OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anbara Otamurodova, Ollonazar Abdurahimov. Imon nurlariga yo‘g‘rilgan ijod (2009)

Ogahiy ezgu urf-odatlar, asriy qadriyatlarning inson shaxsi, kamoloti, taqdiridagi o‘rnini, ro‘za va ramazon xislatlarini teran bilgan va asarlarida ta’sirchan aks ettirgan. Shoirning e’tiqodi, islomiy ilmi, tasavvuf falsafasiga munosabatiga sho‘rolar davrida noto‘g‘ri baho berilgan edi.

Aslida shoir o‘z g‘azallarida ayshga berilgan din peshvolarini, inson ongini zulmatga yetaklovchi zohidlarni, zolim amaldorlarni tanqid qilgan. Xudosizlikni targ‘ib etuvchi kommunistik mafkura bilan qurollangan sho‘ro mafkurasi ta’siridagi adabiyotshunoslik Ogahiy ijodidagi bu muhim yo‘nalishlarga noto‘g‘ri yondoshgan edi. Uni diniy urf-odatlarga, ro‘zaga qarshi g‘azallar bitgan deb, ateist shoir sifatida talqin etishlariga oz qolgandi. Zero, har bir ijodkor ijodini uning e’tiqodi, yashab ijod qilgan muhiti, shaxsiyati va turmush tarzidan kelib chiqib baholash zarur.

Ogahiy umri davomida namozni, ro‘za tutishni, og‘ir kasalligiga qaramay kanda qilmagan. Qur’oni karim ilmlarini yuragiga jo etgan allomaning Ollohga muhabbati, diniy-didaktik tafakkuri nihoyatda yorqin bo‘lgan.

Ma’lumki, Ogahiy 1845 yili otdan yiqilib, oyog‘i sinadi. O‘shanda u 36 yoshda edi. Tez sog‘ayib ketishni qanchalik orzu qilmasin, shoir umrbod mayib bo‘lib qoladi. Bir g‘azalida u bu haqida:

Ikki oy erdi agarchi bu kasalning muddati,
Lek ikki yil dard chekkandin yamon etdi kasal —

deb yozadi.

Bu kabi g‘azallaridan ayon bo‘ladiki Ogahiy hazratlari Qiyot qishlog‘idagi hovlisida sevgan yorisiz, farzandsiz, buning ustiga oyog‘i lang holda yolg‘iz qolgan. To‘g‘ri, uning amakivachchalari ko‘p bo‘lgan, ular yonma-yon hovlida yashaganlar. Baribir yolg‘izlik azobi ustun kelgan. Ya’ni alloma inson ruhini ko‘tarib, unga yanada qudrat bag‘ishlovchi iftorliklarni, sahar chog‘laridagi mas’um iltijoli saharlik tamaddilarini, dilkusho hayit onlarini yakka-yolg‘iz, sevgan ayolisiz o‘tkazgan — ro‘zai ramazonning nurli shodliklaridan to‘yib rohatlanmagan. Bu holat Ogahiy sog‘ligini yana og‘irlashtirgan, shu bois, u ro‘zadan emas, o‘z sog‘lig‘idan, taqdiridan noligan. Biroq Ogahiyning irodasi, e’tiqodi shu qadar kuchli bo‘lganki, og‘ir xastalik, zamonning g‘urbati, qahraton qish sovug‘i, yolg‘izlik va yupun turmush uni imon nurlariga yo‘g‘rilgan qadimiy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizdan mutlaqo uzoqlashtira olmagan.

Ogahiyning farzandi bo‘lmaganini ham uning asarlaridan bilib olamiz. Iqtidorli ogahiyshunos Nafas Shodmonov «Shohidul-iqbol» — adabiy manba» nomli monografiyasida Ogahiyning ardoqli shogirdi haqida yozgan marsiyasidan quyidagi parchani keltirgan:

Mango dog‘i shogirdi dilband edi,
Na shogird, xushxulq farzand edi...
Biluntirmas edi o‘g‘ulsizliqim
O‘g‘ulsizlig‘ ichra ko‘ngilsizliqim.

Yolg‘izligi, farzandsizligi va xastaligi bois saroy tabiblarining ro‘za tutishini man etishlariga qaramay, ro‘zani kanda qilmagan shoir saharliklar chog‘ida yaratgandan el-yurt saodatini so‘rab qilinadigan munojotlarni hamma narsadan ustun qo‘ygan. Muharram oyining ilhombaxsh soniyalari bo‘lmish Ramazon aytishni esa, qasida darajasiga ko‘targan. Faqat kasalligi tufayli, ramazon oyining gashtini, malohatini sura olmayotganidan faryod chekkan:

Ro‘za aylab mani base diltang
Boshim og‘ir, ayog‘im etdi lang —

deb yozar ekan, ro‘zadan emas, balki xastalik va keksayib kuchdan qolganidan noliydi: «Ogahiy, bilma ro‘zadin yolg‘iz, qarilik ham sani qilibdur tang».

