir pahlavondek hisoblasin...
... Bordi-yu, lashkarboshining o‘zi qilich chopishga majbur bo‘lsa, iloji boricha o‘zini o‘limdan saqlasin. Chunki lashkarboshining o‘limi o‘rduga badnomlik keltiradi, g‘anim lashkarining g‘alabasiga sabab bo‘ladi»11.
Amir Temurning daho darajasidagi sarkarda bo‘lganini butun dunyo tan oladi. Uning harbiy san’ati «Temur tuzuklari»ning badiiy tilida o‘zining yorqin ifodasini topgani yuqoridagi satrlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. U 200 ming kishilik ulkan lashkarni xuddi o‘z tanasidagi a’zolarini kurashda yaxshi ishlata oladigan mohir pahlavondek ishlata olgan va buni qo‘l ostidagi lashkarboshilarga, o‘z avlodlari va vorislariga obrazli tafakkur yordamida o‘rgatgan.
O‘nlab askariy qismlarni xuddi o‘z tanasining a’zolari kabi ichdan his qilib boshqarish – badiiy tasvir nuqtai nazaridan baholaganda obrazli tafakkurning ajoyib bir namunasidir.
Asarning ikkinchi qismidan qonun kuchiga ega bo‘lgan 27ta tuzuk o‘rin olgandir. Ulardan birinchisi «Mening dargohimga iltijo qilib, panoh istab kelgan turku tojik, arabu ajam toifalaridan bo‘lganlar borasidagi tuzuk» deb ataladi.
«Agar kasbu hunar, ma’rifat ahllaridan bo‘lsalar, buyurdimki, xizmat o‘rinlarini belgilab, saltanat korxonalaridan yumush berilsin... Dehqonlar va ra’iyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tekin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining imorati buzulib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalar bilan yordam ko‘rsatilsin»12.
Bu satrlarda biz Amir Temurning chingiziylar istilosidan qutulgan el-yurt hayotida chinakam burilish yasaganini, hunarmandga ham, ma’rifat ahliga ham, dehqonga ham, oddiy fuqaroga ham iloji boricha yaxshilik qilishni tuzuklar orqali qonun darajasiga ko‘targanini ko‘ramiz.
«Temur tuzuklari»ni muallif umrining oxirgi davrida avlodlarga meros tarzida yaratib ketgan. Bu madaniy merosning dunyoga kelganiga 600 yil bo‘lyapti. Shu olti asr davomida O‘zbekiston tuprog‘ida paydo bo‘lgan eng ulug‘ tarixiy, adabiy va lisoniy yodgorliklarning oldingi qatoridan «Temur tuzuklari» o‘rin olishga munosibdir.
Shu vaqtgacha Amir Temur haqida butun jahonda yuzlab adabiy asarlar yaratilgan bo‘lsa, ular orasida Amir Temur obrazini eng haqqoniy va yorqin aks ettirgan kitob «Temur tuzuklari»dir. Biz bu asarning tili va tasvir vositalari orqali Amir Temurning yashash va so‘zlash tarzi, uning ichki dunyosi va fe’lu atvori to‘g‘risida tasavvur hosil qilamiz. Bunday tasavvurni faqat realistik adabiy asargina berishi mumkin.
«Temur tuzuklari» o‘zbek adabiyotida bundan olti asr burun realizmni boshlab bergan avtobiografik asar sifatida yuksak darajada qadrlanishi kerak. Amir Temur Nizomiddin Shomiy kabi adiblar oldiga ham realistik talablar qo‘ygani, lof va mubolag‘aga berilmasdan, chin haqiqatni barchaga yetib boradigan tushunarli tilda yozishga da’vat etgani bugungi adabiy avlodlar uchun ham yuksak bir ijodiy saboq bo‘lib xizmat qiladi.
___________________
1 Asarda "O‘zbeklarning" deyilgan, lekin chingiziylar nazarda tutilgan.
2 "Temur tuzuklari", 1991 y., 20-21-betlar.
3 O‘sha kitob. 22-bet.
4 O‘sha kitob. 24-bet.
5 O‘sha kitob, 24-25 betlar.
6 Ibn Arabshoh, Amir Temur tarixi, 1992 y., II jild, 65-bet.
7 Qaralsin: «Temur tuzuklari», 1991 y. 251-bet.
8 O‘sha kitob, 54-bet.
9 O‘sha kitob, 73-bet.
10 Favj – hozirgi batalon tushunchasiga to‘g‘ri keladi.
11 O‘sha asar. 101-102-betlar.
12 «Temur tuzuklari», 1991 yil, 67-bet.
Pirimqul Qodirov. Amir Temurning olamshumul ijodiy merosi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 14-sonidan olindi.