OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Turkiya: Osiyo va Yevropa javohiri

Turkiyada Ramazon o‘zgacha kayfiyat, ajib ruhda o‘tkazilishi haqida ko‘p va xo‘b eshitgan edim. Muborak oyda ushbu yurtni kezib, Ramazon barakotidan bahramand bo‘lsam, deb ko‘pdan niyat qilib yurardim. Yaxshi niyat – yarim davlat. Turkiya Jumhuriyati Matbuot va axborot Bosh mudirligi tashkil etgan “Turkiya media ta’lim dasturi”ning (Türkiye medya eğitimi programi) ayni fazilatli oyga to‘g‘ri kelgani ko‘ngildagi ish bo‘ldi. Ramazonning ilk kunini Toshkentda o‘tkazdimu yarim tunda “Qaydasan, Istambul?!” deya yo‘lga otlandim. Uchog‘imiz biroz kechikkani sababli, aeroportda saharlik qilishga to‘g‘ri keldi. Bu yerda narx odatdagidan 3-4 baravar qimmat (masalan, yarim litr suv – 3000 so‘m, eng kichik gamburger – 12500 so‘m). Airbus 320 uchog‘ida avval Istambulga, u yerdan esa Anqaraga uchdik. Ertalab mahalliy vaqt bilan soat 9:20 da Turkiya poytaxtiga qo‘ndik. Havo harorati  20 C° – ayni jonning rohati! Anqara o‘zimizning Toshkentga o‘xshar shahar ekan. Yo‘l bo‘ylarida qadrdon terak va chinorlar saf tortgan. Shahar qirliklarda joylashgan emasmi, binolar ham shunga muvofiq qurilgan. Osmono‘par imoratlar kamroq, ammo har qadamda masjid minoralariga ko‘zga tashlanadi.

Kechqurun tarovih namozini Anqaraning eng katta masjidi – Kojatepe jomesida ado etdim. Fayzli jome me’mor Sinon uslubida 1967-1987 yillarda qurilgan. Umumiy maydoni 4500 m², balandligi 48,5 m bo‘lgan asosiy qubbaning atrofida 4 ta yarim qubba ham mavjud. Masjidning 88 metrli to‘rtta minorasi bor. Xonaqoh tilla suvi yuritilgan koshinlar, ulkan qandillar, rango-rang marmar bilan ziynatlangan. Uch qavatli ibodatgoh 20 ming namozxonni o‘z bag‘riga sig‘diradi. Jomega tashrif buyurgan mehmonlar, ayollar va bolalar uchun barcha sharoitlar muhayyo. 

Kocatepe camii

Nafsilamri, baribir o‘zimizning jomelarga yetmas ekan. Tarovihda Qur’on tilovatidan huzur ila bahramand bo‘laman degandim. Ammo Anqaraning eng katta jomesida tezlikda o‘qilgan tarovihdan vatandagidek zavq ololmadim. Aytishlaricha, 1000 dan ortiq masjidi bo‘lgan poytaxt Anqaraning atigi uch-to‘rt jomesidagina tarovih namozi xatmi Qur’on bilan ado etilarkan. Darvoqe, Toshkentdagi tahoratxonalar sharoitiga turklar havas qilsa arziydi. Shahardagi bironta jomeda o‘zimizdagi tahoratxonalar kabi sharoitni ko‘rmadim.

Katta masjidlarda ham jamoat siyrakroq. Tarovih namozida 8-10 saf to‘ladi, xolos. Ehtimol, bunga sabab atrofda kichik masjidlarlarning ko‘pligidir. Har bir mahallada (Anqaradagi mahallalar biznikidan kattaroq) 7-8 tadan masjid mavjud. Turkiya diyonat ishlari boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2013 yili mamlakatda 85412 ta masjid faoliyat yuritgan. Eng ko‘p masjid (3223 ta) Istambul viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Nurli Ramazon

Ramazon shukuhini Anqarada kechgan ilk kecha dovulchining (do‘mbirachi) chaqirig‘i bilan tuydim. Odatga ko‘ra, ixtiyoriy yollangan dovulchilar subh arafasi do‘mbira chalib, xalqona she’rlar aytib, kishilarni saharlikka uyg‘otarkanlar:

Ramazon bizga nur bo‘ldi,
Qalblarga surur bo‘ldi,
Ko‘zingni och g‘aflatdan
Vaqti xush sahar bo‘ldi.

