OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anbara Otamurodova, Ollonazar Abdurahimov. Maqomlarda o‘tmish nidosi (2010)

Ajdodlarimiz musiqiy tafakkurga ega bo‘lish komil inson bo‘lib yetishishda, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishda yetakchi vositalardandir, deb saboq berganlar. Shu bois, alloma bobolarimiz asrlar nidosini o‘zida mujassam etgan maqomlar sirini sidqidildan o‘rganganlar. Ular sozlar, ohanglar dunyosini bilish uchun xonadonlarida dutor, tanbur, g‘ijjak, samtur, doira, nay, qo‘shnay, surnay kabi o‘nlab cholg‘u asboblarini ardoqlab saqlaganlar, ulardagi kuy izmini, parda jilvalarini, usul ruknlarini o‘rganib, maqomot ilmiga kalit topganlar. Sozlardagi inson ruhi tarannumini tanbur chiziqlariga muhrlaganlar, musiqiy bayozlar bitganlar.

So‘z va matn, soz va ohang qatlaridagi asrlar nidosiga quloq tutib, kelajak avlodga maqomot ilmini meros etib qoldirganlar. Shu ma’noda Muhammad Yusufbek Bayoniy yozib qoldirgan adabiy, tarixiy, musiqiy merosning har bir satri ko‘zlarga to‘tiyodir. Bayoniy shoir, tarixnavis alloma, zarqalamli xattot, bir necha tillarni mukammal bilgan tarjimon, sozanda va maqomshunos olimdir.

Adib Laffasiy “Xiva shoir va adabiyotchilarining tarjimai hollari” asarida yozishicha, Bayoniy shaxmat o‘yinida mahorat ko‘rsatib, saroy ahlini mot qilar ekan. U xattotlik ilmini puxta egallagan, xushnavislikning xati kufiy, suls, shikasta, rayhoniy, xati hindiy turlarini mukammal egallab, shogirdlariga ham o‘rgatgan. O‘z asarlarida Mavlono Darvesh Ahmadning uch jildli “Sahoiful-axbor”, Binoiyning “Shayboniynoma” hamda Tabariyning “Tarixi Tabariy” kitoblarini o‘zbek tiliga tarjima qilganini yozadi.

Bayoniyning zamondoshi, shoir va xattot Bobojon Tarrox Xodim (1878 — 1971) undan qirq yoshlarcha kichik bo‘lib, xon saroyida birga ishlagan. U ustozining adabiyotdagi o‘rni, shogirdlariga mehribonligi, olijanob fazilatlari haqida ehtirom bilan yozadi.

Bobojon Tarrox Xodim “Xorazm navozandalari” kitobida: “...Muhammad Yusufbekning ilmiy darajasi nihoyatda yuksak edi. Maktab, madrasa ta’limotidan tashqari, Xorazm olimlaridan ham o‘rgandi. Ko‘p kitoblarni tarjima qildi. Shoirlikda birinchi o‘rinda turadi. Tabiblikdan, soz ilmidan ham olim edi. Xorazm olti yarim maqomini to‘liq bilardi. O‘ta saxiy inson bo‘lib, uyida barcha cholg‘u sozlaridan ikki-uchta nusxa saqlardi. Uning hovlisida soz bo‘lmagan kechaning o‘zi yo‘q edi”, deb xotirlaydi. Shoir Laffasiy ham Bayoniy to‘g‘risida “... tanbur, g‘ijjakka muoribatlig‘ usta bo‘ladir”, deb yozadi.

Darvoqe, Bayoniy Xorazm olti yarim maqomini nota chiziqlariga ko‘chirib, kitob holiga keltirgan san’atkordir. Bu sohada u Komil Xorazmiy, Muhammad Rasul Mirzo, Xudoybergan Muhrkan, Muhammad Yoqub Xarrot, Niyoziylar bilan ijodiy hamkorlikda ishlab, kelajak avlodga maqom durdonalarini o‘z dastxati bilan yozib qoldirgan.

Bayoniyning Yangiariq tumanidagi Sharavot qishlog‘ida istiqomat qilayotgan nevarasi qo‘lida saqlanayotgan bu “Tanbur chizig‘i” kitobining topilish tarixi, uni hozirgi notaga o‘tkazish jarayoni haqida Komil Avazning “Olis ohanglar” kitobidan o‘qib bildik.

Bayoniy qadrdon do‘sti Muhammad Rasul mirzaboshi haqida chuqur hurmat va ehtirom bilan yozgan. Mirzo taxallusi bilan g‘azallar bitgan bu shoir g‘azaliyot va maqomot ilmining bobokaloni Komil Xorazmiyning o‘g‘lidir. Bayoniyning yozishicha, Mirzo “Tanbur chizig‘i” kitobini 1300-hijriy (1883-milodiy) yilda yozib tugatgan. Bu kitobning uzoq saqlanishini istab, 1338-hijriy (1920-milodiy) yilda Bayoniy undan nusxa ko‘chirgan.

