O‘tgan asrning 50-yillari oxiri — 60-yillari boshlaridan Alisher Navoiy lirikasining nazariy masalalarini keng tadqiq etishga kirishildi. Bu yo‘nalishda ustod Maqsud Shayxzodaning shoir lirikasining poetik tasvir vositalariga oid turkum tadqiqotlari alohida o‘rin tutadi. Taniqli olim Abduqodir Hayitmetovning shoirning adabiy-tanqidiy qarashlari xususidagi «Navoiy lirikasi» tadqiqoti hozirgi kunga qadar o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Bu kabi tadqiqotlar qatorida Yoqubjon Ishoqovning «Alisher Navoiyning ilk lirikasi» (1965) monografiyasi o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Muallif shoirning ilk she’rlarining (25 yoshgacha bo‘lgan) g‘oyaviy-badiiy darajasini belgilashni asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Olim Navoiyning o‘zigacha bo‘lgan adabiy an’anaga munosabatini shoirning o‘z qaydlari orqali ochib beradi. Masalan, uning mashhur «G‘azalda uch kishi tavridur ul nav’» qit’asida tilga olingan Xusrav Dehlaviy, Hofiz va Jomiyning Navoiy g‘azaliyotiga ko‘rsatgan ta’sirini chiroyli talqinlar orqali isbotlab ko‘rsatgan. «Fors-tojik adabiyoti tarixida Xusrav Dehlaviy o‘z g‘azallarining sodda va nozik lirizmi bilan boshqalardan ajralib tursa, — deb yozadi tadqiqotchi, — Hofiz g‘azallarining isyonkor ruhi va rindona kayfiyati uning rind laqabini olishiga sababchi bo‘lgan. Jomiy ijodi esa, ko‘p xususiyatlariga ega bo‘lgani holda, o‘zining falsafiy chuqurligi va yetukligi bilan fors-tojik adabiyoti tarixida yuksak bosqich hisoblanadi». Binobarin, Alisher Navoiy lirik merosini tadqiq etganda yuqoridagi omillarni hisobga olish lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, ijodkorning an’anaga munosabati doimo bir xil kechmaydi: «Traditsiyaga munosabat, undan foydalanish yozuvchi ijodiy faoliyatining hamma etaplarida bir xilda namoyon bo‘lmaydi. Balki ijodkorning dunyoqarashi rivojlanib, malakasi osha borgani sayin, uning traditsiyaga munosabati o‘zgarib, tobora ijodiy tus ola boshlaydi».
Olim Navoiyning ilk lirikasini tadqiq etar ekan, yosh shoir g‘azallarining salaflari g‘azallaridan ajralib turuvchi jihatiga e’tiborni qaratadi: «Navoiy lirikasining ana shu muhim xususiyatlaridan biri – uning syujetliligidir. Bu xususiyat Navoiy ilk ijodida vujudga kelgan bo‘lib, uning she’rlarini salaflari lirikasidan farq qiladigan va hatto ustun qo‘yadigan fazilatlardan biridir. Bu xil she’rlarning eng muhim xususiyati shundaki, har bir g‘azal yaxlit bir organizm bo‘lib, uning baytlari bir-biri bilan mantiqan bog‘lanadi». Demak, Alisher Navoiy g‘azallari fors adabiyoti g‘azalnavislari she’rlaridan o‘zining syujetliligi (ya’ni baytlarning mantiqiy bog‘lanishi) bilan farqlanar ekan, (bu holatga birinchi bo‘lib M. Shayxzoda diqqatni qaratgandi), bu jihat Sharq g‘azaliyoti tarixida yangi bir bosqichdir.
Navoiyshunoslikda Jomiy va Navoiy haqida so‘z ketganda, Jomiyning Navoiyga ko‘rsatgan ta’siri alohida ta’kidlanadi va bu, umuman olganda, to‘g‘ri. Biroq Yo. Ishoqov adabiy ta’sirning ikkinchi bir jihati — aksta’sir ham adabiyotda mavjudligini konkret g‘azal misolida isbotlab ko‘rsatdi va bu keyinchalik yirik jomiyshunos marhum A. Afsahzod tomonidan e’tirof ham etildi.
