OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdug‘afur Rasulov. Tunda chaqnagan yulduz (2005)

XX asrning 30-yillari, ayniqsa, mash’um ommaviy qirg‘in-qatag‘on paytida yurak-bag‘ri butun yozuvchi, san’atkor, arbob, olim, omilkor qolmadi hisobi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Shayxzodani qamamadilar. Lekin ularni shunchalik xor-zor qildilarki, inson zoti bunday ruhiy-ma’naviy azoblarga tob berishi amri mahol edi. 1937 yilning 31 avgustidan 5 sentyabrigacha Oybek uchun do‘zax azobidan qiyin kunlar bo‘ldi. Shu kunlari O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi plenumida yozuvchining siyosiy faoliyati, ijtimoiy-ma’naviy qiyofasi masalasi o‘rtaga qo‘yildi. Oybekni millatchidan olib millatchiga solishdi, nari olib borib — beri olib kelishdi. Oybek o‘zi bilmagan, yetti uxlab tushiga kirmagan “gunohlari”ni o‘zgalar og‘zidan eshitib hangu mang bo‘ldi. Bunday vaziyatda inson o‘zini himoya qilolmaydi, tuhmatlarni bo‘yniga olishdan o‘zga yo‘li qolmaydi. Plenum qarori bo‘yicha “Oybek Yozuvchilar soyuzi a’zoligidan o‘chirildi, Til va adabiyot institutidan haydaldi” (“O‘zAS”, 2005, 21 yanvar).
1937 yilning sentyabridan Oybek o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Ishlamasa bo‘lmaydi: uch farzandi, oilasi bor. Oybek o‘z tengqurlari orasida intellektual salohiyati kuchli olim edi. U falsafa, estetika, tarix, iqtisoddan tashqari, jahon adabiyoti namoyandalari asarlarini yaxshi bilardi. Oybek boshiga ish tushgan paytda professor N.F.Deratanining ikki jildlik “Antik adabiyotdan xrestomatiya” kitobi mashhur edi. Ana shu xrestomatiyaning ikkinchi kitobi “Rim adabiyoti”ni tarjima qilish Oybek uchun katta ijodiy maktab bo‘ldi. Asarga Plavt, Terensiy, Katull, Lukretsiy, Sitseron, Goratsiy, Vergiliy, Ovidiy, Tibill, Seneka, Petroniy, Apuley, Lukian va boshqa adiblarning tragediya, komediya, didaktik poema, liro-epik doston, satiralari kiritilgan edi.
“Rim adabiyoti“ xrestomatiyasi tarjimasi Oybekka zo‘r ijod maktabi bo‘ldi: tarjimon uch tur va ko‘p janrdagi asarlarni bir yo‘la o‘zbekchaga tarjima qildi, sharh va lug‘at mag‘zini chaqdi. Tarjimon deyarli barcha asarlar oxiriga “ba’zi o‘zgarishlar bilan” degan iborani qo‘shganki, bu uning tarjimaga ijodiy yondashganligini ko‘rsatadi. Xrestomatiyaga kiritilgan asarlar mualliflari haqida tazkiramonand ma’lumotlar beriladi.
Tarjimon mahoratini ko‘rsatish maqsadida Lutsiy Senekaning “Oktaviya” tragediyasidan kichik bir parchani keltirishni loyiq topdik:

Oktaviya:
Endi zolim mustabid meni yuborar,
G‘amli ko‘lkalarning zulmat yurtiga.
Nimaga men sho‘rlik behuda yig‘lay?
Taqdir kimni loyiq ko‘rgan bo‘lsa, u
Eltsin o‘limga meni! Ko‘k tangrilarin 
Chaqiraman... To‘xta, tentak,
ko‘k tangrilari
Sendan nafrat qilishadi. 
Men chaqiraman
Tartarni, ham jahannamning o‘ch olar 
Ilohalarin, shunday jazo
 va o‘limga sazovor
Bo‘lgan otam, seni-da chaqiraman.
Tayyorlangiz kemani, chodirni qurib,
Uzoq Pandatariya sohillariga 
Tomon yo‘l solsin ildam kema haydovchi.

