Muhammad Yusuf haqida gap ketganda kim birov erka shoir, yana kim kuychi edi, yana kim nimadir deb ta’rif beradi va har kim bu borada o‘zicha haqdir.
Adashmasam, aka bilan biz Prezident Akademiyasiga kirmasdan xiyol burun Do‘rmonda, rahmatli Shavkat Rahmon huzurida tanishgan edik va shundan so‘ng quyuqroq salomlashadigan bo‘ldik. Shavkat aka o‘shanda betob, ozg‘in gavdasi tag‘in ham ichga tortib, ko‘zlari xiyla botgan, Muhammad aka negadir dasturxondagi mayizni maqtagan, Abdulla akam buni qora quyosh deb aytadi deya alqay boshlagan edi. Shoir oshirib yuboryaptimikin deb o‘yladim. Lekin ikki ko‘zim Shavkat Rahmonda. Biqinida Nabijon Boqiy, tez-tez bir narsalar deb qoladi, esimda yo‘q, har qalay o‘shanda Shavkat aka yarim kosa lag‘mon ichgani yodimda. Shoir xuddi shu safar ishtahasi ochilib, endi sog‘ayib ketadiganday tuyulgan menga.
Ammo...
“Osmon to‘la havolar
faqat menga yetmaydi...”, deb yurgan kunlari ekan.
Uyushmadan Muhammvd Yusuf bilan menga Prezident Akademiyasining o‘n oylik katta kursida o‘qish uchun tavsiya berildi. Endi el qatori kirib o‘qib yotibmiz-u, bitta narsadan aka bir oz xijolat tortadi. Safimizda o‘ttiz yoshga yetganlar bor edi, ammo akaga o‘xshab qirqni urib, bir-ikki pog‘ona oshib ham ulgurganlari yo‘q edi. Chamamda o‘qishga qabul qilinuvchilarning yoshini cheklovchi nizomga ham akaning “standarti” chandon to‘g‘ri kelmas edi.
Sababi, u – Muhammad Yusuf edi.
Gap tamom.
O‘zi Muhammad Yusuf adabiyotga kech kirib keldi. Esingizdadir, o‘sha “Yoshlik” jurnalida "tanklar ham paxta teradi, Zambaraklar bug‘doy o‘radi hali" degan mazmundagi she’ri chiqqanda bir kunda mashhur bo‘lib ketuvdi. Biz talabalar hayron bo‘lganmiz: yoshi Sirojiddin Sayyiddan ham katta, qaerda biqinib yurdi ekan, tavba...
Nazarimda Muhammad Yusuf rostdan ham adabiyotga bir kunda kirib kelib, o‘zining muqim o‘rnini topib olgandek...
Muhammad aka birov bilan uzoq ezilib, emranishib o‘tirishni xohlamas edi. Kutilmaganda turib jo‘nab qolar edi. Akademiyadaligida ham ko‘zga ko‘rinmay panada bechorasinib yurganlar bilan qalin do‘st bo‘lib olar, bu holat har qanday vaziyatda shoirning izzatini joyiga qo‘ya oladigan kazo-kazo va badavlat talabalarning g‘ashini keltirardi.
Esimda, 1997 yilning bahori edi. Muhammad aka Jizzaxning Dashtobodidan Ma’rufjon degan yigitning tug‘ilgan kuni ekanini bilib qolibdi. Akademiyada ham har turli qavm odamlar, tinglovchilar bor, hamma ma’lum bir joyda o‘z vazifasidan ozod etilmagan holda maosh olib o‘qib yuradi, lavozimdagilar ham ancha-muncha bor, ko‘p o‘tmay vazir, viloyat hokimi darajasiga ko‘tarilganlar ham bo‘ldi. Ammo Ma’rufjon cho‘ldagi qurilishlardan birida oddiy vazifada ishlar, keyinchalik ham karera qilmay oddiyligicha qoldi, lekin, kuzatishimcha, Muhammad akaning umri oxirigacha qadrdon ukasi bo‘lib yurdi.
