OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farrux Jabborov. Velosipedda 8 ming kilometr (2008)

U kishi haqida yaqin-yiroqlardagi gazetalar “Zamonaviy Mashrab”, “Mashrabning bugungi izdoshi” kabi ta’rifu tavsiflar bilan yozishgan. Bunga Zohidjon Tursunovning Namangan viloyati Kosonsoy tumanida tug‘ilgani, dunyo kezishga bel bog‘lagani, bir-ikki misra she’r ham bitib turishi sabab bo‘lgandir, ehtimol.

Safarning boshlanishi

— Institutni bitirib, maktabga ishga borganimda, — deb gap boshlaydi Zohidjon Tursunov. — Menga qo‘shimcha mash­g‘ulotlar berilmadi. Shunda o‘ylab-o‘ylab, velopoygachilar to‘garagini ochganman. O‘n-o‘n besh chog‘li yigitlar bilan velosipedda Farg‘ona vodiysi va Qirg‘izistonning bir qismini kezib chiqdik. O‘tgan asrning o‘sha 80-yillaridan beri velosiped bilan dunyoni aylanib chiqish orzusi ko‘nglimda g‘imirlab turaverdi. Qarasam yoshim ham o‘tib borayapti.

Shunday qilib, Zohidjon aka gapga yetarlarga maslahat soladi. Ishdan ham bo‘shab, orzularini amalga oshirishga qattiq kirishadi. Namangan viloyat rus madaniyati markazi direktori Sergey Mironov tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydi. Katta ishlarning birinchi qadami Qozog‘iston va Rossiya bo‘ylab sayohat bo‘ldi. 2007 yil 25 maydan 20 iyungacha Qozog‘iston Respublikasining 7 ta viloyati — qariyb 7000 kilometrlik yo‘l bosib o‘tildi. Ba’zi sabablarga ko‘ra Rossiyaning Troitsk shahridan qaytildi. Muhimi, ming-minglab kilometr yurishda emas edi.

— Men yaqin-yiroq yurtlarni shunchaki aylanib chiqqandan nima foyda deb o‘yladim. Shuning uchun velosayohatimni “Xalqaro do‘stlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish” deb nomladim. Shuningdek, Boborahim Mashrab, Usmon Nosir, xalq shoiri, kursdoshim Muhammad Yusuflar ijodiy merosini targ‘ib qilishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Sa’y-harakatlarim besamar ketmadi, nazarimda.

Oltin halqa

Tez orada bu ajoyib odam haqida yuqorida aytganimizdek katta-kichik gazetalar yoza boshladi. Avvaliga qo‘lidan hech nima kelmaydigan, deb o‘ylaganlarda ham ishonch uchqunlari ko‘rindi. Endi uni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p edi. Kosonsoy tumani hokimi tashabbusi bilan Mustaqilligimizning 16 yilligi munosabati ila “Assalom, hur o‘lkam!” oltin halqasi” velosayohati uyushtirildi. Zohidjon Tursunov Farg‘ona vodiysi bo‘ylab 800 kilometrlik masofani qadrdon “ikki g‘ildirakli tulpor”ida bosib o‘tdi. Sayohat davomida joylarda uchrashuvlar o‘tkazildi, elimiz ardog‘idagi kishilar oilasida mehmon bo‘ldi...

— Xalqimizning sevimli shoiri, marh­um Muhammad Yusufning onasini ziyorat qildim... Bundan tashqari ham eh-he... xalqimiz orasida qanday tillo odamlar bor ekan. Bunyodkorlik hissi qalblarida jo‘sh urib turibdi: ishlasam, elu xalq koriga yarasam, deydi.

