OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shovqindan d-o-o-d!?

Talabalik yillari tarix fani o‘qituvchimiz bo‘lib o‘tgan g‘alati voqeani gapirib bergan edi. Sobiq ittifoq janubidagi ko‘shni mamlakatlardan birining aholisi yashash sharoitlarining qiyinlashishi oqibatida chegarani buzib, yoppasiga sobiq ittifoq yerlariga ko‘chib kela boshlagan ekanlar. Ko‘chish shu darajada sur'at olgan ekanki, unga qarshi harbiy chora ko‘rishdan boshqa iloj qolmagan. Biroq buni qanday amalga oshirish masalasi munozarani keltirib chiqargan. Yoppasiga qirib tashlab bo‘lmaydi. Asir olinsa, ularni boqish uchun ortiqcha xarajat ketadi. Shunda bir general g‘alati usul taklif qilibdi: reaktiv samolyotlarning ovoz yutgichlarini olib tashlab, ko‘chmanchilar ustidan qayta-qayta uchib o‘tish. Natija kutilganidek bo‘libdi. Quloq pardalari yorilib, karaxt ahvolga tushgan ko‘chmanchilar yurtlariga qaytib ketibdilar. Ha, quloq va eshitish tuyg‘usi katta ne'mat. Ammo shovqin zararli, kezi kelganda o‘ziga xos quroldir, deb xulosa chiqargandi o‘shanda o‘qituvchimiz.

Shovqin darajalari

Inson tinchligini buzadigan har qanday tovushga so‘zlashuv tilida shovqin deyiladi. Xoh uyda, xoh ishxonada bo‘lsin tovush zarbalariga duch kelamiz. Temir yo‘l, havo yo‘li va avtomobil yo‘li transportlari, zavod va fabrika uskunalari, musiqa va boshqa vositalar shovqin keltirib chiqaruvchi omillar sirasiga kiradi. O'q ovozi, bolg‘a zarbasi kabilar impulsi kuchliligidan xavfli shovqinga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday tovushlar 500 millisoniyadan ozroq vaqt ichida birdaniga 40 detsibelga ko‘tarilib ketadi. Misol uchun o‘q otilgan payt shovqin kuchi 1 millisoniyada 165-170 detsibelgacha ko‘tariladi.

Eng shovqin-suronli shaharlar

Shaharning shovqinlik darajasi aholi va transport soni, ishlab chiqarish korxonalari ko‘pligi hamda aeroport va vokzallarning joylashgan o‘rni bilan baholanadi. Yaqin yillargacha 35 million aholiga ega Tokio shahri dunyodagi eng shovqinli shahar sifatida e'tirof qilingan. Kechki Tokio shovqin-suroni Parijnikidan o‘n marta, Nyu-Yorknikidan to‘rt marta kuchli sanaladi. Biroq, yaqinda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Argentina poytaxti Buenos-Ayresni bu borada Yaponiya poytaxtidan ham o‘tib ketganini qayd etdi.

Birlik yuzadan o‘tgan tovush energiyasi bilan o‘lchanadigan tovush intensivligi tovush balandligini belgilab beruvchi kattalik hisoblanadi. Biroq bu intensivlik miqdori oralig‘i (eshitish bo‘sag‘asidan og‘riq sezgi bo‘sag‘asigacha) bir trillionni (1 000 000 000 000) tashkil qilgani sababli, oson ifodalash uchun amalda uning logarifmlangan ko‘rinishi, ya'ni nisbiy intensivlik qo‘llaniladi. Tovush nisbiy intensivligining birligi telefon ixtirochisi Aleksandr Graxam Bell sharafiga bel deb atalgan. Lekin ko‘pincha uning bir tartib kichik birligi detsibel ishlatiladi.

