Mening kitobga, badiiy ijodga mehr qo‘yishimga rahmatli onam Bahriniso sababchi bo‘lganlar. Onamning aytishicha, ota tomonidan besh avlodi Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan ekanlar. Jumladan, onamning bobosi Abdurahim domla va otasi Muhammadrahim bobom ham shu madrasada o‘qishgan. Katta bobom Abdurahim domla maktabdor bo‘lganlar. Uning xususiy maktabida o‘g‘il bolalar ham, qiz bolalar ham ta’lim olishgan. O‘g‘il bolalarga erkak muallimlar, qizlarga otinoyilar saboq berishgan. Onam ham bobomning maktabida saboq olganlar.
Bobom Muhammadrahim 1912 yilda madrasani bitirib qaytgach, otasining maktabida va Jizzaxdagi Nuriddin hoji madrasasida fiqhdan dars beradi. Ayni paytda Og‘ajon qishlog‘ida imomlik ham qiladi. Bobom ilm-ma’rifatli, bir so‘zli odam ekanlar. 1916 yildagi mardikorlikka olish voqeasiga u befarq qarab turolmaydi. Negaki, mardikorlikka jo‘natilgan yigitlarning yarmisi Rossiyaga yetib bormasdanoq ochlik va qarovsizlikdan yo‘lda jon taslim qilar, buning ustiga rus o‘rmonlari xo‘rlikka chidolmay joniga qasd qilganlar jasadiga to‘lib ketgandi.
Bunga chidolmagan xalq jabr-zulmga, haqsizlik va adolatsizlikka qarshi isyon ko‘taradi. Buning boshida o‘z davrining ulkan ulamosi Nazirxo‘ja eshon va yigirma olti yoshli Muhammadrahim bobom turgan ekanlar. Qo‘zg‘olon shafqatsizlarcha bostirilgach, mahalliy hokimiyat (rus to‘ralari) kimki Nazirxo‘jani va Muhammadrahimni tirik yoki o‘lik holda keltirsa, besh kilo tillo mukofot berilishini va’da qiladi. Lekin xalq o‘z xaloskorlarini tutib bermaydi. Aksincha, ularni jon-jahdi bilan himoya qiladi.
Chor amaldorlari bobomni qo‘lga olisholmaydi. Biroq ukasi Isaqulni qamoqqa olishadi. Keyin Abdurahim bobomni qiynoqqa solib, uni qamashga hukm chiqarishadi. Buni eshitgan bobom o‘z ixtiyori bilan “qo‘lga tushadi”. Qo‘lga tushganining ertasiga uni dorga osishadi. Bechora onam o‘la-o‘lguncha shularni eslab, zor-zor yig‘lagancha dunyodan o‘tdi.
Endi onamga kelsak. Volidam arab tilini mukammal bilardi. Yon-atrofga otinoyi deb nom chiqargandi. Arab tilidagi kitoblarni bemalol o‘qir, o‘qiganda ham har bir jumlani chertib-chertib, ohangdor qilib o‘qirdi. Kechki payt uyimiz xotin-xalajga to‘lib ketardi. Onam ularga kitob o‘qib berardilar. Uning o‘qiganlari ichida Alisher Navoiy, Bedil va Mashrabning g‘azallari ham bo‘lar edi. Onam shu g‘azallarni deyarli kuniga yo kunora o‘qirdi. O‘shanda men to‘qqiz-o‘n yoshlarda bo‘lib, onam o‘qigan har bir misrani ilg‘ab, eslab qolishga intilardim. G‘azallarni ichimda takrorlardim.
Shu sababmi, she’riyatga, umuman adabiyotga mehrim tushdi. Yursam ham, o‘tirsam ham qo‘limdan kitob tushmas, Oybek, Hamid Olimjon, Mirtemir she’rlarini yod olardim. Buni o‘qituvchilarim sezishardi. Maktabdagi biron tadbir mening she’r o‘qishimsiz o‘tmasdi. Bir kuni adabiyot muallimim Po‘lat aka Turobov meni chaqirdi-da, biroz o‘ylanib turib: “Shu bugundan boshlab, devoriy gazetaga sen mas’ulsan”, dedi. Gazeta tayyorlashga kirishdim. Dilimda bir istak tinchlik bermasdi: “O‘zim she’r yozsam-u, uni devoriy gazetada chiqarsam”, derdim. Uch kun kuymalanib, “Do‘stimga” degan she’r yozib, devoriy gazetaning ko‘rinarli joyiga qo‘ydim. Lekin ichimda qattiq hadik bor edi: “Muallim urushsa-ya, yirtib tashlasa-ya”, deb o‘ylardim. Biroq o‘qituvchim aksincha, buni ko‘rib xursand bo‘ldi. Yelkamdan quchib, tabrikladi ham. Ko‘p o‘tmay uning rahnamoligida, shoir Nazirjon Barakaevning tahriri bilan “Vatan” degan she’rim tuman gazetasida bosildi.
