OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shams Fraydlender. Tasavvuf haqida suhbatlar

SHAMS FRAYDLENDER

 

Tasavvuf haqida suhbatlar

 

Tuyoq tovushlarini eshitganda zebra haqida o'ylang

 

Mazda pablisherz

 

May Allah be pleased with him.  Alloh undan rozi bo'lsin.

 

May the peace and blessings be upon him. (s.a.v.)

 

ZEBRA

Tuyoq tovushini eshitganimizda zebra haqida o'ylaymizmi? Menimcha, yo'q. Sababi biz har bir narsani avval qilganimiz yo'sinda bajarishni o'rganib qolganmiz. Meni haqiqatni qay darajada anglashimiz va unga yetish uchun qanday bilim olayotganimiz qiziqtiradi. Islom va tasavvuf ilm olishga da'vat etadi. Alloh ilmini o'rganishdan avval o'zimizning ilmimizni, o'zimizni anglab olishimiz zarur. Agar biz haqiqatda ham o'zimizni anglab yetsak, shundan so'ng Allohni bila boshlaymiz. Agar Alloh O'zini bilishimizni istasa, biz o'zimizni anglay olishimiz mumkin.

Yashayotganimiz vujud biz uchun ham saltanat, ham qabrdir. U qalbimiz yashaydigan saltanatdir. Shuningdek, u jonimizning qabridir. Yuragimiz Allohni bilish qobiliyatiga ega. Ushbu tana orqali dunyoni his qilamiz, sahrodagi sayohatchi misoli bu dunyo bo'ylab kezib chiqamiz va hech kim bunda abadiy makon tutib qolmagay. O'zlarining muvaffaqiyatlari, tutgan mavqelaridan qat'iy nazar, ilohiy marhamat va ilmga sazovor bo'lgan ja'mi payg'ambar va jonzotlar ham bu dunyoda qolmadilar. U butun mavjudotni yaratgan zot, garchi odamlar ketish yo ketmaslikni istasalarda, baribir, bir kun o'z huzuriga olajakdir. Bizni bu dunyoga keltirgan kuch bir kun bizni bu yerdan boshqa yerga ko'chirgaydir. Allohning bu qudrati nafaqat bizni, balki biz sevgan barcha jonli va jonsiz narsalarni ham yaratdi, xoh ayol, xoh erkak va yo lolaqizg'aldoq bo'lsin, barchasi Uning ijodidir.

Tasavvufni tushunish uchun shuni anglamog'imiz kerakki, barcha osmonlar va yerlar hamda ular orasidagi narsalarni yaratgan Alloh bizni ham yaratgandir. Agar Alloh har birimizni yaratganini tushunib yetsak va buni tabiiy qabul qilsak, undan keyingina Uning dunyodagi barcha insonlarni yaratganiga amin bo'lamiz. Biz shunchaki bir yaralmish emas, balki har qaysimiz ochiq-oydin mo''jizamiz. Agar shunga amin bo'lganimizda, o'zimizning yaralishimizga isbot talab qilmaydigan hol sifatida qaragan bo'lardik.

Vujud bamisoli kurrai zamin. Suyaklarimiz tog'u toshlardir. Qornimiz daryoga qiyos. Etimiz chang va loy kabidir. Badanimizda o'sayotgan soch tolalari o'simlik misolidir, ular o'sayotgan terimiz haydalgan yerga o'xshaydi va badanimizning tuk o'smaydigan joyi go'yoki sho'rxok yerlardir. G'amginligimiz qorong'ulikka va kulgumiz charog'on kunga qiyosdir. Uyqu o'limning birodaridir. Bolaligimiz gulbahor, yoshligimiz taftli yoz misolidir. Yetukligimiz kuzga va keksaligimiz umrimizning qishiga o'xshaydi. Bori harakatimiz samoda suzib yurgan yulduzlar kabidir.

Alloh yaratgan ushbu koinotda Uning eng mukammal mo''jizasi -- bu bizmiz. Agarki bu hayotda butunlay benomus va g'aflat uyqusida kunimiz o'tsa, u holda, Yaratganga shukronamiz qanday bo'ladi? Haqiqiy darvesh bir lahzaga Allohni unutsa, darhol tavba-tazarru qiladi.

Biz o'zimizni va o'z harakatlarimizni o'rganishimiz lozim. Agar nafrat saltanatimizning hukmdoriga aylansa, biz uni ko'rmog'imiz darkor. Agar yalqovlik bir qadam oldinga o'tib ketsa, biz bu yalqovlikni tanib olishimiz shart. Yana yolg'on va ig'vo ilg'orlashib ketib, mulkimizga shohlik da'vo qilishi ehtimoldan xoli emas. Biz ichimizdagi bu kabi illatlarni nazorat qilib borishimiz zarurdir. Yashayotganimiz bu koinot insonlar yashaydigan hayvonot bog'i bo'lib, unga kirish uchun hech qanday haq olinmaydi. Har kuni g'azabnok bo'rining yaqinlashayotganini, chayonning chaqishini va yoxud maymunning behuda vaysab, o'yin qilayotganiga ko'zimiz tushadi.

Dunyodagi jamiki hayvon inson uchun keltiradigan ma'lum foydalardan tashqari, bizning tabiatimiz rang-barang qismlardan iborat ekanligini ko'rsatib turish uchun ham yaratilgandir. Odamlar hayot sirlarini bilishga qiziqishadi. Ular turmushning yashirin sirlari ochilishini istaydiar. Modomiki shunday ekan, mana ular! Faqatgina biz ko'zimizni kattaroq ochishimiz kerak! Har bitta meva, har bir sabzavot bir-biriga o'xshamagan mazaga ega, lekin ularni bitta qozonga solib pishirsangiz, ta'mi bir bo'lib qoladi. Man sizga sinoat.

Biz nafaqat ilm izlashimiz, balki hayotda o'zimizni qanday tutishimizni ham tushunishimiz kerak. Lekin kundalik hayotda o'zimizni anglab olmagunimizcha, bu holni tushuna olmasmiz. Fazilatga aylantirish va ularga ergashish uchun ham, avvalo, ichimizdagi bor nuqsonlarni aniq anglashga intilishimiz kerak.

«Yoga» ittifoq degan ma'noni bildirib, yunakti degan o'zakdan olingan. Yoga -- kishining o'ziga yuklangan intizom. Yoganing haqiqiy ma'nosi ana shu intizomni qabul qilish va rivojlanish uchun tashimizdagi narsalarga bo'ysunishdir.

Bir kishi jangda yaralandi, lekin u o'rtoqlariga o'z badanidagi o'qning olib tashlashlariga ruxsat bermadi. Avvalo, u bu o'qni unga kim otgani, uning kimga o'xshashi va o'qni otayotganda qaerda turganini bilishni xohladi. Yarador kamonning turi qanaqaligi va o'qning uzunligini ham bilmoqni istadi. Bularning barchasi haqida xabar topgach, uning joni uzildi.

Bu bizning hayotda qandayligimizdan nishona. Biz o'qni behuda fikrlardan sug'urib olishimiz va hali kechikmay turib miyamizdagi bema'nilikdan voz kechishimiz zarur.

