Qirq yil muqaddam XX asr o‘zbek adabiyotining buyuk siymolaridan biri Maqsud Shayxzodaning jabrdiyda yuragi urishdan to‘xtadi. O'tgan davr mobaynida uning tengdoshlari, izdoshlari, shogirdlari va muxlislarining ham aksari hayotdan ko‘z yumdi. Shu davrda tug‘ilib voyaga yetgan avlod esa uning jo‘shqin so‘zini eshitmay, nurli chehrasini ko‘rmay, tanti qalbining saxovatidan bahramand bo‘lmay o‘smoqda. Binobarin, ularning Shayxzodani nafaqat buyuk shoir, balki buyuk inson sifatida ham idrok etishi, uning porloq iste'dodi oldida ta'zim qilishi qiyin. Shuning uchun ham bu otashnafas shoirning hayoti va ijodi, qanday noyob siymo bo‘lgani to‘g‘risida yozish biz - zamondoshlarning vazifamizdir.
Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarboyjonning Og‘dosh shahrida shifokor Ma'sumbek va Fotimaxonim oilasida dunyoga kelgan. Ma'sumbek Shixliev Peterburg universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan va Og‘doshda yangi usuldagi ilk maktabni tashkil etgan edi. Maqsud 1917 yilda ana shu maktabda muallim Muxtor Afandizoda qo‘lida ta'lim oldi.
Kezi kelganda aytish joizki, mazkur maktabda Maqsud bilan birga o‘qiganlardan Said Rustam taniqli kompozitor va xalq artisti, Shohid (familiyasini aniqlay olmadik) xalq rassomi, Idris Aliev esa maorif xodimi bo‘lib yetishdi.
Maqsud ziyrakligi va tirishqoqligi tufayli muallimlar e'tiborini qozonib, 1921 yilda bir guruh tengdoshlari bilan birga Boku shahridagi dorilmualliminga o‘qishga yuborildi. 1925 yili mazkur bilim yurtini a'lo baholar bilan tugatgan Maqsud Ozarboyjon Maorif xalq komissarligining yo‘llanmasi bilan Darband shahriga yo‘l oldi. U o‘sha vaqtda Dog‘iston avtonom respublikasi hududida bo‘lgan Darbanddagi maktabda bir yil xizmat qilgach, Dog‘iston Maorif xalq komissarligiga murojaat etib, Bo‘ynoq shahriga ishga ko‘chirilishini so‘radi. 1927 yilning iyun oyiga qadar Bo‘ynoqdagi pedagogika bilim yurtida jamiyatshunoslik fanidan dars berdi.
Maqsud Og‘dosh singari kichik shaharlarda kamdan-kam uchrovchi taraqqiyparvar kishilar oilasida tug‘ilgan edi. Maqsudning ilm olishi va shoir sifatida shakllanishida otasi Ma'sumbekning ishtiroki nihoyatda katta bo‘lgan; onasi Fotimaxonim ham og‘doshlik ayollarning ijtimoiy faollashuviga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan. Mashhur ozar adibi va jamoat arbobi Mirza Ibrohimovning shahodat berishicha, uning ota-onasi ziyrak, zehnli farzandlarining qobiliyatini o‘stirishga alohida e'tibor bergan, unda ilm-fanga ixlos, go‘zallikka nisbatan muhabbat tuyg‘usini uyg‘otgan. Maqsud ular ta'sirida hushyor, bilimdon, yangilikka talpinuvchi, jamiyatda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar mohiyatini tushunishga intiluvchi yigit bo‘lib voyaga yetadi. Shunday zukko yigitning o‘sha davrda yoshlar o‘rtasida tar-qalgan va ular e'tiborini qozongan gazeta-jurnallarni o‘qimasligiga aql bo-var qilmas edi.
Maqsud Bokuda tahsil ko‘rgan yillarda "Yeni Kavkaz" jurnali yoshlar o‘rtasida juda mashhur edi. Istanbulda Mamed Emin Rasulzoda tomonidan nashr qilingan va Bokuga yashirin yo‘llar bilan keltirilgan mazkur jurnalda bosilgan "Qizil imperializm" maqolasi Maqsudning dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi. Maqolada 1917 yil oktyabrida tarix sahnasiga kelgan Sho‘ro davlatining milliy respublikalarga va ularning tub aholisiga erkinlik bermagani, aksincha, milliy xalqlarning diniy va dunyoviy madaniyatini siquv ostiga olgani aytilgan va ozarboyjon xalqi hayotidan buni tasdiqlovchi ko‘plab misollar keltirilgan edi.