“Rim adabiyoti” xrestomatiyasining sarvarag‘iga: “Kitobning tarjimasini O‘zSSR Maorif xalq komissarligi tasdiq etgan” degan yozuv borki, u Oybekka o‘sha yillardagi munosabatdan darak beradi. Oybek tarjimasidagi bu xrestomatiya nashr etilganiga 66 yil bo‘ldi. Hozir universitet, institut filolog talabalari jahon adabiyotini o‘rganadilar. Afsuski, hozirgacha yunon, Rim, Misr, yapon, xitoy antik adabiyotidan o‘zbek tilida darslik, xrestomatiyalar yo‘q. 1965 yili Moskvada N.F.Deratani, N.A.Timofeyev tayyorlagan “Antik adabiyotdan xrestomatiya”ning I-II jildlari chop etilgan edi. Oybek tarjimasidagi “Rim adabiyoti” xrestomatiyasi o‘z qimmatini sira yo‘qotgani yo‘q. U hozir qayta nashr etilsa, kitobxonlarga munosib sovg‘a bo‘lar edi.    

* * *

Oybek yozuvchilar uyushmasidan chiqarilib, Til va adabiyot institutidagi ishidan chetlatilganda 33 yoshda — ishlab, o‘qib-o‘rganib, ijod qilib charchamaydigan balog‘at pallasida edi. U “Antik adabiyotdan xrestomatiya”ning II jildini tarjima qilar ekan, o‘zbek xalqining millat sifatida shakllanishi jarayonini haqqoniy aks ettirib beradigan roman konsepsiyasini ongida yetiltirayotgan edi. San’atkor qanday asar yozmasin, baribir, shaxsiy hayotining, oilaviy muhitning qaysidir tomonlarini aks ettiradi. Katta epik asarda yozuvchiga tanish, uning xotirasidan o‘rin olgan voqealar, kishilar tasvirlanadi. “Qutlug‘ qon” romanida tasvirlangan voqealar XX asrning 10-yillari o‘rtasida ro‘y beradi. Oybek bu davrlarni yaxshi eslaydi. Aniqrog‘i, XX asrning 10-yillari voqeligi, odamlari Oybek ijodining o‘q ildizlaridan birini belgilaydi. U “Bobom”, “Bolalik”, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Ulug‘ yo‘l” asarlarida shu davrni tasvirlaydi. Demoqchimizki, Oybek ijodini o‘rganganda biografik metodni zinhor unutmaslik joiz. Fransuz adibi, olim-mutafakkiri Sharl Syont-Byov (1804-1869) biografik metodga asos soldi. Bu metodga ko‘ra, badiiy asarda yozuvchi biografiyasiga taalluqli ko‘p masalalar mavjuddir. Avvalo, asar g‘oyasining, konseptual asosining paydo bo‘lishi yozuvchi hayotidagi biron masala bilan bog‘lanib ketadi. Ikkinchidan, yozuvchi bilibmi, bilmaymi (g‘ayrishuuriy holda) yuragi qa’ridagi tuyg‘ularni, xotirasiga singib qolgan voqea, shaxslarni asariga kirita boshlaydi. Uchinchidan, asarning yozilishi jarayonidagi holatlar, manzaralar, hodisalar tabiiy holda asar strukturasiga singib boradi. Matyoqub Qo‘shjonov, Naim Karimov tadqiqotlarida, Zarifa Saidnosirova xotira-kitobida Oybek asarlaridagi biografik tomonlar — hayoti, turmushi, kayfiyati, tanishlari, asarlari protiplari haqida qiziqarli voqealar keltirilgan. Biz “Qutlug‘ qon” asarining yozilishi jarayoni bilan bog‘liq biografik jihatlarga e’tibor qaratmoqchimiz. Boshqacha aytsak, yozuvchilar soyuzi plenumidan (31. VIII—5.IX.1937) keyingi voqealarning Oybek taqdiri, “Qutlug‘ qon” romani biografiyasida qanday aks etganini ko‘rsatmoqchimiz. Obrazli aytganda, 1937 yildagi mash’um plenum navqiron Oybekning yorug‘ kunini qop-qora tunga aylantirdi. Oybekdagi san’atkorlik, yuksak iste’dod zimiston tunda charaqlagan yulduzni — “Qutlug‘ qon”ni bunyod etdi.