Biz ibodat qilamiz va uni yumalatib yuboramiz. Agar buni mexanik ravishda qilsak, o'zgarishsiz qolamiz, shundan so'ng, Yo'lda nimadir yo'qqa o'xshayapti deya tortishishga tushamiz. Xo'sh, o'zimizni qanday o'zgartiramiz? Bismilloh, Olloh nomi bilan boshlayman, der ekanmiz, avval, yeymiz, so'ngra Allohni mutlaqo o'ylamay ovqatni ochko'zlik bilan paqqos tushiramiz, ovqatning tagi ko'rinib qolganda esa, to'yganimiz va ko'p ovqat yeganimizni bilamiz xolos. Agarki Nurni, Allohning Nurini ovqatga tushishini bilib, bismilloh desak, bu taomni esa Allohga ibodat qilishimiz va shukrona aytishimiz uchun quvvat vositasi deya o'ylab iste'mol qilsak, demak, biz to'g'ri taomlanayotgan bo'lamiz. Agar kiyimni ko'z-ko'z qilish yoki moda uchun kiymasak, ana shunda to'g'ri kiyinayotgan bo'lamiz.

Bu hayot ne demak, u shu qadar tez va bir lahzada o'tib ketadimi? Bir kuni keksa bir darvesh menga aytdiki, hayot bu uch kungagina berilgan sovg'a bo'lib, uning ikki kuni o'tib ketdi. Bu dunyodagi sanoqsiz boyligu tutgan mavqeingdan qat'iy nazar, o'tgan ikki kunni ortga qaytara olmaysan. Bizning birgina kunimiz bor va ana shu qolgan omonatgina bir kunni dunyo lazzatlarini axtarish bilan o'tkazmoqchimizmi? Yuragimiz g'uborga to'lmay turib, unga Allohnnig muhabbatini sola olmasmizmi? Va hech qachon muhtasham uylaru katta-katta yerlarga ega bo'lmaganlar ham, bir kuni bir parcha tuproqqa to'yar holga kelmishlar.

Ko'zlarimiz boshqa ko'rmasidan va quloqlarimiz boshqa eshitmay qolishidan avval bu pardani qanday ko'tara olamiz? Axir vaqt chegaralangan. Magar bu Allohning siridir va u har kim uchun turlichadir. Lekin aqlimiz vaqt chegaralanganini aytadi. Ayni shu aqlimiz biz har daqiqada o'lishimiz mumkinligini tushunolmaydi. Bir kun sochimizga oq tushadi, terimizga ajin. Agarki bular tashimizda yuz berayotgan ekan, bu kabi holat ichimizda ham sodir bo'layotgani aniq. Umrimiz tugaydi. Buning barchasi bir lahzada ro'y beradi va biz shu ko'zlarimiz bilan ko'ra olmaymiz, burnimiz bilan hidlay olmaymiz, quloqlarimiz eshitmay qoladi, o'pkamiz to'lib nafas olishdan to'xtaydi yoxud oyoqlarimiz yurishdan qoladi.

Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir sahobalari bir kishini yollab, har kuni uylariga kelishini va o'lim haqida eslatishni so'radi. Yollangan kishi shunday qildi. Yillar ketidan yillar o'tdi, u kishi har kuni kelib «O'lim haq» deb eslatib yurdi.

Kunlardan bir kun unga dedilar: «Sen juda yaxshi ish qilding, lekin endi sening xizmatingga muhtoj emasman».

«Sizga o'limni eslatarkanman, har kun o'zim ham uni o'zimga eslatib turdim, dedi u kishi, -- bu ish hayotimda juda muhim ahamiyat kasb etdi. Lekin hozir nega buni to'xtatmoqchisiz?»

«Chunki Alloh mening soqolimga oq soldi, bundan buyon shu oq tuk menga bu hayotning nihoyasi borligini eslatib turadi.»

Xo'sh, qanday qilib dunyoning to'riga ilinmaslik mumkin? Tasavvuf shug'ullanadigan narsa shudir.

Tasavvuf tuproq dengizida oltin baliqlarni izlash demakdir. Demak, biz amaliy harakat qilishimiz lozim. U qanday amalga oshiriladi? Ertalab uyg'onganimizda «Muncha erta! Rosa charchaganman, yana bir oz uxlab olay» deymizmi yoki «Allohim, o'zingga shukur, yangi kun berganingga shukur, yangi kunning boshlanganiga shukur!» deymizmi?

Bu musulmonlar taqvimi bo'yicha to'rtta muqaddas oyning birinchisi bo'lmish Rajab oyidir. O'tgan yili ustozimdan eshitdim, «Bu sening oxirgi Rajabing bo'lishi mumkin». Lekin bu o'zining so'nggi Rajabi bo'ldi. Hech kimsa o'z o'limining aniq paytini aytib berolmaydi. Barchamizning ham oxirgi Rajabimiz bo'lgay. Hozircha esa bolalarga o'xshab kuzatishdan va dunyoning yaltiroq o'yinchoqlarini orzu qilishdan to'xtamaymiz.

Har sahar uyqudan uyg'onarkanmiz, ikki narsani -- Alloh va o'limni esga olishimiz darkor. Agar Allohni va o'limni esga olsak, hayotimiz boshqacha kechadi. Har kimning hayoti chegaralangan bo'lib, uning sirini yolg'iz Alloh biladi. Agar o'limni eslasak, barcha narsa, jamiki yaralmish vaqtincha ekanini ham yodda saqlaymiz. Agarki Allohni eslasak, e'tiborlilik, yaxshilik va o'zaro tushunish yo'lida hech narsadan tap tortmaymiz. Chunki shuni anglab yetamizki, U nafaqat bizni, balki biz ko'rib turgan barcha insonlar va narsalarni ham yaratgan. Dunyoda bizga yoqmaydigan biror yomonlik sodir bo'lsa, uni bartaraf etishning eng maqbul yo'li har birimizni alohida davolashdadir. Siz nima uchun rivojlangan madaniyatli dunyoda terrorizm, urush, o'g'irlik, garovga olish kabi yaramas illatlar mavjud bo'ladi deb o'ylaysiz? Shu va shunga o'xshash narsalarga sabab insonning o'zini Kim yaratganini unutganidadir. Insoniyat Allohni unutib qo'ydi. Inson qaerdan kelgani, qaerda yurgani va qaerga ketajagini unutib qo'ydi.

Qaysidir kun mudhish bir narsani eshitib qoldim. Vetnam urushidan so'nggi o'n yil ichida o'z-o'zini o'ldirgan vetnamlik veteranlarning soni urushda halok bo'lganlarning sonidan ortib ketganidan xabaringiz bormi? Bu jamiyatimiz haqida xulosalar chiqarishga imkon beradi. Ana shunaqa jamiyatda yashayapmiz biz.

