Adabiy tanqidchilikda sho‘ro davri o‘zbek adabiyotiga munosabat masalasi ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani barchaga ma’lum. Qadriyatlarga yangicha munosabat, yaqin o‘tmishda yaratilgan asarlarga tushunib yondashishga harakat tanqid tamoyillarining yangilanayotganidan dalolatdir. Bir paytlar ochiq aytishning imkoni bo‘lmagan, bir qadar chetlab o‘tilgan qahramonlar obrazlariga bugungi kun nuqtai nazaridan turib yondashish, ularga yuklangan g‘oya, mohiyat haqida batafsil fikr yuritish imkoni tanqidiy tafakkur ko‘lamini kengaytirayotgani ham sir emas.
Darhaqiqat, taniqli adabiyotshunos olim Abdug‘afur Rasulov «Badiiylik — bezavol yangilik» kitobida yozganidek, «Biz badiiy asardagi, xususan, katta nasrdagi obrazlarni birin-ketin tahlil etishga odatlanganmiz. Vaholanki, badiiy asarda har bir obrazning aniq o‘rni, vazifasi, burchi bor. Bu gap faqat bosh qahramongagina talluqli emas. Shunday qahramonlar borki, ular asarda birinchi vazifani ado etmaydilar. Ayni vaqtda, ularni zinhor ikkinchi, uchinchi darajali, deb qarash ham to‘g‘ri emas».
A.Rasulov ta’kidlab aytgan bunday obrazlar sho‘ro davrida yaratilgan o‘zbek romanlarida talaygina. Ulardan biri atoqli adibimiz Odil Yoqubovning «Diyonat» romanidagi Qudratxo‘ja obrazidir. Mazkur asar tahliliga bag‘ishlangan maqolalarda, tadqiqotlarga bu obrazga ikkinchi, uchinchi darajali, deb qaralgani ma’lum. Aslida esa, yozuvchi bu qahramoni orqali butun bir davr fojiasini ko‘rsatishni maqsad qilgani romanni sinchiklab o‘qiganda ayon bo‘ladi.
«Diyonat» romanida eski raqiblar — Normurod Shomurodov va Qudratxo‘ja o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ijtimoiy burch va vijdon, diyonat va shafqatsizlik, baxt va baxtsizlik, hayot va o‘lim haqidagi o‘tkir psixologik kechinmalarga boy. Bu ikki raqibning ilk to‘qnashuv Normurod Shomurodovning umr yo‘ldoshi Gulsara ayaning ma’rakasida yuz beradi. Ma’rakaga eski raqibi Normurod Shomurodovga ta’ziya bildirish uchun kirib kelgan Qudratxo‘ja unga qarata «falsafasini» boshlaydi: «Hukumatga ginam yo‘q manim. Ammo sen... Esdan chiqadigan ish qildingmi o‘shanda sen? Yodingdami, men qishloqdan badarg‘a qilingan kuni tepada, gumbazli machit maydonida... bechora Oynisa dod solib kelib bo‘ynimga osilganda... — Qudratxo‘ja ko‘zlari pirpirab o‘rnidan turdi. Chuvak yuzining qat-qat ajinlariga, chuqur botgan lunjlariga quyilgan ko‘z yoshlarini artdi. — Qon yig‘lab kelib bo‘ynimga osilganda... esingdami, jindak rahm-shafqat o‘rniga... shafqat o‘rniga, «Haydang bu unsurlarni!», deb hayqirganing yodingdami Normurod?! ... Shafqat! Shafqat nima qilsin senda?».
Asarda har gal Normurod Shomurodovga duch kelganda Qudratxo‘janing ko‘z o‘ngida 30-yillar voqealari gavdalanadi. Har gal Qudratxo‘ja o‘sha davrda kollektivlashtirish siyosatining noto‘g‘ri o‘tkazilganiga sha’ma qiladi, o‘zini o‘sha noto‘g‘ri siyosatning nohaq qurboni bo‘lgan kishi qilib ko‘rsatadi. Normurod Shomurodov va unga o‘xshaganlarni esa ayblaydi.
Yozuvchi romanda Normurod Shomurodov va Qudratxo‘janing bir-biri bilan to‘qnash kelganidagi ruhiy holatlarini, ichki kechinmalarini tiniq, ta’sirli chizadi, ayrim detallarga xolisona ishora qiladi. Masalan, bir to‘qnashuv tasvirida Normurod Shomurodovning dolg‘ali, mard, jasur qiyofasi va uning raqibi Qudratxo‘janing esa viqorli, kalandimog‘ portreti quyidagicha chizilgan: «Ming to‘qqiz yuz yigirma to‘qqizinchi yilning sovuq kuz kunlaridan biri, qishloq o‘rtasidagi bozor maydonida, mashhur gumbazli machit oldida odam tirband: qishloq quloqlari surgun qilinmoqda!