Aksar turk telekanallarida saharlik va iftorlik dasturlari mavjud. Ba’zi kanallarda og‘iz yopish va ochish azon bilan qarshi olinadi. Telekanallar juda erkin, dasturlar ham shunga yarasha qurama: erta tongda islom axloqi haqida ko‘rsatuv, tushlikda esa sharmsiz sahnalarga boy film namoyish etilishi mumkin (gazetalarda ham shunday manzara: bir sahifada Ramazon bilan bog‘liq oyat va hadis, fiqhiy masalalar bayon qilingani holda, keyingi sahifada yarim yalang‘och modelning surati berilaveradi). Umuman olganda, Ramazon televideniega o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Har bir telekanal o‘z efirini muqaddas oy bilan bog‘liq dasturlar, reklamalar bilan boyitadi.

Iftorlikka yaqin shaharda avtomobillar tirbandligi boshlanadi. Kafe, restoran va yemakxonalar gavjumlashadi. Mahalliy aholining aytishicha, avvallari mehmonlarni iftorlikka o‘z uylariga taklif etishgan bo‘lsa, hozir umumiy ovqatlanish maskanlariga borish urf bo‘lgan. 

Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan so‘nggi so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining 99,2 foizi o‘zini musulmon deb biladi, 42,5 foizi namoz o‘qiydi, 83,4 foizi (erkaklar – 80,7 %, ayollar – 86 %) ro‘za tutadi.

Yirik jome va maydonlarda bepul iftor dasturxonlari tashkil etilgan. Unga har kim: ro‘za tutganu tutmagan, g‘ayridinu ajnabiy, miskinu faqir taklif etiladi. Shu tariqa iftorlik dasturxonidan minglab odam nasibador bo‘ladi. Bir safar Kojatepe jomesiga shom namoziga chiqqanimda iftor dasturxoni uchun uzundan-uzoq navbatni ko‘rdim. Eng ajablanarlisi, shu kuni shom namozi jamoatida atigi 50-100 kishi hozir bo‘lgan edi, tashqaridagi iftor dasturxonida esa o‘n ming chog‘li kishi ishtirok etayotgandi.

Bepul iftorlikka kelganlarning ko‘pchiligi suriyalik qochoqlardir. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Turkiya hududida 1 150 000 ga yaqin qochoq boshpana topgan ekan. Alloh taolo in’om bergan tinchlik va xotirjamlik ne’mati naqadar buyuk ekanini shu yerga kelib to‘la angladim. Ko‘cha-ko‘yda, masjidlar atrofida tilanchilik qilayotganlarning aksariyati suriyalik bechorahol ayollar va bolalar. Boshini qay devorga urishni bilmay sarosar kezayotgan mazlum xalq vakillarini ko‘rib, ichingiz eziladi, ularga Yaratgandan najot va nusrat so‘raysiz.  

“Ishonchli. Betaraf. Axloqiy. Tezkor”

“Turkiya media ta’lim dasturi”ning birinchi haftasi Anadolu axborot agentligida zamonaviy jurnalistika, fotografiya va video, yangi media texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqdan foydalanishning afzalliklari mavzularida ma’ruzalar tingladik.

Anadolu axborot agentligi (Anadolu Ajansi) 1920 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirda Turkiyaning eng katta xabar xizmatidir. So‘nggi uch yil mobaynida Anadolu axborot agentligi (AA) tez sur’atlarda rivojlanib, dunyoning sakkizinchi axborot agentligiga aylandi. 2011 yili atigi bir tilda kuniga 600 xabar va 600 surat tarqatilgan bo‘lsa, bugunga kelib 7 tilda 2035 xabar, 1865 foto dunyoga ulashilmoqda. 85 davlatga yoyilgan AA tizimida 71 millat vakillari faoliyat yuritmoqda. Agentlikning shiori: “Ishonchli. Betaraf. Axloqiy. Tezkor”.

