OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Uchburchak inshootlar”: insoniyat mahsulimi yoki...

«Yer yuzidagi barcha tirik mavjudotlar vaqtdan qo‘rqadi, vaqt­ning o‘zi esa - piramidalardan», degan ibora bor. Darhaqiqat, qancha suvlar oqib o‘tmasin, qancha asrlar hukmronlik qilmasin, bahaybat toshli osori atiqalar hali hamon ilk davridagiday Yer yuzida savlat to‘kib turibdi. Va hanuzgacha ular insoniyat uchun jumboqligicha qolmoqda. Ba'zilar ularni o‘tmish tsivilizatsiyalarining yashirin nomalari, yana birlari piramidalarni o‘zga sayyoraliklarning «ijod mahsuli» deyishsa, qolganlar ushbu ulkan mo‘jizalarning paydo bo‘lish tarixini afsonaviy Atlantida bilan bog‘lashga harakat qilishadi.

 Xo‘sh, mazkur taxminlarning qay biri haqiqatga yaqin? Keling, hammasini bir boshdan boshlaylik. 

 Misr sir-asrori

Uzoq paytlar davomida bu hayratlanarli qurilmalar tsivilizatsiyasi miloddan avvalgi III asrdan I asrgacha davom etgan qadimgi misrliklar tomonidan barpo etilgan deb rasmiy ravishda ta'kidlanib kelinardi. Endilikda esa mazkur nuqtai nazar ko‘plab mutaxassislarda jiddiy shubhalarni uyg‘otmoqda. Negaki, bu katta xarsang toshlar bir-biriga shunchalik mukammal yotqizilganki, ularning orasiga tig‘ ham kirmaydi, eng katta Xeops piramidasining qirralari dunyo tomonlariga to‘g‘rilab 0,1 foiz aniqlik bilan qurilgan.      

Tadqiqotchilar fikricha, oddiy insonlarning bunchalik aniqlik bilan inshootlarni qurishiga ishonish qiyin. Shuning uchun hozirda ilgari surilayotgan ilmiy farazlarning biriga ko‘ra, piramidalar Yer yuzida 8-10 ming yil oldingi yuqori darajada taraqqiy etgan tsivilizatsiya davrida qad ko‘targan. E'tiborlisi, farazlarga ko‘ra, o‘sha davrda Misr sahrosi iqlimi nam tropik o‘lka bo‘lgan va mazkur hududda yomg‘ir juda ko‘p yoqqan. Yuqoridagi taxmin olimlarning sinchkovliklari tufayli vujudga kelgan: ular Buyuk sfinksda odatda sharros yomg‘irlar natijasida yuzaga keladigan vertikal yemirilish holati (eroziya)ni payqashgan, shamol va qum ta'sirida esa gorizontal nurash kuzatiladi.

Yuqoridagi nazariy farazni dalillovchi yana bir muhim jihat bor: piramidalar vodiysining kosmosdagi fotosuratida tadqiqotchilar ikkinchi sfinksning sirtqi ko‘rinishini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar - u birinchisining ro‘parasida qad rostlagan bo‘lib, butunlay tuproq ostida qolgan. Mutaxassislar zodagon ayol siymosini o‘zida ifodalagan deya taxmin qilinayotgan ushbu qurilish namunasi uzoq o‘tmishda qulagan bo‘lishi kerak. Taxminlarga qazish ishlari yakunlanganidan so‘ng aniqlik kiritiladi deyiladi astrolab.su saytida.

Xitoy piramidalari

«Biz ularga sharqiy tomondan yaqinlashdik va shimoliy tarafda qad rostlagan uchta yirik piramidani ko‘rdik, qolganlari esa navbatma-navbat hajman kichraygan holda qurilgan bo‘lib, eng  pasti janubiy qismda edi. Ular haydalgan yerlar va qishloqlardan baland yuksalib, tekislikda 6-8 mil (44-58 km.) hududgacha cho‘zilgan.

Eng ulkan piramida balandligi taxminan 1000 futga teng edi (bu 3000 metrga yaqin, ya'ni Xeops piramidasidan deyarli ikki barobar baland degani).

Xitoy piramidasining to‘rt tarafi kompas nuqtalariga mos ravishda aniqlik bilan muvofiqlashtirilgan holda har bir qirrasi dunyo taraflarini ko‘rsatadi. Qora rang shimolni, ko‘kimtir yashil - sharqni, qizil - janubni va oq rang - g‘arbni bildirgan. Uning yuqori qismiga sariq tuproq sepilgan, chetlarida esa qachonlardir tepaga eltuvchi zinalar bo‘lgan.