Maqsud 1925 yili Bo‘ynoq shahriga kelib, "Maorif yo‘li" jurnalini chop eta boshlagan Edhem Fayziy bilan tanishdi, bir o‘quv yurtida ishladi, "Yeni dunyo" jurnalida tarjimon sifatida qatnashdi. Ayni vaqtda "erkin dunyo"ni ko‘rib, oq-qorani tanigan, bolsheviklarning Qrimda qilgan jinoyatlariga guvoh bo‘lgan Edhem Fayziyning ta'sir doirasiga sekin-asta kirib bordi.
Edhem Fayziy Milliy firqa partiyasi "Millat" gazetasi va "Yeni dunyo" jurnalining muharriri, shuningdek, Fevral inqilobidan keyin Qrimda tashkil etilgan Milliy bankning xodimi bo‘lgani sababli (bu bank muxtor hukumatga moddiy yordam ko‘rsatgan) GPU xufiyalarining doimiy nazorati ostida yashagan.
1923 yili Musa Begiev "rus musulmonlari"ning rahbari sifatida jahon musulmonlarining Kalkuttadagi kongressiga taklif etiladi. U kongressda Qrim musulmonlarining vakili sifatida ham qatnashish maqsadida qrimlik muftiy Ibrohim Tarpining roziligini olmoqchi bo‘ladi. U Edhem Fayziydan shu nozik masalada yordam berishni so‘raydi. Edhem Fayziy muftiydan rozilik xatini olib Leningradga, Musa Begievning uyiga boradi. Shu voqeadan keyin GPU xodimlari nafaqat Edhem Fayziy, balki u bilan muloqotda bo‘lgan boshqa kishilarni ham qattiq ta'qib ostiga oladi. Xullas, Maqsud Sheyxizodaning (atoqli o‘zbek shoirining ism-sharifi o‘sha vaqtda shunday yuritilgan) Bo‘ynoqqa ko‘chib kelib, Edhem Fayziy bilan birga ishlashi va u muharrirlik qilgan jurnalda qatnashib turishi uning ham GPU nazorat doirasiga tushishiga sabab bo‘ladi.
GPU xodimlarining Edhem Fayziyga yaqin bo‘lgan kishilar, shu jumladan, Sheyxizodadan ham shubhalanishi asossiz emas edi. Zero, Sheyxizoda, do‘stlari Tavfiq Jalol va Selim Fitrat o‘zaro muloqotlari chog‘ida ustozlari Edhem Fayziy ta'sirida bunday so‘zlarni aytgan: "Ozarboyjon hozir ruslarning mustamlakasi bo‘lib qoldi. Sho‘ro muxtor jumhuriyati qazib olinayotgan neftning aqalli 10 foiziga ham ega emas. Sho‘ro hokimiyati Ozarboyjonning Turkiyadan o‘zi xohlagan adabiyotni sotib olishiga, bizning dolzarb masalalar bo‘yicha matbuotda erkin chiqishimizga ruxsat bermaydi. Agar Ozarboyjonda musovotchilar hokimiyati o‘rnatilganida biz anchagina ilgarilab ketgan bo‘lardik. Biz o‘z faoliyatimizni VLKSMga (leninchi yoshlar tashkiloti) kirish yo‘li bilan olib bormoqchi bo‘lgan edik, ammo bizni bu tashkilotdan millatchi deb haydab chiqarishdi..."
Ma'lum bo‘lishicha, Sheyxizoda 1927 yili Bokuga borib, u yerdan Istanbulda nashr etilgan "Yeni Kavkaz" jurnalining bir necha sonlarini olib kelgan. U Ozarboyjonning mustamlakaga aylanib, Dog‘istonning esa kundan-kunga ruslashib borayotganidan tashvishda ekanini aslo yashirmagan. Va nima uchundir Bo‘ynoqdagi harbiy qismning son-sanog‘i, ahvoli va milliy tarkibi bilan qiziqqan, hatto garnizonda xizmat qilgan Qozon tatarlari bilan yaqinlashishga uringan. Garchand o‘zining siyosiy qarashlarini oshkor qilmagan bo‘lsa-da, u bilan birga bilim yurtida o‘qituvchilik qilgan Tavfiq Jalol Dog‘istonga mahalliy aholining ruslashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kelganini aytgan.