Allohning xabari ko'pincha qarama-qarshi narsalarda namoyon bo'ladi. Masalan, agar biz yomonlikni ko'rmasak, hech qachon yaxshilikni ko'rolmaymiz. Agar biz faqat sog'likni ko'rsak, U bizga kasallikni ko'rsatib qo'yadi. Hayotimizdagi har bir alohida olingan narsa O'zini tushunishimiz uchun Alloh tomonidan ochiq-oydin kelgan xabar ekanligini qanday anglamoq mumkin? Payg'ambar Muhammad alayhissalomning shunday hadislari mavjud: biror narsa sizga kelib urilishi kerak bo'lsa, u sizni hech qachon chetlab o'tmaydi va biror narsa sizni chetlab o'tishi kerak bo'lsa, u hech qachon sizga kelib urilmaydi. Har bir narsa oldindan tayinlab qo'yilgandir, har bir narsada Allohning asari, Uning ilmi mavjuddir.

Shunday qilib, ko'zimizni kattaroq ochgach va Allohga shukur qilganimizdan so'ng, Uni va o'limni esga olganimizdan keyin shunga amin bo'lamizki, hech narsa bu dunyoda abadiy qolmaydi! Bizgacha qancha zotlar bu dunyoga kelib ketdilar ekan? Biz bilgan va bilmagan, bizdan ulug' va noulug' zotlar... Afsuski, dunyo taklif qilayotgan ba'zi vaqtinchalik rohatdan ko'zlarimiz ko'r va tutqunmiz.

Yaqinda Halveti-Jarrohiy Darvishlar tashkilotining boshlig'i Shayx Muzaffar al-Jarrohiy u dunyoga rihlat qildilar. Men u kishining o'tganidan chuqur qayg'udaman. Men u zotdan ko'ra ko'proq o'zim uchun qayg'udaman. U kishi har kuni bajargan botiniy amalni kim bajaradi endi? Birgina ibodatlariga teng amal qilishni necha kishi uddalay oladi? Hech kim buni qilolmaydi. Bu u zotni bilgan va sevgan kishining ishidir, agar hamma bu ishga qo'shilsa, u kishi qilgan amallarni bajarishimiz va takomilga yetkazishimiz mumkin bo'lardi. U kishi inson edilar va bu dunyoda muammosiz odamning o'zi yo'q.

Bir kuni azonda ikki darvish uchrashib qolishdi. Har ikkilari ham yelkalariga og'ir o'tin ortib olishgan. Shu orada sulton o'tib borarkan, ularga ko'zi tushdi. Bir necha soatdan so'ng u yana o'sha joyga qaytib keldi va haligi ikki kishi hali ham bir joyda turib, yelkalaridagi yukni ko'targan holda o'zaro gaplashib turishganini ko'rdi.

«Bular kim?» deb so'radi sulton.

«Ular darvishlardir, - javob qildi mulozimlardan biri, -- qachonki ular birga bo'lishsa, bu dunyoning yuklari ko'zdan yo'qoladi».

Tasavvuf odamlar guruhidan tashkil topgandir. U birgalikning bir shaklidir. Biz hayotda ishlatadigan oynalar yolg'ondir. Yagona haqiqiy oyna -- bu ilohiy nur jilvalanib turgan inson qalbidir. Shu bois, boshqa kishilar bilan birga bo'lganimizda, nafaqat ularni o'rganish imkoniga ega bo'lamiz, balki o'zimizni ham o'rganishimiz mumkin. Kumush va qorong'ulik bilan ziynatlangan oynada haqiqatni ko'ra olamizmi? Yo'q! Birgina suhbatdoshimizning qalbida o'zimizni ko'rishga intilsakkina, haqiqiy qiyofamizni ko'ra olamiz.

Biz hayotimizni sarguzashtlarga to'ldirishimiz kerak. Biz kun bo'yi no'xotli sho'rva ichida suzish tuyg'usidan o'zimizni qutqarmog'imiz darkor. Biz har bir ishni turlicha yo'sinda bajarmog'imiz lozim. Agar ichayotgan qahvangizni o'ng qo'l bilan aralashtirayotgan bo'lsangiz, endi chap qo'l bilan aralashtiring. Agar idishlarni o'n daqiqada yuvadigan bo'lsangiz, endi yigirma daqiqa ichida yuving. Ularni avvalgidan ko'ra yarim tezlikda bajaring. O'zingizni o'sha yerda turganday ko'ring. Kuzatayotgan har bir narsamizdan nimanidir o'rganishimiz mumkin, eng sodda ko'ringan narsadan ham minglab boshqa narsalarni o'rgansa bo'ladi. Idishlarning qarshisida turing. Mana shu idish. Bir kulol va ozroq loy bor edi. Loy qayoqdan paydo bo'ldi? Qanday tuproq, rang, material va pechda bo'lgan u? Har narsa oxir oqibat Allohga qaytadi. Piyolani ko'tarib bilasizki, tanangiz bir soniya avvalgi holatdan boshqa holga o'tdi. Qo'lingizdagi narsaning issiq-sovuqligini his qila olasiz. Yoxud biror kishi bilan qo'l siqishib ko'rishganda, u kshining qo'lini bir soniya ko'proq ushlab turasiz: «Men shu yerdaman, hozir siz bilan so'rashmoqdaman.» Chunki biz haqiqiy inson bo'la olmagunimizcha va Alloh bizga bergan narsalardan boxabar bo'lmaguncha, qanday qilib boshqa kishilarga yordam bera olardik? Qanday qilib o'zimizga yordam bera olamiz?

Bu biz o'ylaganchalik oson hayot emas. Bu hayot tashvish va quvonchga to'la, faqat bu vaqtinchadir. Anatoliyada yashovchi bir dehqonning xotini va yoshgina o'g'li bor edi. Uning xotini kambag'allikdan, uylarining tomi ochiqligidan, molxonalari yiqilay deb turgani-yu yer haydash uchun asqotadigan otlari yo'qligidan doim shikoyat qilib yurguvchi edi. Bir kun erta tongda ota va o'g'il dalada ishlayotib, kattakon qayin daraxtining orqasida umrlarida hech qachon ko'rmagan bir narsaga ko'zlari tushdi.

Bu juda mukammal ko'rinishli katta tulpor edi. Ota-o'g'il otni bog'lashdi va ovqat berishdi. Ular baxtiyor edilar. Xotin kelib dedi: «Uning belgilariga qaranglar, bu axir boy kishining oti-ku.» Lekin otda hech qanday belgi yo'q edi.

«Biz bu otni sotishimiz mumkin, - dedi ayol, - uning puliga tomimizni to'g'irlab olamiz, arava sotib olamiz, otxonamizni qayta ta'mirdan chiqaramiz, qolgan pul qarigan chog'imizda bir kunimizga yarab turar».

«Yo'q, men tulporni sotmayman», - dedi er.

«Hali shunaqami, agar sotmasang, men bu yerdan ketaman», - dedi xotin va uyga kirib ketdi.

Endi er haqida bir-ikki og'iz so'z eshiting. Ovuldoshlari va xotini uni butunlay qarib, aqldan ozgan deb o'ylashdi. Biror yaxshi  yoki yomon narsa sodir bo'lsa, u doim shunday derdi: «Balki bu rahmat va yoki la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.» Qanday hodisa ro'y bermasin, uning aytadigan gapi o'sha edi. Shunday qilib, ovuldoshlari yig'ilib, uning otini ko'rgani kelishganida va uning qanday iqbolli kishi ekanini aytishganda ham o'sha gapni takrorladi.

