OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qurdosh Qahramonov. «Qushdan ildiz oldim qanotni guldan»

http://ziyouz.uz/images/eshqobil_shukur.jpg

Saksoninchi yillar avvalida ijod maydoniga kirib kelgan yosh iste’dod sohibi Eshqobil Shukur she’rlari asosini botiniy olam manzaralari tashkil etdi. Bu olam turfa xil timsolu tasvirlar, shakllarda namoyon bo‘lsa-da, bosh maqsad-muddao o‘zgarmadi — ko‘ngilga qarab evrilish, o‘zlikni izlash yetakchi mavzu bo‘lib qoldi.

Shoir ilk ijodiy izlanishlarida ustozlardan ta’sirlanib, xalq og‘zaki ijodi ohanglaridan ma’naviy oziq olib she’rlar bitdi, badiiy topilmalari, ohorli tashbehlari e’tiborga tushdi. “Umid kechasi” shunday she’rlardan biri. Munojot ruhida bitilgan she’rda lirik qahramonning hayajoni, zamondoshiga, xalqiga ehtiromi hamda ozodlik yo‘lidagi intilishlari aks ettirilgan. Shoir o‘sha davr she’riyatiga xos samoviy malaklar, muqaddas ruh, ismsiz daho, dardmand singil, xoin do‘st, qizg‘aldoq kabi poetik obraz va timsollar orqali xalqni asriy orzu-umidlar yo‘lida sobit bo‘lishga chorlaydi, uni sharaflaydi. She’rdagi “Tog‘larning ko‘ksida yurak loladay”, “Osmon yechib tashlar ko‘ylaklarini”, “Armonga aylangan tirnog‘im bilan // Yurak po‘stlog‘iga yozaman doston” kabi qalb kechinmasining poetiklashgan manzaralari shoir iqtidorini namoyon etdi.

Eshqobil Shukurning bu turkumdagi she’rlaridan farqi o‘laroq, ­xalqimizning o‘zligini namoyon qiluvchi narsa-hodisalarni poetik obraz yoki timsol darajasiga ko‘tarib, lirik “men” ruhiyati dardlari bilan bog‘lab talqin etgan “Chanqovuz”, “Ko‘pkari”, “Sholi qo‘riqchisi”, “Chimildiq” she’rlarida milliy udumlar aks etgan bo‘lsa, “Ko‘nglimni toshga yordim”, “Sochlari sumbul-sumbul”, “Shikasta-shikasta” kabi xalq og‘zaki ijodi ohanglarida bitilgan she’rlari, “Mengim momoning yo‘qlovi” marsiyasida ham shu xususiyat bo‘rtib ko‘rinadi. Bu ­she’rlarning o‘ziga xosligi an’anaviy bo‘lmagan ifoda va usullarni qo‘llashda, poetik obraz(“chanqovuz”)ni qalb evrilishi bilan bog‘lab ­talqin eta bilishdadir.

Tilim tiyildi mening, so‘zim qiyildi mening,
Po‘lat til topib oldim, havo so‘z topib oldim.

Chanqovuzning po‘lat til, havo so‘zga o‘xshatilishida, albatta, botiniy ma’no yashirin. Lekin uning zohiriy ma’nosida ham topqirliq bor. Chanqovuzning chalinishida til va havoning ishtiroki bu o‘xshashlik ma’nosini poetiklashtirishga xizmat qilishi bilan ibratli. Bu — shoirning boshqalarnikiga o‘xshamagan poetik topildig‘i, kashfiyoti. She’rda har bir baytdan keyin takrorlanib keladigan naqoratda birgina so‘zning almashishi dardning ko‘lamini, ruhning mavjini, eng muhimi, poetik mazmunning ko‘lamdorligini ifodalashga xizmat qilgan. “Ko‘pkari”, “Mengim momo yo‘qlovi” kabi asarlarida ham shoir mazmunga mos ifoda, ohang va tasvirni berolgan. Ko‘pkari chavandozdan jasorat, uddaburonlik, shavq va tezkorlikni talab etadigan udum. She’r ohangida ayni jihatlar mujassam:

“Hayt!” dedi, uloq ketdi,
O‘rtada taboq ketdi.

