OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Hamdam. Erkin badiiy tafakkur va bugungi o‘zbek she’riyati

Hech bir mubolag‘asiz ta’kidlash joizki, bugun biz baquvvat o‘zbek she’riyatiga egamiz. She’riyat Sharqda asrlar davomida adabiyotning asosiy turi sifatida yashagani boisi ham uning ildizlari bag‘oyat teran.

Ammo bugungi o‘zbek she’riyati kechagi she’riyat emas, balki o‘zining ko‘pgina, xususan, shakliy-mazmuniy mundarijasiga ko‘ra yangilangan poeziyadir. Shu bilan birga, bugungi she’riyat kechagi she’riyatdan uzilib qolgan alohida hodisa ham emas. Ular o‘rtasida vorisiylik, uzviylik davom etib kelayotir. Zamonaviy o‘zbek she’riyati mumtoz va yangi o‘zbek she’riyatining eng yaxshi an’analarini davom ettirgani holda jahon adabiyoti buloqlaridan ham suv ichayapti. Adabiyot kecha dunyoga sots.realizm tuynugi orqali qaragan bo‘lsa, bugun uning tafakkur ufqi juda keng. Ayni mana shu keng ufq — badiiy tafakkur erkinligi hozirgi zamon poeziyasini — Istiqlol davri o‘zbek she’riyatini vujudga keltirayotgan bosh omildir. Shunga ko‘ra, har tomonlama boy she’riyatimizga nazar tashlab, uning bag‘rida barcha tamoyillarning izini ko‘rish mumkin: realizm, neorealizm, romantizm, simvolizm va bir qator avangard adabiy oqimlarning hayotbaxsh yo‘llarida yaratilayotgan bugungi o‘zbek she’riyati shoir tafakkurining yagona mafkuraviy iskanjadan xoli ekanligidan, boshqacha aytganda, chinakam hurligidan dalolat. Yana, shoirning qaysi yo‘nalishda qalam tebratishi emas (zotan, bugun toza bir yo‘nalishning o‘zi yo‘q, ular o‘z taraqqiyot yo‘llarida bir-biriga ta’sir qilib, sinkretik manzara kasb etib borayotir), balki qanday iste’dod bilan yozayotganligi hamda azaliy muhoraba — zzgulik va yovuzlik jangida qaysi tomonda turganligi tobora muhim bo‘lib borayapti.

Nazarimda, hozirgi o‘zbek she’­riyati ifoda usuliga ko‘ra taxminan quyidagicha ko‘rinishga ega: an’anaviy; xalqona (folklor an’analari doxil); modern; aruz; sinkretik. Ammo ta’kidlash joizki, dunyoni estetik-badiiy talqini bobida asosan ikkita kuchning musobaqasini kuzatish mumkin: bu — an’anaviy va modern oqimlari o‘rtasidagi bellashuv. (Bunday musobaqa hamisha bo‘lgan aslida va u yaqin tariximizda, masalan, “an’ana va novatorlik” deb atalgan). Nima bo‘lganda ham, keyingi 20 — 25 yil mobaynida jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlar zamonaviy o‘zbek she’riyati qiyofasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani bor gap. Tashqaridan “keltirilgan” oqimlarning ta’siri esa allaqachon umrini yashab bo‘ldi. Zotan, hayot — barcha yangilanishlar manbai, sarchashmasi! Hayotimizda kechayotgan azim o‘zgarishlar tufayli nafaqat she’riyat, balki butun boshli adabiyotimiz mafkuraga xizmat qilishdan qutilib, o‘zining azaliy o‘zaniga tushib bormoqda. Natijada adabiyot g‘oyani tarannum etishdan bosh ko‘tarib, insonga yaqin keldi, uning dardini kuylay boshladi. Boshqacha ayt­ganda, shoir ko‘ngilni she’rga solishga kirishdi.