O‘sha kunlar hech yodimdan chiqmaydi. Meni “Shoir bo‘libsan” deb tabriklamagan sinfdoshlarim qolmagandi. Do‘konga borib, gazetaning she’rim bosilgan sonidan bir yo‘la 10 ta sotib oldim. Menga qolsa hamma gazetani sotib olgim kelardi. She’rim chiqqan kuni deyarli uxlamadim. Yana bir she’r yozib tongni qarshiladim.
Maktabni bitirgach, akam Qishloq xo‘jalik institutiga kirasan deb turib oldi. Men adabiyotchi bo‘laman dedim. Xullas, o‘z aytganimni qilib, SamDUga ikki yil hujjat topshirib kirolmadim. Keyinchalik Toshkentdagi texnikumlardan biriga o‘qishga kirdim. Toshkentdagi uch yillik davr men uchun adabiyot bo‘yicha chinakam saboq yillari bo‘ldi. Bu yerda taniqli shoir Aziz Abdurazzoqning adabiyot to‘garagiga qatnashib, ko‘p narsalar o‘rgandim. Keyinchalik yetuk ijodkorlar bo‘lib yetishgan Hojiakbar Shayxov, Rauf Tolipov, Abdulhay Nosirov, publitsist Habibulla Olimjonovlar shu to‘garakning qatnashchilari edi. Har oyda bir marta Yozuvchilar uyushmasida bo‘ladigan seminarga borar edik. Seminarga Odil Yoqubov mutasaddi bo‘lib, mashg‘ulotlarni G‘afur G‘ulom, Asqad Muxtor, Pirimqul Qodirov, Mirtemir o‘tkazishardi.
Bir voqea esimdan chiqmaydi. Shoir Yusuf Shomansur she’r o‘qidi. She’rda “Arazlagan kelin-kuyovlar karovatni boshqa qo‘yib yotmasin” degan so‘zlar bor edi. Shunda Mirtemir domla Yusuf Shomansurga halimlik bilan: “Ukam, shu joyini tuzating. Kelin-kuyovlar karovatni emas, yostiqni boshqa qo‘yib yotmasin, deb yozing”, dedi. Atoqli shoirlarimizdan Abdulla Oripovning barchaga manzur bo‘lgan she’rlarini, Erkin Vohidovning “Palatkada yozilgan doston”ini ham biz havaskor qalamkashlar shu seminarlarda eshitgan edik.
1989 yilning bahori. Shoir Turob To‘laning yordami bilan Do‘rmonga bordim. Bu yerda birinchi tanishgan kishim Shukur Xolmirzaev bo‘ldi. Bog‘da aylanib yursam, “Jiguli”dan tushdi-da, men tomon yurdi.
– Tanishib qo‘yaylik, ukam! Shoirmisiz, nosirmi?
– Jurnalistman.
Shu kundan ikkovimiz inoqlashib ketdik. Shukur aka ortiqcha mulozamatni xush ko‘rmasdi. Ko‘nglidagi gapni shartta-shartta aytardi. Tanishganimizning ertasi kuni: “Nimalar yozgansiz?”, deb so‘radi. Uning so‘zga talabchanligini bilganim uchun: “Hozircha hech narsa” dedim. Aslida yuz betlik qissam tayyor bo‘lib, Do‘rmonda qayta ko‘z yugurtirmoqchi edim. Shukur aka bilan adabiyot haqidagi suhbatlarimizdan so‘ng uni yirtib tashladim. Keyinchalik uning o‘rnida o‘n to‘rt betlik ixcham asar yuzaga keldi.
Bir kuni kechki payt Shukur aka xonamga kirib keldi. Bir piyoladan choy ichilgach, “Ukam, sizga topshiriq shunday: ikki-uch kun ichida bir hikoya o‘ylang. Men ham o‘ylay. Ikkimiz bir-birimizga aytamiz. Ma’qul bo‘lsa, ma’qul deyman. Noma’qul bo‘lsa... uni ham ko‘ramiz” dedi. Ketaturib qo‘shib qo‘ydi: “Bilib qo‘ying, zinhor "Lenin, partiya" degan so‘zlar bo‘lmasin. Faqat dardingizni yozing. Ha, insoniy dard bo‘lsin!”