Qop-xurjunlari bilan aravalarga ortilib jo‘natilishga shaylangan bir guruh boylar, quloqlar, ruhoniylar orasida Qudratxo‘ja ham bor. Boshida chaqmoq telpak, egnida og‘ir pochapo‘stin, oyog‘ida xrom etik, qotma, shopmo‘ylov Qudratxo‘ja sheriklariga o‘xshab obidiyda qilayotgani yo‘q, yig‘ilgan olomonga, biri yurak yutib, biri hadiksirab kelgan qarindosh-urug‘larga nola qilayotgani yo‘q, go‘yo surgunga emas, ko‘pdan orzu qilib yurgan sayohatga ketayotganday mo‘ylovini dikkaytirib ko‘krak kerib turibdi. Ro‘paradagi olomonga, maydonni qurshab olgan otliq militsionerlarga, Normurodga o‘xshagan qishloq aktivlariga go‘yo: «Shoshmanglar, ko‘ramiz hali, oqibati nima bo‘ladi buning!» — degandek, ko‘zlarini qisib, jag‘ paylarini o‘ynatib yovqarash qiladi...
Bu g‘alati manzaraning shohidi bo‘lgan bozor maydoni g‘ala-g‘ovur bo‘lib ketdi. Oynisaning qilig‘idan tuklari tik bo‘lib ketgan Normurod militsionerlarga: «Haydang bu yot unsurlarni!» deb buyruq berdi, buyruq berarkan, Qudratxo‘ja aqalli endi, faryod chekkan go‘zal xotinini ko‘rganida o‘zgarar, dod deb yuborar, deb uyladi. Ammo yuzi cho‘yanday qorayib ketgan Qudratxo‘ja, xotinining oppoq qo‘llarini bo‘ynidan shartta uzib, o‘zidan itarib yubordi-da, birinchi bo‘lib otliq militsionerlar oldiga tushdi...».
Ko‘rinadiki, Normurod Shomurodov bilan Qudratxo‘ja orasidagi to‘qnashuvlarda «shafqat» tushunchasi ikki xil mohiyat kasb etadi, shu boisdan o‘tmish voqealari ularning ko‘z o‘ngida ikki xil gavdalanadi. Professor Shomurodovning qon-qoniga singib ketgan «shafqat» tushunchasi o‘sha davr siyosati bilan bog‘liq, shunga ko‘ra uning Qudratxo‘jaga munosabatida davr siyosati belgilovchi kuch sanaladi. Shu sababli Qudratxo‘janing «yuz grammning bandasiga aylanib», «lunjlari ichiga botib», «kampirday» bo‘lib qolgan ayanchli va miskin hol-ahvolini ko‘rganda Normurodning qalbida paydo bo‘ladigan achinish uzoq davom etmaydi, bu tuyg‘u bor-yo‘g‘i bir soniyalik, xolos.
Qudratxo‘ja uchun esa, odam qanday din, mazhab, siyosiy-ijtimoiy guruh yoki firqaga mansubligidan qat’iy nazar, shafqatli va diyonatli, insofli va olijanob bo‘lmog‘i kerak! Boshqacha aytganda, Qudratxo‘ja uchun odamning insoniy mohiyati, uning qanday odam ekanligi juda muhim ahamiyatga ega.
«Hukumat Qudratxo‘jani ozod qildi. Ammo... Normurod Shomurodovning fikricha, «kovaklarda sudralib, o‘rmalab yurishga mahkum etilgan bu maxluq esa, dilida hamon hukumatga kek saqlaydi».
Normurod Shomurodov va Qudratxo‘ja oralaridagi to‘qnashuvlarni faqat mafkuraviy, o‘sha davr siyosatiga aloqador to‘qnashuvlar, deb bo‘lmaydi. Buni ijtimoiy burch va vijdon, diyonat va shafqatsizlik, baxt va baxtsizlik orasidagi to‘qnashuvlar, deyish mumkin.
Ma’rakada boshlangan dahanaki jang tobora keskinlashadi. Gap shafqat haqida ketar ekan, Normurod Shomurodov: « — Sendaylarga shafqat qilganimizda, sen... senlar bizni nima qilardinglar?», deganida Qudratxo‘ja ham aytar gapidan qaytmaydi: « — Otar edim!.. — Uning yoshli ko‘zlari tuyqusdan qandaydir hayrat aralash bir nafrat bilan charaqlab ketdi. — Gumbazli machitning mehrobiga tirab, beshotarning tig‘ini mana shu xumkallangga to‘g‘rilab... otar edim qarsillatib!».