Monografiyada Yoqubjon Ishoqovning tadqiqotchi sifatidagi o‘ziga xos fazilatlari, ya’ni keng mushohada-mulohaza, mantiqiy izchillik, har bir adabiy hodisaning ichki aloqadorligini ko‘rsata olish kabi xislatlari xususiyatlari yorqin namoyon bo‘lgan. Eng muhimi, u shoir ilk lirikasining keyingi davr ijodi bilan (ham lirik, ham epik) chambarchas bog‘liqligini ko‘rsata olgan.
Yoqubjon Ishoqov ulug‘ shoir lirik merosini keng miqyosda tadqiq etishdan avval nimalarga ahamiyat bergani diqqatga sazovordir: ”Men Navoiy lirikasining poetik xususiyatlarini o‘rganishga kirishishdan avval mumtoz Sharq she’riyati tamoyillarini puxta o‘zlashtirish kerakligini angladim. Va shu mavzuda ko‘plab ilmiy maqolalar yozdim”.
Bu maqolalar “Klassik adabiyot poetikasidan ma’lumotlar“ rukni ostida “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida nashr etildi. Adabiyot tarixining qonun-qoidalariga oid ushbu maqolalarda olim poetika sohasida o‘zbek adabiyotida Navoiygacha qanday holat hukm surgani va shoir kiritgan yangiliklar nimalardan iborat degan savollarga javob qidirdi.
Keyingi o‘n besh yil ichida bu yo‘nalishda bir qancha kitoblar nashr etildi. Bu adabiy merosimizni teranroq tushunishga, uning mezonlarini belgilash va to‘g‘ri talqin qilishga har jihatdan ko‘maklashadi. Biroq Yo. Ishoqov maqolalarining bu kabi kitoblardan ajralib turuvchi tomonlari, birinchidan, uning asl manbalarga asoslangani, ikkinchidan esa, har bir poetik san’atga tarixiylik printsipiga muvofiq yondashganligi va, eng muhimi, muayyan bir badiiy san’atga manbalarda keltirilgan ayrim tafovutli ta’riflarning sabablarini izohlashidir. Yana bir muhim jihati — olim XIX asrning oxiri — XX asrning boshlarida Yaqin Sharq mamlakatlarida chop etilgan (Turkiya, Eron, Pokiston va Hindiston) badiiy san’atlar va adabiyot tarixiga doir tadqiqotlardan ham unumli foydalanadi. Ulardagi poetik san’atlar xususidagi mulohazalarni qiyoslab, o‘z fikrlarini bildiradi. Masalan, ishtiqoq san’atini “Tarjumon ul-balog‘a”, ”Hadoiq us-sehr” mualliflari tajnisning bir turi deb hisoblaganlar. Olim adabiyotshunos Doiy Javodning ”Ilmi bade’ dar zaboni forsi” (1956) asaridagi ushbu san’at xususidagi fikrlarni ma’qullab, uni izohlab beradi. Shundan so‘ng bu poetik san’at haqida o‘z mulohazalarini bayon etib, quyidagicha xulosalaydi: “Umuman, ishtiqoq oddiy so‘z o‘yini emas, balki u yoki bu so‘zning shakliy o‘zgarishi mazmun taqozosi bilan yuzaga keladi, yangi shaklning hosil bo‘lishi dastlabki ma’no bilan bog‘liq bo‘lgan yangi tushunchani ham paydo qiladi”. Ayni shu holat o‘quvchiga san’atlar haqida batafsil ma’lumot beradi va uni turli xil talqinlar bilan tanishtiradi.
Ustozning bu turkumdagi maqolalari oradan 35 yil o‘tgandan so‘ng to‘planib, ilgari chop etilmagan maqolalari bilan to‘ldirilib, “So‘z san’ati so‘zligi” (2006) nomi ostida nashr etildi.
