OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdug‘afur Rasulov. Boshqalarga o‘xshamas olim edi (2014)

Tal’at Solihov hayot bo‘lganida sakson yoshga to‘lardi. Vafot etganida ellik to‘qqiz yoshda edi. Uning hayoti Toshkent Davlat universiteti bilan bog‘liq: talaba bo‘ldi, aspiranturada o‘qidi; dissertatsiya himoya qildi, dotsent unvonini oldi; 1984 yilda O‘zbek filologiyasi fakultetiga dekanlik qildi; 2-3 yil Afg‘onistonga mehnat safariga jo‘natildi: Qobul universitetida dars berdi.

Tal’at rus tilini mukammal bilgan, XIX-XX asrda nashr qilingan rus, G‘arbiy Yevropa adabiyoti namunalarini zavq bilan o‘qigan.

Maktabni tugatgach, hech ikkilanmay ToshDUning filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan. Talaba o‘zligini to‘la namoyon etish uchun muhit – kursdoshlari hissasi katta bo‘ladi. Uning kursdoshlari orasida Erkin Vohidov, Anvar Isroilov, Oshiq Erkin (Madrahimov), Anvar Eshonov, Turob Akbarxo‘jaev, Tamilla Qosimova, Matluba Islomova singari ijodkorlar, Norboy Xudoyberganov, Rahmatulla Inog‘omov, Anvar Karimov kabi tadqiqotchilar bor edi. Fakultet o‘qituvchilari orasida O.Sharafiddinov, L.Qayumov, Matyoqub Qo‘shjonov, N.Malaxov, A.Rustamiy singari yangicha fikrlaydiganlari bor edi. “Novыy mir”, “Inostrannaya literatura” jurnallari, A.Soljenitsin, A.Tvardovskiy, B.Pasternak, P.Qodirov, O.Yoqubov, Chingiz Aytmatov, Guram Panjikidze, O‘.Sulaymonov, N.Dumbadze, Ye.Yevtushenkolar asarlari adabiyot haqidagi qarashlarni o‘zgartirib yuborayozgandi. Rus tilini bilgan odam (afsuski, G‘arb, ingliz tilini bilguvchilar nihoyatda kam edi) huzur qilardi. T.Solihov ashaddiy kitobxon edi. Paxta yig‘im-terim mavsumida hamisha birga bo‘lardik. Sal imkon topilsa, Tal’at kitob o‘qirdi.

Universitetni tugatgach, aspiranturaga kirdi. O.Sharafiddinovning beshinchi shogirdi sifatida ish boshladi. Unga realizm bilan bog‘liq nomzodlik dissertatsiya mavzusini berishdi. Tal’at nega bu mavzuni inkor etmadi? XX asrning 60-yillarida chet ellarda, Rossiyaning o‘zida sotsialistik realizmning istiqbolsiz, sho‘ro adabiyotiga zo‘rma-zo‘rakilik bilan singdirilgan siyosiy doktrina ekanligi haqida yozila boshlangan edi-ku?! Buni Tal’at Solihov yaxshi bilardi. Lekin suymagan mavzusini qabul qildi. Mavzu bo‘yicha “Bu – erkin adabiyot” singari siyosiy pishiq, lekin kelajagi yo‘q sotsrealizm haqida maqolalar yozdi. Haqiqiy Tal’at Rustamovich ruh-ruhi bilan tugayotgan metodga qarshi edi. Buning isboti, domlaning talabalariga o‘qigan ma’ruzasi, amaliy mashg‘ulotlari edi. U klassitsizm, sentimentalizm, naturalizm, romantizm, realizm metodidagi asar deb uqtirilgan asarlarni yangicha, ijodiy talqin qildi, baholashga intildi. Men Tal’at Solihovning naturalizm haqidagi ma’ruzasida qatnashganman. O‘ylab qarasam, sho‘ro adabiy siyosati metodlar ildizidagi harakatni atayin sotsrealizmga – “inqilobiy harakat”, sinfiylikka yo‘naltirgan ekan. Emil Zolya haqida ma’ruzachi shunday fikrlarni aytdiki, u tamoman boshqacha san’atkor ekan. Tal’at Solihov fikricha, E.Zolya hayot, qahramonlarni tasvirlashda yangicha tushunchalarni ilgari surgan, ijodiy printsipini tasdiqlab borgan. Tal’at Rustamovich F.Kafka, A.Kamyu ijodini berilib tahlil qilardi. Uningcha, Kafka hayotni tamoman boshqa rakursdan tasvirlagan. Ekzistentsializm metodi uning asarlarida toblanib, turlanib turadi. Kafka ijodiga hamma hayron bo‘lib qaradi: u kiyinganlar ichida yalang‘och, donolar ichra devonavor edi.

Qirq yetti yoshida avtohalokatda vafot etgan Alber Kamyuning “Sizif haqida afsona”si bor. Uning mazmuni oddiy. Bosh qahramon ertadan kechgacha og‘ir toshni pastdan yuqoriga surib chiqadi. Marraga yetdim, deganida, tosh yana pastga yumalaydi. Bu adoqsiz, azobli yumushni hamisha bajarish Sizif taqdiriga bitilgan. Yozuvchi fikricha, hayotning o‘zi Sizifday ijrochilar, besamar mehnatdan iborat. Sizif toifasidagilar horg‘in, mungko‘z, beparvo, benavo bo‘ladilar.