Xullas, 1927 yil iyun-iyul oylarida Sheyxizoda aksilinqilobiy targ‘ibot yuritishda ayblanib, Edhem Fayziy va Mamed Fayziy bilan birga qamoqqa olinadi. Edhem Fayziy ta'sirida harakat qilgan Selim Fitrat va Tavfiq Jalol esa Dog‘iston hududidan chiqib ketgani uchun ularning ishi alohida ajrim etiladi. Maxachqal'ada bo‘lib o‘tgan sud yig‘ilishi 1927 yil 6 dekabrda yuqorida nomlari tilga olingan uch kishini OGPU ixtiyoridagi siyosiy qurilishga yuborish haqida hukm chiqaradi.
Sheyxizoda o‘ziga qo‘yilgan aybni asoslovchi birorta dalil-ashyo bo‘lmagani sababli ishni qayta ko‘rishlarini talab qilib tegishli idoralarga arizalar yozadi. Shundan keyin OGPU hay'ati huzuridagi Maxsus kengash bo‘ynoqlik muallimlar ishini qayta ko‘rib, Edhem Fayziyni muddatni kontslagerda o‘tash sharti bilan 3 yil qamash, Sheyxizodani esa 3 yillik surgunga yuborish haqida hukm chiqaradi.
Mazkur hukmga ko‘ra, Sheyxizoda sobiq Ittifoqning Moskva, Leningrad, Tbilisi va Bokudan boshqa shaharlarida surgunni o‘tashi mumkin edi.
Sheyxizoda qamoqdan ozod bo‘lgach, ona-sining maslahati bilan (otasi o‘sha vaqtda Moskvada o‘qishda bo‘lgan) surgungoh sifatida Toshkentni tanlaydi va o‘zbek yurtiga kelib, otasining tanishlaridan biri Sobir Sharipovning Shahrisabz ko‘chasidagi uyida yashay boshlaydi.
U Toshkentda hayotining har tomonla-ma yangi, bahor tarovatidek toza va beg‘ubor davrini boshlashga ahd etadi, ism-sharifiga jindek tahrir kiritib, Shayxzoda taxallusini qabul qiladi.
Ijodining dastlabki namunalarini 1922 yilda ozarboyjon tilida yozgan Shayxzoda 1928 yilda Toshkentga kelib "Sharq haqiqati" gazetasida ishlar ekan, o‘zbek tilini Oybek va G'afur G'ulom singari do‘stlari ko‘magida shiddat bilan o‘rganib, 1929 yilda shu gazetada "Traktor" degan she'rini e'lon qildi. Bu atoqli shoirning o‘zbek tilidagi birinchi she'ri edi. U shu vaqtdan boshlab umrining so‘nggi nafasiga qadar o‘zbek adabiyotining ravnaqi yo‘lida ter to‘kib, adabiyotimiz xazinasini o‘ziga xos shayxona jo‘shqin she'r va dostonlar, drama va tarjimalar, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar bilan boyitdi. Ammo Shayxzoda o‘zbek diyoriga kelib yashay boshlaganida bu yerdagi vaziyat Dog‘istondagiga qaraganda ancha murakkab edi.
1927 yil Sho‘ro davlati uchun favqulodda katta va muhim ahamiyatga molik yil edi. Sho‘ro davlatining barpo etilganiga 10 yil to‘lishi mazkur sananing jamiyat hayotiga mafkuraviy chaqmoq va momaguldiraklar bilan kirib kelishiga sabab bo‘ldi: shu yilning boshlarida, aniqrog‘i, 14 fevralda "Qizil O'zbekiston" gazetasida adabiyotshunos Aynning (Olim Sharafiddinov) "O'zbek yosh shoirlari. Cho‘lpon" degan maqolasi bosildi. Milliy uyg‘onish davrining otashich kuychisi Cho‘lpon ijodini mehnatkash xalq ommasiga yot, g‘oyaviy jihatdan esa zararli, deb baholagan bu maqola dahshatli 1937 yilning ilk "qaldirg‘och"i edi. Oybekning o‘z ustozini mardona himoya qilgan maqolasi Cho‘lpon ijodi muxlislari tomonidan katta mamnuniyat va umid bilan qarshi olindi. Ammo Akmal Ikromov O'zbekiston madaniyat xodimlarining 1927 yil 4-5 oktyabrda bo‘lib o‘tgan II qurultoyidagi ma'ruzasida Oybekning emas, Aynning tarafini olib, Markazqo‘mning Cho‘lpon singari shoirlar ijodiga nisbatan o‘ta salbiy, taqdiriga esa o‘ta loqayd munosabatda ekanini yashirmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1929-1930 yillarda Botu boshchiligidagi Maorif xalq komissarligi xodimlari, Munavvar qori Abdurashidxonov rahbarligidagi allaqachon tarqatib yuborilgan "Milliy ittihod" va "Milliy istiqlol" tashkilotlarining a'zolari qamoqqa olindi. Vaqtincha erkinlikda yashayotgan ziyolilarning har bir qadami siyosiy ta'qib ostida kecha boshladi.
