OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Karim. Tiniqlashayotgan cho‘lponshunoslik (adabiyotshunos Naim Karimovga ochiq xat) (2009)

Salom hurmatli Naim aka!

Siz o‘zbek adabiyotshunosligi, xususan, cho‘lponshunoslik sohasida e’tirofga loyiq ishlar qilgan olimsiz. Ilm ahliga «Istiqlolni uyg‘otgan shoir», «Cho‘lpon» nomli asarlaringizni yaxshi ma’lum. Zero, bugungi cho‘ponshunoslik sohasida munozarali nuqtalar, teranlashuvi lozim o‘rinlar borligi ham Sizga kundek ravshan.

Men Cho‘lponning she’rlari deb e’lon qilgan («O‘zAS», 2008 yil 3-oktyabr soni) matnlarga e’tiroz sifatida munosabat bildirgan edingiz («O‘zAS», 2008 yil 28-noyabr soni). Yaqinda, garchand oradan uch-to‘rt oy o‘tgan bo‘lsa-da, haligi «topildiq» va Sizning e’tirozingiz xususida menga adabiyot muhiblaridan biri: «Kimning fikri to‘g‘ri? O‘sha she’rlar Cho‘lponnikimi, yo...?», degan mazmunda savol berdi. O‘ylab qarasam, men andisha qilib, jim ketishim bilan Siz yozgan fikrni tasdiqlagan bo‘lar ekanman. O‘sha cho‘lponsevarning gapi bahona bo‘lib, ushbu maktub orqali o‘z munosabatimni bildirishni maqbul ko‘rdim.

Birinchidan, Cho‘lponga oid deb berilgan:

Mani o‘lsin degan o‘lsin,
Balog‘a mubtalo bo‘lsin,
Qo‘liga kosasin olib,
Ko‘chalarda gado bo‘lsin —

misralarining 1972 yili chop etilgan «Oq olma, qizil olma» kitobida mavjudligini ta’kidlabsiz. Lekin Cho‘lponning ushbu misralari xalq orasida, «Ey, go‘zal Farg‘ona» she’riga o‘xshab, o‘zingiz e’tirof etganingizdek, «og‘izdan-og‘izga, qishloqdan-qishloqqa, shahardan-shaharga ko‘chib» yurmaganmikan? Jadid munaqqidi Vadud Mahmud shunday bir fikrni yozadi: «Hech bir doston, maqol, topishmoq, ashula yo‘qki, yigirma kishi o‘ylashib to‘qug‘on bo‘lsun yoki bastalag‘on bo‘lsun. Har bir doston, maqol, topishmoq, ashula asosan bir kishi tomonidan chiqariladir. Va so‘ngra umumiylashib ketadir.

Turkistonning so‘ng shoirlaridan Muqimiy, Furqat, Haziniy parchalaridan shundaylari borki, agar allaqaysi qarong‘u tokchalardan, churub qorarib ketgan bayozlardan ko‘rub egalarini bilgan bo‘lmasaq, ularni el adabiyotidan hech vaqt ajrata olmas edik».

Cho‘lpon qaysidir she’ri tarkibida xalqning ushbu misralaridan foydalangan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Nazarimda, ba’zan bunday yoki boshqacharoq ilmiy mulohaza va o‘rinli taxminlar ham o‘zining yaxshi natijasini beradi.

Ikkinchidan, birinchi to‘rtlikning «manbai» topilganidan ilhomlanib, Siz keyingi to‘liq bo‘lmagan ikkita she’rni ham, garchand asossiz bo‘lsa-da, xalq og‘zaki ijodi namunasi sifatida baholagansiz. Holbuki, «etsammikin», «ketsammikin» qofiyalarining folklordagi «yori bo‘lsammikin» bilan «bersammikin»ga ohangdoshligi bu she’rni Cho‘lpon yozmaganiga dalil bo‘la olmaydi. Cho‘lpondek darveshtabiat, qalandarsifat shoirgina — she’rda ifoda etilganidek — «ma’rifat daryosiga cho‘kish»ni yoki tog‘-toshga bosh olib ketishni istaydi. Ustiga-ustak she’rlarning «mazmun-mohiyati va musiqiy ohangi»da «ayol qalbining nolalari», «ayol qalbidan otilib chiqqan»ligini, «munis o‘zbek ayollarining izhori dillari»ni ilg‘aysiz va, ajablanarlisi, ularni erkak zoti yozganiga shubha qilasiz. To‘g‘risi, muallifi noma’lum asarning qaysi ijodkor jins vakiliga tegishliligi yuzasidan bu tarzda sodda fikr yuritishni Sizdek ulkan olimdan men kutmagan edim.