Xuddi shu gapni o'z ayolining yo otni sotasan, yo men bu uydan ketaman, degan gapiga javoban ham ishlatdi er. Ertasi kuni azonda u tulpor uchun uy qura boshladi. Tabiiy, xotinning bundan jahli chiqdi. U opasining uyiga ketib qoldi. Er yelkasini qisib, dedi; «Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.»

Go'zal tulporning ovozasi bir qishloqdan ikkinchisiga, bir shahardan keyingisiga o'tib, axiri, poytaxt shahardagi otlarni judayam sevuvchi sultonnig qulog'igacha yetib keldi. U mulozimlaridan birini chaqirib, dehqonning oldiga borishini va uning oti uchun bir xalta oltin taklif qilishini buyurdi. Bu esa juda katta miqdordagi pul edi.

«Mabodo u kishi otni sotmasa, nima qilay?», - so'radi mulozim.

«Xavotir olma, albatta sotadi, chunki u juda kambag'al odam. Biz taklif qilayotgan narsa esa u uchun kutilmagan baxt.»

Lekin mulozim o'z so'zida turib oldi: «mabodo sotmasa nima qilamiz?»

«U holda uni o'ldirib, otni huzurimga keltir.»

Shunday qilib mulozim dehqonning uyiga keldi. Tulpor chindan ta'rif qilganlaridan ham go'zalroq ekan. Mulozim unga bir xalta oltinni taklif qildi.

«Rahmat sizga, - javob berdi dehqon, - lekin men uni sotishni istamayman.»

Mulozim dehqonni o'zi bilan birga yurishni iltimos qildi. U o'zining otasiga judayam o'xshab ketadigan bu dehqonni yoqtirib qolgan edi.

«Iltimos, bu pulni ol», - dedi mulozim.

«Yo'q»,- dedi dehqon.

«Agar otni sotmasang, seni o'ldirib, otingni olib ketishga buyurilganman».

«Lekin tulpor sotilmaydi».

«Iltimos, deyapman, o'zingga jabr qilma.»

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.»

Mulozim boshqa shaharda ham ishi borligini va qaytishda yana kirib o'tishini aytib, dehqondan ungacha yaxshilab o'ylab ko'rishini so'radi va ketdi.

Ovuldoshlar yig'ilib, dehqon bilan munozara qila boshladilar.

«Otingni sotaqol, boy-badavlat yashaysan!»

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.»

«Agar otingni sotmasang, soldatlar seni o'ldirib, otingni olib ketishadi».

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.»

O'sha tun dehqon tush ko'rdi. Tushida nimadir sodir bo'ldi-yu, uni uyg'otib yubordi. Tungi sot uchlar chamasi edi va u tashqariga chiqdi. Hamma yoq tuman bilan qoplangan. Shu tumanlikda tulpor goh u yonga, goh bu yonga chopar, bir ko'rinib, bir ko'rinmay qolardi. Dehqon unga tomon yaqinlashgani sayin butun badanida allaqanday g'ayritabiiy narsani his qila boshladi. U o'zida go'yo Xudoning nazarini seza boshladi, nurga to'ldi, qusurlarlardan xoli bo'ldi va bu his uni tark etmadi.

Tulpor esa hamon sehrga to'la bir qiyofada turar, burnidan chiqayotgan bug' tumanga qorishardi.

O'sha kun ertalab dehqonning o'g'li otni minishga qaror qildi. U tulporga o'tirib, o'rmon va dalalarni kezib chiqdi. Shamol uning yuzlarini mayin siypalar, sochlarini o'ynar va u bundan olam-olam zavq tuyardi. U qo'llari bilan otning bo'ynidan quchoqlab oldi. Shu on falokat ro'y berib, ot chuqurlikka qattiq qoqilib ketdi va bola havoda uzoqqa uchib tushdi. Uning ikki oyog'i ham singan edi.

Ovuldoshlari uni ko'rib qolib, uyiga keltirishdi.

«So'zimizga quloq solmaganing oqibati bu, - deyishdi ular dehqonga, - agar otni sotganingda, bu falokat ro'y bermasdi. Mana endi o'g'ling ikki oyog'idan ayrildi».

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi», - javob qildi ularga dehqon.

Ertasiga ertalab u tashqariga chiqib, hayron bo'lib qoldi. U hech narsani ko'rmadi. Ot g'oyib bo'lgan edi.

Ovuldoshlari deyishdi: «Otni mo'maygina pulga sotsang bo'lardi, sen unday qilmading. O'g'ling oyog'idan ayrildi. Mana endi otning o'zi ham g'oyib bo'libdi.»

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi», - dedi dehqon.

«Soldatlar yana qaytib kelishadi, - deyishdi odamlar, - lekin ular otni g'oyib bo'ldi desang, ishonishmaydi va seni ko'p qiynoqqa solib, oxiri o'ldirishadi.»

«Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi», - javob qildi dehqon.

Lekin soldatlar qaytib kelishmadi. Bu orada urush boshlanib, ovuldagi hamma yoshlarni armiyaga olib ketishdi, birgina ikki oyog'idan ayrilgan dehqonning o'g'li qoldi, xolos.

«Qanday baxtlisan-a, - deyishdi odamlar dehqonga, - biz o'g'limizni endi sira ko'rmaymiz. Seni esa qariganingda g'amxo'rlik qiladiganing bor, biz bo'lsak, yolg'izmiz.»

«Men sizga aytmaganmidim?, - dedi dehqon, - Haliyam tushunmadingizmi? Balki bu rahmat va yo la'natdir, yolg'iz Alloh bilguvchi.»

Biz quvonch va tashvishlarimizdan qanday foydalanamiz? Agar ayni paytda shu yerda o'tirgan bo'lsak, o'zimizni ko'ra olamizmi, nafas olayotganimizdan xabardor bo'lamizmi yoki ovozimizni o'zgartira olamizmi? Bizning ovozimiz, umuman, hayotdagi barcha narsa, foydalansa bo'ladigan quroldir.

Nima uchun tuyoq tovushlarini eshitganda, faqat ot haqida o'ylaymiz? Chunki biz shartli bir narsaga aylanib qolganmiz va bu shartlilikda uzoq uyquga ketganmiz. Shu uxlagan holatimizda Allohni unutganmiz. Lekin Allohni eslay oladigan holatda bo'lganimizda, faqat yaxshilik bilan mashg'ul bo'lgan bo'lardik.

Tasavvuf haqida bahs yuritish oson va qiziqdir. Biz buyuk valiylar va ustozlar, ularning amallari, Allohni yo'lida chekkan azoblari xususida ko'plab hikoyatlar aytib berishimiz mumkin, faqat har birimiz so'raydigan va duch keladigan haqiqiy savol shudir: Biz hayotimizni qanday yashayapmiz? Ibodat qilar ekanmiz, hayotimizda undan-da muhimroq narsalar bor va ularga ulgurib qolaylik deya, ibodatimizni tezroq tugatish haqida o'ylaymizmi? Har doim ham hayotimizda nima zarur va muhim ekanini o'ylab ko'rganmizmi? Turmushimizga nazar solib, nimaning ahamiyati ko'proq ekanini anglay olamizmi? Eng muhim narsa nima? Farzandlarimizni qanday qilib oyoqqa turg'iza olamiz bu dunyoda? Biz ular uchun mas'ulmiz-ku. Agar biz Allohga yaqin bo'lsak, bolalarimiz ham unga yaqin bo'ladilar.

