Bir kuni Baron Myunxauzen botqoqqa botib koldi. Uning ilkis chinqirig‘idan changalzorda uymalanib yotgan qushlar galasi “duv” etib yuqoriladi. Zax hidi anqigan quyuq loy tanasini komiga tortar, botqoq baronga faqat dodlash imkonini berardi, xolos.
Baron sarosimada qoldi. Hayotga yumor ko‘zi bilan qaraydigan bu janob qutilishga harakat qila boshladi. U o‘ng qo‘lini botqoqdan chiqarib, sochlarini mahkam ushladi-da, yuqoriga qarab torta boshladi. Nihoyat, ozodlikka erishdi. Baron o‘zini o‘zi qutqargan edi.
Bu — men ko‘rgan multfilmlar ichida eng esda qolarlisi. Avvaliga u maktabda, inshodan yuqori baho olishimga yordam berdi. Men o‘zimga o‘zim xaloskorlik qildim. Keyin esa, multfilm mazmunini shifoxonada yotgan bemor do‘stimga aytib bermagunimcha bu to‘g‘rida o‘ylamadim ham.
Bemor do‘stim meni diqqat bilan tingladi, ammo hech narsa demadi. Karavot uzra cho‘zilgan og‘ir tanasini ko‘rpaga burkab, yuzini choyshab bilan berkitdi. Uning bu holati ichki bir g‘alayon bilan kurashayotgan kishini eslatardi.
Oradan bir hafta o‘tgach, bemor do‘stimni yana yo‘qladim. Xonasida yo‘q. Shifoxona bog‘ida yurgan ekan. Gapimiz uzoqqa cho‘zildi. “Obbo, Baron-ey, shunaqa gaplar degin”, deydi u har gapida. O‘shandan beri qaerda kasallik to‘g‘risida gap boshlansa, u hammaning e’tiborini menga qaratib: “Bir safar qattiq betob bo‘lganimda meni shu do‘stim tuzatgan”, deb odamni xijolat qiladi. Xullas, Baron haqidagi afsona ikkinchi bor korimga yaradi.
Biz atrofimizdagi ko‘pgina narsalarga bir yoqlama ko‘z bilan qarashga o‘rganib qolganmiz. Buni tan olish qiyin, ammo shunday. Bitta fikr siz idrok etmagan ikkinchi bir masalaga aloqador bo‘lib qolishi hech gap emas. Xuddi xalq maqollari singari. Uni adabiyotshunos ham, iqtisodchi, tijoratchi ham bemalol ishlataveradi. Masalan, mehnat quroli bo‘lmish boltani olaylik. Uni faqat o‘tin yorishga mo‘ljallangan asbob deb o‘ylardim. Bir gal yog‘ochdan haykal yasayotgan usta u bilan shunday nozik ishlarni bajarayotganini ko‘rganimda, bolta ko‘zimga san’at quroli bo‘lib ko‘rindi.
“Abdullajon” filmi qahramonlaridan biri dalada ketmon bilan yer chopayotgan edi. Charchadimi, zerikdimi, xullas, ketmonning loyini qoqdi-da, unga sakrab minib, bozorga uchib ketdi. Shu daqiqadan boshlab ketmon mehnat quroli vazifasidan bo‘shab, transport vositasiga aylandi.
“Alkimyogar” asari qahramoni Santyago doim o‘zi bilan qalin muqovali kitob olib yurardi. O‘qish uchun olib yurardi desangiz, ozroq yanglishasiz. To‘g‘ri, kitob ba’zida o‘qilardi ham. Ko‘proq esa — uyqu kelganda yostiq o‘rnini bosardi.
Qishlog‘imizda Nafas bobo degan nuroniy bor. Hamma ishlarini hassasi bilan hal qiladi. Masalan, hassasi bilan balandroq daraxtdan o‘rik qoqadi. Jahli chiqib ketsa, yaqindagina tuxumdan chiqqan jo‘jalarini poylab yurgan ochko‘z mushukka qarab otadi. Kech kirganda ikki tabaqali yog‘och darvozasini yopib, ilmoqlarini hassasi bilan «qulflaydi». Shu tariqa asosan tayanib yurish maqsadida yasalgan hassa, hech bir qo‘shimchasiz boshqa yumushlarni ham bajarib ketaveradi.
