Sohibqiron Amir Temurning insoniyat tarixidagi o‘rni allaqachon e’tirof etilgan. Ul zoti sharifning odamzot silsilasida takrorlanmas hodisa ekani bor gap.
Aynan mustaqil O‘zbekiston davlatining bo‘y ko‘rsatishi bilan hazratning tarjimai holini o‘rganish uchun, birinchidan, imkoniyat yuzaga keldi, ikkinchidan, bu yumushga zarurat paydo bo‘ldi (axir afkor omma fir’avn Taxmosp yoki hukmdor Kaligulani benuqson bilishi keragu, nega tarix sahifalarida qariyb olti asr zikr etilgan ulug‘ sulola asoschisi bilan hech kim qiziqmaydi?). Har holda, ana shu olamshumul savolga amaliy javob berish uchun sa’y-harakatlar jadal boshlanib ketdi.
Sohibqironning mukammal tarjimai holini o‘rganishga doir tadqiqotlarni o‘zida jamlagan asarlarning yuzaga kelishi moziyning chang g‘uborlari ostida unutilgan ko‘plab haqiqatlarning yuzaga chiqishini ta’minlagan bo‘lardi. Holbuki, ruhiy va moddiy olamlar aro bog‘lanish bo‘lganidek, dunyoda kechgan va kechayotgan jami o‘zgarishlarda ichki mantiqiy bog‘lanish mavjudligi haqida aniq dalil bilan gapiradigan bo‘lsak, 1360 yilda Tunisning Fas shahridagi Karaviyyin masjidida munajjim Abu Ali Badis shimoliy sharq tarafdagi mamlakatlardan birida Sohibqiron tug‘ilgani va u haqda 1380 yillardan so‘ng yer yuzida xabarlar tarqalishini aytgan edi! Ha, Amir Temur hayotini to‘la o‘rganish ko‘p sinoatlarga oydinlik kiritadi.
Bu da’voning tosh bosadigan tomoni esa Shaxsning benazirligidir. Zamondoshlar, jami allomalarning e’tirof etishicha ham, bugungi intellektual salohiyat darajasidan taftish etishlar ham shuni tasdiqlaydiki, hazratning har bir so‘zi, har bir ishorasi teran mantiqqa asoslangan, istiqbolga yo‘l ochgan. Bir misol.
Anqara jangidan so‘ng mag‘lub Boyazidni Amir Temur huzuriga olib kiradilar. Hazrat bo‘lib o‘tgan noxush voqeaga o‘z munosabatini izhor etgach, Boyazidga shunday deydi:
— Agar men sening qo‘lingga tushganimda, nima qilishing aniq edi, lekin men senga va senga yaqin kishilarga yomonlik qilmayman.
Bu gaplar shunchaki iltifotmi yoki uning zamirida boshqa ma’no bormi? Qolaversa, bu tanbehnamo lutflarda so‘zlovchining kayfiyati aks etganmi? Muqoyasa uchun keltiramiz.
Qur’oni karimning “Tavba” surasida ko‘proq urush, jang, qatl haqida so‘z borib, Tabuk jangi to‘g‘risida eslatiladi. Suraning 8-oyatida shunday deyiladi: “(Mushriklar) agar sizlarni yengsalar, sizlar uchun na ahdni va na shartni rioya qiladilar. Og‘izlarida sizlarni rozi qiladilar-u, dillari inkor etib (jirkanib) turadi...”
Agar bu muborak kalomni Amir Temur so‘zlari bilan taqqoslasak, Sohibqiron oyatlardan o‘ziga olgan pand-nasihat asosida gapirmayaptimi, ya’ni “Men raqiblarimga jabr qilmayman — mushrik emasman” demayaptimi? Albatta, bu mening talqinim, sahv bo‘lsa uzr, biroq bir gap aniqki, bobomiz, avvalo, Qur’oni karimni dasturilamal sifatida qabul qilganlar va Qur’oni karim lafzida so‘zlaganlar. (Buning uchun muqaddas kitobni boshidan oxir yod bilish hamda tafakkurda boshdan oxir o‘zlashtirish talab etilishi sir emas).
Men bu dalilni buyuk ajdodimiz siymosini yana bir bor tasavvur etish uchun keltirdim. Aslida hazratning tarjimai hollari haqida fikr yuritayotgan edik. Shu xususda ba’zi mulohazalar.
