Homil Yoqubov 91 yillik umrining bir kam yetmish yilini adabiy tanqid maydonida sergaklik bilan ijod qilib o‘tkazdi. Turli xil inqiloblar, siyosiy jangu jadallar, pinhona ziddiyatlar, ommaviy qirg‘in, qama-qamalar avj olgan XX asrda professional tanqidchi bo‘lish qilichning damida yurishdek gap edi. Biologiya fanida, genetika sohasida avj olgan soxtalik ijtimoiy bilimlar, xususan, adabiy tanqidchilikda ro‘y-rost ko‘zga tashlandi. Ne-ne ezgu umidlar bilan tanqidchilik maydoniga kirib kelgan Vadud Mahmud bor-yo‘g‘i 8 yilcha, Otajon Hoshim, Rahmat Majidiy, Hamidulla Ubaydullaev, Abdulla Olimjon 10 yil atrofida, Olim Sharafiddinov va Sotti Husayn 13 yilga yaqin tanqidning mashaqqatli nonini yedi. Bilishimcha, Abdurahmon Sa’diy va Homil Yoqubov tanqid sohasining buzruklari darajasiga yetdilar: umrlari poyoniga qadar tanqid maydonini tark etmadilar. To‘g‘ri, Izzat Sulton ham Homil Yoqubov singari XX asrning 30-yillarida tanqid maydoniga kirib keldi. Adabiyotshunoslikning izzatli siymosiga aylandi. Lekin I.Sultonov goh arbob, goh yozuvchi-dramaturg, kinostsenarist sifatida tanqid maydonini tark etib turdi.
Homil Yoqubov tabiatan bosiq, bag‘rikeng, odamoxun inson edi. U bo‘lar-bo‘lmasga tutaqavermas, o‘zini katta olmas, ilmiy izlanishlarini sira bo‘shashtirmas, ko‘ngil mayliga bo‘ysunib yashardi. Men Homil Yoqubovni bundan yarim asr ilgari SAGUda (hozirgi O‘zMU) o‘qib yurganimda taniganman. Uchinchi kurs filolog-talabalarining o‘quv jadvaliga “O‘zbek adabiyoti tarixi” deb yozilgan, uni dotsent H.Yoqubov o‘tishi bildirilgandi. Jadvalga binoan auditoriyaga o‘rtabo‘y, jussasi uvoqqina, qalin ko‘zoynak taqqan, oq yuzli, fayzli, o‘rta yoshlardagi o‘qituvchi tortinibgina kirib keldi. O‘tadigan fani haqida ozgina gapirdi-da, minbarga chiqdi. Ma’ruza boshlandi. Domlaning “semiz” papkasi ham, “sarg‘ayib ketgan” konspekt daftari ham yo‘q edi. O‘qituvchi fanini yaxshi bilishi darhol bilindi. Ammo H.Yoqubov tortinibgina gapirar, talabaga tik boqmas, o‘tilayotgan mavzuga bus-butun sho‘ng‘ib ketardi. Talaba bola-da: o‘zini darhol erkin sezdi, nima qilsa qildi. Ilmsevar talabalar esa, o‘qituvchining gaplariga, undagi mantiqqa, g‘aroyib faktlarga mahliyo bo‘ldilar. Xullas, Homil aka hammaga emas, xoslarga — ilm shaydolariga ma’ruza o‘qidi. Ajabki, talabalar o‘qituvchiga mo‘l savol berdilar, uni bahsga chorladilar. Dastlab bo‘sh-bayov ko‘ringan ustoz bahsga o‘ch ekan:
— Shunaqamas-de. Siz asosiy masalani tushunmiyvossiz... Mani oldimga keling, pikrlashovuz...
Aspirantligimda, 1962 yili yana Homil Yoqubovning tinglovchisi bo‘ldim. Bu safar ustoz o‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi, nazariyasi haqida maxsus kurs o‘qidi. Adabiy tanqid domlaning o‘ttiz uch yillik qadrdon maydoni edi: tinglovchilar bu murakkab maydonning o‘tmishi, XX asrdagi holati, katta-kichik namoyandalari, turli oqimlar haqida aniq, qiziqarli ma’lumot oldilar. Ma’ruzachi mumtoz tanqidchilikning tazkira, hasbi hol, manoqib singari tayanch janrlari, adabiy-tanqidiy asarlar xususida gapirdi; jadid tanqidchiligi, uning namoyandalari ijodi haqida asosli fikrlarini aytdi. Bizni, 60-yillarning aspirant, tadqiqotchilarini ko‘proq o‘zbek sovet tanqidchiligining muammolari qiziqtirardi. O‘qituvchi Marks, Engels, Lenin asarlarini, adabiy metodlar tarixini pishiq o‘zlashtirgan ekan. Darsda, tabiiyki, sotsialistik realizm, uning nazariy asoslari haqida ko‘p gapirildi. Lekin o‘qituvchi masala mohiyatini aniq, lo‘nda ifodalamas edi. Men keyinchalik H. Yoqubovning “Badiiy metod ulug‘ Lenin talqinida”, “O‘zbek sovet adabiyotida sotsialistik realizmning shakllanishi xususiyatlari”, “Lirikada konflikt” singari tadqiqotlarini sinchiklab o‘qidim. Olim bu asarlarini yozish uchun ko‘p kitoblarni o‘qiganligini, ularni teran uqishga intilganligini sezdim...