Olimning “Navoiy poetikasi” tadqiqoti navoiyshunoslikda yangi sahifa ochdi. Monografiyaning “Alisher Navoiy va lirik janrlar poetikasi” bobida lirik janrlarning adabiyotga kirib kelishi, uning keyingi taraqqiyotida Navoiyning xizmatlari jiddiy o‘rganilgan. Muallif nazariy masalalarni yoritar ekan, eng avvalo, shoirning o‘z e’tiroflariga suyanadi. Masalan, olim “Badoe’ ul-bidoya” debochasidagi Navoiyning devon tuzish an’anasiga va g‘azalning mavzular doirasiga nisbatan tanqidiy munosabatini shoirning o‘z qaydlari orqali ochib beradi: “Navoiyning mazkur mulohazalari u lirik janrlarning mohiyati, poetikasi borasidagi mavjud qoida va an’analardan qanoat hosil qilmaganligi, shu sohada kanon darajasiga yetib qolgan traditsiyalarga nisbatan tanqidiy yondashganligidan dalolat qiladi”. O‘rta asrlar sharoitida me’yoriy poetika hukmronligi davrida an’anaga nisbatan tanqidiy munosabat bu ulug‘ shoirning adabiyotga nisbatan (keng ma’noda) o‘ziga xos qarashlarining ifodasi edi. Tadqiqotchi shoir lirikasining “poeziyamiz tarixidagi yuksak mavqeini belgilagan asosiy omillardan biri uning konkret muhit bilan, shoir yashagan davr problemalari bilan bevosita bog‘liqligi hamda ularda ilg‘or ijtimoiy ruhning muayyan darajada aks etganligi”ni g‘azallar tahlili orqali isbotlab ko‘rsatdi.
Yoqubjon Ishoqov Navoiy ijodini faqat o‘zbek adabiyoti doirasidagina emas, balki Sharq adabiyoti kontekstida kuzatadi va baholaydi. Ayni shu jihatlari bilan olimning tadqiqotlari mashhur sharqshunoslar — Ye. Bertels, A. Mirzoev, A. Boldirev asarlarini eslatadi. Bunday yondashuv esa, olimga muhim kontseptual xulosalar chiqarishga imkon bergan: “Navoiy lirikasi Sharq lirikasi tarixida (faqat janrlar yuzasidan olib qaraganda ham) mutlaqo yangi va yuqori bosqich hisoblanadi. Binobarin, O‘rta asr Sharq adabiyoti haqida umumiy hukm chiqargan paytda faqat Hofiz (Gegelning estetikaga doir lektsiyalarini nazarda tutmoqdaman) yoki bir nechta arab yoki fors shoirlari merosiga tayanishning o‘zi yetarli emas. Yo terminning ma’nosini chegaralash (izoh bilan), yo bo‘lmasa turkiy poeziyaning yuqori cho‘qqisigina emas, ayni zamonda Sharq she’riyatining ulkan yutug‘i bo‘lmish Navoiy lirikasini albatta nazarda tutmoq lozim”.