Keyin bilsam, Shukur aka “Guliston” jurnalida “Temur tuzuklari” bosilgani uchun ishdan olingan ekan. Lekin ustoz hech kimga bu haqda arzi hol qilmas edi. Hikoya haqida bosh qotira boshladim. Mening dardim o‘zi nima? To‘rt marta oliy o‘quv yurtiga imtihon topshirib, kirolmay, beshinchi safar kirganimmi? Kolxozning paxta ekamiz deb bog‘larimizni yakson qilgani, hilvirab turgan uyimizni ham buzdirgach, qish chillasida boshpana izlab yurganimizmi? Onam betob yotganida, o‘n uch yoshli akam o‘rniga dalaga ishga chiqsa, brigadir: “Sen tirranchaga kunim qoldimi?” deb akamni ot bilan quvlaganimi? Yo‘q. Bular ham emas. Mening birdan-bir armonim va dardim otamning na o‘zini, na suratini ko‘rganim edi. Otam Katta Farg‘ona kanali qurilishidan qaytganining uchinchi kuni olamdan o‘tgan.
Hikoyada men tushimda otam bilan uchrashaman. U qabristondan chiqib kelgan bo‘lib, egnida ilviragan kafan. Otam men bilan xayrlasha turib: “Ketar fursatim yetdi. Ketmasdan ilojim yo‘q. Eh, na chora, hali ham zolimning qo‘lidamiz, o‘g‘lim! Zolimning qo‘lida!” deb faryod chekadi. Shu o‘rinda rus bosqiniga ishora qilingan edi. Hikoyani eshitib, Shukur aka: “Yaxshi narsa topibsiz, ammo biroz qaltisroq ekan. Lekin qo‘rqmang, odamzodning yuzta tomiri bo‘ladi. Bittasi uzilmasayam yashaydi. Yozishga kirishing, menga ko‘rsatasiz” degandi. Ammo uni yozishim qiyin bo‘ldi. Ko‘z oldimdan ustozning sinchkov nigohi ketmas, yomon yozishdan qo‘rqardim. Ammo men uni nihoyasiga yetkazdim. Hikoya respublika gazetalarida chiqdi. Lekin hikoya chop etilish paytida o‘sha “nozik” joy olib tashlanibdi.
Biz Shukur aka bilan o‘shanda yigirma to‘rt kun hamsuhbat bo‘ldik. Ustoz o‘sha kunlar “Obkom sekretarining sevgi sarguzashtlari” romanining qo‘lyozmasi ustida ishlardi. Bu asarning taqdiri nima bo‘ldi, bilolganim yo‘q. Shukur Xolmirzaev bilan uchrashgunimga qadar o‘zimni havaskor qalamkash his etib, ijodiy ishga qattiq kirishmagandim. Biroq ustoz saboqlaridan so‘ng adabiyot haqidagi o‘y va tasavvurlarim butunlay o‘zgardi. Uncha-muncha narsani qalamga olmaydigan, aksincha mutolaaga zo‘r beradigan bo‘ldim.
Shoirlar To‘lqin, Ibrohim Donish va yozuvchi O‘ktam Javlonovning daldasi bilan “Yosh gvardiya” nashriyotiga birinchi kitobim – hikoyalar to‘plamimni topshirdim. Biroq kitob tayyor bo‘lib, bosilay deganda nashriyotning nomi o‘zgarib, vaqtincha “nafas rostlash” bo‘ldi. To‘plam Yozuvchilar uyushmasining tavsiyasi bilan Sirdaryo bosmaxonasida chop etildi. Birinchi kitob qo‘lga tekkach, ham suyunganim, ham mas’uliyat tuyg‘usidanmi, anchagacha hech narsa yozolmay yurdim. Keyinchalik izga tushib, yana ijodiy jarayonga kirishdim.
Men tabiatan hazil-mutoyibaga moyil emasman. Lekin bir voqea bo‘ldi-yu, hajviya yoza boshladim. Shu-shu hajvchilikda ham qalam tebratadigan bo‘ldim. Qishlog‘imizda bir kishi bor. Kimni ko‘rsa tanbeh berib, nasihat qiladi. O‘zini o‘ta diyonatli, dono sanaydi. Bir kuni tunda ishdan qaytayotsam, ikki bosh echkini boqib o‘tiribdi. Echkilar yon qo‘shnisining daraxtini kemiryapti. Shu kechasiyoq “Mirhobid yoki o‘qimishli odam” degan hajviya yozdim. Hajviya nishonga tekkan ekan. Qahramonim “Nega mening ustimdan yozasan?!” deb uyimga bostirib keldi. Ancha paytgacha ikkimiz o‘ngu ters bo‘lib yurdik.
Inson kamoloti, undagi o‘y-fikrlar, ezgu niyatlar va dunyoqarashning shakllanishida, jamiyat taraqqiyotida, badiiy adabiyotning o‘rni nihoyatda yuksak. Boshqa biron sohaning ta’sir kuchi bilan badiiy adabiyotning kuchini tenglashtirib bo‘lmaydi. Adabiyot inson aqligagina emas, uning ruhiyatiga ham singadi. Zotan, badiiy so‘z yurakka muhrlanadi. Toshga bitilgan yozuvday aslo o‘chmaydi. Bu muhrni zamonlarning ibtidosi ham, intihosi ham o‘chirolmaydi. Insonning insonligi ham, boshqa mavjudotlardan ayrichaligi ham so‘z bilan bo‘lgani kabi, adabiyotning boshqa tarbiyalovchi va ta’sir qiluvchi vositalardan farqi uning so‘z san’ati ekanligidir.