Shunday ham bo‘ladiki, olimu san’atkor o‘zini qanchalik qiynamasin, kunni tunga ulab ijod qilmasin, baribir, kutilgan natijaga erisha olmaydi. XX asrda sotsialistik realizm haqida yozmagan adabiyotshunos, tanqidchi qolmadi hisobi. Lekin bu metod haqidagi izlanishlar sarob bo‘lib chiqdi. Chunki sotsrealizm metodi avval-boshdanoq soxta qonuniyat asosida paydo bo‘ldi. Xususan, u masalalar masalasi — gumanizm va go‘zallikni o‘ta sun’iy, jo‘n talqin qilardi. H.Yoqubov ijodida sotsrealizmga haddan tashqari berilinib, inson ruhiyati nozik talqin etilgan asarlar, haqiqiy go‘zallik ishonarli ko‘rsatilgan she’rlar nohaq tanqid qilingan maqolalar uchraydiki, beixtiyor: “Beayb parvardigor ekan-da”, deb yuborasan kishi.
Homil Yoqubov keng qamrovli olim edi. Ba’zi “qat’iyatli” qalamkashlar singari u Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat ijodidan yuz o‘girmadi. Aksincha, Abdulla Qodiriy asarlaridagi hayotiylik, samimiylik, tabiiylikdan huzurlandi; “Sinchalak”ni sinchiklab talqin qildi; umri poyonida Navoiy va Cho‘lpon mavzuida tadqiqot yaratdi. Domla ijodida mumtoz adabiyot namoyandalari – Bobur, Turdi, Muqimiy haqidagi tadqiqotlar yuksak mavqega ega. Ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi borasida sho‘ro adabiyotshunosligida birinchilardan bo‘lib tadqiqot yaratganligi maqtovga loyiq. Olim Bobur lirikasini, “Boburnoma”ni “sotsrealizm oynagini yechib qo‘yib” asosli talqin etadi. Tarki odat amri mahol degan gap bor. Men hozirgina “echib qo‘yilgan sotsrealizm ko‘zoynagi” to‘g‘risida gapirdim. Yoqubov domla Boburning Hindistondagi hayoti haqida yozar ekan, Marksning “Hindistonda Britaniya hukmronligi” asaridan, garchi mavrida bo‘lmasa-da, ikki bor iqtibos keltiradi. Adabiyotshunos “Boburnoma” muallifini ham shoir, ham podsho sifatida ko‘rsatadi. Keyinchalik Boburni shoir sifatida bir xil, hukmron sifatida o‘zgacha talqin qilish mayli kuchaydi.
Homil Yoqubov qariyb 60 yil o‘zbek tanqidchiligi maydonida qoyadek mustahkam turdi. 30-yillardan boshlab bironta yozuvchi ijodi, ko‘zga yarq etib tashlangan asar uning nazaridan chetda qolmadi. Hamza, Ayniy, Abdulla Qodiriy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Abdulla Qahhor, Yashin, Shayxzoda, Mirtemir, Mamarasul Boboev, Asqad Muxtor singari yozuvchilarning el-yurtga tanilishida ustoz tanqidchining tanqidiy ocherklari, tadqiqotlari, adabiy portretlari, taqrizlari, sharhlari muhim ahamiyat kasb etdi. Tanqid maydonida qoyim turarkan, H. Yoqubov har xil oqimlarni, turli tendentsiyalarni, yozuvchilar ijodidagi o‘zgarishlarni aniq ko‘rib, bilib turdi. Lekin odamda alohida mehr, simpatiya degan gap bor. Olim-munaqqid Yoqubov Oybekni o‘ziga juda yaqin olardi. Pedtexnikumda birga o‘qidilar, alg‘ov-dalg‘ovli 30-yillarda yonma-yon ijod qildilar, Oybek qaerda bo‘lsa, Yoqubov o‘sha yerda bo‘lishga intilardi. “Sharq yulduzi”da, Akademiyaning Til va adabiyot institutida hamkor bo‘ldilar. Oybek 20-yillardayoq adabiy tanqidchilik sohasining fidoyilaridan biriga aylandi. Oybek haqida yozmagan tanqidchi qolmadi, hisobi. Lekin Homil Yoqubov hamisha oybekshunoslarning yetakchisi bo‘ldi. Pirovard-natijada, ustoz munaqqid Oybek ijodi haqidagi bosh kitob — tadqiqotini yaratdi, fan doktori ilmiy darajasini oldi.