“Mengim momo yo‘qlovi” she’ri esa ota-yurt, Vatan sog‘inchi haqida. Sho‘ro to‘ntarishi davrida dushmanlardan qochib xorijga ketishga majbur bo‘lgan Mengim momo kindik qoni to‘kilgan yurtga qaytolmay, armon azobida qovuriladi. She’rda shunchaki yurt sog‘inchini tasvirlash maqsad qilinmagan, balki sog‘inch degan dardning ko‘zyoshlarday quyilib, misrama-misra, bandma-band tobora kuchayib, avj pardada yurak bilan birikib ketishini ko‘ramiz: “Go‘rim o‘z yuragimda// Yurakda bordir Vatan. Qishloqdan kiyib kelgan// Ko‘ylagim bo‘lsin kafan”.

Shunga ko‘ra shoirning aksariyat she’rlaridagi yetakchi poetik obraz lirik qahramonning botiniy olami, ko‘ngildir, desak yanglishmaymiz. Har bir she’rda ko‘ngilning o‘ziga xos qirralari namoyon bo‘ladi. Ularning nomlanishi turlicha: ko‘ngil, dil, yurak va hokazo. Bu poetik obraz va timsollarning ifoda shakli turli-tuman, ular sifatlashlaru tashbehlarga nihoyatda boydir. Eshqobil Shukur she’riyatidagi obraz va timsollarning ifoda ko‘lamini tasavvur etish uchun uning butun ijodi bilan tanish bo‘lish lozim. Shoir ko‘ngil manzaralarini turli poetik holatlarda tasvirlaydi. An’anaviy poetik manzara va ifodalar bilan kutilmagan, noan’anaviy tasvirlar o‘zaro birikib, uyg‘unlashib ketadi. Biroq bu ifodalarda soxtalik, zo‘rakilik yo‘q. Ularda xuddi tog‘dan quyiga toshdan-toshga urilib yelayotgan suvning shiddati-yu o‘ziga xos tabiiy musiqasini his etganday bo‘lasiz. Tasvirdagi shiddat va musiqaviy ohang — Eshqobil Shukur she’riyatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Shunga ko‘ra shoir she’rlarida qo‘llangan poetik so‘z va tashbehlar ko‘povozli, olmosday tovlanuvchan. Ularda kamalak jilosini ko‘rasiz. Poetik mazmun turfa xil: goh real, goh timsoliy, ba’zan oshkor, ba’zida pinhona, ham dardchil va ham sururli. Lekin ularning barchasini bitta ­mahrajda birlashtirib turadigan asos – bu Eshqobil Shukur “men”i. Uning ko‘ngil ko‘chasidir.

Shoir she’rlarida ko‘ngilning xilma-xil suvratlari chizilgan. Bu suvratlar ba’zan hissiyot va fikr uyg‘unligida kelsa, ba’zan tasavvur hayotiy mantiqni, real voqelikni o‘ziga singdirgan bo‘ladi. Shoirning “Yolg‘izlik...” she’rini o‘qir ekansiz, daf’atan ko‘z oldingizga muallaq chayqalib turgan yurak namoyon bo‘ladi.

She’rdagi “Sen” va “Men” poetik obrazlarini turlicha talqin qilish mumkin. “Men” va “Sen” ko‘ngilning botiniy va zohiriy olami. Shoir ushbu poetik obrazlarning o‘zaro munosabati orqali yuzaga kelayotgan qalb kechinmasining o‘ziga xos tasvirini chizadi. Shoirning mahorati shundaki, she’rdagi poetik obrazlarning xatti-harakatlari hayotiy, real voqelik sifatida jonlantiriladi. “Sen”ni zohiriy olam sifatida ham talqin etish mumkin. U ijtimoiy voqelik, sevikli yor, sadoqatli do‘st ham bo‘lishi mumkin. Gap uning kim yoki nimaligida emas, balki botinga ko‘rsatayotgan ta’sirida, “Men”da hosil bo‘layotgan kechinmaning darajasida.

Xullas, shoirning o‘zi e’tirof etganidek: “Yuragim o‘zimdan bo‘shagan sari // To‘lib boraverar yuragim”. Ana shu to‘lib borayotgan yurak mavjlari Eshqobil Shukur she’riyatining asosiy mazmuni, desak yanglishmaymiz. She’rlarida ko‘ngilning poetik suratini chizar ekan, shoir o‘ziga xos ifoda usuli – muloqot shaklidan mohirlik bilan foydalanadi: go‘yo yuragini shundoq yoniga qo‘yib, u bilan dard-lashayotgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Bu muloqot turli shaklda keladi: birida daraxt timsolida olis bolalik xotiralari eslansa, birida guldirab ishlashini orzu qilgan tegirmon timsolida.