L.Tolstoy “Anna Karenina” ham mening bir bo‘lagimdan bino bo‘lgan” degan, Zinaida Gippius erkakcha (muzakkar) taxalluslar bilan she’rlar yozgan, Abdulla Qodiriy «Dumbilnisa» tilidan so‘ylagan — bularni Sizga eslatish ortiqcha ish. Ayniqsa, Cho‘lpon lirikasida ayollar nolasi masalasini Sizga aytishim ikki bora ortiqchadir. Germaniyalik olima Zigrid Klaymixelning «Cho‘lpon she’rlarida tutqun ayollar va Kleopatra» maqolasini ham bilasiz. Biz e’lon qilgan she’rlarda ayollar nolasi borligi, ehtimol, ularni chindan ham Cho‘lpon yozganiga yana bir qo‘shimcha asosdir. Shoir «Chimmat qo‘shig‘i» she’rida:

— Chimmatimni ko‘tarib ko‘rdi xushtorim,
Dedim: «Tiriklikda shudir mozorim!»
Chimmatimning qillari yuzimga botar,
Bu qafaslar ichida qachon tong otar?
Chimmat tekkan yuzlarim so‘lib boradi,
Ko‘ngildagi umidlarim o‘lib boradi...

deya ayollar dardini xalqona ohangda yozadi.

Gohida xato aytilgan fikr ilmda yangi ufqlarni ochadi. Bizningcha, badiiy asarlarni jins ruhiyati, genderpsixologik nuqati nazardan o‘rganish ham lozim.

Uchinchidan, Siz qatag‘on davrining ruhiy tahlikalarini chuqur bilasiz. Respublika miqyosida shu davrda qurbon bo‘lganlar merosini sinchiklab o‘rganib kelayapsiz. Endi mulohaza qilaylik. Mirjamol aka otasi Mirbilol Jamilov tilidan bu she’rlarni qachon yod olgan? Bizningcha, ota o‘g‘liga ularni «xalq dushmani» sanalgan Cho‘lponning hali nomi ham rasman oqlanmagan bir davrlarda aytib beradi. Xo‘sh, «xalq og‘zaki ijodining namunasi»ni Cho‘lpon she’rlari sifatida o‘qib berib, o‘z hayotini ham, farzandlari hayotini ham tahlikaga qo‘yishning bu insonga nima zarurati bor edi? Qolaversa, suhbatdoshimiz Mirjamol akaning o‘sha she’rlar bois shuhrat manfaati yo‘q, u xolis bir she’rsevar inson, xolos.

To‘rtinchidan, aslida, teran uslubshunos, Cho‘lpon she’riy olamini, «shoir muhri»ni chuqur biladigan olim sifatida Sizning e’tirozingizni e’tirof etishni istagandim. «Domla haq», degim keldi. Biroq avvalroq o‘qiganim «Cho‘lpon» nomli ma’rifiy romaningizning (2003) bir necha sahifasida Elbek yozgan «Qurolga!» she’rini Cho‘lponga nisbat berib: «Cho‘lpon bu jangovar satrlari bilan o‘zbek yigitlarini Sho‘ro davlatini mustahkamlashga emas, uni ag‘darishga, mustaqil o‘zbek davlatini barpo etishga chaqirmoqda»(240-bet), «...Cho‘lpon bu she’rni tasodifiy kayfiyat kuchi bilan yozmagan, albatta. Uning bu she’rni yoshlar oldida o‘qigani va ularni kurashga chorlagani sir emas» (386-bet), deb yozganingiz esimga kelib, «Biz e’lon qilgan she’rlar uslubini aniqlashda Naim Karimov ham adashayotgandir», degan ishtiboh paydo bo‘ldi.