O‘zimning hayotimdan ham misollar keltiray. Qishloqda boshimga qalpoq kiyib yurardim. U boshimni oftobdan himoya qiladi. Lekin men undan boshqa maqsadlarda, masalan yong‘oq, olma terishda, uzum uzishda ham foydalanardim. Siz ham xuddi shunday qilgan bo‘lishingiz kerak.
Ko‘ryapsizki, men tanlagan mavzu juda jiddiy. Lekin, ishonchim komilki, siz hozir mening ko‘z bilan ko‘rish, qo‘l bilan ushlash mumkin bo‘lgan ayrim narsalarning ikkinchi tomoni haqida mulohaza yuritayotganimni sezib turibsiz. Mavzu nihoyatda davomiy va uni biz o‘zimizga odatiy bo‘lib ko‘ringan javoblar bilan ham almashtirishimiz qiyin ish emas. Men fikrimni mahkam ushlab turish uchun ayni sharoit taqozo qilgan bir maqolni keltiraman. Masalan, “Yetti o‘lchab, bir kes”. Xayolimda men butunlay haqman va men keltirgan maqolni hech kim inkor etmaydi. Ammo bu to‘g‘rida o‘ylay boshlaganimdayoq, yanglishganim o‘zimga oshkor bo‘lib qoladi. Negaki, men har qanday to‘g‘ri mulohazaga qarshi ikkinchi bir fikr ham borligini e’tibordan chetda qoldiribman. Mana, men keltirgan maqolning kushandasi: “O‘ychi o‘ylab o‘tirguncha, tavakkalchi ishini bitiradi”. E’tiroz bildirib ko‘ring-chi.
Menda hamma bir ovozdan to‘g‘ri deb qabul qilgan har bitta qarashga e’tiroz bildirish istagi yo‘q. Ammo o‘zim javob izlagan savollarni yashirib o‘tirish niyatim ham yo‘q. Masalan, bir mavzu haqida anchadan beri o‘ylab yuraman. Adabiyotda “badiiy asar qahramoni” degan tushuncha bor. Bu qahramon hayotdagi real odamdan keskin farq qiladi. Hayotda katta va jiddiy ishlarni amalga oshirib, odamlar mehrini qozongan kishilarni qahramon deb atashadi. Adabiyotda esa bunday emas. Asar qahramoni jamiyatga tariqcha nafi tegmaydigan tepsa tebranmas bo‘lishi ham mumkin. Ammo u, baribir, asar qahramoni. Xo‘sh, bunga nima deysiz?
Har gal uyga qaytganimda, hamqishloqlar bilan suhbatlashishga ishtiyoqim oshadi. Qishloq umuman boshqacha. Odamlar eng murakkab narsalar to‘g‘risida ham ko‘p bosh qotirib o‘tirishmaydi, har qanday muammoning soddagina yechimini topa olishadi. Masalan, siz ularga “Dunyoning falon joyida odamlarning qon bosimi ko‘tarilib ketibdi”, desangiz, ular ko‘k choyni miriqib simirishar ekan: “Shunaqa de, hadeb duxturlarni bezovta qilmay, vaqti-vaqti bilan kiyik o‘tidan choy damlab ichishsin, aytib qo‘y”, deyishadi xotirjam.
Yaqinda tanish bir kishi bilan tortishib qoldim. Men undan:
—Vijdon qaerda o‘zi?,— deb so‘radim.
—Vijdon deysanmi, u yurakka yaqin joyda, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, yurakning bezovta bo‘lgani — vijdonning qiynalgani ekan-da? — qayta so‘radim.
— Shunday,— dedi u ishonch bilan.
Bu — uning fikri. Mening fikrim esa boshqacharoq. Nazarimda, masalaning ikkinchi tomoni bo‘sh qolib ketmoqda. Nega deysizmi, eshiting.
Nafas boboning yuragini operatsiya qilishdi. O‘zining aytishicha, yuragining yarmi endi sun’iy emish. Demak, boboning vijdoni ham yarimlab qolibdi-da. Lekin chol o‘zgargani yo‘q. Har doimgiday, odamlarga yaxshilik qilish bilan band. Xuddi boshqa ish qo‘lidan kelmaganday. Endi aytingchi, vijdoni but bo‘lmagan kishi qanday qilib odamlarga yaxshilik qilsin. Demak, vijdon yurakda emas. Uning aniq manzili noma’lum. Men ko‘pdan beri o‘zimning shu savolimga javob izlayman. Atrofimdagilardan, o‘zimdan...
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 6-sonidan olindi.