Bularning hammasi yaxshi. Faqat kutilmaganda masalaning boshqa bir qirrasi yuz ko‘rsatdi. Shoir haddan tashqari o‘z olami bilan band bo‘lib, atrofni, jamiyatni bir qadar “unutdi”. Shoir uchun o‘z sub’ektiv olamigina birlamchi haqiqatga aylandi. Bu esa she’riyat maydonining torayishiga olib kelgan jiddiy sabablardan biri. Boshqa yoqdan esa shakl­ga qattiq mehr bog‘lagan shoir adabiyotni o‘yinga aylantirish payiga tushdi. “Haqiqiy adabiyot, chinakam she’r bu yuksak san’atdir”, degan shior ostida ijod qiluvchilar soni bir muncha ortdi. Bunday tutim ham ma’lum ma’noda she’riyatning ziyoli-ijodkorlar, bo‘lajak filolog-talabalar, mutaxassislar va muayyan qiziquvchilar doirasida ko‘proq o‘qilishiga olib kelmoqda. Tursun Ali, Bahrom Ro‘zimuhammad, Faxriyor, Aziz Said, Go‘zal Begim kabi o‘zbek shoirlari (dunyoqarashlari, iste’dodlari va uslublaridagi jiddiy farqlarga qaramay) qaysidir ma’noda shu umumiy yo‘nalishning ko‘zga ko‘ringan vakillaridir.

Ayni paytda, o‘zbek she’riyatida an’anaviy yo‘nalish hali-hamon tashabbusni o‘z qo‘lida tutib kelayotganini ta’kidlash joiz. Chunki bu yo‘nalish xalq ruhi bilan, uning qiziqish, o‘y va dardlari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Shunga ko‘ra, bu yo‘nalish vakillarining ijod namunalari bir necha ming nusxada chop etilib, tez tarqalib ketadi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Mahmud Toir, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo, Farida Afro‘z bugun eng ko‘p o‘qilayotgan shoirlar. Matnazar Abdulhakim, Sa’dulla Hakim, Usmon Qo‘chqor singari shoirlarning bitiklarida hayotiy tajribaning falsafiy mushohadakorlik bilan yo‘g‘rilishi natijasida vujudga kelgan poetik lavhalarga guvoh bo‘layapmiz. Chorsham’, Rustam Musurmon, Salim Ashur, Ikrom Iskandar, Qo‘chqor Norqobilning keyingi yillar ijod namunalari o‘zining pishiqchilik pallasiga kirganiga dalil. Halima Ahmedova, Rahimjon Rahmat, Zebo Mirzayeva, Xosiyat Rustamovaning yaratayotgan ramziy she’rlari esa yangilanayotgan badiiy tafakkur mahsuli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Poytaxt, Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda ijod qilayotgan Abdulla Sher, Kenesboy Karimov, Baxtiyor Genjamurod, Enaxon Siddiqova, Odil Hotamov, Shafoat Rahmatullayev, Ismoil To‘xtamishev, Xosiyat Bobomurodova, Xurshida, Nabi Jaloliddin, Halim Karim, O‘roz Haydar, Ismoil Mahmud Marg‘iloniy, Bahodir Iso, Gavhar Ibodullayeva, Zamira Ro‘ziyeva, Maqsuda Egamberdiyeva, Nosirjon Toshmatov, Jamoliddin Muslim, Jumagul Suvonova, Gulbahor Saidg‘aniyeva, Dilfuza Komil, Muxtasar Tojimamatova, Shodmon Sulaymon, Laylo Sharipova, Shermurod Subhon, Munavvara Qurbonboyeva, Zuhra Ochilova kabi shoirlarning uzoq-yaqinlardan jaranglayotgan ovozlari she’rparast dilimizni quvontirmoqda.