“Qutlug‘ qon” romani 1938 yili, qisqa muddatda bitilganligi aytiladi. Roman yozilgan joy, fasl haqida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, dramaturg va rejissyor Rixsivoy Orifjonov (“O‘zME”, VI-tom, T., 2003 yil, 566-bet) hikoya qilib bergan. Rixsivoy aka asli Yunusobodning Oqota mavzeidan bo‘lgan. “Qishlog‘imizda Oybek domlaning dala bog‘i bo‘lardi, — deydi u. — Bog‘dagi ko‘rkam shiypon hamon ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Yoz kechalari Oybek shiyponida kerosin chiroq allamahalgacha yoqiq turardi. Men, 12 yoshli qishloq bolasi Oybek domla shiyponidagi chiroqqa tikilib yotganimcha uyquga ketardim. U vaqtlarda elektr, radio qayoqda, deysiz. Hatto jing‘iroqli soat ham yo‘q ekan-da, qishlog‘imizda. Oybek shiyponidagi chiroq o‘chishi bilan qishloq ahli g‘imirlab qolardi: keksalar bomdod namoziga tayyorlanar, bozorchilar ot, eshakni aravaga qo‘sha boshlar, yana kimlardir o‘z yumushlariga band bo‘lardilar. Men bolaligimni eslasam, yoz fasli, Oybek shiyponida porillab yonib turgan chiroq xayolimga kelaveradi. Kunduz kunlari mol boqib yurganimizda bironta ovloq, salqin joyga ko‘rpacha to‘shab kitob o‘qib o‘tirgan Oybek domlani ko‘rib qolardik...”
Naim Karimov “Oybek” kitobida yozadi: “Adibning aytishicha, u romanni qisqa muddatda — sakkiz-to‘qqiz oy mobaynida yozib tugatdi. Bu 1938 yilning yoz oylari edi“.
Mirkarim Osim xuddi shu davrni eslab, yozadi: “Men yakshanba kuni Oybekni yo‘qlash uchun uning Oqotadagi bog‘iga bordim. Qo‘rg‘oncha eshigini taqillatgan edim, Zarifaxonim chiqib, meni ichkariga taklif qildilar.
— Oybek shu yerdami?
— Ha, shu yerda. Lekin hali uyqudan turgani yo‘q.
— I-e, soat bir bo‘ldi-ku. Kechasi ikkida yotgan bo‘lsa ham, uyquga to‘yishi kerak edi.
— U ko‘pincha soat uch-to‘rtgacha shiyponda o‘tirib ishlaydi. Endi turadigan vaqti bo‘ldi, kiring ichkariga. — Zarifaxonim ayvondagi xontaxta ustiga dasturxon yozib, bir choynak choy keltirib qo‘ydilar...”.
Zarifa Saidnosirova “Oybegim mening” kitobida 1934 yili Taxtapul va Yunusobod mavzelari o‘rtasidagi Oqota degan joydan (hozirgi G‘ulommahmud Abdullayev mahallasi) bog‘hovli sotib olganliklari, bu joy Oybekka nihoyatda ma’qul bo‘lgani haqida yozadi. Muallif bog‘ning ko‘rinishini tiniq tasvirlaydi: “...boqqa torgina bog‘ko‘chadan kichkina bir eshikcha orqali kirilardi. Eshikdan boshlangan yakka yo‘lning o‘ng tomonida katta hovuz, atrofida qizil olma og‘ochlari terilgan... So‘l tomonda bir tanobcha keladigan bedazor... hovuzdan keyin — qo‘rg‘on: unda bir uy va bir ayvon bor. Qo‘rg‘on orqasi va bedazordan boshlab 18 ishkom uzum: charos, qora kishmish, daroyi, sohibi, husayni, nimrang va hokazo. Beda atrofida olma va shaftoli og‘ochlari. Shaftoli may oyidan boshlab pisha boshlaydi. Navlari juda ko‘p... 1934 yildan 1939 yilning kuziga qadar har yozni shu bog‘da o‘tkazdik”.