Aka vazifadagi kishilar bilan mutlaqo salomlashmas edi, desam yolg‘on bo‘ladi. Ular bilan yaxshi munosabatda bo‘lar, ammo eshigiga borib yotib olmas, bir ish bitsa bitdi, bitmasa afsuslanib o‘tirmay, qo‘l siltab ketaverar edi.
Qisqasi, Muhammad Yusuf kibrdan xoli inson edi.
Akademiyada guruhlar qo‘shilgan katta auditoriyada ham, kichik auditoriyada ham shoir oxirgi partaga o‘tirishni odat qilgan edi. Bir talay she’rlar, jumladan, o‘sha “Bir o‘g‘li, bir qizi bor Ozodaning, men baribir sevaman Ozodani” degan satrlarini dastavval Akademiyadagi tinglovchilar eshitishgan.
1997 – yangi yilni kutib olish arafasidamiz. Akademiya hovlisida bir nozik, go‘yo uchib borayotgan qizning, toshdan shekilli, haykali bor, biroq u yalangoyoq holda ishlangan edi. Qitmirroq yigitlar tunda, odamlardan bekitiqcha qiz tushgurning oyog‘ini poychasiga uzun qizil paypoq kiygizib qo‘yishibdi. Muhammad aka ertasi kuni qiz haykali qoshidan ketolmay, Yevropa go‘zaliga ham ibo yarashadi, buni tushungan o‘zbek oshiq yigitlariga rahmat ayt, mazmunidagi hazil she’rni bitib tashladi.
Dashtoboddagi Ma’rufjonning odmigina uyiga “Villis” degan mikroavtobusda 7-8 kishi kirib borganimizda yigitning dadasi xursandligidan qayta-qayta ko‘z yoshi qilgan. Rosa miriqib suhbat qurganmiz.
Vaziyatdan go‘yo ori qo‘zigan gulistonlik ba’zi kursdoshlarimiz ertasi kuni mashina tashkil etishib, barchamizni Zomin tog‘lariga sayohatga olib chiqishgan. Muhammad aka Zominda Boburga o‘xshab yalangoyoq holda, oyoqlarini kerib she’rlar o‘qigani hamon yodimda.
Akademiyada N.Komilov, G‘aybulla as-Salom, Sh.Rizaev, N.Jumaxo‘ja, singari adabiyotshunos domlalar ham saboq berishardi. G‘aybulla aka turli mavzu, turli janrlarda qalin-qalin kitoblar yozib chop etar, akademiya rektori u odamga xayrixoh va homiy edi. G‘aybulla aka mening “Hadislarda davlat qurilishi va hokimiyatga munosabat” deb nomlangan diplom ishimga opponent, Najmiddin Komilov rahbar edi. Diplom ishi yozilmasa, respublika nashrlarida mavzuga doir uch dona maqola chiqarish ham kifoya qilar edi. Kamina gazeta-jurnallarda 8-9 ta maqola chiqarganman, o‘zimcha kerilib yuribman, biroq rahbarim Najmiddin Komilov men chiqargan maqolalar bilan mavzu orasida hech bog‘liqlik topolmay obdon ensasi qotar edi.
Muhammad aka bir mahal orqadan turib:
– Najmiddin aka, shu Sobirning hafsalasiga besh ketish kerak, – dedi. – Birov gazetada bir parcha xabar chiqarsa dunyoni buzadi, buniki sakkizta ekan-ku, yana hammasi o‘qiladigan materiallar...
Najmiddin Komilov boshqalar nima derkin, degan ma’noda zalga qaragan edi, buxorolik kursdoshim o‘rnidan turib “Bu yigit nafaqat jurnalist, balki “Yoshlik” degan jurnalga ham muharrir, falon yili buxoroliklardan bir necha kishi qamalib ketayotganda jurnal o‘rtaga tushib, jonbozligi tufayli odamlar nohaq qamoqdan qutulib qolishgan", deb qolsa bo‘ladimi?