Amaliy ishga o'tish juda zarurdir. Lekin bu amal Muhammad payg'ambar (s.a.v.) zamonlarida bugungidan ancha oson bo'lgan ibodat -- besh mahal namoz o'qishdangina iborat emas. Bunig sababi shuki, siz ibodatingizni tugatganingiz joyda, dunyo sizning yuzingizga yo biror nurli narsani tushiradi, yo e'tiboringizni boshqa arzimas narsalarga qaratib qo'yadi. Siz esa unga ergashib ketaverasiz. Bu bilan men ruxsat etilgan ma'lum zavqli narsalardan ham tiyiling demoqchimasman. Lekin bu holda biz qaerda bo'lamiz? Agar to'g'ri anglay bilinsa, qachon oynai jahonni yoqsak, oynai jahon bizni o'chiradi. Lekin agar biz o'z-o'zimizga «Men oynai jahonni yoqyapman va oynai jahon meni o'chiryapti» deya olsak, uni qancha muddat ko'rgan bo'lardik? To'g'ri, ko'rsa arziydigan yaxshi narsalar bor unda, lekin biror narsani ko'rguncha yoki kinoxonaga borguncha, ibodatimizni ado etishimiz mumkin-ku. Barcha diqqat-e'tiborimizni tashqaridagi narsaga qaratmasligimiz kerak. Bu hamma diqqatimizni talab ham qilmaydi. Aslida u biz o'ylagandan ko'ra juda oz e'tiborni talab etadi. Ishxonada biror kishi bilan shunchaki ma'nisiz suhbat qurishimiz mumkin, bunda baribir o'zimizda nimadir saqlanib qoladi va ana shu saqlanib qolgan narsa bilan Allohni eslash kerak. Faqat ishimiz bilan bog'liq suhbat zarur bo'lishi mumkin, lekin butun borlig'imizni unga berish muhim emas.

Barchamiz, xoh yosh, xoh qari, umrimizning qishki pallasida turibmiz. Bektoshi darvishlarining aytishlaricha, qishki quyosh aldamchidir.

O'tinchim, o'zingiz va sevganlaringiz haqqi, Allohni hamisha yodda tuting. Nafaqat Uning Alloh degan Ismini, balki barcha sifatlarini ham eslash darkor -- yer va barcha planetalar, butun koinot, borliq va ularni tashkil etuvchi narsalar Alloh yaratgani uchun ham mavjuddir va U bu narsalarni o'ziga xos shakl va turda davomli ravishda harakatlantirib turadi. O'zingizni har yerda va har qachon anglashga intiling va Allohni yodda tuting.

Ko'rayotganimiz har bir narsa Allohning borligiga dalildir. Masalan, qo'limizda bir shisha vaza turibdi. Men uni kim yasaganini bilmayman. Lekin kimdir shishani shu holatga keltirgan. Men uni yasagan kishini mutlaqo bilmay turib, uni hech qachon ko'rmasdan ham, o'sha kimdir bu vazani yasaganiga ishonishim mumkin. Shunday ekan, nima uchun ko'rib turganim har bir narsani Alloh yaratganiga ishona olmayman? Qachon biror chiroyli haykalni ko'rsam, o'ylayman, «Qanday ajoyib narsa, haykaltarosh chindan ham mahoratli ekan», lekin shundan so'ng nechun haykaltaroshning o'zini Alloh yaratgani haqida o'ylay olmasligim va buni anglab yetmasligim kerak?

O'z yalqovligimga qarshi kurashishga qurbim yetadimi? Yo tanamning xohishiga har doim yon berishim kerakmi? Yaxshi, deyman, mana bu ishni qilishim kerak, lekin undan oldin ozroq dam olvolay. Ey tana, sen charchagansan. Men bir oz dam olay, so'ng bu ishni qilaman. Qani, yo'q deya olamizmi? Avval bu ishni bajaraman, keyin ozroq dam olaman. O'zimizni qanchalik majbur qila olamiz? Zavq bilan ishlash darajasiga qanday yetish mumkin? Bu shunday darajaki, har qanday ish bo'lmasin, masalan, yer supurish, idish yuvish, xonani bo'yash yoki boshqa hayotiy yumush, barini qarshiliksiz bajarish darajasi. Lekin odatda biz biror ishni undan tezroq qutulish maqsadida ildamroq bajarishga intilamizki, maqsad yana boshqa bir ishni ham tezroq tugatishdan iborat bo'ladi, yoxud balki hech narsa qilmaslik yoki ko'proq vaqtni va quvvatni hech narsa qilmaslik yo'llarini izlashga sarflaymiz.

Alloh bizga ixtiyor degan ne'mat berib qo'ydi. Undan foydalanish o'zimizga bog'liq. Hech bir shayx sizning o'rningizga tasbih aytib, ibodat qilolmaydi, siz uchun ishlab, siz uchun Allohni eslamaydi ham. Hech kim bu ishni siz uchun qilishga qodir emas. Buni har kim o'zi qilishi lozim.          

Alloh nomini eshitib, nechun titrab ketmaymiz? Nechun yig'lamaymiz? Ustozim bir gapni ko'p takrorlardilar: «Agarki biz yig'lamayotgan ekanmiz, u holda ana shu yig'lamayotganimiz uchun yig'lashimiz darkor.»

Allohga ibodat qilib, undan mag'firat so'raylik, azizlar. Har biringiz ko'zingizni yuming, hozirning o'zida ko'zlaringizni yuming! Endi bir qarsak chaling! Ko'ring, o'lim nechog'li tez keladi. Allohning izni va marhamati bilan yana ko'zingizni ochishingiz mumkin. Kurrai zamindagi qanchadan qancha odamlar biz ko'zlarimizni yumgan ayni shu lahzalarda ko'zlarini yumib, qayta ularni ochganlari yo'q.

Alloh eng Olijanob va Kechirimli zotdir. Uning Olijanobligi shundaki, U o'zi yaratgan barcha narsani sevadi, uning eng Kechirimliligi shundaki, U bizning kechira oladigan Parvardigorga muhtoj ekanimizni biladi. Agar biz biror noto'g'ri ish qilsak, darhol kechirim so'rashimiz lozim. Lekin hech qachon mana bunday fikrga kelmaslik kerak: «Men qandaydir xunuk ish qildim. Endi bundan buyon biror yaxshi ish qilmasligim kerak» yoki «Men ikki haftalik ibodatimni qilib bo'ldim, endi boshqa ibodat qilishim shart emas. Men tasbih aytib bo'lmadim, xo'sh, nechun uni davom ettirishim lozim?» DAVOM ETTIRING! Agar Allohni unutgan bo'lsangiz, Uni eslang. Biz Allohni eslaymiz, chunki Uni unutib qo'yganmiz.

Qanday qilib bo'lsa ham biz bu tumanlikdan chiqib ketishimiz darkor.  Bu yo'lda bir-birimizga ko'mak berishimiz lozim. Biz bir-birimizga Allohni eslatib turishimiz shart.

