Bu yilgi qish ancha og‘ir keldi.Xalqimizda bir gap bor: «Yaxshi kelsa, hut, yomon kelsa, yut...» Noyabr oyidayoq qalin qor bosib, chorva mollari og‘ilga kirdi. Xayriyat, 2007 yil boshidagi qish unchalik cho‘zilmayapti. Fevral oyida mayda jonivorlar u yoqda tursin, yirik shoxli chorva mollarini ham dalaga haydash boshlandi. Chunki chorva yemishlarining tagi ko‘rinib qolgan, “yomon kelsa, yut” degan ko‘ngilsizlik eshik qoqib turardi. Odamlar yil bo‘yi yelib-yugurib sorva ozuqasi jamg‘aradilar-u, qishni jon hovuchlab o‘tkazishadi. Nega shunday?..
Men yashaydigan Xondayliq qishlog‘i Vatanimizning eng qadimiy go‘shalaridan biri. Bu dargoh Bo‘stonliq tumanining Oqtosh hududidagi quyoshli ko‘rkam maydonda joylashgan. Atrofini Yo‘lbarsungar, Soz, Qoraqoya kabi go‘zal tog‘lar qurshab olgan. Darvoqe, ushbu tog‘lar o‘tmishda go‘zal edi. O‘nlab turdagi mayda yovvoyi jonivorlardan tashqari qalin changalzorlarda hatto yo‘lbarslar yashagan. Sho‘robsoy qoshidagi qator keragaqoyalardan sochilib tushuvchi sharsharalar hosil qilgan ungur va g‘orlar tarafdan mudom yo‘lbarslar o‘kiriklari eshitilib turganini hali-hanuz qariyalar maroq bilan gapirib yurishadi. Endi esa... odamlar oyog‘i ostida toptalayotgan bu tog‘larda yo‘lbars tugul, oddiygina tulkini uchratish amrimahol.
Yaqin o‘tmishda bizning qishlog‘imizda yashovchi xonadonlar hozirgiga qaraganda uch-to‘rt baravar kam edi. Uch yuz, nari borsa, to‘rt yuz oilada ikki-uch ming odam yashardi. Ayni chog‘da mingdan ziyod xonadonlarda o‘n mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Chorva mollari esa qadimda yuz baravar kam edi, desak, ishonavering. Qirq-ellikta qo‘y-echkilari va uch-to‘rt qoramoli bor xonadon qishloqning eng boyi sanalardi. Hozir o‘rta hol oilaning eshigidan o‘nlab mayda jonliqlar va qoramollar toqqa haydaladi...
Biz odamlarning boyishiga mutlaqo qashi emasmiz. Qani endi, hamma boy-badavlat bo‘lib, farovon hayot kechirsa! Har bir xonadonda sigir bo‘lsin, farzandlarimiz chorva mahsulotlariga to‘yib, sog‘lom va baquvvat o‘ssinlar, degan da’vatni birinchi bo‘lib Yurtboshimiz aytdilar. Shundan so‘ng butun mamlakatimiz bo‘ylab kam ta’minlanganlarga sigirlar bepul tarqatildi. Bunday ulug‘ ishning savobi bitmas-tuganmasdir, albatta...
Shu o‘rinda bir muammo bor. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, nochor ahvolda yashayotganlar qoramollik, sut-qatiqlik bo‘ldi, farzandlarimiz qaymoq yaladi. Bu juda yaxshi, ammo azaldan chorva mollari yetarli oilalar esa, har qancha ko‘paytirsak, bo‘laveradi chog‘i, degan xayolda bu borada “jilov”ni butunlay bo‘shatib yubordilar. Misol tariqasida Xondayliq qishlog‘ini oladigan bo‘lsak, xonadonlarda chorva mollari shu qadar ko‘payib ketdiki, tobora qisqarib borayotgan yaylovlar ularning ehtiyojlarini qondirolmay qoldi. Qadimgiga qaraganda kamida yuz baravar ko‘p qo‘y-echkilar, qoramollar, ot – eshaklar hammayoqning changini osmonga chiqarib yotibdi. Qir-adirlar bu yoqda tursin, chorva ahli tomonidan bog‘u rog‘, ekin maydonlari bilan birga butun tog‘u toshlar ayovsiz talon-taroj qilinmoqda.