Ma’lumki, 1361 yilda Amir Temur Movarounnahrni istilo qilib turgan Ilyosxo‘ja hokimiyatida sipohsolor (qo‘shin boshlig‘i) etib tayinlanadi. 25 yoshli yigit uchun bu yaxshigina mavqe edi va u mo‘g‘ullarning xizmatini qilib, ayshini surib yashayverishi mumkin edi. Biroq bosqinchilarning mahalliy aholiga nisbatan zug‘umi to‘xtamaydi, aksincha, avj oladi. Bu holdan aziyat chekkan Samarqandning ashrafu arkonlari, ulamolari Amir Temurga fatvo yozib berib, mo‘g‘ullarga qarshi jihodga chorlaydilar. Temurbekda ayni paytda yov bilan yuzma-yuz jang qiladigan qo‘shin yo‘q edi va kuch to‘plash maqsadida mo‘g‘ullar ixtiyoridan chiqib, Amudaryo ortiga, Badaxshon taraflarga ketishni mo‘ljallaydi. Tuzuklarda: “Otlanib, Amir Kulolning huzuriga bordim”, deyilgan.
Tabiiy savol tug‘iladi: “Xo‘sh, Amir Kulol kim? Nega ikki o‘t orasida qovrilib yurgan yigit ul zotning huzuriga bordi?” Taassufki, “Zafarnoma”larda bu haqda ma’lumot uchramaydi. “Tuzuklar”da berilgan izohga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol Naqshbandiya — Xojagon tariqatining yirik namoyandalaridan bo‘lib, Buxoro viloyatining Suxori qishlog‘ida tug‘ilgan. Ko‘plab ommaviy istilohlarda esa bu zotni Shamsiddin Mir Kulol bilan chalkashtirish hollari ham uchraydi.
Agar katta yo‘l boshida turgan, yurt taqdiri uchun fatvo olgan Temurbekning najot istab, yukinib bir kishi huzuriga kelishini mulohaza qilib ko‘rsak, bu zotning dargohi najotbaxsh bo‘lganini, uning o‘zi ham mavqe jihatdan tevarak-atrofga dong taratgan kishi ekanligini tasavvur qilish qiyin emas. Ma’lumotlar tasdiqlaydiki, bu gap to‘g‘ri, payg‘ambarimiz avlodidan bo‘lgan bu zot o‘z davrining peshqadam mashoyixi bo‘lgan. Bu haqda “Xojagon — Naqshbandiya mashoyixlari” risolasi (“Yangi asr avlodi”, 2003 y.)da e’tiborli ma’lumotlar keltirilgan.
Sayyid Amir Kulol taxminan 1281 yilda Suxori yoki Afshona qishlog‘ida tug‘ilib, 1370 yilda Suxorida vafot etganlar, qabrlari hozirgi “Yangi hayot” qishlog‘ida. Umrlari davomida kulolchilik bilan shug‘ullanganlar. Kurash tushganlar. Bobo Sammosiyga murid bo‘lib, sayyidligi bilan bir qatorda shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat darajalariga yuksalgan.
Albatta, Temurbekning aynan bu dargohga kelishi sabablari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bir dalilni chetlab o‘tish mumkin emas. Sohibqironning ona tomonidan bobosi Ubaydulloh ibn Mahmud al-Mahbubiy Buxoroda yashagan, shariat qozisi bo‘lib turgan. Demak, boboning Naqshbandiya — Xojagon shayxlari bilan o‘zaro yaqinligi bo‘lgani shubhasiz. Balki qozining o‘zi ilk daf’a yosh nevarasining qo‘lidan tutib shayxlar huzuriga olib borgandir.
Xoja Sayyid Amir Kulol o‘zlaridan keyin tariqat ijozatini topshirgan xalifalar safida keshlik Shamsiddin Kulol va Bahouddin Naqshband hazratlari ham bor ediki, bu zotlar qaysidir jihatlari bilan Sohibqiron tarjimai holiga daxldordirlar.
