Muhammadi Norqulov umr yo‘ldoshi Zefina opa bilan bir o‘g‘il, to‘rt qizni tarbiyalab kelishadi. Roppa rosa bir yil burun esa ular ana shu farzandlari qatoriga yana sakkiz nafar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini qabul qilganlarini eshitganlar orasida ishonganlar ham, ishonmaganlar ham bo‘ldi. Aslida o‘zi ham diyonatli oilada voyaga yetib, bolaligidan mehr-oqibat, bag‘rikenglik, muruvvat va odamiylik ruhida tarbiyalangan Muhammadi aka ancha yillardan buyon, to‘g‘rirog‘i, Boysundagi 12-Mehribonlik uyiga rahbar etib tayinlangan kunlardan ushbu ezgu niyatni ko‘ngliga tugib yurgandi.
2007 yilda Vazirlar Mahkamasining «Oilaviy bolalar uylari to‘g‘risida»gi Nizomni tasdiqlash haqidagi» qarori qabul qilingach, niyati qat’iylashdi. Dastlab bu haqda ayoliga maslahat solib ko‘rdi.
— Savob ishning boshini tutibsiz dadasi, — Zefina opaning ko‘zlariga yosh qalqidi, — bir yetimning boshini silaganning yetmish savobi bor deganlar.
— To‘g‘riku-ya, ammo masalaning nozik jihatlari ham bor-da. Bilasan, mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolalar uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoit, ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar har qanday tahsinga loyiq. Biroq, ularning kunlik hayot tarzini ko‘pdan kuzatib, bir narsaga amin bo‘ldim — yetim bolalar qalbidagi bo‘shlikni ota-ona mehri bilangina to‘ldirish mumkin ekan. Bu haqda ko‘p o‘ylab, senga maslahat solishim bejiz emas. Ertaga biz ular uchun eng zarur bo‘lgan ota-onalik mehrini bera olamizmi, o‘z farzandlarimizdan kam ko‘rmay tarbiyalay olamizmi, demoqchi edim.
O‘sha kungi maslahat asnosida er-xotinning fikrlari bir joydan chiqdi.
Boysunlik Muhammadi Norqulov hamda Zefina Saidovalar xonadonida oilaviy bolalar uyi tashkil etilgan dastlabki kunlarda oila boshlig‘i bilan telefonlashib, maqola yozish niyatini bildirdim. Ammo Muhammadi aka bunday yangilikning afzalligi xususida hech bo‘lmaganda uning bir yillik faoliyati natijalarini tahlil qilgandan keyingina biror fikr bildirmoq maqsadga muvofiq bo‘lishini aytgandi. Shu bois o‘sha suhbatimizdan roppa-rosa bir yil o‘tib, u kishining xonadoniga tashrif buyurdik.
Ochig‘i, to‘qqiz nafar o‘g‘il bola tarbiyalanayotgan uyda biroz besaranjomlik bo‘lishi tabiiy ekanini kutgandik. Lekin ko‘cha darvozadan kiriboq hovlidagi ozodalik xususan, bolalar uchun ajratilgan yotoqxona, o‘quv, dam olish xonalaridagi saranjom -sarishtalikni ko‘rib bahri-dilimiz ochildi. Bolalar darsdan qaytishgach, tushlik qilib, o‘zlariga tegishli uy yumushlari bilan mashg‘ul ekanlar.
— Mashg‘ulotlardan bo‘sh paytda barchaning o‘z yumushi bor,— deydi Muhammadi aka bolalarning ishiga zavqlanib boqar ekan. — Qizlar onalari bilan uydagi tozalik, pishir-kuydirdan ortishmaydi. Katta o‘g‘il Turdimurod bilan Farid hovlidagi bog‘ni parvarish qilishadi. Bozor-o‘char ishlari Ramazon bilan Xolmirzaning gardanida. Artur esa Ramazon bilan qo‘y-qo‘zilarni boqadi. Bo‘sh payt topildi, deguncha ikkalasi qo‘raning atrofida kuymalanishadi.
— O‘zingizning farzadlaringiz bilan birga 11 nafar bola tarbiyalayapsizlar. Boz ustiga bir xonadonda besh millatga mansub bolalar. Qiynalmayapsizlarmi?