Ro‘zavu day shiddati har soridin aylab hujum
Qildilar toroju g‘orat yo‘qu borimni mening —

deb yozadi yana bir g‘azalida shoir. G‘azaldan ro‘zaning qish faslida kelganini (day — qattiq qish degani) bilib olamiz. Ogahiy devonidagi g‘azallarning aksariyatida turmushning og‘ir va tahlikali ekanligi, ayniqsa, qahraton qish xalq boshiga kulfatlar olib kelgani aytiladi. O‘sha zamonda Xorazmda qish fasli o‘lim bilan olishish, hayot-mamot jangi darajasida bo‘lgan. Chunki o‘tin, ko‘mir muammosi, faqat qum barxanlaridan oshib saksovul kavlash, undan pista ko‘mir tayyorlashdek xatarli, mashaqqatli mehnat bilan bog‘liq edi.

Shu bois, shoir ro‘zadan emas, uning ilohiy maftunkor soniyalaridan bebahra qilayotgan day — qora qishdan nafratlanadi.

Darhaqiqat, ustozining butun hayoti va ijodidan ogoh bo‘lgan Bayoniy Ogahiyning ro‘za haqidagi g‘azallarini o‘qiganki, «tab’i saqim emasdur», ya’ni tabiati, e’tiqodi, iqtidori zaif emas, deydi:

Ro‘za qilmishdur mani diltang debtur Ogahiy,
Bu anga nafratdin ermas, tab’i ermasdur saqim.

Ogahiyga so‘zning ulug‘ martabasi, zarqalam sharofati nasib etgani bois, u o‘zbek xalqining qadimiy ramazon aytimlarini sevib o‘rgangan, ramazon qo‘shiqlari asosida «Ramazon qasidasi»ni yozgan. Bu haqda taniqli tarixshunos olim M.Yo‘ldoshov «Xiva xonligidan feodal yer egaligi va davlat tuzilishi» kitobida shoir Ogahiy haqida adabiyotshunoslikka noma’lum ma’lumotlar haqida yozadi. Masalan, Xiva xonlari arxivi 34-daftarining 66-varog‘ida: «1273 (1856 — 1857) yil ramazon oyida Muhammad Rizo mirob Ogahiy saroyga ramazon qasidasi bilan kelganida Ya’qubxo‘ja xazinadan unga 30 tillo olib bergan», degan ma’lumotlarni o‘qiymiz.

Ogahiy ikkinchi bor ramazon qasidasi bilan saroyga 1866 — 1867 yillarda keladi. Demak, shoir bu galgi ramazon qasidasini o‘zining sevimli shogirdi, shoh va shoir Feruz taxtga o‘tirgandan keyin kelgan dastlabki ramazon oyida yozgan bo‘lishi mumkin.

Gap shundaki, qadim Xorazmda ramazon aytish bir oy davom etgan. Atoqli san’atkor Tamaraxonim Xorazmda 1932 — 1935 yillarda ishladi. Suhbatlarda u ramazon oyida bo‘lib o‘tadigan turli qavmlarning ramazon aytish san’ati o‘zini hayratga solganini gapirib bergan edi. Darvoqe, xalq aytimlarida shunday satrlar bor:

Bu uyni olo’g‘oylar, bulag‘oylar,
Bu uyni oltin bilan suvag‘oylar.
Yo ramazon, omin...

Lug‘atlarda «olo’» — nozu ne’matlar, «bulag‘o» — so‘z ustalari, mohir notiqlar, degan ma’nolarni bildiradi. Demak, ramazon qo‘shiqlarini aytuvchilar har bir xonadonda nozu ne’matli dasturxonlar, ma’naviy go‘zal fikrlovchi insonlarning ko‘p bo‘lishini tilaganlar. Har bir o‘zbek xonadonining bo‘sag‘asi oltindan, turmushi tinch bo‘lishi istaganlar.

Xalq ijodiyotidan ilhomlangan Ogahiy o‘zining ramazon qasidalarida yurtni boshqarayotgan amaldorlarga, har bir insonga ma’naviy boylik, mo‘‘tabar fazilatlar tilagan. Afsuski, shoirning shaxsiyatiga doir bu ma’lumotlar hali o‘rganilmagan, istiqlol zamonining yangi avlod tadqiqotchilarini kutayotir. Ishonamizki, yosh ogahiyshunoslar shoir shaxsiyati va ijodining adabiyotshunoslikka hali noma’lum bo‘lgan juda ko‘p qirralarini kashf etadilar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 43-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.