Bu jihatdan Shamsiddin Kulolning o‘rni aniq: oilaning piri, yosh go‘dakka “Temur” deb ism qo‘ygan, yorqin istiqbolini bashorat qilgan mo‘‘tabar zot. Rosti, Movarounnahr tarixidagi ikki buyuk zot — Bahouddin Naqshband va Amir Temur munosabatlari haqida deyarli hech narsa ma’lum emas. Insof bilan aytganda esa bir zamonda yashagan bu ikki yirik shaxs bir-birini bilmasligi mumkin emas. Agar tashqi dalillarni muqoyasa qiladigan bo‘lsak, Amir Temur tug‘ilganida Bahouddin janoblari 18 yoshda bo‘lgan. Ulug‘ zot vafot etganida (1389 yil) esa Sohibqiron o‘z davlatini mustahkamlash uchun olov kechib yurgan, shu yili shimoldan To‘xtamishning tahdidlari kuchaygan, sharqda esa Mo‘g‘uliston tan berishni xohlamay, intiqom uchun qo‘zg‘alayotgan edi.
Bu ikki zotning yuzma-yuz kelganini taxminlaydigan shunday dalil ham borki, Bahouddin Naqshband aynan Nasafda yashayotgan Sayyid Amir Kulolga borib, murid tushadi. Yosh Temurning esa o‘sha paytda Movarounnahrda mavqei ancha baland bo‘lgan Nasafda ta’lim olgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud.
Afsuski, hozir istifodada bo‘lgan adabiyotlarda mashoyix va sohibqiron muloqotlari, munosabatlari haqida yorqin dalillar uchramaydi, ammo bunday diydorlashuvlar ro‘y bergani ehtimoldan uzoq emas.
Biz 1991 yil avgustda ekspeditsiya bilan Bahouddin Naqshband hazratlari ziyoratgohida bo‘lganimizda o‘sha paytda majmuadagi masjidning imom xatibi Muxtor hoji Abdullo (bu kishi keyinchalik O‘zbekiston musulmonlari idorasining rahbari ham bo‘lib ishladilar. Xudo rahmat qilgan bo‘lsin) bilan uzoq suhbatlashgan, ul zot ko‘plab ibratli voqealar, jumladan, bir rivoyat ham aytib bergan edi. Emishki, Amir Temurning elchilari kelib, shayxga xazina tugab qolganini arz qilishibdi. Shunda mashoyix kelganlarga machit devorining tubidan bir qop tuproq olib ketishni buyuribdilar. Xulosa shuki, ixlos qilsang, tuproq ham oltinga aylanadi. Rivoyat zamiridan shunday ma’no balqib turibdiki, hukmdor va shayx munosabatlari saroy xazinasining ahvoli haqida ma’lum qiladigan va ko‘mak so‘raydigan darajada yaqin bo‘lgan.
Shubhasiz, buyuk zotlar o‘rtasidagi munosabatlarni taxmin qilishning ma’lum mezon va me’yorlari mavjud. Bu borada olimlar va ijodkorlarning ilmiy va badiiy salohiyati hali asqotadi. Agar maslahat ilinjida pirning huzuriga kelgan yurt xaloskorining keyingi taqdirini esga oladigan bo‘lsak, bu haqda “Tuzuklar”da shunday yozilgan: “Ular menga Xorazmga borishga maslahat berdilar. Agar g‘alaba qozonsam, Samarqandning bir yillik xirojini ularga nazr qilishga qaror qildim. Ular menga zafar tilab fotiha o‘qigach, ketishimga ijozat berdilar. Sayyid Amir Kulol xizmatlaridan chiqqanimda, menga hammasi bo‘lib oltmish otliq hamrohlik qilardi”.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, pir Temurbekning yo‘lini butunlay boshqa tarafga burib yubordi. Amir Temur Badaxshonga ketmoqchi edi, pir uni Xorazmga da’vat etdi. Bu yo‘l erk va ozodlik yo‘li edi, Turonzaminni 110 yillik istilodan ozod qilish soati boshlangan, buyuk muhorabaning ilk qadami shunday qo‘yilgan edi. Bu shonli kurash qariyb o‘n yil — Sohibqironning 1370 yilda Movarounnahr hukmdori deb e’tirof etilishiga qadar davom etdi.
Oltmish otliq... Keyinchalik Samarqand qo‘shini bundan yuz ming bora ulkan ko‘lam kasb etgani haqida muarrixlar yozib qoldirgan. O‘sha kunlardagi har bir kichik unsur ham Sohibqironning tarjimai holini mukammal o‘rganishimizda katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 14-sonidan olindi.