Bu gap g‘irt yolg‘on ekanidan avvalo men uyalib ketdim. Axir, bizning jurnal huquqiy nashr emas, qamalganlarga aloqasi yo‘qligini hamma biladi-ku, bilmaganlarga ham yil davomida obuna haqida gapiraverib otning qashqasidek qilib qo‘yganman.
Orqaroqda jim o‘tirgan G‘aybulla aka shart o‘rnidan turib doska yoniga keldi. Asta-sekin gapni uzoqdan boshladi. Meni, M.Yusufni urib tashladi. Mavzuga aloqasizlikda aybladi. Yer yorilmaydi, men kirib ketmayapman, shunchalik ham tuproqqa bulaydimi odamni, kuyovini, katta shoir M.Yusufniyam ayamadi-ya.
Biroq G‘aybulla as-Salomning xuddi yozganlaridagi singari nutqida ham ajoyib manyovrlari bor edi.
– Bir qarashda shundoq, – deya ko‘rsatkich barmog‘ini tepaga qarata ta’kidlagannamo qotirib, o‘zi ham qotib, ko‘zlarini yirik ochib, to‘xtab, o‘ychan holda davom ettirdi.
Xullasi kalom, matbuotda e’lon qilingan har bir maqolaning aynan falon yoki piston hadisga mos yoki “xuddi shundan kelib chiqib yozilgan maqolalar” ekanini G‘aybulla domla shu darajada ustalik va zukkolik bilan isbotladiki, yo tavba, muallif bo‘lsam ham kamina bunaqa aloqadorlikni sira bilmagan edim...
Diplom ishi egasi, Najmiddin Komilov, M.Yusuf, xullas, hamma ag‘rayib qolgan. Najmiddin akadan tashqari tag‘in ikki prorektor ham o‘tiribdi. Ular oldida domlalarim xijolat chekmasliklari uchun doskaga chiqib Imom G‘azzoliydan biror soat “ma’ruza” o‘qidim. Juda qiziq gaplar edi. Hamma qotib turibdi. Lekin bu safar ham mavzuga umuman aloqasi yo‘q gaplar.
Akang qarag‘ay boshqalarning zerikarli va o‘ta rasmiy, siyosiy, kitobiy mavzulariga qaraganda muvaffaqiyatliroq yoqladim diplom ishimni. Lekin qayoqlarda o‘tlab yurganimni birgina Shoir bilar edi. Shuning uchun tashqariga chiqqach, Shoir odatdagidek burnini ushlab qotib, burishib kulib, yelkamga shap etkazib urarkan:
– Sobir, o‘lay agar, odam-podammassan, odam bo‘lmaysan o‘zi san! – dedi.
Aka kam odamlarni “san”sirardi. Lekin samimiyati cheksizligini bildirib turardi.
Najmiddin Jiyanov, Saparboy Ochilov, Elmurod Xolbozorov, G‘ulom Mirzo, sirdaryolik ikki rais do‘stimiz, Ma’rufjon, Jizzaxlik Samariddin Tilavov...
Kunlar o‘tdi. Ne bir kunlar o‘tdi? Sapar qayda, Elmurod qayda? Samariddin do‘stimiz ikki farzand bilan bo‘ydoq, yanga baxtsiz bir tasodif tufayli olamdan o‘tgan. Shoir aka unga ko‘pincha dalda bo‘lishga harakat qiladi, tasalli beradi. Falonchi, pistonchilar ham yomon emas, deb “nomzodlar” tavsiya qiladi.