“Yuz yillik rivojlanish kontseptsiyasi”ga ko‘ra, 2020 yili Reuters, AFP, AP, Xinhua singari media gigantlaridan keyin dunyoning beshinchi axborot agentligi darajasiga chiqish, 12 tilda xabar tarqatishga erishish mo‘ljallangan.

 Anadolu agentligi Turkiyaning eng yirik ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lib, 94 yil davomida tarqatilgan xabar, foto va videomateriallar elektronlashtirilgan va maxsus tizimga kiritilgan.

AAning o‘quv akademiyasi ham mavjud, bu yerda axborot agentligi jurnalistikasi, moliya va diplomatiya jurnalistikasi, harbiy jurnalistika, energiya jurnalistikasi (ingliz tilida) kurslari faoliyat yuritmoqda.

Anqaradagi malaka oshirishning ikkinchi haftasida TRTda (Turkiya radio va televidenie birlashmasi) yangi medianing an’anaviy telejurnalistikaga ta’siri, TVda sotsial mediadan samarali foydalanish, sotsial media xabarchiligi, TV xabarchiligi, internet xabarchiligi kabi mavzularda seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Turkiyada ilk radiokanal 1927 yili efirga chiqqan. 1964 yili TRTta’sis etilgan,1968 yili Anqara televideniesi o‘z faoliyatini boshlagan. Ayni paytda TRT 15 ta telekanal va 18 ta radiokanalni birlashtirgan. Tizimda 7000 dan ortiq ijodiy va texnik xodim xizmat qiladi.   

“Men o‘zbeklarni sevaman!” 

Anqarada turli millat vakillari bilan gaplashdim. Eyvalloh, o‘zbekni, O‘zbekistonni bilmaganni ko‘rmadim. Shaharning Qiziloy maydonidagi do‘konlarni aylanib, o‘zimga kerakli jihoz qidirdim. Jihoz brend-do‘konlarda 70-100, boshqa do‘konlarda 25-40 lira atrofida ekan. Mehmonxonaga qaytayotib, bir do‘konga bosh suqdim. Seriltifot sotuvchi yugurib oldimga kelib, mollarini ko‘rsatishga tushdi. Men izlagan jihoz bu yerda 20 lira ekan. Savdolasha boshladim, dastlab 15 lira taklif qildim. Do‘kondor ko‘nmadi. 17 liraga ham unamadi – 20 lira deb oyoq tirab turib oldi.

Gap orasida:

– Afandim, qaerliksiz? – deb so‘radi.

– O‘zbekistondanman.

– Mashaalloh, o‘zbekmisiz?

– Ha, o‘zbekman.

Do‘kondor hali og‘iz ochmasimdan shosha-pisha jihozni taxt qilib, unga yana qo‘shimcha qismlar ham qo‘shdi-da:

–Qardoshim, Siz 15 lira bersangizkifoya–dedi.

–Alloh rozi bo‘lsin. Nega bunday qildingiz?

–Men o‘zbeklarni sevaman...

Do‘kondor qo‘yarda-qo‘ymay iftorga olib qolmoqchi bo‘ldi. Men, inshaalloh, boshqa safar kelishimni aytib, yo‘limda davom etdim.

Boshqa kuni turk do‘stlarimdan biri iftorga – o‘zbek oshiga taklif qildi.  Anqara mahallalaridan biridagi kafega bordik. Kattagina izdihom, odamlar atayin o‘zbek oshi tanovul qilish uchun kelgan. Suyuq ovqatdan keyin dasturxonga osh tortildi. Atrofimdagilar taomni maqtab-maqtab yeyishar, qayta buyurtma berishar edi.

– Qalay, osh o‘xshabdimi? –deb savol berdi mezbon.

...Ochig‘i, u yerda yeganim bizning oshimizga ko‘p-da o‘xshamadi. Qardoshlar haqiqiy o‘zbek oshini yeganida bormi!..  