Taqdir, kasb taqozosi ikki yirik siymo Homil Yoqubova va Izzat Sultonovni o‘zaro yaqinlashtirdi, hamkor, hamfikr qildi. Ular uzoq yillar davomida Til va adabiyot institutida yonma-yon faoliyat olib bordilar, ikki yetakchi bo‘limni boshqardilar. Izzat Sultonov sotsialistik realizmning O‘rta Osiyo va Qozog‘iston milliy adabiyotlarida shakllanishi, rivoj topishi haqida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. H. Yoqubov ham, aytilganidek, sotsrealizmni chuqur o‘rgandi. Izzat Sultonov mumtoz adabiyotni bilishda H. Yoqubovdan qolishmasdi. Uning ijodida “Navoiyning qalb daftari” asari misoli oltin toj bo‘ldi. Ikki olim hamkorligi samarasi o‘laroq “O‘zbek sovet adabiyoti tarixi ocherki” (1962), “O‘zbek adabiyoti tarixi” ( 1967; uch tom, 4 kitob), 5 jildli “Istoriya uzbekskoy sovetskoy literaturы” kitobi, ikki jildli “O‘zbek sovet tanqidchiligi” (1987) asarlari paydo bo‘ldi. Bu asarlar yangi o‘zbek adabiyoti, tanqidchiligining muhim bir qismiga yakun yasadi. Har ikki olim 6 jild, 7 kitobdan iborat “Istoriya mnogonatsionalnoy sovetskoy literaturы” nomli mahobatli kitobdagi o‘zbek adabiyoti bo‘yicha materiallarni yozish, uyushtirishda bosh-qosh bo‘ldilar. XX asrning 60-yillaridan Til va adabiyot institutida zamonaviy adabiyot bo‘yicha tayyorlangan dissertatsiya, tadqiqotlarga I. Sultonov va H. Yoqubov rahbarlik qildilar.
Yetuk olim hamma yerda hurmat topadi. Homil Islomovich hozirgi O‘zMU filologiya fakultetining o‘z odami edi. Domla bu maskanga bot-bot kelishni, bir umrlik do‘sti Subutoy aka bilan dildan suhbat qurishni, jiddiy masalalar yechimini G‘ulom Karimov bilan hal qilib olishni, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov singari yosh do‘stlari bilan, birdam bo‘lsa-da, yayrab olishni istardi. Qadrdonlari iltimosiga ko‘ra ustoz talabalarga va’z qilar, aspirantu tadqiqotchilarga mutaxassislik bo‘yicha maslahat berardi. Universitetning G‘ulom Karimov boshliq ahil adabiyotshunos-o‘qituvchilari har oyda bir bor yig‘ilishar, mumiyoi asl (palov) ustida ajib suhbatlar davom etardi. Bora-bora oylik yig‘ilishlar “gap”ga aylanib ulfatda G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimov, Homil Yoqubov, Sidiq Fuzailov, Ahmad Aliev, Abdug‘ani Aliev, A’lo Ashrapov, Muhammadnodir Saidov, Ozod Sharafiddinov haqiqiy a’zo bo‘lib, ustozlar lutfan U.Normatov, H.Muhammadxo‘jaev va meni qatorlariga dastyor-a’zo sifatida qo‘shgandilar. “Gap”ga goh Turg‘un Alimatov, goh Umar Otaev, goh Ma’rufxo‘ja Bahodirov, goh Faxriddin Umarov qatnashardi. Garchi ulfatchilikka san’atkor taklif qilingan bo‘lsa-da, hamma Subutoy Dolimov ijrosidagi kuy-qo‘shiqni intizorlik bilan kutardi. Subutoy aka Cho‘lponni “ko‘rgan” dutorni “qo‘lga olib, uni asta-sekin gapga solardi”. Dutor sozlangach, sehrli kuy boshlanar, Subutoy aka kuyib-o‘rtanib Fuzuliy, Navoiy, Bobur, Muqimiy so‘zlari bilan katta ashulani boshlardilar. Tinglovchilar muayyan fursat arshi a’loga ko‘tarilardilar. O‘sha damlarda insoniyat yaratgan kashfiyotlar orasida kuy-qo‘shiq bebaho ekanligini har kim o‘zicha anglardi. Homil Yoqubov kuy chalmas, ashula aytmasdi, lekin san’at tashrifida mast bo‘layotganligi yaqqol ko‘rinib turardi. Shunday paytlari u kishim “-izm”lar bilan chandib tashlangan, quyushqonga tiqilgan qarashlarni tamoman unutar, san’atning beg‘ubor osmonida huzur qilardilar.
XX asr o‘zi bilan xokisor farzandi alloma Homil Yoqubovni olib ketdi. Ustoz umrlari davomida bilag‘on olim, tanqid maydonining hushyor egasi sifatida ko‘p yaxshi ishlarni amalga oshirdi. Ustozni ko‘rgan, bilgan, undan yaxshilik ko‘rgan kishi borki, yaxshi odam edi, Olloh rahmatiga olsin, deya duo qiladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 40-sonidan olindi.