OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahima Shirinova. “Kecha va kunduz” romani fransuz tilida

Mustaqillik davrida o‘zbek-fransuz tarjimachiligi tom ma’noda yangi, yuqori bos­qichga chiqdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, fransuz adiblarining asosan vositachi til orqali tarjima qilinib kelgan durdona asarlari bu davrga kelib bevosita, ya’ni asliyatdan ona tilimizga o‘girila boshlandi.

Jumladan, F.Moriakning “Ilonlar changalida” romani (1995, Sh.Minavarov), Volterning “Zadig yoki taqdir” qissasi (1995, R.Qilichev va M.Xolbekov), Sh.L.Monteskening “Fors nomalari” romani (1999, Sh.Minavarov, R.Qilichev, H.Orziqulov), L.Kerenning “Amir Temur saltanati” romani (1999, B.Ermatov), Sh.Perroning “Ona g‘oz ertaklari” (2000), Le Klezioning “Mondo” (2000, Sh.Minavarov) hikoyalar to‘plamlari fransuz tilidan o‘zbekchalashtirildi.

Fransuz-o‘zbek badiiy tarjimachiligining rivojlanishi ikki til tarjimashunosligi uchun ham o‘ziga xos voqea. Yurtboshimizning o‘zbek adabiyoti namunalarini bevosita chet tillariga tarjima qilishga oid ko‘rsatmalari bu sohada olib borilayotgan ishlarni jonlantirib yubordi. Bir qancha o‘zbek yozuvchilarining hikoyalari fransuz tiliga o‘girildi, ammo tarjimashunoslik sohasida tadqiqot olib borayotgan izlanuvchi sifatida o‘zbek tilidan fransuz tiliga bevosita ag‘darilgan biror bir salmoqli asarning yo‘qligi meni o‘ylantirib kelardi. Chunki zamonaviy tarjimashunoslikda tadqiqotning aynan o‘zbek tilidan bevosita chet tiliga tarjimalar tadqiqiga bag‘ishlanishi ma’qul, albatta. Shu ma’noda, Fransiyaga safarim chog‘ida qo‘lga kiritganim — 2009 yili fransuz tarjimoni Stefan Dyuduanon tomonidan o‘zbek tilidan bevosita fransuzchaga tarjima qilingan Cho‘lponning «Kecha va kunduz» nomli (“Nuit” — “Tun”) romani ilmiy tadqiqotim uchun bebaho manba bo‘lib xizmat qildi.

Abdulhamid Sulaymon Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani yaratilganiga 80 yildan oshgan bo‘lsa-da, hamon o‘zbek kitobxonlarining mehriga sazovor bo‘layotgani, mazkur asarga fransuz kitobxonlarining ham qiziqishi borligi qalbimni g‘urur va iftixorga to‘ldirdi. Asar tarjimasini amalga oshirgan tarjimon, osiyoshunos tadqiqotchi S.Dyuduanon 1962 yili Belgiyada tavallud topgan, ayni paytda Parijdagi Sorbonna universitetida ilmiy-ijodiy faoliyat olib bormoqda. U XVIII asrning oxiridan 1937 yilgacha bo‘lgan davr Markaziy Osiyoda islom tamadduni va islohotlar harakati mavzuida ilmiy izlanishlar muallifi hamdir.

Tadqiqotchi 1994 yildan 1997 yilgacha O‘zbekistonda bo‘lib, O‘rta Osiyo madaniyatini o‘rgangan. Ushbu mavzuda hujjatli filmlar ham yaratgan. S.Dyuduanon “Markaziy Osiyo san’ati” (Cahier d’Asie centrale) “Dunyo musulmonlari va O‘rta yer dengizi” (La Revue des mondes musulmans et de la Myditerranye) jurnallari hay’ati a’zosi.

Ma’lumki, bizgacha “Kecha va kunduz”ning “Kecha” qismi yetib kelgan. Asar millatimizga xos himmat, ibo-hayo, soddadillik kabi fazilatlar, xalqimizning urf-odati, turmush tarzi aks ettirilgan voqea va hodisalarga boy. Tarjimon har bir so‘z, har bir holat va voqea-hodisa tarjimasi ustida chuqur izlanganki, asarning fransuzcha tarjimasini o‘qish jarayonida bu yutuqlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, o‘zbek xalqi mentalitetiga xos madaniy atributlar, masalan, chaqirganda “labbay” deb javob berish, turmush o‘rtog‘ini to‘ng‘ich farzandining ismi bilan chaqirish kabi bir qator milliy-madaniy odatlar va realiyalar tarjima tiliga munosib tarzda ko‘chgani diqqatni tortadi. Darvoqe, qiyosiy tarjimashunoslik oldida turgan dolzarb vazifalardan biri ham mutarjimlarning milliy mentalitetga xos xususiyatlarni tarjimada qayta yaratish muammosini qanday hal qilganligini hamda mavjud lingvomadaniy to‘siqlarni qay tarzda yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lganliklarini aniqlash orqali sohaga doir tavsiyalar yaratishdan iboratdir. Shu ma’noda ham mazkur tarjima o‘zbek-fransuz tarjimashunosligi uchun qimmatli manba hisoblanadi.