“Hamkasb”lar bilan uchrashuvlar

— Ikki safarim davomida velosayyohlar, piyoda sayyohlarga ko‘p uchradim. Men kabi dunyo kezish ishtiyoqi bilan yurganlar ham oz emas ekan-da. Shveytsariyalik velosipedchilar bilan Yozyovondagi choyxonalardan birida ko‘rishib qoldik. Ular uchun tut daraxtlari tagidagi yog‘och so‘ri, ko‘rpachayu xontaxta, taomlarimiz, hovuz — hammasi qiziq edi. Chunki inson har qancha tsivilizatsiyalashsa ham, tabiat bolasi bo‘lib qolaveradi. Tabiiylik baribir tabiiylik ekan-da! “Hamkasb”larimning hovuzdagi suvni ko‘rib, unda yuvinib zavqlanishlari Qozog‘iston cho‘llaridagi suvsizlikni yodimga soldi. Irg‘iz cho‘lida ketayapman, hech nima ko‘zga tashlanmaydi. Har-har zamonda uchrab turadigan yulg‘un ko‘zga uzoqdan xuddi muqaddas narsadek ko‘rinadi. Soyasi bor-da, ozroq dam olish uchun o‘tirish mumkin. Shu tariqa yo‘lda davom etayotgandim, birdan kayfiyat ko‘tarildi, cho‘lning o‘rtasida, hech qanaqa sabab yo‘q. Hayron qoldim. Ozroq yurganimdan ke­yin, Qazaliga yaqinlashib, eni 1-1,5 metr­lik ariq chiqdi... Suv! Xuddi sog‘inib yurgan birodaringni ko‘rganday bo‘lar ekansan. Suv bizda serob, lekin o‘shanda uning qanchalik qimmatbaho ekanligini his qildim. Bir kishi duch kelib qoldi, so‘rasam, bu suv Sirdaryodan, biz tomonlardan oqib kelayotgan ekan. Dilimga cho‘g‘ tushdi, tilimga she’r:

Sirdaryoyu Sirdaryo
Aylanasan gir daryo...

Shuncha zahmat nega kerak?

— Shuncha yo‘llarni bosib, qancha odamlar bilan uchrashgansiz. Albatta, sayohat hammani ham qiziqtiradi. Ko‘pchiligimizning yuragimizda shu niyat bo‘ladi-yu, nimadandir voz kecholmaymizmi, nimadandir xavotirga tushamizmi, har holda orzu amalga oshmay ko‘ngil asiriga aylanib qolaveradi. Odamlar sizga ko‘proq qanday savollar bilan murojaat qilishdi?

— Eng ko‘p eshitgan savolim: “Senga nima zaril? Bola-chaqang bo‘lsa...” degan ohangda bo‘ldi.

— Rost, sizga nima zaril, bola-chaqangiz bo‘lsa...

— Inson dunyoga faqat ko‘payish uchun kelmaydi. Qolaversa, sayyohlik menga bobolardan meros, Shoh Mashrabdan qolgan.

Har tong turib men nedir sezaman,
Omilikdan, do‘stim, rosa bezaman.
Dunyo ko‘rmoq uchun, ko‘p bilmoq uchun
Baribir Mashrabday olam kezaman.
Mahtumquli sozin bunda chertaman,
Ahmad Qozonchiga borib yetaman.
O‘zbeklar nomidan salom aytaman,
Bo‘lmasa, dunyo­da yashab netaman...

— Faqat shumi?

— Siz bilmaysiz-da, Farruxjon! Men dunyodan, odamlardan bir javhar qidiraman, uning nomi — ezgulik. Topgan boyliklarimni boshqalarga tarqataman. Qancha berganing bilan mehr kamaymaydi, ezgulik kamaymaydi. Hech bo‘lmasa, shu tomondan saxiyroq bo‘laylik, deyman. Qolaversa, ko‘rgan-kechirganlarim haqida bir kitob yozmoqchiman. Nomini ham o‘ylab qo‘yibman: “Shunday yaxshi odamlar bor dunyoda!”

Shunday yaxshi odamlar bor...

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo. Unga yo‘lda yaxshilar ko‘p uchradi. Har ikkala sayohatining xayrli o‘tganidan mamnun bo‘lib Zohidjon aka shunday odamlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

— Qaerga borsak, yaxshi kutib olishadi. Yo‘l-yo‘lakay choyxonayu oshxonalarda odamlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, dillashib boraveraman. Kimsasiz cho‘llarda esa “KamaAZ”chilar yordam berishadi. To‘xtab, non suving bormi, deb so‘rashadi. Yo‘l azobini yurgan biladi-da. Cho‘lning o‘rtasida yana “hamkasb”laring bilan uchrashib qolsang, qiziq bo‘larkan. Qizilo‘rda atrofida edi, gollandiyalik piyoda sayyoh duch keldi. Butunlay holdan toygan edi. Meni ko‘rib ko‘zlari porlab ketdi, lekin xursandchiligini tashqariga chiqarishga ham majol topa olmadi. Bir-birimizni tushundik, bunday paytda til bilish-bilmaslik ahamiyatsiz edi.