Qadimda qishloq mahallalaridan bor-yo‘g‘i ikki-uchta poda chiqardi. Hozir turli podalar soni birgina qishloqda yigirma-o‘ttizga yetib qoldi. Ularning yarmidan ko‘pini podachilar aprel oyi boshidan to qor tushgunga qadar tog‘larda yashab, boqadilar. Ular tog‘lardagi mavjud barcha yashil boyliklarni qiyratishib, hududlarni qo‘ralab, o‘zaro taqsimlab olganlar. Toki qor bosib, qishloqqa qaytgunlariga qadar chorva mollarining og‘zi va tuyoqlari vayron qilayotgani yetmaganday, yuzlab molchilar tabiatni ayovsiz g‘orat qilaveradilar. Ularning dastidan tog‘lardagi yovvoyi hayvon va qushlar u yoqda tursin, dov-daraxtlaru dorivor o‘simliklar ham shiddatli tarzda yo‘q bo‘lib boryapti. Sho‘robsoy va Tuyatoshisoydagi baliqlarning “tuxumi qurib” bitganiga-ku, ancha yillar bo‘ldi. “Sizlarni tergaydigan, tekshiradigan, chora ko‘radigan biron tashkilot yo‘qmi?”, deb so‘rasangiz, “mavsum boshida “vznos”ini yig‘ib ketgach, kim ham bizga inday olardi”, deya shaxsiy chorvadorlar ko‘kraklariga urib qo‘yishadi.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida tabiat jonkuyarlari tomonidan tog‘lar bag‘rida terassali bog‘lar yaratishga kirishilgan edi. Shunda ham chorvadan boshqani o‘ylamaydigan shaxsiyatparastlar tekin o‘tqazib berilgan navli ko‘chatlarni yo‘q qilib, barcha terassalarni yoppasiga yaylovlarga aylantirib olganlar. Ayni chog‘da terassalar birgina Xondayliq tog‘larida mavjud. Ammo ularda biron tup madaniy daraxt yo‘q. Men shu terassalardan o‘n gektarni o‘zimga rasmiylashtirib, ularga navli ko‘chatlar ekyapman. Qolgan bor umrim davomida shularni parvarishlab, so‘lim bog‘ yaratmoqchiman. Bundan ibrat olib, boshqalar ham suvsiz tog‘ terassalarida bog‘lar yaratsin va avlodlarimizga ajoyib yashil meroslar qoldirishsin, degan niyatdaman.
Turli kimyoviy dorilar va boshqa zamonaviy asbob-anjomlar vositasi ila o‘lik suvga aylantirilgan Tuyatoshisoyga xonbaliqlar olib kelib, uni jonlantirish harakatida ham bo‘ldim. Ancha vaqt qo‘riqlab, muhofaza qilib yurdim. Ikki-uch yildayoq baliqlar ko‘payib, ko‘zga ko‘rina boshladi. Ammo, “egasi ming poylasa-da, o‘g‘ri bir poylaydi”, deganlariday, g‘alamislar xlor oqizib, baliqlarni tag‘in qiyratib ketdilar. Tuyatoshisoy yana o‘lik suvga aylandi-qoldi.
Ko‘p yillik kuzatishlar shuni isbotlaydiki, tabiat muhofazasida izchillik, hamkorlik, eng muhimi, astoydil jonkuyarlik va fidoyilik yetishmayapti. Joylardagi mahalliy hokimiyatlar javobgarlikni, mas’uliyatni tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari zimmasiga ag‘darishadi. Ular esa mahalla oqsoqollari, fuqarolar yig‘inlari va boshqa mahalliy rahbarlarni loqaydlikda, o‘zlariga yaqindan yordam ko‘rsatmaslikda ayblaydilar. Ikki orada ona tabiat qattiq ozor chekib, vayron bo‘lmoqda, tiklab bo‘lmas darajada g‘ariblashib boryapti.
Respublikamiz bioxilma-xilligi umummilliy boyligimizdir. Afsuski, aholimiz bugungi kunda hududimiz flora va faunasini asrashday mas’uliyatli vazifani unutib qo‘yyapti. Tabiatda muvozanat buzilishi qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkinligin yodda saqlaylik.
Bizningcha, tabiat muhofazasiga oid ushbu masalalarni chuqurroq tahlil qilib ko‘rish kerakka o‘xshaydi. Masalan, hududlar, yaylovlar ahvolidan kelib chiqib, chorvachilikni mutanosib rivojlantirish, bu boradagi mas’uliyat hamda javobgarlik izchilligini ta’minlash, o‘z hududlaridagi tabiiy boyliklarni saqlash va ko‘paytirishga aholining barcha qatlamlarini mudom jalb etish yo‘llarini qidirib topish kabi dolzarb vazifalarni muhtaram deputat va Senatorlarimiz ham chuqur va atroflicha ko‘rib chiqsalar, maqsadga muvofiq bo‘larmidi...
Bahor keldi, kunlar isib qoldi, tog‘lar esa qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab-qaqshayapti. Chunki shu kundan boshlab to kech kuzgacha ularning bag‘rini ming-minglab chorva mollari, yuzlab odamlar toptaydilar, talon-taroj qilaveradilar.
Nazarimda, bugun tog‘larimizning qaddi cho‘kib qolayotganday. Tog‘lar bag‘ri butun bo‘lsin...
“O‘zbekiston ovozi” gazetasi,
2007 yil 27 mart soni.