Ozarboyjondan surgun qilingan shoirning sho‘rolar O'zbekistonida emin-erkin yashashi aslo mumkin emas edi. Shuning uchun ham u Sho‘ro davlati rahbarlarini, partiyani olqishlovchi she'rlar yozib, davrning o‘tkinchi masalalariga o‘z vaq-tida munosabat bildirib turdi, "zamonasoz shoir" niqobi bilan ijod qildi. Shayxzoda 1933 yili badiiy ijoddan ko‘ra ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni xavfsiz deb bilibmi, Til va adabiyot instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi, aspiranturani tugatgach, kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlay boshladi. Lekin 1937 yilning mash'um o‘rog‘i bu institut xodimlarini ham o‘rib ketganini, ijodini tekshirib, risola yozayotgani - Cho‘lponning qamoqqa olinganini ko‘rgan shoir ilmiy jabhani tark etdi-da, dastlab Toshkent viloyat kechki pedagogika instituti, keyin esa shahar pedagogika institutida o‘zbek mumtoz adabiyotidan ma'ruzalar o‘qidi. Tabiatan saxiy, topgan-tutganini do‘st-yorlar davrasida sochib yashaydigan shoir uchun domlalikning doimiy moyanasi ayni muddao edi. Ammo u, o‘zi e'tirof etganidek, tug‘ma shoir bo‘lgan. She'r yozish uning uchun nafas olishdek tabiiy bir jarayon va hayotiy ehtiyoj edi. Agar Shayxzoda boshqa tarixiy-madaniy sharoitda yashab ijod qilganida Olloh bergan buyuk iste'dodi tufayli badiiy madaniyatning ko‘plab shayxona muhtasham obidalarini yaratgan bo‘lardi.
Shayxzoda mansub bo‘lgan o‘zbek shoirlari avlodi turfa ovozlar va uslublardan iborat. G'afur G'ulomning mumtoz o‘zbek poeziyasidan bahra olgan she'rlari Oybekning o‘ychan nazmidan keskin farqlanganidek, Mirtemirning xalqona lirikasi Hamid Olimjonning dilbar asarlariga mutlaqo o‘xshamaydi. Ular bilan bir havodan nafas olib, bir burda nonni baham ko‘rgan Shayxzodaning she'ri esa butunlay o‘zgacha! Uning nazmida shoirning tanti tabiati, yosh boladek toza qalbiyu turq va ozarboyjon she'riyatiga xos mavjlar tovlanib-almashinib turadi. Shayxzoda o‘ziga xos ohanglar va his-tuyg‘ularga boy ijodi bilan o‘zbek she'riyatining yanada yuksak darajaga erishishiga ulkan hissa qo‘shdi.
Shubhasiz, zamon sharsharasida oqqan shoirning partiyaga, Oktyabrga, sho‘rolar vataniga, "oq oltin"ga hamdu sanodan iborat she'rlar bag‘ishlamasligi, sho‘ro davlatining manmanlarcha tashqi siyosati sababli jahon taqdiri qil ustida turgan vaqtlarda tinchlik uchun kurash kabi mavzularda ijod qilmasligi mahol edi. Ammo uning yuragida boshqa tuyg‘ular, muammolar, dardlar ham bo‘lgan. U o‘zini qiynagan iztirobli masalalarni tasvirlash va umuman, makrodunyo haqida fikr yuritish, ayni davrda ro‘y berayotgan voqealar mohiyatini tarix saboqlari ko‘zgusida ko‘rish va tushunish maqsadida 40-yillardan dramaturgiya sohasida ham qalam tebrata boshlagan.
Ammo bu masalaga ko‘chishdan avval shoir hayotida ro‘y bergan mudhish voqeani eslab o‘taylik.
