OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Siz bibliofilmisiz?

So‘nggi yillarda texnikaning jadal rivojlanishi natijasida hayot ham tezlashib, hamma narsa vaqt bilan o‘lchanmoqda. Odamlar ishning ko‘pligidan, agar ish bo‘lmasa, uni o‘ylab topish bilan mashg‘ul bo‘lganidan, azaldan insoniyatning kundalik faoliyatlaridan biri bo‘lgan kitob o‘qishdek maroqli mashg‘ulot uchun vaqt topishga qiynalayotganday, go‘yo.

Har kuni minglab kitoblar bosmaxonadan chiqadi. Biz ularning eng kam qismini ham o‘qishga ulgurmayapmiz, ba'zida esa umuman kitob o‘qishni unutib qo‘ymoqdamiz. Bibliofil, ya'ni kitobni sevuvchilarni esa deyarli uchratmay qo‘ydik.

O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasida kitob - axborotlarni, g‘oya, obraz va bilimlarni saqlash hamda tarqatish, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy, estetik qarashlarni shakllantirish vositasi, bilimlar targ‘iboti va tarbiya quroli ekani qayd etilgan. Shunday boy ta'rifga ega bo‘lgan ushbu qurolning bugungi kunga kelib ko‘pchilikning e'tiboridan qolishi yuqoridagi sifatlarning ham to‘liq tushinilmayotganligini anglatmaydimi. To‘g‘ri, turli jamoat transportlarida cho‘ntakbop "kitob"larni o‘qiyotgan odamlarni uchratishimiz mumkin. Biroq ularni kitob deyish ancha mushkul. Chunki xalqaro statistikada YUNESKO tavsiyasiga ko‘ra, hajmi 48 sahifadan kam bo‘lmagan, taboqlab tikilgan nodavriy nashrni, shartli ravishda, kitob de­yish qabul qilingan. Shunday ekan, hech bo‘lmaganda, 48 sahifali kitobni o‘qib turishga o‘rganishimiz darkor.

Kitob o‘qish ko‘rsatkichining pasayib ketishi faqat mamlakatimizda emas, balki boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda. Bu asosan, har tomonlama rivojlangan mamlakatlarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, iyun oyida bo‘lib o‘tgan Moskva xalqaro kitob festivali davomida Buyuk Britaniya, AQSh hamda Rossiyada kitobga bo‘lgan qiziqishning nihoyatda susayib borayotgani ta'kidlab o‘tildi. YuNYeSKO bergan ma'lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p kitob o‘qiydigan mamlakatlar orasida Hindiston, Tailand, Filippin, Misr hamda Rossiya davlatlari o‘rin olgan. Xususan, hindistonliklar kitob o‘qishga haftada 10,7 soat, tailandliklar 9,4 soat vaqt ajratadilar. Holbuki, Hindiston yoki Tailandda Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Frantsiya kabi davlatlardagidek yuqori sifatli texnik vositalar, kitob o‘qish uchun turli qulayliklar, minglab kutubxonalar mavjud emas. Toki biz taraqqiyotdan unumli foydalana olmas ekanmiz, u bizga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiraveradi.

Rossiya kitob o‘qiydigan mamlakatlarning birinchi o‘ntaligiga kirsa-da, mazkur davlat uchun ushbu ko‘rsatkichni yaxshi deb bo‘lmaydi. Chunki avval rossiyaliklar haftada o‘rtacha 20 soat kitob o‘qigan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur ko‘rsatkich 6 soatga tushib qolgan. Eng yomoni ota-onalarning o‘z farzandlariga ilgarigidek kitob o‘qib berishi nihoyatda pasayib borayotganida. Ilgari ular aholining 80 foizini tashkil qilgan, hozirda esa bor-yo‘g‘i 7 foiz ota-ona bolasiga kitob o‘qib berish uchun vaqt topa oladi. Axir, ketma-ket serial ko‘rish, qo‘shnilar bilan soatlab gap "sotish"dek "muhim" ishlarni chetga surib, o‘z farzandiga ertak o‘qib berish uchun 5-10 daqiqa vaqt ajratish juda qiyin bo‘lsa kerak-da.

Shunday bo‘lsa-da, yozgi ta'til paytida poytaxtimizda joylashgan bir qancha kitob do‘konlarini kuzatib chiqdik. U yerda asosan fantastika, detektiv, hikoya janridagi kitob­lar ko‘proq xarid qilinishini do‘kon xodimlari ta'kidlab o‘tdi. Jumladan, "Sharq ziyokori" kitoblar markazida 100 mingdan ortiq nomdagi kitob mavjud bo‘lib, u yerda xaridorlarning tanlovi ko‘proq O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning asarlariga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 35 ming nomdagi kitob zahirasiga ega bo‘lgan "Knijn?y mir" do‘konida esa Paolo Koeloning "Brida" asari eng ko‘p sotilgani ma'lum bo‘ldi.