«Ularga eslating». Bu so'zlar Muhammad payg'ambarga (s.a.v) aytilgan. Lekin u hammaga barobardir.  «Mantiq-ut-tayr» asarining muallifi, so'fiylar ustozi Fariddin Attor aytadilar: «Doimo Allohni eslatib turadiganlar guruhida bo'l.» Bunday guruhda bo'lmaslikning oqibati bizga ayon. Tajribamiz yetarli, lekin bu dunyoda yolg'iz bo'lish uchun kuchimiz yetarli emas.

Bu gaplarning barchasi Shayx Muzaffar vafotlaridan keyin o'ylaganlarim edi va men ularni siz bilan baham ko'rishni istadim.

 

Qishki quyosh yolg'ondir

Inson Allohning mo''jizasidir va ushbu hayoti davomida insonga o'sha mo''jizani baxt-saodatga to'ldirish imkoni berilgan.

Yashayotganimiz dunyoda bo'lish oson emas. Bu shunday joyki, biz unga azob bilan tashrif buyurib, faqat va faqat o'lim bilan undan chiqib ketishimiz mumkin. Qur'oni Karimda yozilishicha, yaxshi amallarimiz uchun savob va yomon amallarimiz uchun jazo lajagimiz muqarrar.

Imom Ali aytadi: «Bunda badavlat kishilar ko'pincha zulm va gunoh bilan, kambag'allar esa qayg'u va kulfat bilan o'ralashib qoladilar.» Mana biz yashayotgan makon. Lekin Alloh bizni buyuk maqsad  uchun yaratdi va koinotda bunday imkonga sazovor bo'lgan boshqa biror jonzot mavjud emas.

Alloh aytadiki, U insonni O'zi uchun va butun koinotni inson uchun yaratdi. Shunday saol tug'iladi: xo'sh, ana shu koinotda biznnig o'rnimiz qaerda? Chindan olib qarasa, biz nimani tushuna olamiz? Kundalik trmushimiz shart-sharoitlari ichida qanchalik uyg'oqmiz? Bu hayot aro yo'lini yo'qotgan lunatiklar misol kezib yuramizmi yo? Kun davomida ma'lum bir ilm olish yoxud o'z-o'zimizni anglash uchun nelar qilamiz?

      Biz o'z uyimizdagi yoki o'zimiz bilmaydigan boshqa bir joydagi xonada, undagi o'zimizga qulay bo'lgan bir burchakda qo'nim topamiz, va har gal xonaga kirganda aynan o'sha joyga kelib joylashamiz. Mana insonning qanaqaligi!

Biroq bu hol o'zgacha ham bo'lishi mumkin, ya'ni boshqa bir joyda o'tirib, xonaga va undagi odamlarga mutlaqo o'zga nuqtai nazar bilan qarash imkoniyati. O'zimiz yashaydigan uyni, undagi mebelni har doim ham bir xil joyda turavermasligi uchun joyini o'zgartirib turamizmi, balki uyga keliboq : «Oh, mana mening qadrdon joyim» deymizmi? Uydagi narsalar yillar bo'yi bir joyda qimir etmay turibdimi? Devordagi suratni, o'rindiq joyini o'zgartirmaymiz, qaerda bo'lsa, o'sha joyda turaveradi. Ana shunaqamiz. Lekin nazarimda, o'zligimizni bir oz yaxshiroq ko'rishimiz uchun o'z hayotimiz bilan bo'lgan munosabatni jonlantirishimiz darkor.

Abdulloh Al-Muborak Al-Halvetiy haj ziyoratidan piyoda qaytayotgan edilar. Yo'l chetida tuproq o'ynab o'tirgan bir yosh bolaga ko'zlari tushdi. U qo'llari bilan tuproqni bir joyga yig'ib, baland va kattakon tuproq qal'a qurmoqda edi. Keyin u qurayotgan qasrini buzib tashladi va yig'lashga tushdi.

Bolaga yaqinlasharkan Abdulloh «bu bolaga salom berishim kerakmi? Axir u yosh bola-ku» deb o'yladilar va darhol Payg'ambarning yosh bolalarga ham, kattalarga ham birinchi bo'lib salom berganlarini eslab, «Assalomu alaykum, Alloh senga tinchlik va rahmat nurini yog'dirsin» deya salom berdi.

Bola u kishiga qaramasdan «Va aleykum assalom, sizga ham Allohning tinchligi va rahmati bo'lsin, yo Abdulloh Muborak», deb javob qildi.

«Ismimni qayoqdan bilasan?» deb so'radilar Abdulloh Muborak taajjublanib.

Bola javob berdi: «U dunyoda ikkimiz bir safda turib ibodat qilgan edik va Alloh sizning ismingizni aytib chaqirgan.»

«Shunday tuproqda nima qilib o'tiribsan?» - so'radilar Abdulloh Muborak.

«Men hali yosh bolaman, - dedi bola, - ularga xos o'yin bilan mashg'ulman.»

«Lekin, - dedi Abdulloh Muborak, - o'ynayotganing bu o'yin g'aroyib-ku, avval sen tuproqni to'plab, undan qal'a barpo qilding, so'ngra esa o'zing uni buzib tashlading va yig'lashg atushding.»

Bola shunday javob qildi: «Men bir joyga to'plab, qo'rg'on qilgan tuproq inson yuragini va shu yurak orqali barcha insonlar birligini ifoda etadi. Lekin qal'ani buzib tashlasam, bu yurak minglab kichik zarralarga bo'linib, tarqoq holga keladi va birlik yo'qoladi. Shuning chun men yig'ladim.»

Abdulloh Muborak dedilar: «Shu yerda sening yoningda qolib, seni o'z ustozimday ko'rsam maylimi?» Shunday qilib u zot bola bilan birga qoldilar.

Chin tasavvuf va haqiqiy Islom birdamlik, ko'ngillar birligi, insonlarning birodarligi va do'stligi orqali namoyon bo'ladi. Ammo biz o'zimiz, kim ekanimiz, vaqtimizni nimaga sarflayotganimizni anglab yetmas ekanmiz, komillikka erishishi haqidagi fikrimiz puch bo'lib qolaveradi.

Bir sulton xalqqa murojaat qilib debdi: «Kimda-kim biror g'ayritabiiy narsa qilib ko'rsatsa, o'shanga bir xalta oltin beraman.» Chor atrofdan minglab odamlar g'ayritabiiy deb o'ylagan xilma-xil narsalari bilan yig'ilib kelishdi. Bir kishining ko'rsatgan ishi podshohga yoqdi va oltinni unga berdi. O'sha odam bir ignani hovlining u burchida turgan do'stiga tutqazib, o'zi yuz qadam nariga bordi va qo'liga ip olib, uni igna tomonga otdi, ip havoda uchib borib, ignadan bemalol o'tdi. «Sen chindan ham zo'r hunar ko'rsatding, - dedi sulton, bilishimcha, sen bu ishga 20 yil vaqtingni sarflabsan, afsuski, qilgan ishingdan zarracha foyda yo'q. Yigirma yil sarflagan behuda vaqting uchun seni yana yuz darra urishlarini buyuraman.»