Fransuz tarjimoni ba’zi urf-odatlarimiz sharhiga oid kontekstlarni quyidagicha tarjima qilgan. Asliyatda o‘qiymiz: “O‘zbekda axir har bir erkak xotinini — o‘z halol juftini! — qizi yo o‘g‘lining nomini atab chaqiradi. O‘z xotinining ismini aytib chaqirish yaramaydi. Xotinining ismi Maryam, qizining ismi Xadicha bo‘lsa, mo‘min-musulmon: — sharmu hayo yuzasidan bo‘lsamikan? — xotinini “Xadicha” deb chaqiradi. Aksar ona-bola baravar «labbay!» deydi, shundayda oilaning haqiqiy egasi bo‘lgan ota: «kattangni aytaman, kattangni!” deydi. Hatto shunda ham «Maryamni», demaydi...” (Cho‘lpon. “Kecha va kunduz”, Birinchi kitob, “Kecha”, “Akademnashr”, 2012, 10-bet).

Ushbu parchaning fransuz tiliga tarjimasi: “Chez les Ouzbeks, le mari n’appelle jamais sa femme par son vyritable prynom mais seulement par celui d’une fille, voire, d’un fils qu’il a eus d’elle. Elle considyrera mkme dygradant pour lui de prononcer le nom de son ypouse lygitime. Si par exemple une femme prynommy Mariam a donny a son mari une petite Khadidja, celui-ci, s’il est un authentique musulman, appelera son ypouse “ Khadidja”. Est-ce par pudeur devant elle ou pour autre raison mystyrieuse? Toujours est-il si les deux, la femme et la fille, accourent ensemble a son appel, ce qui n’est pas rare, le veritable chef de famille qu’est le pire renverra la plus jeune en lui criant: “C’est a ta mire que j’en ai, a ta mire!” jusque dans cette situation, on ne le surprendra pas a laisser ychapper un “Mariam” (Tchulpan.Nuit.-France: Bleu autour, 2009. P.18.).

Yuqoridagi fransuzcha matnning o‘zbek tilidagi asliyatga muvofiqligini aniqlash maqsadida qayta so‘zma-so‘z tarjima qilib keltirdik: “O‘zbeklarda erkak kishi ayolini hech qachon o‘zining haqiqiy ismi bilan chaqirmaydi, u o‘zining qizi yoki o‘g‘lining ismini aytib chaqiradi. Agar ayolining haqiqiy ismini aytib chaqirsa, bu uning uchun kamsitish hisoblanadi. Masalan, ayolining ismi Maryam, qizining ismi Xadicha bo‘lsa, haqiqiy musulmon erkagi ayolini “Xadicha” deb chaqiradi. Bu ayolning oldidagi or-nomusliligi yuzasidanmi yoki boshqa sirli sababi bormikin? Mobodo ikkisi bir joyda bo‘lganda chaqirsa, ikkalasi birvarakayga yugurib borishsa, oila boshlig‘i bo‘lgan ota kichkinasiga qarab “Oyingni chaqirdim, oyingni” deb, qizini qaytaradi. Shunday holatlarda ham “Maryam” deb chaqirishdan o‘zini olib qochadi”.

Tahlilda aniq bo‘ldiki, asliyatda yo‘q “bu uning uchun kamsitish hisoblanadi” yoki “boshqa sirli sababi bormikin” kabi qo‘shimcha jumlalarni hisobga olmaganda Stefan Dyuduanon o‘zbek tilidan fransuz tiliga adekvat tarjima qilgan.