— Avvaliga bolalar oila sharoitiga ko‘nikkunlaricha bir-oz qiyinchilik bo‘lgandir. Hozir hammasi iziga tushgan. E’tibor qilgan bo‘lsangiz yotoqxonada to‘qqiz nafar bolaga o‘rin tayyorlangan. O‘z o‘g‘lim Turdimurod ham mehribonlik uyidan kelgan sakkiz nafar bolalar bilan doimo birga va bu holni tabiiy qabul qilishi kerak. Zotan, mehribonlik uyida bolalar jamoaviy tarbiya oladilar. Bu yerda ularga sof oila muhitida ta’lim-tarbiya berish ustuvor talablardan biri hisoblanadi. Oilaviy bolalar uyida tarbiyachi ham, direktor ham, qolaversa o‘nlab nazoratchi-yu, o‘qituvchi ham yo‘q. Faqat ota-ona va farzandlar bor, xolos. Bolalar bir-biriga opa-uka, aka-singil. Ular bizga ota-onam deb, biz esa har biriga «o‘g‘lim» deb murojaat qilamiz.
— Eshitishimcha oilangiz bag‘rida tarbiya olayotgan sakkiz nafar sag‘ir bolalar bu yerga kelgunicha umuman oila nimaligini bilmagan, oila muhitida yashamagan ekanlar?
— Shuning uchun ham ularni oila muhitiga asta-sekin ko‘niktirishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, bolalarning vaqtlarini tarbiyachilar ko‘rsatmalari asosida o‘tkazishga ko‘nikib qolganlari oila muhitida ularga ancha noqulayliklar vujudga keltirardi. Dastlab bolalar o‘zlarining har bir xatti-harakatlari, aytaylik, vaqtida dars tayyorlash, dam olish, hatto televizor tomosha qilish uchun ham bizdan maxsus ko‘rsatma kutib turganday bo‘lardi. Shuning uchun ham ishni eng avval bolalar ongiga oila va oila muhiti nima ekanini singdirishdan boshladik. Masalan, men va turmush o‘rtog‘im uchun bu bolalar o‘z farzandimizdek bo‘lgani kabi ular uchun ham ota-onadek ekanligimiz, shu oilaning barcha qarindosh-urug‘lari va yaqinlari ular uchun ham qarindosh ekani, qo‘ni-qo‘shnilarning bolalari ularning ham hamsoya-o‘rtoqlari ekanligi kabi. Bilasizmi, keyinchalik bolalar oila muhitiga shunchalik kirishib ketishdiki, endilikda mening singlim ular uchun amma, ukam — amaki, turmush o‘rtog‘imning birodarlari esa tog‘a-yu, xola hisoblanadi va bolalar ularga xuddi shu tarzda muomala qilishga ko‘nikib qolishgan. Bundan tashqari bolalar qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilarning to‘y-ma’rakalarida bemalol ishtirok etishadilar va milliy urf-odatlarimiz, marosimlarimiz bilan yaqindan tanishish, ularni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu tobda o‘tgan yoz oqshomlaridan birida bo‘lgan voqea esimga tushdi. Qiz uzatish to‘yida kunduzgi tadbirlarda ishtirok etgach, kechki bazmga chiqmay kichik bolalar bilan uyda qoldim. Suhbatlashib turib kenjamiz Farruh dabdurustdan «dada, men katta bo‘lsam shunday to‘y qilib berasizmi, axir bizlarni kim uylantiradi», desa-chi? Mehribonlik uyi sharoitida hali birorta tarbiyalanuvchilardan bu kabi savol eshitmagandim. Ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. Demak, oila muhitida o‘sgan bola jamoaviy tarbiya olganlardan farqli o‘laroq u ham unib-o‘sishi, vaqti kelib o‘zi ham oila yaratishi kerakligi haqida mushohada qila boshlabdi. O‘tgan bir yillik tajribadan kelib chiqib shunday xulosa qildim: mehribonlik uyida bolaga har qancha ta’lim-tarbiya, bilim berish mumkin, lekin inson uchun uning kelgusi hayotida kerak bo‘ladigan eng muhim hayotiy ehtiyoj oila va oilani boshqarish millatidan qat’iy nazar har bir inson uchun eng oliy qadriyatlardan biri ekanini o‘rgatishning hech ham iloji yo‘q. Bola bunday tushunchani faqat va faqat oila bag‘rida yashab o‘ziga singdirishi mumkin.