Shovqin va ruhiyat

Urbanlashgan shaharlarda shovqin-suron juda ko‘p asab kasalliklarini keltirib chiqaradi. Yaponiya milliy hisoboti dalillariga ko‘ra, mamlakat aholisini eng ko‘p bezovta qiladigan unsur, shovqin ekan. Angliyadagi shifokorlarning hisob-kitobiga ko‘ra, erkaklarning to‘rtdan bir va ayollarning uchdan biri shovqin oqibatida asab kasalliklariga uchrar ekan. Frantsuz ruhshunoslarining bildirishicha, ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning har beshtasidan bittasi shovqin tufayli aqlidan ajragan ekan. Shovqinning asab tizimiga salbiy ta'siri ish jarayonidagi o‘ta asabiylashish bilan bir xil ekani tadqiqotlarda isbotlangan. Yuqori darajadagi shovqin homilaga ham o‘ta salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniqlangan bo‘lib, tug‘ilajak chaqaloqlarda turli nuqson va tugma kasalliklarni keltirib chiqarar ekan.

Iqtisodiy zarar

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qaydnomasida ko‘rsatilishicha, AQSh shovqin-surondan yiliga 4 milliard dollar zarar ko‘rar ekan. O'z navbatida olimlar zavod va fabrikalarning bu boradagi ziyoni 1 detsibelga kamaytirilsa, mehnat unumdorligi 0,3-1 foizga oshishini aniqlagan.

Diskoteka, rok, jaz ...

Diskotekalar hamda rok, pop va jaz musiqasi kontsertlarida shovqin og‘riq beradigan darajagacha ko‘tariladi. Natijada, u yerdagi kishilar gangib, sal qolsa es-hushidan ajragudek bo‘lishadi. Shovqindan quloq pardasi yirtilib ketgudek holga keladi, quloq ichida zirillash, guvillash kuzatiladi. Uzoq muddat bunday shovqin ostida vaqt o‘tkazgan inson ruhiyati ziyon ko‘rishi aniq. Bu kabi maskanlardan chiqqan kishilar biron-bir yaqin joyda o‘zlariga kelishga ehtiyoj sezadilar. Dam olayotgan paytlarida xalaqit qilinishidan qattiq g‘azablanishadi. Hatto ayrimlari xalaqit bergan kishini o‘ldirishga ham tayyor holga kelishlari so‘rovnomalarda qayd qilingan. Uzoq yillar davom etgan faoliyatidan so‘ng g‘arbdagi ko‘pgina rok yulduzlarining eshitish qobiliyatlari shovqin oqibatida juda pasayib ketgani aniqlangan.

«Gullarga baqirmang!»

Olimlar 12 xil gullarning shovqin va sokinlik sharoitida o‘sish jarayonini tekshirib ko‘rishdi. Aniqlanishicha, shovqin gullar o‘sishini 47 foizga kamaytirar ekan. Boshqa bir tajribada, gulni poezd yo‘li yaqiniga ekishganida 100 detsibel shovqin ostida qolgan gul o‘n kun o‘tgach so‘lib qolgan. Demak, bog‘ va parklardaga «uzmang» va «bosmang» yozuvlari yoniga «baqirmang» yoki «shovqin qilmang» degan taxtacha ham o‘rnatish foydadan holi emas. Kuchli shovqin nafaqat o‘simliklarga, balki har qanday tirik organizmga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Buenos-Ayresdagi laboratoriyalardan birida o‘tkazilgan tajribada kalamushlar baland ovoz chiqaruvchi radiokarnaylar o‘rnatilgan yerto‘laga qo‘yib yuborilgan. Bir necha daqiqadan keyin kalamushlar falaj bo‘lib qolishgan. Olti soatdan keyin esa jon berishgan. Parrandalarda pat to‘kilishi, sigirlardan sut qochishiga ham ko‘pincha shovqin sabab bo‘ladi. Shuningdek, suv kristallariga eng ko‘p salbiy ta'sir ko‘rsatadigan omillar qatorida shovqin-suron ham borligi qayd qilingan.