So‘zni otib ham, chopib ham bo‘lmaydi. Adabiyot orqali bir yurakka singgan so‘z, ming yurakda sado beradi. Bu so‘zda insonga mehr-shafqat, Vatanga sadoqat barq urib turadi.
Millatning millatligini belgilovchi va asrovchi ham adabiyotdir. Milliy til bo‘lmasa, millat ham bitadi. Faqat yuksak badiiy asarlargina ona tilimizni boyitib, asrab-avaylab avloddan avlodga yetkazadi. Axir nima uchun zulmkor tuzumning birinchi hamlasi Cho‘lponga, Fitratga, Abdulla Qodiriy va Usmon Nosirga qaratildi. Chunki ularning najotkor har bir so‘zi o‘z xalqi uchun malham, mustabid tuzumga otilgan o‘q edi. Shuning uchun davrning ulkan so‘z ustalari ayovsiz mahv etildi.
Adabiyotning jamiyat taraqqiyotidagi yuksak o‘rnini, xalq ma’naviyatidagi muhim ahamiyatini anglagan yetuk adib va shoirlarimiz bugungi kunda ham samarali ijod qilmoqdalar. Istiqlol bergan ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanib, xalqning quvonchi, orzu va tashvishlari bilan hamnafaslikda barkamol asarlar yaratilmoqda. Lekin shu asarlar bilan birga badiiylikdan yiroq, tanlangan janr talablariga javob bermaydigan romanlar, qissalar ham bosilib turibdi. Goho o‘shalarga ko‘z yugurtirib (o‘qishning hojati yo‘q), nahotki shu kitobni so‘z san’atidan xabardor kishi yozgan yoki shu kitobga ijod olamini tushungan kishi muharrirlik qilgan deb, o‘ylanib qolasan kishi.
Bir zarb bilan yozilgan bunday kitoblar koshki bir-ikkita bo‘lsa. Ayrim “hozirjavob” adibu shoirlarimiz bir asarning siyohi qurimay turib, ikkinchisini “yozib” tashlashayapti. Ijodiy sermahsullikka hech kim qarshi emas. Lekin kitob kitobday bo‘lsin-da! Do‘kon peshtaxtasini bezab turgan kitobda badiiylikdan asar ham bo‘lmasa, kitobxonning hafsalasi pir bo‘lmaydimi? Bundan adabiyotning obro‘si to‘kilmaydimi?
Yaqinda bir she’riy to‘plam qo‘limga tushdi. Unga taniqli bir shoir so‘z boshi yozibdi. Bu ham yetmaganday kitobning orqa muqovasiga she’rlar so‘z boshi yozgan shoir tahriri ostida bosilganligi qayd etilgan. To‘plamdagi she’rlarni atayin sabr bilan o‘qidim. Almoyi-jalmoyi gaplar. Axir she’r – san’at, noyob badiiy kashfiyot-ku! Nahotki, shu she’rlarga so‘z boshi yozgan, tahrir qilgan kishi buni o‘ylamagan. Sababi nimada? Manfaatdorlikmi yoki shuhratparastlik? Anglab yetolmadim.
Bu so‘zlarni aytishdan murod shuki, ezgu niyat bilan qo‘lga qalam olgan kishi adabiyotga xiyonat qilmasligi kerak. Chala-chulpa, sayoz yozilgan asarlarni ulug‘lash, ko‘kka ko‘tarish, ular uchun nashriyot eshiklarini ochib berishni adabiyotga xiyonat deb bilmoq joizdir. Qolaversa, har bir nosir yoki shoir Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda “muqaddas qalamni” qo‘lida tutar ekan, adabiyot qo‘yadigan zalvorli yukniyam mardlik bilan yelkasiga ola bilishi shart.
Abdulla Ahmad – 1943 yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Sirdaryo Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini bitirgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. Hozirgi kunda “Jizzax haqiqati” gazetasida adabiy kotib bo‘lib ishlamoqda. Uning “Mergan” (1992), “Oltin daraxt” (1993), “Elin sevgan ming yashar” (1993), “Ma’rifatga baxshida umr” (1998), “Zafarobodning zumrad tonglari” ( 1999), “Yurakdagi ism” ( 2004), “Najot eshigi” (2005), “Dardisar” (2007), “Umid chirog‘i” (2008), “Olislagan soyalar” (2008), “Endi kafil bo‘lmayman” (2010), “Senga intilaman” (2011) singari kitoblari chop etilgan.
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 11-12-sonidan olindi.