«Ushbu ajoyib manzarani ko‘rganimda nafasim ichimga tiqilib qolganday bo‘ldi. Biz piramidalarga kirish yo‘lini topish maqsadida ularni aylanib chiqdik, ammo urinishlarimiz zoe ketdi. Tarjimondan piramidalarning «yoshi» to‘g‘risida so‘raganimda u «Hattoki 5 ming yil oldingi o‘tmishimizning eng qadimiy manbalarida ular ko‘hna piramidalar sifatida tilga olingan», deb javob berdi.

O‘tgan asrning boshlarida Mongoliya va Xitoy chegarasini kesib o‘tayotgan avs­traliyalik savdogar Fred Shroder Chin o‘lkasi piramidalarini xuddi shunday ta'riflagandi.

Yevropaliklar Xitoyda yettita piramida borligidan kosmosda suratga olish imkoni tug‘ilgan davrda, aniqrog‘i,  XX asrning o‘rtalariga kelibgina xabar topishdi. Ana shunda ular Chin mamlakatining qadimiy poytaxti Sian Fu yaqinida qad ko‘targan haybatli «tosh mo‘jizalarini» ko‘rishga muvaffaq bo‘lishgan. Keyinchalik Yangi zelandiyalik uchuvchi tomonidan topilgan Fred Shroderning kundaliklari va maqolasi yaxlit xarsang toshlardan barpo etilgan qurilmalarga yana jamoatchilik qiziqishining ortishiga sabab bo‘ldi. Hozirda Xitoy hukumati birorta ham tirik jonzot ushbu hududlarga yaqin yo‘lamasligini qattiq nazorat qiladi. Yana bir qiziq ma'lumot: mamlakatning sun'iy yo‘ldoshlarni orbitaga eltuvchi raketalarni uchirish maydonchasi piramidalar majmuiga yaqin joylashgan. Mutaxassislarning fikricha, bu bejizga emas.   

«Fir'avnlar qarg‘ishi»

«Misr hukmdorining maqbarasiga kirgan har bir odam o‘zini o‘limga mahkum etadi» kabi vahimali va mash'um gap-so‘zlar o‘tgan asrdagi arxeologik topilmalardan so‘ng, ayniqsa, keng tar­qala boshlagan. Har holda 1922 yili ingliz tadqiqotchisi Govard Karter tomonidan topilgan fir'avn bola  - Tutanxamon dahmasiga aynan shu «Fir'avn­­lar qarg‘ishi» nomi berilgan. O‘shanda ilmiy ekspeditsiyaning ko‘plab ishtirokchilari (20 nafardan ortig‘i) sag‘anadagi ishlardan so‘ng sirli holatlarda birin-ketin halok bo‘lishgan. Hukmdorlar qarg‘ishi faqat Govard Karterga tegmagan, xolos, sababi 1930 yilga kelib ekspeditsiya qatnashchilaridan birgina u hali hayot edi.

Shundan so‘ng, piramidalar haqida bir biridan vahimali afsonalar to‘qila boshlandi. Biroq 1962 yilning ­noyabr oyida Qohira universitetining biologiya va meditsina bo‘yicha professori Aziziddin Taxa piramidalarni qazish ishlarida ishtirok etgan odamlarda nafas olish yo‘llari yallig‘lanishini keltirib chiqaruvchi virus aniqlanganligini ma'lum qildi. Fir'avnlar mo‘miyolarini tekshiruvdan o‘tkazgach esa, bu turdagi yana ko‘plab bakteriyalarni topdi, darvoqe, uning fikricha, ushbu zamburug‘larning ba'zilari 4 ming yilgacha ham umrguzaronlik qilishi mumkin ekan. Tadqiqotlardan so‘ng olim «fir'avnlar qarg‘ishi»ga osonlikcha antibiotiklar yordamida barham berish mumkinligini ishonch bilan ayt­di. Virus nega bitta Govard Karterga ta'sir etmay qolgan, degan savolga u quyidagicha javob berdi: «Bu tadqiqotchi hammadan ham ko‘p vaqtini piramidalar qad rostlagan Hukmdorlar vodiysida o‘tkazgan. Arxeologik qazilma ishlari davomida u boshqalarga nisbatan o‘sha yerdagi havodan ko‘proq nafas olgan, shu sabab uning organizmida asta-sekinlik bilan bakteriyaga qarshi mus­tahkam immunitet shakllangan».     