Samariddin Xudo yorlaqagan yigit ekan, shundoq ko‘z o‘ngimizdagi Davlat va Jamiyat qurilishi fakulteti dekani Fatxulla akaning qabulxonasida o‘tirgan Zulfiya ismli qizni tanladi. Goh men, goh Muhammad aka kino, kontsert, teatrlarga patta olib kelib yigitga beramiz, yigit ne ko‘yda qizning ko‘nglini olishga shoshadi. Axir, Zulfiyaxonim hali bo‘y qiz...
Shoirning ta’sirimi, Samar jo‘raning o‘zi ham chakki emasmidi, ishqilib o‘qish adoqlayotgan may oylari so‘ngida Sirg‘alidagi “Baxt” to‘yxonasida Samariddin bilan Zulfiyaning nikoh bazmini o‘tkazganmiz. G‘allaoroldan Samarning otasi O‘rol bobo yetovida bir avtobus odam yetib kelgan. Bu yoqda shoir hofiz xalqini qatorlashtirib tashlagan, har zamon o‘ziyam yengil o‘ynab davra kezib qoladi...
Samarni, arbob Samariddin O‘rolovichni shunday uylantirib edik. Muhammad aka bosh bo‘lgan edi.
M.Yusuf garchi juda mashhur bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, nufuzli nashriyotlarga qo‘lyozma ko‘tarib borishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Xususiy nashrlar qalam haqi bermasa-da 50-100 ta kitobni o‘ziga ortiqcha chiqarib berishni va’da qilsa, shoir rozilik beraverardi. O‘qishni tugatish arafasida sarg‘aygan gazeta qog‘oziga bosilgan kitobchasi bir nashriyotda chop etildi.
Do‘kondan bir dona sotib oldim-da, akaga dastxat yozdirish uchun bordim. Aka menga kulib qarab turaverdi.
– San kichkina ijodkormassan, o‘g‘lingning nomini ayt, – dedi so‘ng.
Kitobga esa “Oloviddinjon! Yaxshi odam bo‘l!” deb yozib qo‘ydi...
Shunda men talabalik davrimiz, o‘shanda matbuotda tez-tez ko‘rinadigan shoirlar M.Kenjabek, S.Sayyid, M.Yusuflarning birinchi kitoblari chiqishini kutganimiz, “Maktublarim”, “Ruhim xaritasi”, “Tanish teraklar” nashr etilganida o‘nlab she’rlarni yod olib, paxta dalalarida baytbarak qilganlarimizni esladim. U vaqtlarda she’r, kitob shu taxlit bayram qilinganini akaga aytdim. Endi she’rlaringiz qo‘shiqchilar tilidan tushmaydi, shoirlarning vatanparvarisiz, dedim. U odam mening ikki yelkamdan ushlab, tikilib qoldi.
– Qo‘yaverasiz-da endi, Sobirvoy, – dedi-yu, tez ortiga o‘girildi.
Maqtovni uncha xushlamas edi...
Keyin Muhammad aka o‘zi tez orada arbobga aylandi. “Xalq shoiri” bo‘ldi, ko‘p o‘tmay “senator” bo‘lib oldi. Shogirdlari judayam ko‘p edi. Shularning ichidan kamtarrog‘ini tanlab, yur, deya birga ketaverar edi. U bilan ham aslida emranishib yotmas edi.
Bir kuni ikkalamiz Mustaqillik metrosiga tushsak, shoir Islom Ahadni ko‘rib qoldik. Islom aka shoirning kursdoshi ekan. Shoirning ozgina “daraja”si bor edi, avval o‘rtog‘idan o‘pkaladi, “otam o‘ldi – kelmading, undan avval katta qizimning to‘yiga kelmading, odamgarchilik bormi?” dedi. Islom Ahad kulib hazilga burgan edi, aka qo‘pollashib uni shunaqa so‘kib tashladiki, hech nari-berisi yo‘q, Islom Ahad ham o‘rtog‘idan buni kutmagan ekanmi, shartta juftakni rostlab qoldi.