Zarifa Saidnosirova bog‘ni ta’riflab yozadi: “Oybek Chimyonda ishlayotgan kezlarda, uning dadasi bilan maslahatlashib, qo‘rg‘ondagi uy va ayvon ustiga katta shiypon qurdirdik... Shiypon juda ko‘rkam. Bog‘ tomondagi daraxt navdalari shiyponga shundoqqina to‘kilib turadi. Ular gullaganda, mevalari pishganda esa ko‘rkini ko‘rib, ko‘zingiz to‘ymaydi. Ayniqsa, kechalari, oydindagi manzaraning go‘zalligi ko‘ngillarimizni orom va nash’a bilan to‘ldiradi“.
“Qutlug‘ qon” romanini o‘qiy boshlaganingiz hamon Oybek suygan bog‘ tasvirini ko‘rasiz: Mirzakarimboy “bog‘ning tashqariga qaratilgan kichkina eshigiga kirdi. Yo‘lchining ko‘ziga “jannatday” katta bog‘ manzarasi ochildi, tamosha qilib, keksa tog‘aning orqasidan yuraverdi. Orasidan Qo‘qon arava bemalol yuradigan keng, uzun ishkomlar ikki tanobdan mo‘lroq yerni ishg‘ol etgan. Ko‘m-ko‘k tok barglari ertalabki quyoshda jilvalanadi. Bog‘ning to‘rt tomonini o‘ragan baland, yangi paxsa devor bo‘ylab shaftolilar o‘sadi...“.
Oybek o‘z bog‘idagi bedazorni ham unutmagan: “Ular picha yurib, to‘rt-besh tanob joyni ishg‘ol etgan bedazorga chiqishdi.
— Mana, bedam! — qo‘lini beliga tirab, ko‘zi bilan uzoqqa ishorat qilib dedi Yormat. — Hafsalangiz bo‘lsa, bedanani shunda tuting-da.
— Yo‘ng‘ichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat o‘sibdi. — Yormatga qarab dedi Yo‘lchi”.
“Zarifaxonim tarhini chizgan, Oybekka juda yoqqan shiypon ko‘rinmayaptimi”, deysizmi. Mana, o‘sha mashhur shiypon: “Yoz kechasi qisqa. Yo‘lchi bir chimdim uxlab, begona joyga o‘rganmaganidanmi, ko‘zini ocharkan, tong otgan edi. Havo salqin va toza. Unda-munda qushlar sayraydi. Yo‘lchi o‘rnidan turdi, ariqda yuz-qo‘lini yuvib, tashqari sahnida bir oz kezdi. Mehmonlar shiyponda shohi, atlas, adras ko‘rpalarda, boshlarini oppoq va yumshoq yostiqlarga ko‘mib uxlaydilar... Mayin tong shabadasi rang-barang gullarni sekin tebratib, atirlarini har yoqqa sochadi”.
“Qutlug‘ qon” romani strukturasini mukammal o‘rgangan mutaxassis asardagi birinchi semiotik markaz Mirzakarimboy bog‘i tasviri ekanini anglab yetadi. Oybek bog‘ni tiniq, aniq, ishonch bilan tasvirlaydiki, shu joyni bilmagan, ko‘rmagan odamda bunchalik tiniq, qat’iy matn sira paydo bo‘lmas edi. Ilk semiotik markazning boshlanish qismi, tabiiyki, romanning ilk sahifalari, Yo‘lchining “To‘pqayrog‘ochga kirib, Jabbor ko‘sa choyxonasida choy ichishi, atrofini sinchkovlik bilan kuzatishidir. Har qanday katta asarning boshlanishi, iloji boricha, kitobxonga ko‘p “vazifa berish”ni taqozo qiladi. “Qutlug‘ qon” romani saratonning sariq kunida (“hamma yoqni olov seli to‘ldirgan”, “havo allaqanday oq alanga bilan yonganday”, “kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproq”) “issiqda, sovuqda obdon pishgan”, “badanidan kuch yog‘ilib turgan” Yo‘lchining choyxonaga kirib kelishi, “chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak... g‘irt ko‘sa” samovarchining diydiyolariga e’tibor qaratishi, “kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmonga o‘ralgan bir qozoqning... minut sayin... samovarchiga... “Shilimni uzat!”, deya buyruq berishi singarilar bilan boshlanadi.