Kappadokiya – go‘zal arg‘umoqlar o‘lkasi

Turkiyaning Nevshehir viloyatida turistlarni eng ko‘p jalb etadigan Kappadokiya o‘lkasi joylashgan. Eramizdan avvalgi birinchi mingyillikdan buyon bu hududda insonlar yashab kelmoqda. Alloh qudrati va inson kuchi bilan yaratilgan go‘zal manzaralar, yer osti shaharlari, g‘or-uylarni ko‘rish uchun bu yerga dunyoning turli davlatlaridan sayyohlar oqib keladi. Aytishlaricha, tarixda mustamlakachilar zulmidan aziyat chekkan mahalliy xalq tog‘larni, qoyatoshlarni o‘yib, o‘ziga boshpana bino etgan.

Nevshehirning Uchhisor qoyasi tog‘ ichi shahri bo‘lib, qoya usti qabristonga aylangan. Qoyadan butun Kappadokiyaning go‘zal manzarasi namoyon. Go‘reme, Urgupdagi qalpoqli qoyalar tabiiy ekaniga ishongingiz kelmaydi. Yillar davomida yoqqan yomg‘ir, qor va shamol ta’sirida cho‘ng qoyalar shu ko‘rinishga kelgan.

Ochiq osmon ostidagi Go‘reme muzeyi va boshqa hududlardagi g‘or-shaharlarning aksariyati dastlab nasroniy ibodatxonasi vazifasini o‘tagan bo‘lsa-da, hozir bu hududlarda bironta ham cherkov faoliyat yuritmaydi. Ularning ba’zilari masjidga, ba’zilari muzeyga aylantirilgan.

Turkiyada ikki yuz ellikka yaqin yerosti shahar-muzeylari mavjud bo‘lib, eng kattasi Derinko‘yida. 80 metr chuqurlikdagi shaharni kezarkanman, ibtidoiy qurollar bilan bu kabi boshpanani barpo etganlarning mahoratiga tan berdim.

Ko‘hna g‘orlarda butik-mehmonxonalar tashkil etilgan bo‘lib, ularda bir kecha tunash bahosi 2000 dollar atrofida. Hududlarning bor go‘zalligini yuqoridan tomosha qilishga nima yetsin! Lekin bunday ko‘ngilochar tomoshani hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi: havo sharida bir soat sayr 200 dollar! 

“Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l” 

Xolis niyat orzuning amalga oshishiga ko‘prikekan.Ko‘nya ziyorati ham ko‘ngildagidek, mashaqqatsiz kechdi. Avvaliga tezyurar poezdga arzon narxga chipta oldik (borish-kelish – 44 lira – 21$). Soatiga 250 km.gacha harakat qilgan tezyurar poezd 260 kilometrlik Anqara–Ko‘nya yo‘lini bir yarim soatda bosib o‘tdi. Vokzaldan chiqishimizga avtobus keldi. Matbuot kartamiz bilan u bizni Mavlono Rumiy ziyoratgohiga bepul eltib qo‘ydi.

Anqarada tanishgan do‘stlarimdan biri “Rumiyni ziyorat etdingizmi?” deb so‘rab qoldi. Shu hafta oxirida Ko‘nyaga bormoqchi ekanimizni aytdim. “Ko‘nyada bir kishi sizni kutib olib, shahar aylantiradi” deb, uning raqamini bergandi. Yakshanba bo‘lgani uchun u kishining vaqti bo‘ladimi-yo‘qmi degan istihola bilan telefon qildim. Faxri dedening samimiy munosabati taraddudni bir zumda tarqatib yubordi, iltifotli mezbon ko‘z ochib yumguncha yetib keldi.

Faxri dede ko‘nyalik mavlaviylardan bo‘lib, tasavvuf tarixi, madaniyati bilimdonlaridan ekan. U O‘zbekistondan – Buxoriy, Termiziy, Naqshbandiylar vatanidan ekanimizni bilgach, juda sevindi. Mashinasida Ko‘nyaning eng ko‘zga ko‘ringan ziyoratgohlariga olib bordi.