Xullas, bugungi o‘zbek she’riyatida ana shu ikki yo‘nalishning izlari ko‘zga yaqqol tashlanib turadi. Ammo bir narsa aniqki, bu yo‘nalishlar doimo bir-biriga ta’sir qilib, bir-birini boyitib, to‘ldirib boradi. Shunga ko‘ra, deyarli hamma ijodkorlarda turli adabiy yo‘nalishlar ohanglarini uchratish mumkin va bu tabiiydir. Chunonchi, zabardast shoir Rauf Parfining takrorlanmas she’rlarida an’ana va novatorlikka xoslik bir paytning o‘zida baravar yashaydi. Yosh shoirlarning doimiy ustozi Ikrom Otamurod qalamiga mansub qator doston va she’rlarda ham har ikki yo‘nalishning o‘ziga xos sintezini bexato ilg‘aysiz. Dastlabki she’rlarida an’anaviy ohanglar yetakchilik qilgan G‘ulom Mirzoning keyingi bitiklarida novatorlikka moyillik seziladi va hokazo.

She’riyatning bag‘rida o‘yinga xos xususiyatdan tashqari mehnat (ya’ni naf ko‘rish) va sig‘inish sifati ham mavjud. Chunki haqiqiy badiiy asar o‘yin zavqi ila yaratilgani va xuddi shunga monand shavq bilan o‘qilganidan tashqari, u yana mehnatu zahmat bilan bino etiladi va o‘quvchiga ma’naviy zavq (naf) ulashadi. Qolaversa, bunday asar inson qismatini o‘ziga jo etgan yurakdan bir nido-iltijo yanglig‘ otilib chiqadi va o‘quvchining qalbiga singib ketadi. Din man qilingan sobiq sho‘ro zamonida adabiyot qaysidir ma’noda jamiyat kishilarining diniy ehtiyojlariga javob berganini eslang! Demak, chinakam she’r va umuman, haqiqiy adabiyotu san’at namunasi ana o‘sha uch xusus(mehnat, sig‘inish va o‘yin)ning bag‘rida tug‘iladi, voyaga yetadi. Albatta, ularning qaysidir biri kemtik bo‘lib yaratilgan she’r ham she’r hisoblanishi mumkin. Lekin darajot ma’nosida uch sifatni birdaniga o‘zida jo qilgan she’rdan keyinda turadi. Kuzatishlarimcha, yangi san’at, xususan, modern ruhidagi adabiyot ko‘pincha o‘yinga zeb beradi, natijada narigi ikkisi e’tibordan pinhonroq qoladi. An’anaviy adabiyot esa, asosan, san’atning foydalilik (ya’ni badiiy asarni o‘qigan o‘quvchi o‘zi uchun hayotda kerak bo‘ladigan nimanidir o‘zlashtiradi) tomoniga diqqat qaratadi va bu yerda ham san’atning ikki sifati ma’lum ma’noda “unutiladi”. Natijada na unisida va na bunisida ulug‘ olim Fitrat aytmoqchi, “qonni qaynatguchi, singirlarni o‘ynatguchi, miyani titratguchi” kuchni sezmaysan, kishi. Hamma sifat birdaniga ishtirok etgan she’riyat bilan yuzma yuz bo‘lganimizda esa badiiy mo‘‘jizaga duch kelgandek hayratga tushamiz, ruhan poklanamiz (katarsis), dunyoga bolaning sof nazari bilan boqa boshlaymiz.