Tarjima nazariyasida shakl va mazmun mutanosibligi asosiy tamoyillardan hisoblanadi. Ammo yuqoridagi parcha tarjimasida matnning bir oz ko‘paygani asosiy maqsadni ochib berishga xizmat qilganini e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Zero, tarjimashunoslikning ilk nazariyotchisi Sitseron tarjima jarayonida asosiy e’tiborni shaklga emas, balki matn ma’nosiga qaratish, so‘zlarni hisoblash emas, o‘lchash lozimligini ta’kidlagan. Demak, tarjimon yuqoridagi kontekst tarjimasida mazmunni to‘liq ochib berish, milliy-madaniy axborotni to‘liq yetkazish kabi masalalarning yechimini topgan. Bundan tashqari, realiyalarni berishda ham tarjimon asosli transliteratsiya uslubidan o‘rinli va samarali foydalangan. Tarjimon kitobning oxirgi sahifasida o‘zbek milliy realiyalaridan 129 tasini keltirib, ularga aniq va to‘g‘ri izoh bergan. Masalan, asliyatda o‘qiymiz:

“So‘fi shu “bilmaysiz” degan narsaga tutoqib ketdi:

— Nega bilmas ekanman, aka! Bilib gapirsangiz-chi!

— Jahlingiz chiqmasin. Bilib gapirayotirman. Vataningiz — ota-onangiz o‘tgan, o‘z kindigingizdan qon to‘kilgan, ota-ona arvoyiga sham yoqiladigan joy emasmi?” (13-bet).

Tarjimasi:

“Ces mots firent bondir le soufi:

— Et pourquoi, s’il te plait, n’en auras-je aucune idye? Parle donc toi-mkme de ce dont tu as idye?

— Ne te mets pas en colire. Je sais ce que je dis. Ton chez –toi, est-ce que ce n’est pas le lieu oщ on vycu tes parents, oщ toi-mkme as vu le jour et oщ des cierges brыlent a la mymoire de tes apeux?” (Tchulpan.Nuit.-France: Bleu autour, 2009. P.22).

Endi ushbu parchaning so‘zma-so‘z tarjimasini keltirsak:

“Bu so‘zlar so‘fining g‘azabini keltirdi:

— Nega, menda hech qanday fikr yo‘q ekan? Gapir, senda biror fikr bormi?

— Jahling chiqmasin. Men nima deganimni bilaman. Sen, sening ota-onang yashagan, o‘zing tug‘ilgan va ajdodlaring xotirasiga sham yoqadigan joy emasmi?”

Asosli transliteratsiya kitobxon tasavvurini kengaytiradi, uning lug‘at zahirasini boyitadi. Tarjimon mahorat bilan tarjimaga kerakli so‘zlar vositasida batafsil izoh berib milliy rang-baranglikni ta’minlashga erishgan. Fikrimizga dalil sifatida asar tarjimasidagi o‘zbek milliy-madaniy realiyalarining ayrimlari izohiga e’tibor qaratamiz:

“Parandji” — vktement enveloppant les corps et la tkte que portaient les jeunes filles et les femmes d’Asie Centrale, lorsqu’elles sortaient en ville (paranji — Markaziy Osiyoda yosh qizlar va ayollar shaharga chiqqanda bosh qismi va tanasini o‘rab turuvchi kiyim);

“Tchapane” — manteau de coton piquy a rayures de couleurs, fourry d’ouate et ouvert sur le devant, porty jusqu’a nos jours en Asie Centrale (chopon — Markaziy Osiyoda bugungi kungacha kiyiladigan, orasiga paxta qavilib, yo‘l-yo‘l tikiladigan oldi ochiq issiq kiyim).

S.Dyuduanon faqat tarjimon emas, balki osiyoshunos tadqiqotchi sifatida ham Cho‘lpon romanidagi atoqli otlar, shahar, qishloq, daryo, milliy-madaniy realiyalarni, o‘zbek xalqi tarixiga oid leksikani chuqur o‘rgangan, ularga to‘liq va aniq izoh bergan. Mana, bir misol: “Tochloq — nom de trois villages de plaine de l’ancien district (uezd) d’Andidjan.” Ushbu izoh tarjimasi: Toshloq — eski boshqaruv tizimiga ko‘ra Andijondagi 3 ta qishloqni o‘z ichiga oluvchi hudud nomi.

Izohlarni sinchiklab tahlil qilganimizda tarjimon har bir atama ustida tadqiqot olib borgani va ularni asosli izohlaganiga, tarixiy solnomalarga murojat etib, aniq ma’lumotlar berganiga guvoh bo‘ldik.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani fransuz tiliga nihoyatda nafis tarjima qilingan, unda adib qo‘llagan leksik birliklar, qahramonlar his- tuyg‘ulari, tabiat manzaralari, xususan, o‘zbek xalqining milliy mentalitetini ifodalagan jumlalarga fransuzcha muqobillar va izohlar muvaffaqiyatli topilgan. “Kecha va kunduz” romanining fransuzcha tarjimasi o‘zbek adiblari asarlarini fransuz tiliga o‘girishga chog‘lanayotgan tarjimonlar uchun o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘la oladi, deb umid qilamiz.

Rahima Shirinova,

O‘zMU dotsenti

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 46-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.