Ko‘nyaning yuragi – Mavlono Jaloliddin Rumiy ziyoratgohi. Me’moriy obida XIII asrda bunyod etilgan bo‘lib, bu yerda Jaloliddin Rumiy oilasi va yaqinlari dafn etilgan. Asrlar davomida mavlaviylarning ma’rifiy markazi sifatida faoliyat yuritgan. Mavlono xilxonasi Turkiyadagi sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan ikkinchi muzeydir. Ziyoratchilar orasida g‘ayridinlar ham ko‘zga tashlanadi. Ajnabiylar xilxonaga kirishda, garchi majburiy bo‘lmasa-da, Mavlonoga hurmat yuzasidan engil-boshlarini to‘g‘rilab olishadi.

Ziyoratgoh hovlisida Mavlononing ushbu mashhur hikmati bitib qo‘yilgan:

“Sevgida quyosh kabi bo‘l.
Do‘stlik va qardoshlikda oqar suv kabi bo‘l.
Birovlarning xatolarini yopishda kecha kabi bo‘l.
Tavozeda tuproq kabi bo‘l.
G‘azab onida o‘lik kabi bo‘l.
Har ne bo‘lsang bo‘l
yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l”.

Asarlariga Qur’oni karim va hadisi sharif hikmatlarini singdirgan, inson ruhiy olami sirlarini daqiqlik bilan inkishof etgan Rumiy maqbarasida Payg‘ambarimiz s.a.v.ning soqoli shariflari ham saqlanadi. O‘n to‘rt asr o‘tibdiki, undan muattar bo‘y kelib turibdi.

Rumiyning kamolotida shayx Shamsi Tabriziyning o‘rni katta. Mavlono bir baytida «Agar Attor menga ruh baxsh etgan bo‘lsa, Shamsi Tabriziy tilsim kalitini tutqazdi», degan. Ustozini nihoyatda hurmat qilgan Rumiy g‘azallarida «Shamsi Tabriziy», «Shamsi» taxalluslarini qo‘llagan. Shoir g‘azallarining «Shamsi Tabriziy devoni» nomi bilan shuhrat qozongani boisi ham shu. Darvoqe, Shamsi Tabriziy maqbarasi ham Rumiy ziyoratgohi yaqinida joylashgan.

Ko‘nya – rumiyona shahar: sokin, so‘lim, o‘zgacha ruhi, fayzli muhiti bor. Shahar aholisi ham muloyim, mo‘min insonlar ekan. 

Dunyoning markazi 

Istambul – ko‘pmillatli shahar. Bu yerda dunyoning istalgan davlatidan kelgan sayyohlarni uchratasiz. Bozorlarda habash yigit sof turk tilida soat olishni taklif qiladi. Turkchada qiynalibroq qolsangiz, sotuvchi kutilmaganda o‘zbekcha gapirib joningizga ora kiradi. Chapdast tujjorlar ingliz, arab, rus, fors tillarida murojaat qilsa ham aslo hayron bo‘lmang. 

Sayyohlardan Istambulning qay jihati esingizda qoldi, deb so‘rasangiz, aksari minoralari ko‘kka bo‘y cho‘zgan jomelar va bir-biriga qorishib ketadigan azon sasini xotirlaydi. Yana ayrimlar Yevropa va Osiyoni ajratib turadigan bo‘g‘ozning go‘zal manzarasini e’tirof etadi.

Taksim maydonidagi mehmonxonada tunadik. Istambul markazida joylashgan ushbu maydon so‘nggi yillarda dunyoga mashhur bo‘lgan Gezi parki bilan tutashgan. Xiyobon mo‘‘jazgina. Bizdagi parklarning o‘ndan biricha ham kelmaydi. Buning ustiga, ichida hayratlanarli biron narsa ham yo‘q. Qurib qolgan maysalar ustida odamlar osmonga qarab yotibdi. Parkning bor-budi shu, shugina. Mana shu kichik park sababli Taksim maydoni bir necha oy dunyo nigohida turganiga ishongingiz kelmaydi.

Istambulning eng gavjum maskanlaridan biri – Istiqlol shohko‘chasi ham Taksim maydoniga olib chiqadi. Shohko‘cha bo‘ylab to‘g‘ri yurilsa Galata minorasi va sohilga chiqiladi. Galata ko‘prigi shaharning Yevropa qismini mashhur masjid va saroylar joylashgan yarimorol bilan bog‘laydi. Bosfor bo‘g‘ozi bo‘ylab kemada sayr qilsangiz ko‘hna shaharning tarixiy joylari, go‘zal tabiatini ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz.     