Muallifning ifodada ilmiy akademizmga qat’iy amal qilishi (afsuski, vaqt o‘tgani sayin bunday olimlar safi siyraklashmoqda), faktlarga nisbatan halol va tanqidiy munosabat, keng mushohada, mantiqiy izchillik kabi xislatlar olim ilmiy ishlariga xosdir. Muhtaram ustozning uch yirik monografiyasi (keyingi paytlari “urf” bo‘lgan turli xil maqolalar to‘plamlari emas) va 150ga yaqin ilmiy maqolalari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Yana bir farq qiluvchi muhim jihati, odatda, adabiyotshunoslikda yaqin o‘tmishda yaratilgan tadqiqotlar xususida so‘z ketganda, kuchli mafkuraviy bosim ostida yozilganligi ko‘p bora ta’kidlanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mafkuraviy iskanja adabiyot va adabiyotshunoslikning qo‘lini bog‘lagan. Biroq haqiqiy olim har qanday sharoitda ham ilmiy haqiqatga asoslanib qalam tebratadi. Masalan, Yo. Ishoqovning “Alisher Navoiyning ilk lirikasi” tadqiqotida o‘sha davr mafkurasi asoschilaridan bitta iqtibos olingan va u ham o‘z o‘rnida keltirilgan. Vaholanki, o‘sha yillari chop etilgan ko‘plab kitoblarni bunday iqtiboslar “bezab” turibdi. Ayni shu holat Yo. Ishoqovning ilmiy faoliyatga nisbatan o‘ziga xos matlabi (kredosi) mavjudligidan darak beradi va bu ancha erta shakllangan.
Yoqubjon Ishoqov adabiy merosimizni tavsif yoki targ‘ib etmaydi, balki o‘rinsiz hayajonga berilmay vazmin tahlil va talqin etadi. O‘zbek adabiyotshunosligining yetakchi sohasi bo‘lmish navoiyshunoslik bo‘yicha tadqiqotlar miqdori mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng yanada ortdi. Yaqin o‘tmishda kamroq e’tibor berilgan mavzular bo‘yicha (asosan diniy-tasavvufiy) bir necha kitoblar ham nashr etilgan. Umuman olganda, har yili fevral oyi yaqinlashgani sari shoir ijodiga oid maqolalarning soni ko‘payadi. Bu maqolalarning aksariyati shoir g‘azallari tahliliga bag‘ishlanadi. Biz bu xildagi maqolalarning ma’rifiy ahamiyatini to‘liq e’tirof qilgan holda, nazariy masalalarga e’tibor sustligini qayd etamiz. Nazarimizda, hozirgi kun navoiyshunosligida ilmiy muammoni mantiqiy asoslash oqsamoqda. Birgina misol. Yo. Ishoqovning hajman kichikroq “Navoiy va taqdir muammosi” (2001) maqolasi ilk o‘rta asrlardan beri musulmon olamida munozarayu-mubohasalarga sabab bo‘lgan jabar (taqdiri azal) va qadar (iroda erkinligi) muammosining shoir ijodida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan. Olim bu masalada faylasuflardan farqli o‘laroq, “ijodkor mutafakkirlar (Hofiz, Sa’diy, Rumiy, Xayyom, Navoiy)ning mazkur masalalar borasidagi qarashlari, ularning badiiy asarlari tarkibida, ba’zan nozik imo-ishoralar tarzida ifodalangan”, deb to‘g‘ri ta’kidlaydi. Bunday holatda tadqiqotchidan matnga yondashuvda ehtiyotkorlik talab qilinadi. Chunki badiiy obraz bag‘riga yashiringan fikrni sinchkovlik bilan ochib berish lozim bo‘ladi. Yoqubjon Ishoqov “Hayrat ul-abror”ning “Imon sharhida” nomli birinchi maqolati va “Farhod va Shirin”dagi uchinchi munojot tahlili orqali shoirning ushbu muammoga o‘ziga xos yondashuvini ko‘rsatib beradi. Maqola bu murakkab muammoga nisbatan muqaddima xarakterida bo‘lishiga qaramay, masalaning to‘g‘ri qo‘yilishi va mantiqiy asoslanishi jihatidan navoiyshunoslikda yangilikdir. Agar biz ushbu muammoga oid ilmiy risolalarning, asosan, arab, qisman fors tilida bitilganligini nazarda tutsak, shoir mulohazalarining qimmati yanada ortadi.