Markaziy Afrikadagi Port-Elizabet shifoxonasida faoliyat yuritgan tibbiyot olimi Joffri Din ko‘p sonli o‘lim holatlariga olib kelgan vaziyatning sababi ko‘rshapalak chiqindilari chirishi natijasida paydo bo‘lgan zaharli zamburug‘ changida ekanligini aytgan. Bunday xulosaga kelishga turtki bo‘lgan voqea shunday ro‘y bergandi: shifokor ishlaydigan kasalxonaga qit'a g‘orlaridagi ko‘rshapalak chiqindilarini o‘rganayotgan geolog Jon Uilz og‘ir ahvolda olib kelinadi. Doktor Din oldin ham bu kabi holatlarga duch kelgandi, chunki Janubiy Amerikada ink qabilalari yashagan g‘orlarni o‘rganishda tadqiqotchilarda Jon Uilzda kuzatilgan kasallik belgilari bo‘lgan. O‘shanda bemorlarda kasallikni keltirib chiqaruvchi va ko‘rshapalaklar chiqindilarida bo‘ladigan gistoplazmolis virusi aniqlangan. Shu tariqa, 1956 yili Joffri Din bu kasallikka «g‘or xastaligi» nomini berdi, bu yo‘l bilan «fir'avnlar qarg‘ishi» voqeasiga nuqta qo‘yishga harakat qildi. Aytgancha, Jon Uilzni u oxir-oqibat sog‘aytirib yubordi, shuningdek, mingyillik tarixga ega kasallikni ham ilmiy asoslab bergan dastlabki insonlardan biriga aylandi.    

Ulardan tashqari qator mutaxassislar qadimda misrliklar o‘zlarining muqaddas qadamjolari, ya'ni maqbaralarga kirib, ularni tahqirlaydigan insonlarga qarshi radioaktiv va boshqa shu kabi turli toksinlar (zaharli moddalar) ishlab chiqqanligi haqida gapirishdan charchashmaydi. Mazkur mavzuga bag‘ishlangan yuzlab, minglab ilmiy tad­qiqot ishlari muntazam ravishda e'lon qilinib boriladi. Qizig‘i shundaki, so‘nggi paytlarda piramidalar umuman Misr hukmdorlarini dafn etish maqsadida qurilmagan degan qarashlar paydo bo‘la boshladi. Ammo bunga biroz keyinroq to‘xtalamiz. 

Mash'um Bermud

Xabaringiz bor, uzoq paytlardan buyon olimlar Bermud uchburchagi, deb nomlangan hududda kema va samolyotlarning g‘oyib bo‘lishi hodisasiga jo‘yali bir izoh topib berisholmayapti. Vaholanki, XX asr ikkinchi yarmining o‘zida bu falokatli joyda 1000 nafardan ortiq inson halok bo‘lgani to‘g‘risida ma'lumotlar bor (youryoga.org veb sahifasi). Ahvol hattoki o‘tgan asr­ning 90-yillarida AQSh gidrologik kemasida olib borilgan izlanishlar davomida «uchburchak» tubida ulkan piramida topilganidan so‘ng ham o‘zgarmadi. Ha, ha, ajablanmang. Ushbu qurilma hajmiga ko‘ra Xeops piramidasidan uch barobar katta, uning chetlari shisha yoki sayqallangan sopolga o‘xshash materialdan yasalgan. Eng hayratlanarlisi, piramida qirralari okean tubidagi ob'ektga xos bo‘lmagan tarzda pishiq, ravshan va silliq. U eng zamonaviy uskunalar yordamida tekshirilganda esa, yuzasida birorta ham chig‘ir (yuk ko‘taradigan eng sodda g‘altakli qurilma)lar, ajraluvchi qismlar yoki yoriqlar topilmagan. Xuddiki, piramida bir butun yaxlit xarsang toshdan yasalgandek.