Ba'zida kitoblar ko‘pligidan qaysi birini o‘qish kerakligini bilmay qolamiz. Xalqimizda "Ilm ko‘p, umr oz, keragini o‘qi" maqoli bo‘lib, uni hayotimizga tatbiq qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Buning uchun bizga filologiya fanlari nomzodi, dotsent, adabiyotshunos Muhabbat Sharafutdinova kitoblarning keragini tanlashda yaqindan ko‘maklashdi. Muhabbat opaning tavsiyasiga ko‘ra, maktab o‘quv dasturida beriladigan asarlardan tashqari Sharq durdonalaridan hisoblangan Konfutsiy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy asarlarini har birimiz bilishimiz va o‘qishimiz darkor. Aynan ular Sharq adabiyotshunosligining nozik tomonlarini anglashga, tushunishib yetishga, milliy "men"imizni saqlab qolishga ko‘mak beradi. Jahon adabiyoti durdonalaridan ham bir qancha yozuvchilarning asarlari sanab o‘tildi. Ular qatorida Gomer, Qadimgi Rim yozuvchilari (Sofokl, Esxil, Evrepid), Shekspir, Chingiz Aytmatovning yaratgan asarlari o‘rin olgan. Bundan tashqari, Molerning "Tartyuf", Dantening "Ilohiy komediya", Gyotening "Faust", Daniel Defoning "Robinzon Kruzo", Jonatan Sviftning "Gulliverning sayohatlari", Lev Tolstoyning "Urush va tinchlik" va "Anna Karenina", Mixail Bulgakovning "Usta va Margarita" kabi asarlarini o‘qish ijobiy baholanadi.

Aslida mazkur ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Lekin yuqoridagi asarlarni o‘qib bo‘lgach, ishonchimiz komil, bu borada o‘zingizning ro‘yxatingiz paydo bo‘ladi. Muhabbat Sharafutdinovaning aytishicha, so‘nggi yillarda ko‘p o‘quvchi va talabalarda kuzatilayotgan xotiraning sustligiga sabab kitob o‘qishning pasayganidir. Kitob nafaqat xotirani, balki tafakkurni ham rivojlantirib, miyaning faol ishlashini ta'minlaydi.

O‘tgan asrning 90-yillaridan jadal rivojlanib borayotgan internet kitob ko‘rinishiga ham yangilik kiritdi. So‘nggi yillarda elektron kitob atamasi yoshlar orasida ma'lum darajada muvaffaqiyat qozonmoqda. Elektron kitob oddiy kitobning raqamli ko‘rinishi bo‘lib, bunday kitoblarni internet tarmog‘ida yoki turli CD-disklardan topish mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, internetga kiruvchilarning 46 foizi tarmoq orqali kitob xarid qiladi, 21 foizi musiqa yozish bilan shug‘ullansa, 19 foiz "on-layn"chi internet yordamida oziq-ovqat sotib oladi. Darhaqiqat, "o‘rgimchak to‘ri" orqali musiqa tinglovchilardan ko‘ra kitob sotib oluvchilarning soni nisbatan ko‘pligi ko‘ngilni ancha ko‘taradi.

Nima bo‘lganda ham, kitob o‘qishni to‘xtatmasligimiz lozim. Zero, tiriklik yoki hayotning ma'nosini tushunish va anglash, fikrlash va fikrni ifoda eta bilish uchun O‘QISH kerak.

Statistika oynasi

Mavzuni to‘ldirish maqsadida poytaxtimizning Alisher Navoiy hamda Beruniy nomidagi metro bekatlari atrofida kichik so‘rovnoma o‘tkazdik. Ushbu so‘rovnomada jami 178 kishi, asosan yoshlar qatnashib, ularga "Oxirgi marta qachon kitob o‘qigansiz?" degan savol bilan murojaat qildik. Garchi mazkur savol kulgili bo‘lmasa-da, aksariyat qatnashchilar uni g‘alati tabassum bilan kutib oldilar. Hatto, kitob o‘qiyapman deb, gazeta yoki jurnalga ishora qilganlar ham bo‘ldi.

So‘rovnoma natijalariga kelsak, ayni paytda kitob o‘qiyotganlar soni 35 nafar bo‘lsa, yil davomida hech bo‘lmaganda bir marotaba qo‘liga kitob olganlar 47 nafarni tashkil etdi. Oxirgi marta qachon kitob o‘qiganini eslay olmaydiganlar ham bo‘lib (hoynahoy, juda ko‘p vaqt o‘tib ketgan bo‘lsa kerak), 36 kishi "eslolmayman", "bilmadim", "ancha bo‘ldi" qabilidagi javoblarni berdi. So‘nggi natija barcha kitob sevuvchilarni ranjitsa, ajabmas. Sababi so‘rovnomada qatnashganlarning eng ko‘pi - 60 kishi hayoti davomida bir marotaba ham bilim manbai sanalgan kitobni o‘qimaganligini tan olganida bo‘ldi. Bunga sabab qilib esa "ishim ko‘p", "vaqtim yo‘q" kabi bahonalarni ko‘rsatishdi. To‘g‘risi, bunga o‘zimiz ham ishonishimiz qiyin kechdi. Nima bo‘lganda ham kitob o‘qish bugungi kungacha hech kimga zarar qilmagan. Shu sababli mazkur ko‘rsatkichning pasayayotgani haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz darkor emasmi.

Madina Tog‘ayeva
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.