Qadim navolarni sozlarga ko‘chirgan, maqomot ilmiga asos solgan Komil Xorazmiy va Muhammad Rasul Mirzo haqida Bobojon Tarrox Xodim “Xorazm navozandalari” kitobida yozishicha, “... Komil Xorazmiy xonliq vazifasi bilan Rossiyaga borg‘on vaqtda rus bastakorlari bilan uchrashadi. Ulardan nota ilmini o‘rganib qaytadi. O‘n ikki maqomni olti maqomga tarkib berib yozadi. Muhammad Rasul Mirzoboshi otasi yozgan bu kitobni qaytadan ko‘rib chiqib, olti maqom notasig‘a yarim maqom nota qo‘shib yozadi. Bu ishda o‘ziga yordamchi qilib Xudoybergan Muhrkan devon, Muhammad Yoqub Xarrot devonlarni oladi. Muhammad Rasul Mirzaboshi o‘zidan “Musabbak”, degan bir maqom kuyini ijod qiladi.

Bayoniy Xorazm olti yarim maqomining paydo bo‘lishi jarayonlarida fidoyilik ko‘rsatib, uni bugungi avlodlarga to‘liq yetib borishini ta’minlash maqsadida do‘stlarining “Tanbur chizig‘i” kitobini o‘z dastxati bilan ko‘chirgan edi.

Qiyot qishlog‘ida akasi — mashhur tabib Yaxshimurodbek bilan bir hovlida yashagan Bayoniy saroyda ishlari qo‘pligidan Patrak, degan joyga ko‘chib keladi. Patrak Nurillaboy saroyining teparog‘ida joylashgan mavze bo‘lib, Ko‘hna Arkka yaqin edi. U juda kambag‘al yashar, she’riyatni, ilmiyot va maqomotni hamma narsadan ustun qo‘yardi. Xorazm shohlari tarixini yozib, o‘zidan yodgor qoldirishga kirishganida u yetmish ikki yoshlarga borib qolgan edi. Bayoniy bu davrdagi o‘z holatini tasvirlab “Shajarai Xorazmshohiy” asarida: “... Faqir agarchi iltifoti shohonadin xursand bo‘ldim, ammo, bebizoatligim (kambag‘alligim) sababidin andishamand erdikim, bu qillati istitoat (kuch-quvvat ozligi) bila mundog‘ ulug‘ xizmatga oyo ne nav’ ilik ura olurman...”, deya Ollohga iltijo etadi.

Bayoniy badiiy yuksak she’rlar bitgan faylasuf shoirdir. U aruz vazni san’atini, barcha bahrlari, qofiya ilmini mukammal egalladi. Sharq mumtoz adabiyoti namoyandalari Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Munis va Ogahiy g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Aruzning deyarli barcha janrlarida: g‘azal, muxammas, musaddas, qasida, musabba, tarjiband, masnaviy, ruboiy, bahritavil, tarix kabi turlarida ijod etdiki, bu alohida ilmiy tahlillarga munosib meros. Uning g‘azallarida yuksak ma’naviyat sohibi, hayot oshig‘i, sevgiga sodiq inson obrazi yaqqol ko‘rinib turadi.

Shoir yoshlarga qarata yozgan she’rlarida baxt va iqbol bahodirlikda, aql va ilm nurida, deb vasiyat qildi. Umri davomida zarqalam xattotlar, nafosatli g‘azallar bitgan shoirlar avlodini tarbiyalashga harakat qildi. Ular Tabibiy (1869 — 1911), Avaz (1884 — 1919), Chokar (1889 — 1952), Komiljon Devoniy (1887 — 1938), Partav (1905 — 1956) singari shoirlardir.

Endi Bayoniyning surati haqida ikki og‘iz so‘z. 1960 — 1965 yillarda shoir va xattot Bobojon Tarrox Xodim o‘zining “Xorazm navozandalari” xotira kitobini yozishga hozirlik ko‘rardi. U o‘zi yashab ijod etgan adabiy muhitdagi 31 nafar shoir haqida material to‘playdi. Xiva tarixiy muzeyi xodimlari va keksa fotosuratchilar yordamida Bayoniy va boshqa ijodkorlarning suratlarini topadi. Bayoniyning ushbu fotosurati birinchi bor e’lon qilinayotir.

Bayoniy 1923 yilning yanvarida 83 yoshida Xivada olamdan o‘tgan. Butun umri davomida o‘z xalqini ozod, baxtiyor ko‘rishni orzu etib yashadi. Ana shu ezgu niyat yo‘lida kurashdi va ijod qildi. Bugungi kunda mustaqillik quyoshi boshimiz uzra nur sochib turibdi. Istiqlol sharofati bilan milliy qadriyatlarini tiklab, ajdodlarimiz boqiy merosidan bahramand bo‘layotgan xalqimiz asrlarning mumtoz sadolariga yangi hayot bag‘ishlayotir.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 18-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.