Odamlar, ayniqsa qo‘shiqchilarning tez mashhurlik kasalligiga yo‘liqqanini ko‘ramiz. Ijodkorlar orasida ham uchraydi. Agar shoir zotida shu kasallik urchisa, M.Yusufga birinchi galda yopishishi kerak edi, o‘ylaymanki, shunda tantiqlik qilish ham shoirimizga yarashib turishi mumkin edi. Lekin shoir mashhurlikka beparvo edi. Chindan ham unda kibr-havo yo‘q edi.
Ustozlariga, ayniqsa Abdulla Oripovga nihoyatda sodiq ekanini kuzatganman.
Bir gal o‘sha Mustaqillik maydonidagi uyushma binosida raisimiz Abdulla akaning kabinetida suhbat qurib o‘tirardik. Rais ijodiy faollikni kuchaytirish haqida gapirib, ikkimizga ham tanbeh berdi. Barnoxon har zamon kirib pamil choy damlab beradi. Kech tushib, qosh qoraya boshladi. Hanifa yanga chamasi Do‘rmondan akaga telefon qilib qoldi. Bir payt: “Nima? Otam! Otammi?” deb o‘rnidan turib ketdi. Ko‘zlari katta ochilib, yuzi shunday vahimali tus oldiki, bunaqa holatni birinchi ko‘rib turishim edi.
Muhammad akayam, men ham raisning otasi Orif bobo vafot etganini sezib turardik. Orif boboning uzoq umr ko‘rganini ham bilardik. Biroq shoir o‘zi oltmishdan oshib ham xuddi go‘dak farzanddek uv tortib yuborishini kutmagan edik. Rais juda ko‘p odamlarga qo‘ng‘iroq qildi. Boladay o‘ksib yig‘ladi. Biz qanday tasalli berishni bilmaymiz. Ko‘p o‘tmay Devon, Vazirlar Mahkamasining mas’ul odamlari ham akaga qo‘ng‘iroq qilib hamdardlik bildira boshlashdi.
Muhammad aka Orif boboning uzoq yashaganini nazarda tutdi, shekilli:
– To‘y-da endi bu, aka, ko‘p ham ezilavermang, – dedi.
Biroq Abdulla aka to‘satdan boshqacha tutoqib ketdi:
– Nima? To‘y? Bu senga to‘y, menga to‘y emas!
Muhammad aka to‘y deb chakki gapirganini darhol tushundi. O‘tinib kechirim so‘ray boshladi. Raisimiz esa hovridan tushay demasdi. U yog‘idan o‘tdik, bu yog‘idan o‘tdik, shoir picha bosilgandek bo‘ldi. Hanifa yangaga telefon qilib, falon yerdagi men hajdan opkelgan zamzam suvini olinglar, otamni shu suvda yuvdiraman, dedi.
Rais uyiga borib ham o‘tirmay uchta mashinada farzandlari, rafiqasi, o‘rinbosari, jumladan Muhammad Yusuf ham qo‘shilib Kosonga jo‘nab ketdi. Muhammad aka to ma’rakalari o‘tguncha o‘sha yoqda bo‘ldi.
Keyin ham bekor bunday debman, deya afsuslanib yurdi.
Na ustoz, na shogird bu tang holatni qaytib eslab o‘tirmadilar...
Ittifoqo, Shoir kunlarning birida saylanma kitob chiqardi. Hammaga tarqatdi. Adashmasam yubileyiga tayyorlanayotuvdimi, bilmayman. O‘zi to‘satdan kelib xokisor, ajoyib yozuvchi do‘stimiz Abduqayum Yo‘ldoshevga “Siz, Abduqayum, “Zarafshon” restoranida o‘tadigan taqdimot stsenariysini yozib berasiz”, deb qoldi. Abduqayum dovdirab qoldi: “Qanday bo‘larkin, bunaqa narsaga ishim tushmagan”.