— Siz yuqorida «oilaviy bolalar uyi Nizomi» haqida to‘xtaldingiz. Nazarimda, oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalar uchun tegishli sarf-xarajatlar Nizomga ko‘ra davlat tomonidan ta’minlanishi ko‘zda tutilgandir?
— Albatta, xarajatlar xuddi mehribonlik uylaridek byudjetdan qoplanadi. Oilaviy bolalar uyi faoliyatini, uning moliyaviy jihatlarini yuritish xususida ushbu Nizom tasdiqlangandan keyin xalqaro YuNYeSKO tashkiloti hamda «Sen yolg‘iz emassan» jamg‘armalari tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda oilaviy bolalar uylarini yuritish tadbirlari xususida yetarli bilim va ma’lumotlar berildi hamda ushbu tadbirlar dastlabki tayyorgarlik bosqichi sifatida e’tirof etildi. Ayni paytda oilaviy bolalar uyi faoliyati to‘liq ana shu tartiblar va Nizom talablari asosida olib borilmoqda.
Shu o‘rinda masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratmoqchiman. Men yuqorida oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining deyarli yuz foiz oila muhitida unib-o‘sishlari, tarbiyalanishlari ta’minlansagina oilaviy bolalar uylarini tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadga erishish mumkinligiga ishora qilgandim. Bunga erishish uchun esa faqat tashqaridan beriladigan ta’minot bilan kifoyalanmay, balki oilaning shart-sharoitidan, aytaylik, bolalarni oila muhitiga yanada yaxshiroq ko‘niktira olish mumkin bo‘lgan imkoniyatlardan foydalanish lozim. Mana bir misol, bolalar bahorda uy uchun sog‘in sigir, qo‘y-echki olsak oila byudjetiga daromad bo‘ladi, degan taklif bilan chiqishdi. Taklif ma’qul kelib, shaxsiy jamg‘armamiz hisobidan sog‘in sigir, qo‘y-qo‘zi sotib oldik. Natijada yil davomida bolalar sut-qatiqdan qiynalishgani yo‘q. Bo‘rdoqiga boqilgan mollardan kelgan foydadan esa bolalarga qo‘shimcha kiyim-kechak olayapmiz, bayramlarda oilaviy tadbirlar o‘tkazayapmiz. Xullas, mashg‘ulotlardan bo‘sh paytlarda bolalar ham oila byudjetini to‘ldirishga ko‘mak berishayapti, ham ish o‘rganishayapti.
Suhbat orasida Muhammadi akaning farzandlaridan «Oila sharoitida yashash afzalliklari haqida qanday fikrdasiz?» degan savolimga deyarli hamohang javoblar oldim.
Farid (rus): To‘g‘risini aytsam, o‘zga olamga tushib qolgandek bo‘lganman. Chunki bu yerdagi ukalarimga nisbatan ko‘proq vaqt mehribonlik uyida yashaganman. Bir yil davomida oila bag‘rida yashagan kunlarim hayotimni tamoman boshqa izga tushirib yubordi.
Artur (tatar): Onam bilan dadam mening kelajagim, taqdirim haqida faqat umidbaxsh fikrlar aytib, yaxshi inson bo‘lib yetishishimga da’vat etib turishadi. Men ular uchun eng ibratli farzand bo‘lib qolishga harakat qilayapman.
Bolalar kechki mashg‘ulotga o‘tishgandan keyin ham Muhammadi aka bilan suhbatimiz ancha davom etdi. Ushbu suhbat va Muhammadi Norqulov xonadonidan olgan taassurotlardan esa shunday xulosa qilish mumkin: hozircha tajriba sifatida yo‘lga qo‘yilgan oilaviy bolalar uylarining kelgusida ommaviylashishi hayotimizdagi yana bir muammo — taqdirning achchiq qismatiga tashlab qo‘yilgan Artur, Farid, Ramazon kabi minglab begunoh yetimlar hayotini izga solib yuborishga, ularni oila, ota-ona bag‘riga qaytarib, hayotda o‘z o‘rnini topishiga yo‘l ochishi muqarrar.
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2009).