Istambul – tezkor shahar. Bu yerda hayot sur’ati shitob, odamlar tez harakatlanadi, tez gapiradi, tez ishini bitiradi. Vaqt ham shiddat bilan o‘tayotgandek. Uch yarim kunda talay joylarni ziyorat qilishga niyat qilgandim, lekin fursat yetmadi. Xullasi kalom, Istambulga to‘ymadim...

Istambuldagi so‘nggi kunimiz ertalabdan jala quyib berdi. Shiddatli yomg‘ir sira to‘xtamas, bugungi rejada esa Ayasofiya masjidi va To‘pqopi saroyi ziyorati bor edi. Tirbandlik va jala tufayli yuzaga kelgan noqulaylik sabab ikkisidan birini tanlashga to‘g‘ri keldi. Fursat g‘animat, To‘pqopi saroyining “Muqaddas omonatlar” bo‘limiga chopdim. Chunki Istambulda ziyorat etishim shart bo‘lgan joylarning avvalida shu maskan turardi. “Muqaddas omonatlar” bo‘limida Islom tarixining eng noyob eksponatlari – Payg‘ambarimiz s.a.v.ning hirqalari, soqollari, Uhud jangida singan tishlari, oyoq izlari, maktublari va qilichlari, Ibrohim alayhissalomning qozonchasi, Muso alayhissalomning asosi, Hazrati Dovudning qilichi, Yusuf alayhissalomning jubbasi, sahobai kiromlarning shamshirlari, Hazrati Fotima va Husayn r.a.larning ko‘ylaklari va boshqa qimmatli boyliklar saqlanadi. Ushbu omonatlarning aksariyati Sulton Yovuz Selimxon hukmronlik qilgan XVI asrda qo‘lga kiritilgan, XX asrgacha muzey qimmatli eksponatlar bilan to‘ldirib borilgan. 

* * * 

Katta shaharlarda yashaydigan turklar qiziqqon ko‘rinadi. Gurunglarda futbol va partiyalardan gap ochilsa, eng yaqin do‘stlar bir-biri bilan shunday dahanaki jang qiladiki, tashqaridan ko‘rgan odam ularni ashaddiy dushman deb o‘ylaydi. 

* * * 

Turkiyada jurnalistlar uchun yaxshi sharoit va imtiyozlar yaratilgan. Ana shunday afzalliklardan biri sariq rangli matbuot kartasi (Basin karti) bo‘lib, ushbu hujjat egalari shahar transportidan bepul foydalana oladi, shaharlararo transport va boshqa tizimlarda ham chegirmalar mavjud. Bu karta bilan mamlakatning istalgan muzeyiga tekin kirish mumkin. Ana shunday hujjat safar davomida bizga ham asqotdi. Anqarada Onado‘li madaniyatlari muzeyi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi muzeyi, Nevshehirda ochiq osmon ostidagi Go‘reme muzeyi, Derinko‘yi yerosti shahri, Ko‘nyada Mavlono Rumiy muzeyi, Qoratosh muzeyi, Istambulda To‘pqopi va Dolmabahche saroylari muzeylarini bepul ziyorat qildik. 

* * *

Turkiyada O‘zbek, Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshkent nomi bilan atalgan ko‘plab joy nomlari bor. Bu ham bir paytlar bizning tuproqlardan borib Kichik Osiyodan makon topgan, vaqtida Yevropani zir titratgan, Islom dinining boshqa o‘lkalarga yoyilishiga sababchi bo‘lgan qardoshlarning ota yurtiga hurmati ifodasi. Ha, Osiyo va Yevropa javohiri bo‘lgan Turk diyori har kim umri davomida bir marta bo‘lsa-da, ko‘rishiga arziydigan o‘lkalardan biridir. 

Davronbek TOJIALIYEV

Toshkent – Istambul – Anqara – Nevshehir – Ko‘nya – Istambul

30.06.2014–19.07.2014

Muallif olgan suratlar

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.