Bir-biriga o‘dag‘aylashib turgan bu ikki cholning yoniga 5-6 yashar o‘g‘ilchasini yetaklab, Normurod Shomurodov yashayotgan uyning sobiq egasi Nodiraxonning kirib kelishi olov ustiga yog‘ quygandek bo‘ladi. Dildirab turgan mushtdek chol» Qudratxo‘jaga qayta jon kiradi:
« — O‘rozquldi kelinini tanidingmi, profisor!.. Bu joy shularniki edi. Jiyaning Otaqo‘zining bitta pisandasi bilan shundoq joylarini senga bo‘shatib berishdi! Tenglik-da, tenglik!.».
Otaqo‘zining uy egalarini norizo qilib, tog‘asi Normurod Shomurodovga tortib olib bergan hovli-joy masalasi chollar orasidagi to‘qnashuvni yanada chuqurlashtiradi.
« — Burunda: «Ana olabo‘ji!», deb qo‘rqitishardi. Endi mana... taqsirimning jiyanlari aytib qo‘rqitishadigan bo‘lishdi odamlar!.. Ana insofu, ana adolat! Adolat qachon bo‘ptiki, endi bo‘lsin!», deydi Qudratxo‘ja.
Bunday achchiq ta’nadan so‘ng jahlini jilovlay olmay qolgan Normurod Shomurodov Qudratxo‘jaga musht o‘qtalib baqiradi:
« — Bo‘lgan adolat! O‘sha, sen qishloq o‘rtasida rasta-rasta do‘kon ochib, kambag‘allarni shilib kafangado qilgan mahallarda bo‘lgan diyonat!..».
Normurod Shomurodov va Qudratxo‘ja o‘rtasidagi to‘qnashuvga guvoh bo‘lgan kitobxon Qudratxo‘jadan nafratlanmaydi, balki uning xatti-harakatlariga achinadi. Negaki, yozuvchi «sobiq quloq» Qudratxo‘janing ichki va tashqi qiyofasini xolis turib chizishga erishgan.
Asarda Normurod Shomurodov va Qudratxo‘ja oralaridagi so‘nggi to‘qnashuv ikkalasi uchun ham g‘oyat og‘ir bir vaziyatda sodir bo‘ladi. O‘lim oldida endi ularning ikkalasi ham teng. Buning ustiga ikkalasining ham hayoti fojealarga to‘la. Normurod Shomurodov «inqilob» uchun ellik yil xizmat qilgan bo‘lsa-da, o‘z hayoti bilan maqtana olmaydi. Yolg‘iz o‘g‘li, shijoatli va o‘ktam yigit Jabbor laganbardorlarning nayranglari tufayli urushda qurbon bo‘ladi. Buning ustiga jiyani Otaqo‘zi bilan munosabatlari ham keskinlashib ketadi. Jiyani Otaqo‘zining «qarigan chog‘ida issiq-sovug‘idan xabar olish» niyatida ko‘chirib kelgan uyining egalari Naimjon va Nodiralarga topshirib, Normurod Shomurodov qishloq maktabining bir xonasiga ko‘chib o‘tadi...
Ana shunday tarang vaziyatda Normurod Shomurodovdan hol-ahvol so‘rashga «bir savat meva-cheva ko‘tarib, Qudratxo‘ja kirib keladi». Tabiiyki, Qudratxo‘ja o‘zining eski falsafasini boshlab, yana Normurod Shomurodovning «qitig‘iga» tegadi: «Normurod Shomurodov inqilob qilgan bo‘lsa-yu, oxir-oqibat unga yetishgani maktabning bir hujrasi bo‘lsa».
Normurod Shomurodovning ham, Qudratxo‘janing ham 30-yillar haqida, o‘tmish voqea-hodisalari haqida o‘z qarashlari bor. Ularning har biri o‘zini haq, deb hisoblaydi. Shunga ko‘ra, bir-biriga nafrati ham cheksiz. Normurod Shomurodov raqibiga qarab: «...Ammo senga o‘xshagan xalq qonini so‘rgan dushmanlar bilan olishganda... o‘z baxtimiz, o‘z manfaatimizni o‘ylamaganmiz biz! Butun jumlai-jahon, butun bashariyat biladi buni”, deydi. Shunda Qudratxo‘janing: « To‘g‘ri gap tuqqaningga yoqmaydi, hi-hi-hi», deb masxaromuz kulishi Normurod Shomurodovni tamoman junbishga keltiradi:
« — Yo‘qol deyman, yot unsur! — Normurod Shomurodov u yoq-bu yoqqa timirskilanib otadigan narsa qidirdi-yu, qo‘liga ilingan yostiqday kitobni boshi uzra ko‘tardi... shiddat bilan otilgan kitob eshikka borgan Qudratxo‘janing yelkasiga tegib, gursillab polga tushdi...».
Romanda Normurod Shomurodov va Qudratxo‘ja oralaridagi bunday to‘qnashuvlarda g‘olib ham, mag‘lub ham yo‘q. Bu ziddiyat asarda sho‘rolar davridagi millatning va tarixning fojiasi sifatida namoyon bo‘ladi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 48-sonidan olindi.