Shovqinning quloqqa ta'siri

Shovqin ta'sirida ichki quloq nerv hujayralari tuzatib bo‘lmaydigan darajada jarohatlanishi mumkin. Kuchli ovoz ta'sirida quloq pardasi yirtilishi, quloq bo‘g‘imlari orasidagi bog‘lanishlar uzilishi kuzatilgan. O'ta yuqori energiyaga ega tovushning salbiy ta'siri ichki quloqqacha yetib boradi va ovoz chastotasiga ko‘ra zararlanadi. Natijada, o‘sha chastotadagi tovushlarni eshitish qobiliyati pasayadi. Bu holat takrorlanaversa eshitish qobiliyati butunlay yo‘qolishi ham ehtimoldan holi emas. Yoki kishining qulog‘ida hayoti davomida bezovta qiladigan shovqin va g‘uvillash paydo bo‘ladi. Bunga akustik travma deyiladi. Akustik travma asosan 4000 Gerts chastotali tovushlarda sodir bo‘ladi. Tovush kuchi qanchalik yuqori va ta'sir qilish muddati qanchalik uzun bo‘lsa, quloqni ham shuncha uzoqroq vaqt dam oldirish kerak.

Misol uchun 100 detsibelli shovqin ostida 2 soat davomida tinglagan quloq 16 soat istirohat qilishi lozim. Aks holda ichki quloqdagi mayda hujayralar o‘zlarini o‘nglay olmay, ishga yaroqsiz holga kelib qoladilar.

50 detsibeldan yuqori shovqin o‘zaro so‘zlashuvda xalaqit beradi. 70 detsibeldan baland bo‘lgan shovqinda esa suhbat jarayoni qiyinlashadi. 90 detsibel shovqin ostida 10 yil ishlagan odamning eshitish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli 10 foiz, 100 detsibelda - 29, 110 detsibedda - 55 foizga teng.

Eshitishdagi tabiiy pasayishni bunga qo‘shadigan bo‘lsak, hayotini ko‘pincha shovqinli muhitda o‘tkazgan inson qarigach kar bo‘lib qolishi yoki ovozni kuchaytirib beradigan apparatlarga ehtiyoj sezish foydalanish ehtimoli yuqori. Shuningdek, sanoat va texnikadagi shovqin turli xildagi halokatlarga ham sabab bo‘ladi. Tinch muhitda ishlaydigan insonlarga qaraganda, shovqinli joylarda ishlaydigan odamlarda ish jarayonidagi baxtsiz hodisalar 3-4 marta ko‘proq kuzatilgan.

Boshqa a'zolarga ta'siri

Shovqinning organizmga ta'siri murakkab jarayon bo‘lib, kam o‘rganilgan sohalar sirasiga kiradi. 90 detsibel shovqinli sharoitda ishlashning eshitish qobiliyatini susaytirishidan tashqari, oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishi va ichak yarasi kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi ham aniqlangan. 120 detsibellik shovqin to‘qimalarda mexanik tebranishlarni vujudga keltiradi va nerv hujayralarining buzilishiga olib keladi. 130 detsibellik shovqin kishini kasalga chalintirishi muqarrar shovqin o‘z navbatida jismoniy sog‘liqqa va ruhiy muvozanatga ham ta'sir etadi. Eshitish markazi bilan boshqa markazlar orasidagi bog‘lar susayadi. Hayajon ziyodalashadi va natijada neyroendokrin tizim faoliyati me'yordan chiqadi. Boshqa fiziologik funktsiyalarga ham putur yetadi. Boshda og‘riq va g‘uvillash, tana holatini o‘zgartirganda bosh aylanish, tez toliqish, diqqat-e'tiborning pasayishi, terlash, uyqu buzilishi kabi holatlar shovqinning salbiy asoratlari hisoblanadi. Shovqin natijasida chaqaloqning erta tug‘ilishi ham kuzatilgan. Shovqin ta'siridagi bezovtalanishdan qon tarkibida va ba'zi garmonlarda o‘zgarishlar qayd qilingan. Albatta, bu o‘zgarishlar butun tanaga ta'sir o‘tkazmay qolmaydi. Shuningdek, sershovqin joylarda ishlaydigan insonlarda qon bosimi ortishi nisbatan ko‘p uchraydi.