«Uchburchakli qurilmalar ishi» bilan jiddiy shug‘ullanishga qaror qilgan olimlar 2003 yilda okean tubida yana ikkita sirli piramida shaklidagi inshootlarga duch kelishgan. Okeanograf Verlag Mayer maxsus apparatura yordamida ular shishasimon moddadan tashkil topganini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Hajman ushbu suv osti piramidalari Yer ustidagilardan bir necha barobar katta bo‘lsa-da, hozirgi taxminlarga ko‘ra, 500 yildan ko‘p bo‘lmagan tarixga ega. Ularni kim va nima uchun qurgani insoniyatning ochilmagan sirlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Faqat bir narsani aniq aytish mumkin: bu piramidalar yerliklarga hozircha noma'lum texnologiyalar asosida qurilgan.

Yesoreiter.frc saytida yozilishicha, bir necha yil oldin AQShning dengiz harbiy qidiruv xizmati Bermud uchburchagi hududida suvdan ko‘tarilayotgan NUJlar ko‘p kuzatilishini ma'lum qildi. Bunda oldin bir necha metr diametrdagi gazli yarimsfera hosil bo‘ladi. Uning orasidan noma'lum jism chiqib parvoz qiladi. Aslida Bermud uchburchagidagi g‘ayritabiiylik xususiyat (anomaliya)lari suv ostida ishlab turgan kuchli energetik majmua tufayli kuzatilgani ehtimoldan xoli emas. Bu fikr ham mutaxassislar ilgari surayotgan taxminlardan biridir. Hozirgacha mazkur holat bo‘yicha minglab farazlar o‘rtaga tashlanadi, hududdagi anomal hodisalar borasida har qanday ma'lumot o‘ta maxfiy hisoblanib, e'lon qilinmaydi. AQSh harbiy kuchlari bu tushunarsiz ob'ektlarni kuzatishda bir soniya bo‘lsa-da to‘xtagani yo‘q. Shunga qaramay, «mash'um uchburchak»ning siriga biroz bo‘lsa ham oydinlik kiritishga erishildi, degan qat'iy dalillar berilmayapti.

Yangi tamaddun kurtagimi bu?... 

«Piramidalar - bu fir'avnlar maqbaralari». Mazkur tushunchaga biz tarix darslaridan, sayohat ma'ruzalaridan, umumqabul qilingan ilmiy nazariyaga tayangan holda ega bo‘lganmiz. Biroq ulkan xarsang toshdan barpo etilgan inshootlar umuman boshqa maqsadlarda qurilgan bo‘lsa-chi? Mana, masalan, Rossiya Ilmiy tadqiqotlar milliy instituti xodimi Andrey Verjbitskiy piramidalarni qurishdan ko‘zlangan maqsad  yo‘ldoshli antennani yaratish muddaosi bilan bir xil, deya ta'kidlaydi:

- Mazkur uskunalarning ishlash tamoyili mantiqan bir-biriga juda o‘xshash, - deydi u. - Tarixchi olimlarga tushunarsiz bo‘lgan piramidalarning ichidagi bo‘lmalar, dafn xonalari va go‘yoki yana boshqa turdagi ko‘mish marosimi uchun mo‘ljallangan inshootlar aslida katta hajmdagi to‘lqin uzatkich, shleyf, ulkan rezonator, filtrlar hamda yuqori chastotali texnikada qo‘llaniladigan boshqa jihozlardir.

Tadqiqotchi shu bilan o‘z fikrini yakunlamadi. U piramidalar ulkan sayyoralararo aloqa tizimining tashkiliy qismi bo‘lganligi va ular boshqa sayyorada joylashgan xuddi shunga o‘xshash «terminal» bilan bog‘langan, degan farazni ham o‘rtaga tashlamoqda. Negaki, olis kosmos uchun ishlayotgan antennalar uchun piramida shakli muhandislik nuqtai nazaridan olingan o‘ta aqlli qarordir. Muloqot punkti vazifasini esa «dafn xonasi» o‘taydi: kosmosdan kelayotgan signalni tushunish uchun unga kirib, maqbara deb o‘ylanayotgan toshli qutiga yotishning o‘zi kifoya. Ana shunda o‘zga sayyoradan yuborilayotgan «noma»larni xuddi shunday uzatkich yordamida qabul qilish mumkin.

Aqlbovar qilmas gapga o‘xshaydi, to‘g‘rimi? Ammo kim bilsin, ehtimol, u haqdir. Balki, ayni damda ham ko‘hna «uchburchak mo‘jizalar» - piramidalar ichida Yer sayyorasidagi insonlar kabi boshqa zaminda ham hayot kechirayotgan ongli mavjudotlarning ovozi yangrayotgandir?..   

Nargiza Ibrohimova, 
«Ma’rifat» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.