Holbuki, 20-yillarda juda mashhur bo‘lgan Elbekning «Qurolga!» she’ri, Siz eslagandek, to‘rt satrdan iborat emas, balki jami olti banddan tarkib topgan tugal bir asardir. Bu she’r:

Qurol, oh! Qandayin go‘zal bir so‘z
Ol, qo‘lingga sen ani, ey boyaqish!
Sen yiqilding bukun zavolli yigit
Sababin bilmas esang, tingla, eshit! —

degan elbekona satrlar bilan boshlanadi.

Baharhol, Sizning Cho‘lpon uslubi va ruhi bilan Elbek she’riy olamida adashib qolishingiz, mening shoir ijodiy merosini boyitish ishtiyoqimga ancha yaqin, deb o‘ylayman. Zarurat taqozosiga ko‘ra «sarxush kishining cho‘pchaklariga o‘xshab» ketadigan ayrim xotiralardan o‘sha «uydirma gaplar changini puflab tashlagan» holda foydalanish cho‘lponshunoslikda bor gap.

Zamondosh yoki qarindoshlari tilidan yozib olingan, ammo rasmiy matbuotda chiqmagan Cho‘lponning to‘liq-to‘liqsiz she’rlaridan o‘n ikkitasi «Tanlangan asarlar»iga kirgani ma’lum. Nima bo‘lganidan qat’i nazar, Cho‘lponning hozirlanajak yangi lirik to‘plamlariga shoirga nisbat berilgan she’rlarni kiritish yoki kiritmaslik masalasini alohida o‘ylab ko‘rish foydalidir.

Hurmatli Naim aka! Aslida arzimasday ko‘ringan bunday masala ustida tortishish, kimdan xato o‘tganini bahs mavzusiga aylantirishdan ko‘ra, cho‘lponshunoslar zimmasida ulkanroq vazifalar turibdi. Cho‘lpon she’rlarida matniy farqlar, turli chalkashliklar bor. Shoirning «Mehnatkashlar tovushi» gazetasining 1921 yil 10 martida bosilgan «O‘zbak qizi» (o‘z og‘zidan) she’ri 1924 yilda nashr etilgan «Go‘zal yozg‘ichlar»dagi nusxasidan farqli. Yoki «Ey, go‘zal Farg‘ona»dek mashhur she’rining haliga qadar birinchi marta qachon va qaerda e’lon etilgani noaniq. Masalan, bu she’r dastlab «Yangi Turkiston» jurnalining 1927 yil 2 — 3-qo‘shma sonida «Farg‘onali: A» (arab alifbosidagi «ayn», Abdulhamidning bosh harfi) imzosi bilan bosilganiga guvoh bo‘ldim.

Umuman olganda, Cho‘lponning matbuotda sochilib yotgan barcha asarlari hanuz to‘la-to‘kis to‘plangan emas. Shuning uchun bugun bizda tugal saqlanib qolmagan, ammo Moskva kabi shaharlarning markaziy arxiv, kutubxonalaridan mavjud vaqtli matbuot sahifalarini varaqlash foydalidir. Bunda og‘zaki nusxa she’rlarning matbuotdan asosi topilish ehtimoli ham bor.

Qolaversa, barcha ilmiy izlanishlar natijasi sifatida Cho‘lponning «To‘la asarlari to‘plami»ni tayyorlab nashr qildirish, shoir merosini tugal bir holatda o‘quvchilarga taqdim etish vaqti allaqachon yetildi. Eng muhimi, Siz cho‘lponshunoslikka oid bu kabi bir qancha masalalarni hal etishda yoshlarga ibrat, o‘z bilim va tajribangiz bilan maslahatgo‘y bo‘lishingizga ishonaman.

Ushbu mulohazalarni xolisona va zarurat yuzasidan yozilgan maktub o‘rnida qabul qilasiz, degan umiddaman.

Ehtirom ila Bahodir KARIM

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 15-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.