Shoir va jurnalist Azim Suyunning ajoyib tashkilotchilik qobiliyati, haqiqatning yuziga tik boqishi, ayniqsa tabiat go‘zalliklari oshuftasi ekanligi haqida ko‘p eshitgan edim. Ammo yaqindan tanishuvimiz 1999 yilning bahorida bo‘ldi. So‘lim Bo‘stonliq tumanidagi ulkan tog‘lar bag‘rida tabiatga nisbatan sodir etilgan bir shafqatsizlik haqida ochiq-oydin yozib, matbuotda yoritolmay, sarson edim.
Azim Suyun “O‘zbekiston ovozi”ga bosh muharrir bo‘libdi, uchrashib ko‘rayin-chi, degan xayol bilan qabulxonaga kirib bordim. Azimjon ochiq chehra bilan kutib olib, dardimni tinglagach, muovini Salim Ashurga ro‘para qildi:
- Bu tog‘lik yigit tabiatning haqiqiy jonkuyarlaridan, maqolasini ko‘rib chiqib, imkon qadar yaqin kunlarga rejalashtiringlar!
Salimjon ham paysalga solmay, maqolani deyarli o‘zgarishsiz 1999 yil 6 aprel sonida chop ettirdi. Tabiat kushandalariga ko‘pdan beri bunaqa zarba berilmagan ekan, shekilli, pastdan tepagacha zir yugurib qoldilar. Tirnoq ostidan kir qidiruvchilar ham topila qoldi. Bu holatdan tashvishlanib, yana Azim Suyunga uchrashdim.
- Dalillaringiz yetarli, guvohlaringiz tirik. Haqiqatni yozgansiz, hammamiz sizni himoya qilamiz, - dedi Azimjon qat’iy. – Tekshiruvchilar bilan birga yuring-da, bor gapni yana o‘rganib keling, kerak bo‘lsa bu mavzuga yana qaytamiz!..
Xuddi shunday bo‘ldi: komissiya bilan birga Pskom bag‘ridagi Urungach tog‘lariga borib, ro‘y bergan voqealarni yana bir bor isbotlab keldik. Natijada “O‘zbekiston ovozi”ning 1999 yil 1 iyun sonida “Mehmon ovchilar” sarlavhali yana bir tanqidiy maqola chiqdi. Azimjonning dadilligi tufayli haqiqat uchun bo‘lgan “kurash”da biz haq bo‘lib chiqdik. Shundan keyin ham Bo‘stonliq tabiatini asrash mavzusida qator chiqishlar bo‘ldi. Ularda ham, albatta, o‘ziga yarasha muammolar ko‘tarilgan edi.
– Shu joylarni borib, tog‘u toshlarni kezib, bor haqiqatni men ham o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam devdim, – taklif kiritib qoldi bir kun Azimjon.
– Siz o‘ylaganchalik oson emas, yo‘llar juda xatarli, – ehtiyotkorlik qildim men.
– Bu yog‘idan tashvishlanmang, tog‘u toshlar farzandimiz, baquvvat texnika topilsa, bas.
Shunday qilib, O‘gam-Chotqol Davlat tabiat milliy bog‘i nozirlari boshlig‘i Abdurahmon G‘oyibov, Azim Suyun va men Chotqolning eng baland cho‘qqilari bo‘lmish “Qorong‘i to‘qay” sari jo‘nadik. Tikka o‘ru qirlardan iborat yo‘llar, tezkor soylar dahshatli ko‘rinar edi. Ammo Azimjon bu og‘ir safarning boshidan oxirigacha sirayam pinagini buzmadi. Xullas u: “biz ham tog‘liklarmiz” deb bejiz aytmagan ekan.
Tog‘dan tushib, G‘azalkent shahriga yaqinlashar ekanmiz:
– Anovi tog‘lar etagidagi bizning qishloqqayam kirib o‘tmaysizmi, – taklif qildim men.
– Axir bu makonda Sirojiddin Sidqiy Xondayliqiy hazratlari tug‘ilib o‘sgan-ku! Ul zot qishlog‘ini albatta ziyorat qilish kerak!