Ma'lumki, 50-yillar avvalida qatag‘onning navbatdagi to‘lqini shu davr adabiyotining ko‘zga ko‘ringan aksar vakillarini o‘z girdobiga tortgan. Shuhrat, Said Ahmad, Shukrullo singari shoirlardan oldin Shayxzoda "sovet yozuvchisi" degan sharafli unvonga dog‘ tushirgan ijodkor sifatida dastlab Yozuvchilar uyushmasi a'zoligidan chiqarilgan. So‘ngra qamoqqa olinib, uni yaxshi bilgan, uning insoniy fazilatlari va ijodiy yuto‘qlaridan bahramand bo‘lgan kimsalar oldiga g‘ajish uchun tashlangan. Shunday kimsalardan biri S. familiyali ayol edi. Shayxzoda Teatr va rassomlik institutini sirtdan tugatayotgan bu ayolning "Boy ila xizmatchi" dramasi haqidagi diplom ishiga ilmiy rahbar etib tayinlanadi. S. 50-yillardagi qama-qamalarning tashkilotchilaridan biri - V.Milchakovning nog‘orasiga muqom qilib, ustozini millatchilikda, Sharqni haddan ziyod ideallashtirishda ayblagan. Ma'lum bo‘lishicha, u Hamza asari N.Ostrovskiyning "Momoguldirak" asari ta'sirida yaratilganiga urg‘u bermoqchi va shu fikrni diplom ishining yangiligi sifatida olg‘a surmoqchi bo‘lgan. "Men, - degan u tergovchiga bergan ko‘rsatmasida, - diplom ishimda Hamza Hakimzodaning adabiy ijodiga Oktyabr inqilobi, rus mumtoz va sho‘ro adabiyoti katta ta'sir ko‘rsatgani to‘g‘risida yozgan edim. U ochiq-oydin aytmagan bo‘lsa ham, Hamza eng avvalo Sharq madaniyatidan o‘rgangan demoqchi bo‘lgan. Umuman, Shayxzoda Sharq haqida hamisha hayrat bilan so‘zlar, uning fikr-mulohazalaridan shunday xulosa chiqar ediki, go‘yo Sharq hamma narsadan afzal edi. Shayxzoda Qadimgi Sharqni nazarda tutgan holda Sharq madaniyatiga birlamchi ahamiyatni berardi. Shayxzoda uchun rus madaniyati Qadimgi Sharq madaniyatiga nisbatan sariq chaqachalik ahamiyatga ega emas edi..."
V.Milchakov "dirijyor"lik qilgan bu jarayonda ayrim o‘zbek shoirlari ham faol ishtirok etdi. R. ismli shoir xuddi shu masalada Sh.ni qoralab, bunday ko‘rgazma bergan: "Shayxzoda umuman Yevropaga, xususan Rossiyaga qarama-qarshi qo‘ygan holda Qadimgi Sharqni ko‘klarga ko‘tara boshladi. Uning aytishicha, Yevropada, ayniqsa, Rossiyada odamlar oyoqyalang yurganlarida Sharq jahon madaniyatining o‘chog‘i bo‘lgan emish. O'sha paytda Rossiya ayrim knyazliklardan iborat bo‘lganida Sharqda qudratli davlatlar mavjud bo‘lgan emish. Shayxzoda Qadimgi Sharqda yashagan ba'zi olimlarning ismlarini tilga olib, ularni sharaflash lozimligini, Sharqqa xos barcha narsalarning afzalligini unutmaslikni talab qilardi..."
R.ning o‘z fikrlarini davom ettirib, ustoz shoirni millatchilikda ayblagani, uni Cho‘lpon va Fitratlar singari "xalq dushman"lari izidan ravona qilmoqchi bo‘lgani qanchalik dahshatli bo‘lmasin, gap hozir bu hakda emas. Biz uchun muhimi - Shayxzoda Sharqning insoniyat tarixida buyuk rol o‘ynaganini chuqur his etgani, Sharq madaniyati tarixi bilan faxrlangani va shu madaniyat sarchashmalaridan uzoqlashmaslikka harakat qilganidir.
Darhaqiqat, Yevropada, jumladan Rossiyada odamlar hali oyoqyalang yurganida Sharqning jahon madaniyatiga buyuk hissa bo‘lib qo‘shilgan obidalari yaratib qo‘yilgan, Yevropa, jumladan, Rossiya hali ayrim-ayrim knyazliklar shaklida yashayotganida Sharqda qudratli davlatlar allaqachon barpo etilgan edi. Shayxzoda ana shu Sharqning shoir va olimlari, davlatchilik tarixiga asos solgan podsholari, bosqinchilarga qarshi qahramonona kurashgan sarkardalari bilan haqli ravishda iftixor qilgan. U ana shu iftixor tuyg‘usini Ikkinchi jahon urushi yillarida sovet mamlakati taqdiri xavf ostida qolgan bir davrda xalqni kurashga, g‘alabaga chorlovchi "Jaloliddin Manguberdi" tragediyasida ifodalagan edi.