Aslida o'zimiz uchun hayotimizda nimalar qilayotganimiz muhimroqdir. Lekin o'zgalarga yordam berishga intilishimiz ham mumkin. Siz umringizning yigirma yilini qandaydir eng yaxshi narsani bajarib o'tkazishingiz mumkin, magar undan keladigan foyda bir burda non, uy xarajatlari-yu ozgina rohatdan iborat bo'lsa va boshqa buyukroq imkoniyatlar uchun yo'nalmagan esa, shuncha yil ketgan vaqtingiz behuda emasmi?

Keling hayotimizda nima bilan mashg'ulligimiz haqidagi masalaga e'tiborni qarataylik. O'zgalar uchun foydali bo'ladigan yumush bilan shug'ullanish imkoni bormi? Yordam to'g'ridan-to'g'ri bo'lmasligi ham mumkin. Masalan, siz yozuvchisiz, kimdir yozganlaringizni o'qib, undan shunchalik ta'sirlanadiki, endi u mutlaqo o'zga odamga aylanadi va o'z hayot yo'lini o'zgartiradi. Yoxud siz chevar tikuvchi bo'lib, mehr bilan ajib liboslar tikasiz va siz tikkan kiyimlarni kiygan kishilar o'zlarini boshqacha seza boshlaydilar.

Biror kishiga ovqat tayyorlatib, unga ketadigan mahsulotlar qaerdan kelgani haqida o'ylaymiz va taom uchun Allohga shukrlar deymiz. Taomni, uni iste'mol qiladigan mehmonimizni sevamizmi, yoki bu shunchaki bajarishimiz zarur bo'lgan vazifamiz xolos deb qabul qilamizmi?

Har bir narsada bir ibrat bordir. Taom tayyorlayotganda, uni yeya olish uchun yetarli sog'-salomat ekanimizga shukr qilaylik. Qanchadan-qancha badavlat kishilar bir qultum suv yuta olmay kasalxonada yotganlarini eslaylik.

Rizqni Alloh beradi. Bu haqda bir xabar ham mavjud. Odatda iste'mol qilayotganimiz ovqatning har bir luqmasidan nimadir olib qo'yilishi kerak. Yo et, yoki suyak va yo urvoq. Hech narsani ayirib qo'yishning imkoni bo'lmagan taqdirda, aqalli taomni yuvish, yaxshilab ko'zdan kechirish lozim. Ishdan uyga qaytarkanmiz, tanamizdagi nafrat tuyg'usini, keskinlikni yuvib tashlash haqida o'ylamaymiz. Nafrat, keskinlik va bezovtalikni sidirmay turib, darhol erimiz, ayolimiz, do'stimiz yoki bolamizni bag'rimizga olamiz. Keyin esa nega o'zaro munosabatimiz yaxshilanmayapti, nega hadeb muammolar chiqyapti deb yozg'irib yuramiz. Aslida boya biz aytgan xabarning ma'nosi ham ayni bizni to'ydirayotgan taomdagi bir luqmadadir. Biroq hali anglay olishni ham o'rganishmiz darkor.

So'fiy hech qachon ko'p ovqat yemaydi. Uzlatda ekanmiz, biz go'sht iste'mol qilmaymiz, chunki go'sht bizga to'sqinlik qiladi. Agarki u uzlatda to'sqinlik qilar ekan, demak, kundalik turmushda ham u bizga halaqit beradi. Balki ozroq go'sht yeganimiz ma'quldir. Bu ham bir xabardir. Modomiki uzlatda, Allohga yaqinroq bo'lamiz deganimiz joyda ko'p yemasligimiz lozim ekan, bu narsa taommi, gapmi, nima bo'lishidan qat'iy nazar, o'zimizga zarar keltiradigan narsalarda isrofga yo'l qo'ymasligimiz kerakligini bildirmaydimi?

Allohdan mag'firat so'raymizmi? Azob orqali tashrif burganimiz va o'lim orqali chiqib ketadiganimiz ushbu jahon haqiqatda ham Allohdan mag'firat so'raydigan makondir, azizlar!

Bir shayx qo'lida tahsil ko'rgan kishi bor ekan. Bir kuni o'sha kishi shayxdan so'rabdi: «Ruxsatingiz bilan endi men ham odamlar orasiga kirib, sizdan olgan bilimimni o'rgatsam.»

Shayx debdi: «Bir savolim bor. Agar unga javob berolsang, demak, boshqalarni o'qitishga tayyorsan. Bilki, beradigan savolim Qur'ondan emas», - qo'shimcha qilibdi shayx. «Qishlog'ingga keta turib, - davom etdi shayx, - yo'lda cho'ponlar bor joydan o'tasanmi?»

Murid «ha» deb javob berdi.

Shunda shayx so'radi: «Cho'pon qo'ylarini boqib yurgan joydan o'tar ekansan, mabodo uning bahaybat qo'riqchi beshta itidan biri senga tashlanib qolsa, nima qilgan bo'larding?»

Murid dedi: «Qo'limga tosh olib, unga otaman».

Shunda shayx dedi: «Sen tosh bilan bitta itni urib qulatarsan, lekin qolgan to'rttasi seni g'ajib tashlaydi-ku.»

Murid dedi: «Unda qo'limga tayoq olib, itlarni quvishga urinaman.»

Shayx yana dedi: «Yana qaytarib aytaman, shunday qilganingda ham itlarning bir yo iktasini quvarsan, qolganlari baribir senga hujum qiladi. Ko'ryapmanki, sen hali qishlog'ingdagi odamlarga saboq berishga tayyor emas ekansan.»

Murid so'radi: «O shayx, u holda menga to'g'ri javobni ayting.»

Shayx shunday dedi: «Agar cho'ponni chaqirsang, u dam olayotgan joyidan chiqib, har bitta itni nomi bilan chaqiradi va itlar hamladan to'xaydi.»

Shundan so'ng shayx yana qo'shimcha qilib dedi: «Bu dunyoda senga xuddi o'sha itlar kabi hujum qiladigan odamlar bisyor, agar sen ular bilan urushmoqchi bo'lsang, yengilasan. Lekin agar sen ularning egasini, ularni yaratgan Yagona Zotni yordamga chaqirsang, u Zot dushmanlaringni nomma-nom chaqirib, seni himoya qilgaydir.»

Biz Allohni tahlika onida chaqiramiz. Lekin boshimizga tashvish tushmasa Uni xotirga olamizmi? Sufiylar zikri qiyom qiladilar, ya'ni tik turgan holda Allohni eslashadi. Haqiqiy zikri qiyom Allohga ibodat qilayotganimizdagi zikrdir. Ana shu qiyomdir. Zikrdagi qiyom Allohning qarshisida turganlikni bildiradi. Bu namoz vaqtida turadigan qiyomdir. Bu tog' ustida turgan Muso alayhissalomning qiyomlaridir.       