Shunday qilib, qishlog‘imizning eng diqqatga sazovor joylari: Sidqiy hazratlari tug‘ilib o‘sgan yong‘oqzorli hovli-joy, azim chinorlar, qadimiy ajdodlarimiz yashagan Qo‘rg‘ontepa va undagi yer osti najot yo‘lagi, yetti avliyo o‘tgan manzillarni birma-bir ziyorat qilgach, shoir bizning xonadon mehmoni bo‘ldi. Bir ozlik hordiqdan so‘ng oraliqdagi soy bo‘yiga o‘tdik. Jo‘rg‘adan shovullab oqayotgan suvga yuz-qo‘llarini chayib olgan Azimjon birdan jiddiylashdi:
– Hozirgina ichgan choyimiz mana shu suvdanmi?!
– Ha, albatta. Bu jilg‘a tog‘ buloqlaridan oqib keladi...
– Ko‘rdim buloqlaringizning ahvolini! – mehmonning avzoyi butunlay o‘zgara boshladi. –Ichaverib, o‘rganib ketgansizlar-da, hayvonlar go‘ngi, yana allanima balolarning suvdagi mazasini sezmaysizlar ham. Siz qishloq oqsoqolisiz, tog‘dagi shu buloqlarni quvurlarga “qamab”, qishloqqa ichimlik suvi keltirish choralarini ko‘rsangiz bo‘lmaydimi?
– Ancha yildan beri shuning harakatidamiz, ammo sharoitni ko‘rdingiz: changalzorlar, qoyatoshlaru tik qiyaliklarni yorib, besh-olti chaqirimga ariq kavlash kerak. Buning ustiga bir-ikki emas, bir necha tashkilotu va yana qandaydir rahbarlarning roziligini ham olish kerakmish...
Azimjon ikki tizzasiga kaftlarini sharaqlatib urgancha o‘rnidan qo‘zg‘aldi:
– Ana shunaqa mashmashalarni hal etish uchun oqsoqollik kursisida o‘tiribsiz-da! Qishloq ahlini hasharga boshlang. Xondayliqda qancha xonadon bor?
– Bir yarim mingga yaqin...
– Har bir oiladan bittadan zabardast yigit yoki ishga yaroqlilar chiqqan taqdirda ham bir yarim ming odam! Bu hazilakam kuchmi? Ularga bosh bo‘lib qishloqqa zilol suv olib kelsangiz, qurgan guzaringiz, ta’mirlagan yo‘l-ko‘priklaringiz birgina bu savob oldida o‘taversin! Suv keltirishga to‘g‘anoq bo‘layotgan tashkilot va rahbarlar bilan gaplashishni menga qo‘yib bering!
O‘ylab qarasam, umrida ilk bora qishlog‘imizga tashrif buyurgan begona bir inson shunchalar kuyib-pishyaptiyu, men bo‘lsam...
– Rostdan ham bu ishga bosh qo‘shasizmi?
– Voy oqsoqol-ey, bu ishdan bo‘yin tovlab bo‘larkanmi? Eshigimiz siz kabilar uchun hamisha ochiq!.. Xullas, keyingi gal suv jo‘mragidan oqayotgan zilol buloq suvidan choy ichamiz, degan umiddaman.
– Nasib qilsa, albatta shunday bo‘ladi!..
Bu kelishuvdan so‘ng uch yil davomida faollar bilan qishin-yozin tinim bilmadik. Yuzlab hasharlar uyushtirdik. Bu ishlarda Azimjon ham chetda turmadi. Qachon borsam bosh muharrir meni xush kayfiyatda kutib olar, kerakli tashkilot rahbarlariga kuyunchaklik bilan qo‘ng‘iroqlar qilardi. Go‘yo o‘z uyiga suv olib kelayotganday...
Qishlog‘imiz ahli qoyatoshlar ostidan otilib chiquvchi shifobaxsh va zilol buloqlar suvidan ichayotganiga ikki yildan oshdi. Jo‘mraklarimizdan suv oqa boshlagan dastlabki kunlardayoq qishlog‘imiz uchun aziz va qadrdon bo‘lib qolgan shoirni ko‘p bor zilol buloqlar suvidan choy ichishga taklif qildik. Bizlarning-ku, ishimiz bitdi. Lekin Azimjon mehmondorchilik uchun vaqt topa olmay yuribdi.
«Toshkent haqiqati» gazetasi,
2008 yil 27 fevral soni.