OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hafiz Abdusamatov. Ko‘lami keng san’atkor (2009)

Hamza hayoti va ijodi bilan batafsil tanishganimizda bu adib va san’atkorning mustabid tuzum davrida, zulm avjiga chiqqan bir paytda shunchalik ko‘p asarlar yozib, adabiyot va san’atning barcha tur hamda janrlarida muvaffaqiyat bilan qalam tebratganidan hayratga tushamiz. U nazmda she’riyat namunalari, nasrda roman va qissalar, dramaturgiyada esa har xil tur va janrlarga mansub asarlar yaratdi. Hamza adabiyotimiz tarixida birinchi bo‘lib kompozitor sifatida opera librettosini yozdi. Unga kuy bastalab opera holiga keltirdi. Rejissyorlik faoliyati, aktyorlik mahorati, o‘qituvchilik iste’dodi, darsliklar muallifi sifatidagi xizmatlarini nazarga olsak, bu ijodkor butun qiyofasi bilan ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Hamza asarlari xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning asarlari badiiy jihatlari, ma’naviy ko‘lami bilan xalqimizning ruhiga, didiga yaqin. Kitobxonlar, tomoshabinlar adib qahramonlari bilan tanishib, sevgi-muhabbatning, vafo-sadoqatning turfa, ta’sirchan talqinlaridan bahramand bo‘ldilar — onglarini boyitib, fikr doiralarini kengaytirdilar.

Hamza faoliyati orqali biz, avvalo, adabiyotning jamiyatdagi o‘rnini, vazifasini kengroq va chuqurroq tushunamiz. Shu ma’noda uning boy adabiy, madaniy merosi kelgusi avlodlar uchun ham ma’naviyatdan saboq berishi shubhasizdir. Adibning o‘z davrida xalq o‘rtasida mashhur bo‘lib ketganining boisi shundaki, u adabiyot va san’at ravnaqi uchun jon-dili bilan kurashdi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Hamza hayot girdobida yashadi, xalqning dardi, orzulari bilan umr kechirdi. Shu sababdan ham u mushkul zamonning jo‘shqin kuychisi, davr jarchisi sifatida maydonga chiqdi.

Hamza xalqning qalbidan otilib chiqqan dardlar, jangovar ovozlar, jamiyat oldinga surgan masalalarni ifodalab, ijodini boyitdi, uning dil torlariga jo‘rovoz bo‘ldi. Yurtdoshlarini, o‘qitish, bilim berish orqali ularning ongini uyg‘otishni o‘zining burchi deb bildi:

Ul haqiqat oynasiga sayqal istarsan, nihon,
Ilm ista, ilm ista, istag‘il zinhor ilm! —

deya hayqirdi. Ilmsiz zulmatdan, zulmdan qutilish mumkin emas, deb bildi. Hamza niyatlarini amalga oshirish — fuqarolar savodini chiqarish uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa urdi. Maktablar ochdi, bolalarga ta’lim berdi. Turli xil o‘qish kitoblarini yozib, nashr ettirdi. Turmushda baxtsiz hodisalarga duchor bo‘lish, illatlar girdobiga tushib qolishning sababi jaholat, ilmsizlikdir, degan xulosaga keldi, savodsizlikka qarshi o‘t ochdi.

Hamzaning ilmga katta ahamiyat berganining boisi — elni uyg‘otish, taraqqiyotga chaqirish edi. “Uxlama ko‘p, o‘zbek eli, asri taraqqiy vaqtida”, “Uyg‘on Turkiston, uyg‘onish vaqtidir”, deb yozadi shoir.

Qurollan mehnatchilar,
Bo‘lsin dunyo sening.
Bas endi qullik ko‘rib,
Asrlar kelganing!

Hamza oktyabr inqilobidan ko‘p narsani kutgan edi, ozodlikka chiqdik, hayotimiz farovon bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Shu sababdan ham yangi tuzumni zamon taqozosi bilan olqishladi. Uning aksariyat asarlarini diqqat bilan kuzatsak, ularning zamirida ishchilar, dehqonlarning hayoti, kurashi, orzu-istaklari ifoda etilganiga amin bo‘lamiz.

San’atkorning dramaturgiya sohasidagi ijodi, mahorati ham alohida tahsinga loyiq, deb ayta olamiz. U o‘z asarlari bilan, Oybek ta’riflaganidek, “misli yo‘q dramaturg”dir. Hamza dramaning barcha janrlarida o‘ziga xos namunalar yaratish bilan birga trilogiya, tetrologiyalar ham yozdi. Uning “Farg‘ona fojealari” to‘rt seriyali dramasi fikrimizning dalilidir. O‘zbek milliy dramaturgiyasi tarixida bunday tipdagi asarlar yaratilmagani ham adib ijodining qimmatini, ahamiyatini oshiradi. Uning ko‘plab dramalari sahna yuzini ko‘rdi, teatrlarning repertuarlarini boyitdi.