Kunlar, haftalar va oylar ketidan mening shayxim ham o'tdilar. Shayx Muzaffar Afandi haqiqatda bu dunyodagi buyuk zotlardan biri edilar, endi u kishini juda sog'inaman. Afandi haqida o'ylarkanman, o'sha daqiqalarda qaerda bo'lmaylik, qaerdan eshitmaylik, har birimizda u kishining o'limlari haqida alohida nuqtai nazarimiz borligini ko'raman. Jumladan, men o'zim qay holga tushganimni aytmoqchiman, chunki o'sha mash'um seshanba kuni eshitganingiz shumxabar sizga qanday ta'sir etgan bo'lsa, meni ham shunday vaziyatga tushdim. U kishini bir necha hafta oldin Istanbulda ko'rganimda ancha bardam ko'ringan edilar. Egnilarida jigarrang libos, har kim bilan zo'r quvonch bilan samimiy salomlashayotgan edilar. U kishi to'g'rimizda o'tirar, ajoyib bir qiyofada edilar. Nazarimda, avvalgiga qaraganda ancha tetik va sog'lomday edilar. O'sha tun eng go'zal tarzda Allohni yod etilgan daqiqalar edi.

Bir necha hafta o'tib, u kishining o'limlari xabari keldi. Ba'zilarimiz Istanbulga uchib kelib, to'g'ri ibodat markaziga keldik. U yerda Afandi yog'och tobutda Pir Nuriddin Jarrohiy qabrlarining oyoq tarafida yotar edilar. Bir necha kishigina bor edi. Tobut ochilib,biz ukishini ko'rdik. Ko'p yillardan beri bilganim, hayot va quvonchga to'la bu muhtaram zot ayni paytda harakatsiz holda yotardilar. Ko'zlari yumuq, lablarining bir chetida tabassum uchquni borday edi. Hammamiz o'zimizni jismonan nechog'li g'arib ekanimizni his etdik. Anchagacha u yerda qarab turdik, so'ng tobut qopqasi yopildi.

Bu Payshanba tuni edi.         

Ikki kungina avval Afandi o'z oilalari davrasida xushnud o'tirgan, ovqatlanib, shirin suhbat qurayotgan edilar. O'sha tun soat ikkilarda namoz o'qishga turayotib bezovtalana boshladilar. U kishi ayollari Sultonxonimni chaqirdilar. Ayollari darhol bir ko'cha narida turadigan inilariga sim qoqdilar. So'ng Afandining birinchi xalifalari, o'rinbosarlari Safar Boboni chaqirdilar. Safar Bobo o'sha tun betobliklariga qaramay, darhol kiyimlarini kiyib, izg'irinda shayxning uylariga shoshildilar.

Sultonxonim qo'ng'iroq qilib bo'lgach, Afandining huzurlariga qaytdilar. Afandi qiynalib nafas olar, zo'rg'a ovoz chiqarib La ilaha illalloh, deya uch bora takrorladilar... shundan so'ng ko'zlari yumilib, abadiy uyquga ketdilar.

Qaynilari yetib kelgach, u kishini hushdan ketdilar deb o'ylab, o'zlariga keltirishga urindilar, Afandining og'zilariga oyna qo'yib, nafas olaptilarmi yo'qmi, bilishga urinishdi. Afsuski, yo'q. Doktor yetib kelib, barcha harakatlar kech ekanini bildirdi. Shundan so'ng Safar Bobo kelib, mayitning yoniga uzala tushdilar. Kamol Bobo va Najot Bobo ham yetib kelishdi va mayitni Qoragumrukdagi darvishlar markaziga olib keldilar. U yerda mayitni yuvishdi, kafanlashdi, so'ngra biz payshanba kuni ko'rgan usti berk tobutga solishdi.

Keyingi kun soat o'nda yuzlab odamlar u yerga keldilar. Biz oddiy yog'ochdan yasalgan tobutni ko'tarib, hovliga olib chiqdik va Shayx Faxriddin Afandi darichalari olidiga qo'ydik. Ko'p duolar qilindi, shundan keyin darvishlar tobutni yelkalariga ko'tarib, tor tosh yo'lak orqali qor yog'ib turgan sovuq ko'chaga olib chiqishdi. Biz Istanbulning aylanma ko'chalari bo'ylab tobutni galma-galdan ko'tarib bordik.

Fotih Masjidigacha yarim soatlik yo'l bosish lozim edi. U yerga yetgach, Afandini tashqarida qoldirib, juma namozini o'qish uchun ichkariga kirdik. Yig'ilganlarning har biri namozdan so'ng mayit haqiga duo qilar va janozaga yetib kelganiga shukr qilardi. Boshda kelgan yuzlab kishilar soni minglarcha odamga ko'payib, g'oyat katta masjid hovlisida odam liq to'lib ketdi.

Darvishlar tobutni ko'tarib ostona hatlab masjidga tomon yurdilar. Odam liq to'la, chetroqqa o'tish uchun deyarli  birorta ham bo'sh joy yo'q edi. Bizni bir kuchli oqim ko'tarib borayotganday oldinga surilib borardik. Minglab odam tobut ortidan xonaqohga yo'naldi. Oldinga qarab borarkanmiz, tobut ustidagi tojga, ya'ni sallaga ko'zimiz tushdi. Go'yoki Afandi olinda bizni boshlab ketayotgan edilar. Mirshablar yo'l harakatini to'xtatib, yurish uchun yo'l ochib borishardi. Chor atrofda odamlar deraza va ko'priklardan kuzatib turishardi. Odamlar oqimini yuzlariga plastik niqob taqib olgan mirshablar nazorat qilar ekan, tobutni ko'tarib borayotganlar uni ichkariga olib kirishdi. Bir kori hol sodir bo'lishi mumkin edi.

Bir kecha oldin darvishlar markazida, Faxriddin Afandi abrlariga yaqin joyda bir lahad qazib qo'yilgan edi. Imkonini qilganlar ana shu kichik burchakka tiqilib keldi. Darvishlar mayitni tobutdan oldilar va avaylab lahadga qo'yishdi, so'ngra uni loy va yog'och taxtachalar bilan tekislashdi. Oxirida ular yog'och ustidan tsement quydilar. Barchamiz xonaqohning boshqa bir burchiga o'tib, tsement quriguncha bir necha fursat kutib turdik. U qurigach, avvalgi joyimizga qaytib, tsement ustiga taxta qopqa o'rnatdik. Keyin uning ustiga zar bilan Alloh nomi bitilan choyshab yozildi. Afandining tojlarini uning old tomoniga qo'yib, yigirma nafarimiz zikr marosimini o'tkazdik. Ma'naviy ustozimiz qabri ustida turgan holda bir soat davomida Alloh nomini zikr qilib turdik...

Safar Boboning aytishlaricha, bir muncha vaqt oldin ma'lum sabablarga ko'ra, ular qabrlardan birin ochishibdi. Bu 120 yoshida vafot etgan Shayx Yax'yo Moraviyning qabrlari ekan. U kishi xilvatda jon taslim qilgan bo'lib, 200 yil burun qabrga o'tirgan hollarida dafn qilingan ekanlar. Safar Boboning hikoya qilishlaricha, ularning soqollari va tanalari qabrga qo'yilganda qanday bo'lsa, shundayligicha turganmish. Hech bir o'zgarish sodir bo'lmabdi. Shayx Yax'yo Shayx Muzaffar Afandining yonlarida, darvishlar markazining boyagi kichik burchagida o'tiribdilar.   

Ingliz tilidan A'zam Obidov tarjima qildi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.