Radiokanallar orqali chiqishlarimiz ham qizg‘in kechardi. O‘zbekistonni bilgan ko‘p, bu yurtning tuzini totgan ko‘p. Lesanovsk shahri radiokanalidagi shunday jonli efirlardan birida qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Telefon qilgan odam jurnalist­dan “O‘zbek og‘aynimizni qo‘yib yuborma, 20 daqiqada yetib boraman”, deb iltimos qildi... Tanishdik. Aleksandr Sarkov Samarqandda harbiy xizmatda bo‘lgan ekan. “Sakkiz nafar xizmatdosh do‘stim tufayli butun o‘zbek millatiga hurmatim beqiyos”, deydi u. “Palovning mazasi hamon og‘zimda. Ikki yil mehmon bo‘lganman sizlarga, bir kun qolaqol”, deb uyiga taklif qildi.

Bunday uchrashuvlar ko‘p bo‘ldi. Chimkentda ham bir 70 yoshli otaxon yig‘lab-yig‘lab ko‘rishdi. U kishi O‘rta Osiyo davlat universitetida o‘qigan ekan. Talabalik yillarini eslab, o‘zbeklardan ko‘rgan yaxshiliklarini xotirlab, uzoq gurunglashib o‘tirdi.

Yana bir narsani aytib o‘tishim kerak. S. Charkovaning oilaviy teatri meni hayratga soldi. Shunday teatrlar ham bo‘lar ekan-da. Butun oila a’zolari aktyor, uyda teatr ochibdi. Bolajonlarning qadami uzilmas ekan...

“Bavurlashuv hissi”

Shunday qilib, velosayyohimiz yaxshilar haqida yaxshilarga xabar berib yo‘lida davom etaverdi. U velosipedda manzildan-manzilga odimlab o‘tib ketavermadi. Asl maqsadi ham velosport emas, ezgulik, tinchlik, ma’rifat tuyg‘ularini tarqatish edi-da. Shu bois madaniyat markazlarida, o‘quv yurtlarida uchrashuvlar o‘tkazib turishni kanda qilmadi. Mutasaddilar undan o‘z yordamini ayamadilar. Ayniqsa, Jambulda Do‘stlik uyida bo‘lgan uchrashuv Zohidjon akada katta taassurot qoldirgan edi. Yig‘in, qardoshlarimiz tili bilan aytganda, “Bavurlashuv hissi”ga to‘la bo‘ldi, unga shahar hokimi ham kelgan edi.

– Uchrashuvlarda so‘z asosan ildizimizning birligi, qon-qardosh ekanligimiz haqida ko‘p gapirilardi. Hatto dildagi so‘zlarini menga yozib ham berishdi, — shunday deya u bir qog‘oz tutdi qo‘limizga: “Bir otaning farzandlarimiz, Turk otaning farzandlarimiz”.

Cho‘l o‘rtasida — Navoiy

– Oqto‘ba bilan Qusho‘rda oralig‘idagi cho‘lda bir yodgorlikka duch keldim. U yerdagi “Navoiy” degan so‘zni o‘qib hayratim oshdi. Ma’lum bo‘ldiki, bu Dada Qo‘rqutga qo‘yilgan ekan, marmar taxtaga u haqida Navoiyning aytgan so‘zlari bitilibdi. Atrofda yashillik, ko‘zni quvnatadigan bu giyohlar uzoqdan suv tashib kelib o‘stirilar ekan. Yaqin orada muzey ko‘rindi. Turkiy Dada Qo‘rqut haqida qimmatli ma’lumotlar oldim...

Endi Osiyo va Yevropa bo‘ylab

Zohidjon Tursunovning navbatdagi safarini Namangan viloyat koreys madaniyat markazi qo‘llab-quvvatlamoqda. Velosayohat markaz asoschisi, falsafa fanlari doktori Aleksey Soy xotirasiga bag‘ishlanadi. Shuning uchun ham finish sifatida Janubiy Koreya Respublikasi tanlangan.

— Bu galgi sayohatim ham butun dunyo allomalari xotirasiga, ilm-ma’rifat, ezgulik va do‘stlikka bag‘ishlanadi. Hozirda hujjatlarni tayyorlash bilan bandman. Safar boshlanishiga ham oz qoldi...

— Qaytganingizdan keyin ham bir suhbatlasharmiz.

— Xudo xohlasa!

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2008).

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.