Xususan, “Maysaraning ishi” komediyasi chet ellardagi teatrlar sahnasida muvaffaqiyatli o‘ynaldi. Bu asar motivlari asosida kompozitor Sulaymon Yudakov opera yaratib, tomoshabinlarning yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi. “Maysaraning ishi” komediyasi Moskva, Sankt-Peterburg hamda AQSh, Polsha teatrlarida sahnalashtirilganligi, shubhasiz, katta ijodiy yutuq hisoblanadi. Darvoqe, bu komediya kino ekranlarini ham bezagani bejiz emas.

Hamzaning “Zaharli hayot” piesasida shunday lavha bor:

Eshon. Qandoq xalos bo‘lasan?

Maryamxonim. Inshoollo, bo‘laman! Hozir bo‘lmasa ham axiyri bir kun bo‘laman!”.

Ishonch, g‘urur, ezgu-umid barq urgan bu so‘zlar sevgilisidan ajratib, keksa bir eshonga sotilgan Maryamxonimning mardligi, jasoratini ko‘rsatadi. Dramaturg qahramoni zulm, jaholatga qarshi kurashadi. XX asrning boshlarida o‘zbek ayollarining ongi yorishib, ular orasidan jasur insonlar yetishib chiqqani asarda alohida ta’kidlanadi. “Zaharli hayot” Hamzaning iste’dodli dramaturg ekani, murakkab adabiy turning sir-asrorlarini puxta egallaganidan dalolatdir.

Adabiyotimiz tarixiga nazar tashlasak, nazm ming yillik tajribaga egaligini, nasrning paydo bo‘lishi uzoq o‘tmishga borib taqalishini, professional dramaturgiya esa XX asr tongida milliy sahnamizda ko‘rina boshlaganiga guvoh bo‘lamiz. Bu qiyin janrni o‘zining “Padarkush” asari bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy boshlab bergan bo‘lsa, Hamza, Fitrat, Cho‘lpon uning mustahkam zaminini yaratdilar. Bu o‘rinda Hamzaning ijodiy, amaliy xizmatlari diqqatga loyiqdir.

“Maysaraning ishi”da syujetning ishlanishi, konfliktning qurilishi pishiq-puxta, xarakterlar to‘la ma’noda kulgi, masxara zaminida yuz beradi. Maysaraning qalbi optimistik kulgi bilan sug‘orilgan bo‘lsa, Mullado‘st tabiatan hazilkash, shu bilan birga, zaharxanda masxaraga ham moyil. Qozi, Hidoyatxonlar esa masxara botqog‘iga botgan firibgarlardir. Asardagi har bir personajda xarakteriga xos va mos ma’naviy yuk bor. Shundan kelib chiqib, ular turli holatlarga tushadilar. Dramaturg kulgidan mohirlik bilan foydalanib, axloqiy buzuq, g‘alamis kimsalarning sharmandasini chiqaradi.

Hamza o‘z qahramonlari tili bilan chuqur umumlashmalar qiladi va “Sharmandalik ming o‘limdan yomon”, degan g‘oyani xarakterlar mag‘ziga singdirib yuboradi. Shu sababdan ham “Maysaraning ishi” toomshabinlarda juda katta qiziqish uyg‘otadi.

Shunday dramalar qatoriga “Tuhmatchilar jazosi”, “Paranji sirlaridan bir lavha”, “Istibdod qurbonlari”, “Kim to‘g‘ri”, “Muxtoriyat va avtonomiya” kabi puxta asarlarni kiritish mumkin. Bu asarlarning har birida xalqning dardi, orzu-umidlari aks etgan.

Chunonchi, “Istibdod qurbonlari”da tariximizning eng mushkul, fojiali voqealari aks ettirilgan. 1916-yilgi qo‘zg‘olon uyg‘onayotgan ommaning kuchini ko‘rsatish bilan birga, uning fojiali taqdirini ham namoyon etgan edi. Bu kurashga bag‘ishlab shoirlar, yozuvchilar asarlar yozdilar. Mardikorlik mavzusida ko‘plab she’rlar paydo bo‘ldi, ularda jafokash elning his-tuyg‘ulari, iztiroblari, istaklari kuylangan. Turli xil xarakterlarning kurashini esa, Hamzaning “Istibdod qurbonlari”da ko‘ramiz. Hamza bu asarida fojiali xarakterlarni yaratishda ham mohir san’atkor ekanligini namoyish qila oldi.

Eng xarakterli tomoni shundaki, Hamzaning dramaturg sifatidagi yuksak mahorati davr ruhini, zamon nafasini, xarakterlar tabiatini qahramonlarining sa’y-harakatiga, faoliyatlariga sindirib yuborgani bilan izohlanadi. Ijtimoiy taraqqiyotning muayyan bosqichlari, zamon mushkulliklari, sir-sinoatlari ta’sirchan xarakterlar talqini orqali ochib berilgan.

Hamza katta adabiy meros qoldirdi. Uning badiiy barkamol she’rlar to‘plamlari, yetuk dramalari, jiddiy nasriy asarlari, qimmatli nazariy-estetik qarashlari bugungi kunda ham xalqimizga ma’naviy oziq berayotir, hurriyatni ko‘z qorachig‘idek asrashga, ilm va tarbiyaga da’vat etib kelayotir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 14-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.