Ammo bu asar xalqni vatan mustaqilligi yo‘lida qahramonona mehnat va kurashga rag‘batlantirish ishiga qanchalik xizmat qilmasin, ko‘p o‘tmay sahnadan olib tashlandi. Falakning gardishi bilan O'zbekistonga kelib qolgan ayrim kimsalar Shayxzodani tarixiy o‘tmishga sinfiy mezonlar asosida yondashmaganlikda ayblab chikdi. Stalin mukofotiga tavsiya etilgan asar muallifi feodal o‘tmishni ideallashtirishda, Kavkaz xalqlariga "jabr-zulm o‘tkazgan" Jaloliddin obrazini buzib talqin qilishda ayblandi. 1952 yili Shayxzodaning qamoqqa olinishida xuddi shu masala raqiblar qo‘lidagi asosiy dastak bo‘ldi.
Taqdirning inoyati bilan Shayxzoda sho‘rolar do‘zaxidan tirik qaytibgina qolmay, Sharqning boshqa bir buyuk siymosi - Ulug‘bek haqidagi shekspirona buyuk asarini yaratish imkoniyatiga erishdi. Agar shoir vafot etgan kuni o‘g‘irlanmaganida uning Beruniy to‘g‘risidagi yana bir muhtasham asari adabiyotimiz xazinasini boyitgan bo‘lardi.
Tarix mustabid tuzum davrida Jaloliddinning milliy qahramon sifatidagi obrazini yaratgan, ammo tergov chog‘ida raqiblar fikri bilan hisoblashishga majbur bo‘lgan Shayxzodaning yuz karra haq bo‘lganini tasdiqladi. O'zbek xalqi 1998 yilda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini zo‘r tantana bilan nishonlab, Shayxzodaning ham pok ruhini shod qildi.
Shayxzoda, o‘zi e'tirof etganidek, she'riyatda zamonaviy voqelikni, dramaturgiyada esa tarixiy o‘tmishni tasvirlashga hamda xalq va mamlakatning dardli masalalarini o‘tmishga bag‘ishlangan asarlarida ifodalashga intildi. U nomlari tilga olingan, shuningdek, Mirtemir, Abdulla Qahhor, Komil Yashin singari zabardast ijodkorlar bilan birga adabiyotimizni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. "Bu avlodning a'zosi bo‘lgan men ham, - deb yozgan edi shoir, - 25 ga yaqin she'riy to‘plam nashr ettirdim. O'zbek tuprog‘ini qaytadan ekkan ilk traktorlarning madhiyasidan boshlab fazo yo‘plarini aylanuvchi oltin kemalardagi sayyohlarni tarannum etishgacha barcha muhim hodisalar, xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma'naviy jamoli mening qalamimga oshno va dilimga mazmun bo‘lib keldi". Shayxzodaning she'r va dostonlari shunday rang-barang mavzularga bag‘ishlangani bilangina emas, turli vazn va janrlarda yozilgani bilan ham o‘zbek she'riyatini boyitgani shubhasizdir.
Shoir "Toshkentnoma" lirik dostonida bunday yozgan edi:
Umrim bino bo‘ldi Ozarboyjonda,Kechdi bolaligim u gul makonda.Nizomiy vatani, Ganja o‘lkasiO'pkamga to‘ldirdi she'r havosin...Lekin shoirlikning nozik toleiKuldi Sirdaryoning havzalarida.O'zbek quyoshining chin otaligiAks etdi mastoba kosalarida.O'zbek vodiysida otimni surdim,Aziz yo‘ldoshlar-la o‘toldim, yurdim.Yo‘q, men taqdirimdan emasman xafa,Shoirlik unvoni baxtimdan tuhfa!..Kelgusi yil ikki xalqning ulug‘ farzandi, gul makonlar kuychisi, shoir, dramaturg, tarjimon va olim Maqsud Shayxzoda tug‘ilgan kunga 100 yil to‘ladi. Biz, shoir ijodi muxlislari, bu muborak sanani - adabiyotimizning shonli bayramini munosib kutib olishga harakat qilajakmiz.
Naim Karimov,
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 4-sonidan olindi.