Eshqobil Shukur she’riyatiga xos yana bir xususiyat ularda shoir shaxsining faol ishtirokida kuzatiladi. Bu faollik ba’zan lirik “Men” bilan uyg‘un tarzda kelsa, ba’zan ­“Men”dan tashqarida “Eshqobil Shukur” obrazida keladi. Bu xususiyatni “To‘qqizinchi fevral”, “Sehr”, ­“Bunga bir yildan so‘ng...” kabi ­she’rlarida ko‘rishimiz mumkin.

Buyuk bobokalonimiz Alisher ­Navoiy tavallud topgan kunga atab yozilgan “To‘qqizinchi fevral” she’rida shoirning vatanparvarlik pozitsiyasi yuqori pardalarda ifoda etilgan. She’r onaga murojaat tarzida bitilgan. She’rning har bir bandida ­shoirning munosabati aniq-tiniq aks etgan.

Men ertaga o‘laman, ona.
Agar, sen bu kecha boshimda
O‘zbek tilidagi qo‘shiqlarni aytib turmasang.

Shu tariqa faol munosabatdagi lirik qahramon she’rning keyingi bandlarida ham ona, Vatan va millat taqdiriga daxldor ezgu tilaklarni bayon etadi, ya’ni onalarimiz buyuk shoirlarni dunyoga keltirishi, ­baxshilar “Alpomish” dostonini ­tonggacha kuylashi, daraxtda qushlar “Lison ut-tayr”ni takrorlashi...

She’r yakunida ezgu tilaklari ijobat bo‘ladi: kelinlar buyuk shoirlarni tug‘adi; baxshilar “Alpomish”ni tonggacha kuylaydilar; daraxtlarning shoxlarida qushlar Navoiy tilidan sayraydilar. “Men hech qachon o‘lmayman, Ona!” satrida esa, shoir “men”i umumlashma obraz — Vatan va millat timsoliga aylanayotir.

“Sehr” she’rida ham shoir shaxsi bo‘rtib ko‘rinadi. She’rda shoir ­“Men”idagi evrilish – ko‘ngilga she’r sururining quyulishi, shoirlik qismatining qaror topishi ifodalangan. Bu she’rning har to‘rt misrasi oxirida takrorlanib keladigan “Eshqobil emasman endi men” degan iqrorda aks etadi. Shoir o‘zlikdagi bu o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan omillarni sehr deya ataydi. Xo‘sh, bu qudratli sehr nima: bu — shoir she’rlarida bot-bot takrorlanadigan “sen” va “men” – zohir va botin aro kechadigan munosabatning yangilanishi. “Sen”dagi o‘zgarish “Men”ning tilini oltin baliqchaga aylantiradi, ko‘zlarining topildig‘ida yangilanayotgan Eshqobilni suratlantiradi...

Kecha dildan qoldi, qoldiya tildan,
Nafas torlarimda uxlayotgan Sen.
Qushdan ildiz oldim, qanotni guldan,
Eshqobil emasman endi men.

“Bunga bir yildan so‘ng...” deb boshlanuvchi she’rda ham komponentlarni birlashtirib turuvchi yetakchi poetik obraz “Eshqobil”. She’rning har bir epizodi(to‘rtligi)da gullar bir yildan keyin, beva shamollar o‘n yil, turnalar esa yuz yildan so‘ng ­Eshqobilni so‘roqlab kelishadi. Va bir xil javobni “Eshqobil uyda yo‘q” “...Yerda yo‘q”, “...Ko‘kda yo‘q” degan ­javobni olishadi.

Bu o‘tar dunyoda ming yil ham o‘tar,
Kelarsan... Yer-Osmon botadi terga,
Shunda kesaklardan o‘t chiqib ketar.
“Eshqobil shu yerda!”

Shoir she’rda abadiyatga daxldor ijodkor qismatini shu tariqa poetiklashtiradi, unga “Eshqobil” obrazini faol aralashtirib, joziba va ­originallik baxsh etadi, falsafiy mazmun bilan boyitadi.

Albatta, bir maqola doirasida shoir ijodining barcha qirralarini qamrab olish qiyin. Eshqobil Shukurning mumtoz adabiyot an’analaridan ta’sirlanib bitgan turkumlari, falsafiy she’rlari, istiqlol davrida chop etilgan asarlarida poetik mahorati yuksalib, qalb ko‘zining ochilgani uning ijodiga alohida joziba baxsh etadi. Xususan, “Ko‘z yumib ko‘rganlarim” she’rlar kitobining “Yilning eng yaxshi she’riy to‘plami” nominatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lgani ham fikrimizga bir dalildir.

 Qurdosh Qahramonov,

filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 16-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.