Saqlanish choralari

Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan zararli ta'sirlardan saqlanishning iloji bor. Bular sirasiga shovqin izolyatsiyasiga e'tibor berish, ishxonada shovqinsiz ish qurollari va usullaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, yuk avtomobillari yo‘nalishini shahar chekkasidan o‘tkazish, aeroport, vokzallarni iloji boricha shahardan uzoqroq joylarda barpo etish kabilar kiradi. Atrofdagilarni bezovta qilmaslik uchun radio, magnitofon va televizor ovozlarini pastroq qilib qo‘yish lozim. Undan tashqari shovqin-suronli muhitda maxsus quloq niqobi kapsulalardan foydalanish kerak. Sershovqin joyda uzoq vaqt qolishga to‘g‘ri kelsa, keyin biror muddat tinch muhitda dam olish zarur. Ko‘kalamzorlashtirish ham shovqinlarni yutishda yaxshi natija beradi. Birgina daraxtlarning o‘zi 10 dan to 20 detsibelgacha shovqinni pasaytirishi qayd etilgan. Dunyodagi ko‘pgina universitet kampuslarining shahar chekkasiga ko‘chirilayotgani ham shovqindan va shaharning gavjum muhitidan uzoq bo‘lish maqsadida ko‘rilayotgan choralardan sanaladi. So‘nggi paytda keng qo‘llanilayotgan plastik romlar ham shovqin izolyatsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirda shovqinga qarshi kurashish borasida turli ilmiy izlanishlar va ixtirolar amalga oshirilmoqda. Masalan, Tubigen shahridan (Germaniya) Kostor Vasilevich ichi bo‘sh kub parchalardan tashkil topgan tovush yutadigan rezonans devor ishlab chiqdi. Unga urilgan tovush energiyasining ko‘p qismi devorning ichki qismida yutiladi. Qaytgan tovush to‘lqinlarining bir qismi esa faza o‘zgarishi sababli kelayotgan yangi tovushlarni devorga yetib kelmasidan so‘ndiradi. Shahar shovqinining 80 foizini transport vositalaridan chiqadigan dvigatel tovushlari tashkil qilgani uchun motorni tovush yutgich material bilan g‘iloflash borasida ham izlanishlar qilinmoqda. Muhandis X.Atbert tebranishlarni so‘ndiruvchi akustik material ishlab chiqishga erishdi. Bu material sintetik g‘ilof ichiga joylashtirilgan maxsus shaklga ega metall plastinkadan iborat. Bir necha ana shunday plastik g‘iloflar bilan motorning tashqi qismi o‘ralganda shovqin ma'lum darajada pasayishi qayd etilgan. G'ilofni baland tovush chiqaradigan uskunalar va poezd vagonlarida ham qo‘llash mumkin.

Quloq va eshitish

Quloq tashqi, o‘rta va ichki o‘laroq uch qismdan iborat a'zodir. Quloq suprasi havo oqimi tebranishini tutib olish xususiyatiga ega. O'rta quloq bolg‘acha, sandoncha va uzangicha deb ataluvchi suyakchalardan iborat. Bolg‘acha sopi nog‘ora pardasiga, old tomoni esa sandonchaga tegadi. Uzunligi 35 mm. bo‘lgan spiralsimon tuzilishga ega ichi maxsus suyuqlik bilan to‘lgan chig‘anoq esa ichki quloqni tashkil etadi.

Havo tebranishi avval nog‘ora pardaga uriladi. Keyin navbat bilan bolg‘acha, sandoncha va uzangichadan o‘tib, chig‘anoqning oval oynasini oldinga va orqaga harakatlantiradi. Natijada chig‘anoq ichidagi suyuqlik to‘lqinlanib kiprikchalarni harakatga keltiradi. Ya'ni miyadagi eshitish markaziga nerv impulslari boradi. Shunda biz tovush sezgisini qabul qilamiz. Ma'lum diapazondagi to‘lqinlarni (16 Gts dan 20 kGts gacha) eshita oladigan inson qulog‘i tovush kuchi borasida ham chegaralangan. Eshitish analizatorining eng yuqori sezgirlik diapazoni 10003000 Gerts (suhbat sohasi). So‘nggi yillardagi tadqiqotlar natijasida 7 yoshdan kichik bolalar 25-34 kGn chastotadagi (katta yoshdagilar eshita olmaydigan) tovushlarni eshita olishi ma'lum bo‘ldi.

Ibrohim Xudayberganov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.