– Yo‘q, siz boplaysiz, – dedi Muhammad aka. – Tamom-vassalom.
Shunday dedi-da, Shoir chiqdi-ketdi.
Abduqayum, qo‘lida “Saylanma”, menga qaraydi.
– Akaning ijodiniyam zo‘r bilmayman. Qo‘shiqlarini bilamiz-ku, lekin...
– Urinib ko‘ring, – dedim men.
Abduqayumday tezkor ishlaydigan ijodkor O‘zbekistonda yo‘q. Biror mavzuda maqola buyursangiz, kun emas, soatlar ichida aytganingizdan ham zo‘rroq shaklda kompyuterda tap-tayyor qilib beradi. U ertasi kuniyoq 20 sahifalik stsenariy yozib keldi.
– Akaning she’rlari qiyomat, – dedi hayajonlanib. – Yonimizda yurgani bilan baribir ijodini chuqur bilmas ekanmiz.
U stsenariyni Shoirga berdi. Bir mahal o‘zi kelib Abduqayumni quchib alqay ketdi.
– Zo‘r, aytmabmidim, o‘ylaganimdanam zo‘r! Rahmat, uka! – dedi.
O‘sha kunlari uyushma rahbariyati Ellikqal’aga yoshlar seminariga tayyorlanishayotgan edi. Tez orada bir qancha shoir va yozuvchilar rais Abdulla aka boshchiligida Nukusga uchib ketishdi. Uyushma raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari sifatida Muhammad Yusuf ham birga edi. Va... o‘zimiz bilgan qisqa tarix – aka qaytib kelmadi.
Komada – behush yotganini eshitib uch kun yurak hovuchlab turdik. To‘rtinchi kuni esa... biz istamagan mudhish xabarni eshitdik...
Kecha, ko‘z o‘ngingda g‘ayrati toshib turgan inson, kuychi shoir, mehribon do‘st va og‘a... to‘satdan... Ajalga hukm yo‘q ekan!
Abduqayum bo‘lsa, akaning ijodini o‘qib beixtiyor yaxshi ko‘rib qoluvdim, stsenariyni o‘zim bilmagan bir ilhom bilan bir o‘tirishda yozib tashlab edim, deb afsus qildi. Haligacha afsus deydi.
Ertasi kuni adabiyot gazetamizda Prezidentning shoirning onasi Enaxon opaga ta’ziyanomasi e’lon qilindi. Xalqning ko‘nglini zabt etgan, mehriga sazovor bo‘lolgan ijodkorga yurt rahbarining chuqur hurmat-ehtiromi, g‘amxo‘r oqsoqolning kuyingani edi bu. Ayni paytda o‘zbek she’r ixlosmandlarining irodasi ramzi edi.
...Vaqt o‘tib joylarda shoirning ellik yoshligini nishonlash boshlandi. Uning nomida fond tashkil etildi. Parchadekkina gazeta ham bosila boshladi.
Yunusoboddagi bir maktabda o‘tkazilayotgan tadbirda professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, shoirning umr yo‘ldoshi Nazira as-Salomlar bor edi. Juda ko‘tarinki ruhdagi uchrashuv edi. Nazira opaga men bir necha yillar avval bir guruh turli yoshdagi, turli vazifadagi odamlarni uyiga boshlab borib, o‘shandan beri muxlislarga qo‘shilib akani “pochcha” deb atay boshlaganimni so‘zlagan edim. Opa ham:
– Sobirjon, shu xotiralaringizni yozib bersangiz, men gazetada berardim. Ochig‘i o‘sha kelganlaringiz, kimlar bilan kelganingiz aniq esimda yo‘q, – deb qoldi.
O‘ylab yurdim-u, biroq yozish fursati kelmadi.
Mana, yozildi ham.
Akani, do‘stni, Shoirni yaxshi ko‘rib yurganimiz shundan ham ma’lum bo‘lsa kerak...
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 3-son