Tal’at Solihov fan nomzodi, iste’dodli muallim bo‘lishi bilan birga, ashaddiy kitobxon edi. Bilganlarini, ma’ruzalaridagi fikrlarini jamlasa, bir necha jildli kitob bo‘lardi. U Afg‘onistonda ikki kitob chop ettirganini aytardi. Ammo ularni o‘qiganlarni ko‘rmadim.

Domlani bir ko‘rgan odam eslab qolardi. O‘rta bo‘y, og‘riqroq, sersoqol, uzun soch o‘stirgan, katta ko‘zoynak taqadigan odam edi. Uning ko‘zi betakror edi: mung, fikr, ruhiy harakat, bosiqlik qorishib ketgandi. Ko‘zoynagi sinchiklab kuzatish imkonini bermasdi. O‘ylashimcha, o‘qigan har bir asari geni ko‘zlariga jo bo‘lgandi.

Tal’at muallim auditoriyada o‘zligini bemalol namoyon etardi. Darsida fikr, badiiylikka e’tibor, qalblararo bog‘liqlik yetakchilik qilardi. Uning o‘tib ketganiga 20 yil bo‘lyapti, ammo Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Sultonmurod Olim, Olim Otaxon, Nurulloh Muhammad Raufxon, Bahrom Ro‘zimuhammad, Abduvali Qutbiddin, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sulton, Tursun Ali, Go‘zal Begim, Shermurod Subhon singarilar o‘zlarini uning bevosita yoxud bilvosita shogirdlari, deb biladilar. Rauf Parfi Tal’at Solihovning to‘ng‘ich shogirdlaridan. Matbuotda ulardan bir nechtasi ustozi haqida xotira yozdilar.

Tal’at Solihov rus guruhlari orasida ham yuksak obro‘ga ega edi. Ma’ruza o‘qish, badiiy asar matnini bilish emas. Ma’ruzachi jahon adabiyotshunosligidagi yangicha qarash, tushunchalarni atroflicha bilishi zarur. Amerika, Yaponiya, Xitoy, Turkiyada paydo bo‘layotgan yangicha qarashlar G‘arbiy Yevropa, rus adabiyotida shakllanayotgan tushunchalarni boyitardi. Shubhasiz, Tal’at Solihov modern adabiyot, yangi oqim, metodlardan boxabar edi. U M.Xrapchenko, A.Zverev, Z.Freyd, N.Baxtin, Yu.Lotmon, M.Xaydegger, V.Lakshin, Yu.Mann, Ye.Gurenko, A.Gulыga, Yu.Borev singarilar asarlaridan boxabar edi. Bu asarlar daholar yaratgan asarlarga tushadigan badiiy kalit vazifasini o‘tadi. V.Shekspir, V.Gyote, A.Dante, Shiller, G.Markes, S.Yesenin, A.Chexov, E.Xeminguey singarilarning asarlari Tal’at Solihov hayotligida tarjima qilindi. Fozila Sulaymonova, Olimjon Jo‘raev, Muhammadjon Xolbekov kabi olimlarning modernizm, uning oqim, metodlari haqidagi kitoblarini berilib o‘qiyman. Tal’atning bilimi, chet el adabiyoti haqidagi tushunchalari teran, keng edi. Ammo u o‘z qarashlarini badiiy-adabiy tadqiqotlarda tasvirlamadi.

1984 yilda filologiya fakulteti ikkiga ajralgach, Tal’at Solihov O‘zbek filologiyasi fakultetiga dekan bo‘ldi. Olimlik va rahbarlik hamma vaqt ham mos kelmas ekan. Tez orada dekanlikni topshirib Afg‘onistonga mehnat safariga ketdi. Chet elda Qobul universiteti talabalariga dars o‘tdi. Tal’atning chet eldagi hayoti murakkab­likka boy bo‘ldi. Kasal bo‘lganini birov bilib, birov bilmay qoldi.

Odam bolasi quvonchdan osmonga uchib, g‘amdan yerga kirib ketmaydi. Tal’at o‘ziga yarasha sho‘x, ulfatboz edi. Ammo og‘zidan chapanicha so‘z chiqmasdi, zinhor oliftagarchilik qilmasdi. Ko‘pincha O‘rda ko‘prigi yonginasidagi choyxona-kafeda o‘tirishni yoqtirardik. Ne-ne suhbat, hazillarimizni Anhor suvi oqizib ketgan. Xayrulla (Ismatillaev) baland ovozda gapirar, “qah-qah” otib kulardi. Muhsinjon (Olimov) hangoma so‘zlashga usta edi: goh Ozod aka, goh Laziz aka, goh G‘ulom Karimov rolini ijro etardi. Boshqalar qotib-qotib kulardi-yu, Muhsinjon tabassum bilan hammaga boqib turaverardi. Tal’at, kezi kelganda, so‘z gulhaniga o‘tin tashlab qo‘yardi.

Bir yili yozda Iristoy aka, Umarali aka, Hasanxo‘ja, Xayrulla, Tal’at va men Surxondaryoga bordik. Safardagi hangoma, suhbatlar nihoyatda diltortar bo‘larkan. Tal’at kutilmaganda gapdon, sersuhbat bo‘lib qoldi. Xullas, xotiraning borligiga beadad shukur. Iristoy aka, Hasanxo‘ja, Xayrulla, Muhsinjon, Tal’at o‘tib ketishdi.

Do‘stdan ayrilish og‘ir bo‘larkan. G‘oyib ota qabristoniga kirib borayapmiz-u, Tal’at tirik, degan fikr borlig‘imni chulg‘ab olgan.

Do‘stim Tal’atdan yaxshi nom, fidoyi shogirdlar qoldi.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.