Shukrki, hayrat barmog‘imizni tishlashga majbur etadigan she’riyatimiz bor, lekin “Uni dunyo yaxshi biladimi?” degan savolni qo‘yadigan bo‘lsak, javobi aniq: yo‘q. Xo‘sh, buning sababi nimada? Avvalo, tarjimada degan bo‘lardim. Men rassom va bastakorga bir masalada havas qilaman: ularni tarjima qilishning hojati yo‘q, muxlisning ko‘zi va qulog‘i sog‘, aqlu hushi joyida bo‘lsa, bas, san’at asarining eshigi uning uchun hamisha ochiqdir. So‘z bilan ishlaydigan ijodkorlar esa tarjima qilinmaguncha eshigi va derazasi bo‘lmagan qasrdek yopiq qolaveradi. Qasrning ichiga olib kiradigan kishi bu — tarjimon. Tarjimon dilni dilga, elni elga bog‘laydi. Ikki tilni bilgan odam ikkita odam, de­yiladi muqaddas o‘gitlarda. Asarlari boshqa tilga muvaffaqiyatli tarjima bo‘lgan shoir o‘sha elning ham shoiriga aylanadi. Haqiqiy tarjimaning ahamiyati shu darajadaki, haligacha Navoiyning “panjasiga panja uradigan” tarjimon topilmagani bois ulug‘ shoirning she’riyat olami, uning badiiyati sirlari dunyo uchun noma’lumligacha qolyapti. Ha, Navoiy o‘z tarjimonini kutayapti. Taxminan 500 yildan beri. Dunyo bilgan Navoiy haqiqiy Navoiyning soyasi, xolos. Xuddi shu gapni ko‘plab o‘zbek shoirlari haqida ham aytish mumkin va lozim.

Xullas, asosiy masalaga qaytib aytadigan bo‘lsak, bugungi o‘zbek she’riyati (umuman, adabiyoti) bu — erkin badiiy tafakkur mevasi bo‘lib, unda hayotimizning barcha rang­lari — kamalak jilosi yanglig‘, qalb­larda tovlanishini ko‘rish, his qilish mumkin. Aslida, badiiy tafakkurdagi bunday erkinlikka osonlikcha erishilgani yo‘q.

Adabiyotdagi o‘zgarishlar har doim ham siyosiy-ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarga mos harakat qilmaydi. Uni o‘zgartiradigan kuch bu — hayot va uni ijodkor ruh tomonidan idrok etilishidir. Qabul va idrok jarayoni esa vaqt talab qiladi. Jarayon o‘z maromiga yetib borgandagina badiiy tafakkurda haqiqiy evrilishlar yuz beradi. Badiiy tafakkurdagi o‘zgarishlar bu — adabiyotning yangilanishi demak. Yangilanish davri yetildimi, unga hech kim hech qachon ta’sir ko‘rsatolmaydi. Zero, bunday hodisalar xalq ruhidagi botiniy yangorishlar bilan bevosita bog‘liq. Xulosa qiladigan bo‘lsak, bugun biz ana shunday yangilanishlar fasliga qadam qo‘yganmiz. Buning mevalarini adabiyotimizning barcha tur va janrlarida ko‘rayapmiz.

O‘zbek she’riyati o‘z taraqqiyot yo‘lida jahon adabiyotidan nimalarnidir ijodiy o‘zlashtirishga uringan bo‘lsa bordir (hamkorlik, o‘zaro o‘rganish, ijodiy ta’sirlanish tabiiy jarayon, ammo buni taqlidchilikka aylantirmaslik lozim), lekin mohiyat e’tibori bilan bugungi yangilanayotgan o‘zbek she’riyati suv ichayotgan buloq bu — hayotning o‘zi. Zero, chinakam iste’dodli shoir yozayotgan she’ri ohangini qalbiga quloq tutib topadi. Qalb esa davrdagi o‘zgarishlarni o‘ta noziklik bilan ilg‘ab boradigan barometr. Davr o‘zgarayotgan bo‘lsa, demak, bilingki, ertami-kechmi, adabiyotda ham yangilanish muqarrar. Buni G‘arbdan yo olis Amerikadan “import” qilish mutlaqo shart ham, kerak ham emas. Inchunin, Gyote: “Nazariya quruqdir, do‘stim, Lekin yashar hayot daraxti”, degan. Shu ma’noda men, ayniqsa, yosh shoir do‘stlarimga qarata: she’ringizni qurib, cho‘pchakka aylangan har xil nazariyalarga emas, balki qaynab-toshib turgan ona-hayotga suyanib yarating, deya takror-takror aytgim keladi.          

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 48-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.