Samovarchi Yo‘lchiga qarata:
— Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘ilib turibdi-ya. Qayerliksan, sayramlikmi? — deydi. Shu zahoti u birdan shang‘illab qoladi: “Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppingga solib beraman!”...
Devorga suyangan loqayd qozoq, “...sayramlikmisan?” — deya so‘rashishi, “tezakni do‘ppiga solib berish” po‘pisasi-biografik metod nuqtai nazaridan ahamiyatli. Voqea Toshkentning shimol tarafida, qozoqlarga yaqin joyda, qishloqda (ot, eshaklar tezagi) ro‘y berayapti. Romandagi voqealar yozuvchi Oybek yozda dam oladigan, yashaydigan Oqota qishlog‘i atrofida kechayapti. Ko‘rinadiki, romanning boshlanishi biografik, toponimik, etnik ma’lumotlarga boy. Badiiy asarning hartomonlama serjoziba, ma’lumotlarga boy, detallarga serob bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Qizig‘i shundaki, oradan 15-20 kun o‘tib Yo‘lchi yana guzarga — o‘sha tanish ikki choyxona, qassob do‘koni, baqqol do‘koniga chiqadi. Endi guzarni ham, yon-atrofni ham Yo‘lchi boshqacha kuzatadi. Bu gal uning diqqatini baqqol bilan ijara aravasining gupchagi singani bois qovunini shaharga yetkaza olmagan dehqon orasidagi savdo munosabati jalb qiladi. Qiziqki, bu gal Yo‘lchi na Jabbor ko‘saga, na choyxonadagi kishilarga e’tibor beradi. Uni jiddiyroq muammolar komiga torta boshlaydi.
Ijod jarayoni yurilmagan yo‘l bo‘ylab borishga, aniqrog‘i, tunda avtoulovni boshqarib borayotgan haydovchi yumushiga o‘xshaydi. Yozuvchi asari g‘oyasini, qahramonlari taqdirini biladi. Lekin uydagi gap ko‘chadagiga to‘g‘ri kelmaydi, deyilganidek, yo‘l-yo‘lakay bir qancha masalalarni hal qilib borishga to‘g‘ri keladi. Yozuvchi, o‘zi istamagan holda, yangi personajlarni kiritishga, ayrim holatlarni berishga, yangi voqealarni tasvirlashga majbur bo‘ladi. “Qutlug‘ qon”dagi bir personaj, masalan, Yo‘lchining inisi Qurbon boyda korandalik qilayotganini aytadi. Suhbatlarning birida Unsin tasodifan Ergash akasini eslab qoladi. “Ulug‘ yo‘l” romanida esa Yo‘lchining inisi Elmurod nomi bilan kitobxonga tanishtiriladi. Gap, albatta, personajlarning nomida emas, asar syujetidagi o‘rnida, bosh g‘oyani yoritishdagi vazifasida. Lekin mohir san’atkor har bir detalga, har bir holatga e’tibor qaratadi.
Badiiy asar yaratayotgan yozuvchi tabiatni tasvirlaydimi, holatlarni ko‘rsatadimi, dialoglarni beradimi, qahramonu personajlarga nom qo‘yadimi, emin-erkin harakat qiladi. Lekin struktura sistemasi, matndagi har bir ifoda, ishora o‘z mantiqi, mazmuniga ega bo‘lishi kerak. Boshqacha aytganda, asarga biografik yondashilinadimi, sinchiklab tahlil qilinadimi, u boshqa tillarga o‘giriladimi, matndagi har bir belgi o‘z mazmuniga ega bo‘lishi shart.

Abdug‘afur Rasulov,
filologiya fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 22-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.