Muhtaram ustozning “Xamsa” poetikasining ba’zi masalalari” yoki “Xamsa” poetikasiga doir” maqolalari bu keng miqyosli asarning eng kam diqqat qaratilgan tomonlariga bag‘ishlangan. Odatda, adabiyotshunoslikda psixologik tahlilning “insonning qalb dialektikasi” tasvirini realizm adabiyoti namunalarida ko‘radilar. Vaholanki, “Xamsa” dostonlari tarkibida psixologik tahlilning ichki monolog, adabiy tush, psixologik portret, “hol tili birla maqol aylamoq”, “o‘zgacha hol” kabi bir necha turlari uchraydi. Olim “Xamsa”da badiiy psixologizm tiplari” maqolasida psixologik tahlilning yuqoridagi turlarini keng sharhlab, shoirning qahramon ruhiy holati tasvirida undan qanday mahorat bilan foydalanganligini ko‘rsatib beradi. Tadqiqotchi “Xamsa” poetikasining yana bir muhim jihati — sababiyat (determinizm) xususida shunday yozadi: “Xamsa”da mantiqan asoslanmagan birorta voqea yoxud detalni topa olmaysiz. Har bir epizod yoki voqea konkret bir sababning oqibati sifatida yuzaga chiqadi va mantiqiy zamin o‘quvchida zarracha shubha tug‘dirmaydi”. Muhtaram olimning yuqorida tilga olingan tadqiqot va ilmiy maqolalari uning navoiyshunoslik faniga qo‘shgan ulushidan dalolat beradi. Bugina emas, olim kun tartibiga qo‘ygan bir qancha ilmiy problemalar Sharq adabiyoti tarixining e’tibordan chetda qolgan jihatlarini o‘rganishda, Alisher Navoiy ijodiyotining Sharq adabiyoti tarixidagi maqomini belgilashda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
XX asr navoiyshunoslik fani tarixga aylanib bo‘ldi. XXI asr navoiyshunosligi qanday rivojlanadi degan muammo hozirgi vaqtda kun tartibida dolzarb bo‘lib turibdi. O‘tgan asr so‘ngida ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar ijtimoiy fanlar oldiga yangi vazifalar qo‘ydi. Bugungi kunda mamlakatimiz barcha jabhalarda dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Bu qonuniy jarayondan ijtimoiy fanlar, xususan, adabiyotshunoslik fani ham istisno emas. Biz bugun ilmiy-tadqiqotlarimizni chetga chiqarish xususida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz lozim bo‘ladi. Buning uchun, eng avvalo, ilmiy-tadqiqotlarimiz nazariy saviyasini ko‘tarish va adabiy merosimizni o‘rganish metodologiyasini belgilab olishimiz kerakka o‘xshaydi.
Mulohazalarimiz Alisher Navoiy ijodiyoti xususida borar ekan, Yoqubjon Ishoqovning bundan yigirma yilcha muqaddam aytgan fikrlariga diqqatni qaratamiz: “Agar shoir asarlariga, badiiyatiga Sharq poetikasi talablari asosida yondashish shoir novatorligini baholashga yordam bersa, uni yangi davr estetikasi nuqtai nazaridan o‘rganish Navoiyning umumjahon estetikasi tarixida tutgan mavqeini belgilashga imkoniyat yaratishi mumkin. Bunday xayrli ishni amalga oshirish butun xalqimizning obro‘-e’tiborini dunyo miqyosida ko‘tarish bilan barobardir”. Demak, buyuk shoir ijodining “umumjahon estetikasi tarixida tutgan mavqeini belgilash”ni asosiy vazifalardan biri sifatida qaraydigan bo‘lsak, bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish zarurligi oydinlashadi.
Atoqli adabiyotshunos olim Yoqubjon Ishoqov XX asr o‘zbek adabiyotshunoslik ilmini, xususan, uning navoiyshunoslik yo‘nalishini rivojlantirish va yaratishda unutilmas ishlar qildi. Binobarin, bu olimning, boshqa yirik navoiyshunos olimlarimizning ilmiy-ijodiy faoliyatini xolis va atroflicha ilmiy o‘rganish adabiyotshunosligimizning bugungi kundagi dolzarb vazifalardandir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 20-sonidan olindi.