Adabiyotni hamma o‘z mezoni bilan baholaydi. Agar barchaning qo‘lida tarozisi bo‘lsa, unga turlicha tosh qo‘yiladi. Umumiylikdan xususiylikka o‘tadigan bo‘lsak, men uchun adabiyot, avvalo, dars jadvalidagi mashg‘ulot edi. Muallim qo‘ng‘iroq chalingach, kirib keladi, xuddi baxshi doston boshlashdan oldin do‘mbirasining quloqlarini tortib qo‘ygandek, tiyiqsiz bolalarni tobiga keltirib oladi-da, darsni odatdagidan boshqacharoq boshlaydi, ya’ni “o‘tgan darsni baholamay”, birdaniga yangi darsni bayon etishga kirishadi.
Odatda, bugun o‘tiladigan mavzu muhimroq bo‘lsa, ustoz shunday yo‘l tutadi: ko‘ngliga tugib kelgan gaplarini emin-erkin to‘kib solish uchun vaqtdan yutish maqsadida. Agar u hafsala qilsa, qo‘ng‘iroq chalinguncha, ya’ni 45 daqiqa yangi darsni tushuntirishi (bayon qilishi) mumkin. Haytovur, muallimning qalbida ham qandaydir uchqun bor shekilli, shavq va hafsala bilan to‘yib gapiradi. Garchi uning ma’ruzasi ancha uzun bo‘lsa ham bolalarni zeriktirmaydi (har holda matematika yoki fizika emas-ku), aksincha, ustozning zavqi o‘quvchilarga ham ko‘chib, sinfxonada jonli bir hayot hukmron bo‘ladi. Unda tirik odamlar yo salbiy qahramon, yo bosh qahramon qiyofasida kezib yuradi. Ular yosh qalblar uchun butunlay yangilik bo‘lgan hayot ziddiyatlariga duchor bo‘ladilar, qiynaladilar, iztirob chekadilar, nihoyat, o‘tlarda kuymay, suvlarda cho‘kmay, “murod-maqsadlariga yetadilar”, ular dunyoni asrab qoladilar. Ular borki, hayot davom etadi, ular borki, quyosh porlab turibdi. Balki ularning aynan o‘zi Quyoshdirlar.
Ustoz mubolag‘ani ancha baland olgan, deganki, “Agar dunyoda haqiqat bo‘lmasa, hayot bo‘lmaydi. Quyosh hayotni osmondan ta’minlab bersa, Haqiqat yerda uning tomirini ushlab turadi”. Shunday qilib, murg‘ak qalblarda Haqiqatni o‘rgatadigan, uni vasf etadigan fan sifatida Adabiyot muhrlanib qoladi va “Adabiyot haqiqat fanidir, kim adabiyotni bilmasa, hayotni bilmaydi, chunki bunday odam hayotning yerdagi asosi Haqiqatdan bexabar, uni tanimaydi, uni sevmaydi, uni hurmat qilmaydi” degan momiq patli tushuncha paydo bo‘ladi.
Va tajriba orta borgach, ana shu mo‘‘jizani – Adabiyotni yaratuvchi insonlar bo‘lishini, ular Shoir, Yozuvchi va yana boshqa nomlar (masalan, Adib, Tanqidchi degandek) yuritilishini bilib olamiz hamda ularni qidira boshlaymiz. Qaysidir kitob didimizga o‘tirsa, uning muallifi “Adabiyot yaratuvchisi!”. Qarabsizki, bir ro‘yxat paydo bo‘ladi, u to‘lib boraveradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, hazrat Alisher Navoiydan boshlangan bu ro‘yxatning nechanchidir o‘rnida ...Odil Yoqubovning ism-sharifi bo‘lgani aniq.
...Qo‘limga bir kitobcha tushib qolgandi, kaftdekkina, ustiga yaproqlarning surati tushirilganmidi-ey. Bu Odil Yoqubovning ”Muhabbat” va “Tilla uzuk” qissalari jamlangan to‘plam edi. Uni mutolaa qilib bo‘lgach, ulug‘ orzular, inchunun, oliy o‘quv yurtiga kirib o‘qishni diliga tugib yurgan o‘smir kirish imtihonidagi qalloblikdan qattiq iztirobga tushganman, hayotda shunaqa holga duch kelsam, nima qilardim, deya mulohazaga borganman.
Bu hozirgacha shunday olamda yashagan o‘quvchining ertaklar, afsonalar, mubolag‘alar olamidan jonli hayot qo‘yniga tushishi edi va bu vazifani hurmatli yozuvchining aynan voqelikdan olib yozilgan va uning “nash’u-namolari” juda ta’sirchan aks ettirilgan mo‘‘jazgina asari bajargandi. Shundan keyin yosh havoyi ko‘ngilni bo‘shliqdan zaminga tushirib qo‘yishga qodir bo‘lgan “adabiyot”ning muallifi qadrdon bo‘lib qoldi va bu adibning yozganlarini qoldirmay o‘qish odatga aylandi. Keyinroq mutolaadan chiqqan kitoblarni yig‘a boshladim, ularni daftarga qayd qilib bordim. Ro‘yxatning boshida o‘sha kitobchaning nomi qayd qilingan edi. Shunday qilib, ko‘pchilik “Ma’naviy xazinam” deb ataydigan shaxsiy kutubxonaning birinchi bisoti ham Odil Yoqubovning asari bo‘ldi.
Milliy adabiyotimiz naqadar boy, uning safini bir-biriga o‘xshamagan, betakror ko‘plab so‘z san’atkorlari tashkil etadi. “O‘nta bo‘lsa, o‘rni boshqa” deganlaridek, har birining o‘z olami, aytar so‘zi bo‘lgan, bor. Musiqa asboblari birining o‘rnini biri bosolmaganidek yoxud ularning birini yaxshi, birini yomon, deb bo‘lmaganidek, so‘z ahlining har biri ham muxlislar qalbida o‘ziga xos timsol kashf etgan. Afsuski, vaqt va zamon nuqtai nazaridan qalamkashlarning hammasini bir xil baholab bo‘lmaydi. Ularning qay biridir ming yillarning narisida umrguzaronlik qilgan bo‘lsa, birovlari yuz yillar ufqidan borliqqa nazar solib turadi. Lekin Odil Yoqubov bilan bizlar zamondosh edik. Yana menga u zotni ko‘rish, qo‘l olib salomlashish nasib etgan. Qolaversa, o‘gitlarini tinglash, marhamatlaridan bahramand bo‘lishga ham ulgurganman.
“O‘zbekiston madaniyati” gazetasi “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” nomi bilan qayta tashkil etilgach, u tez orada muxlislar qalbini zabt etishga ulgurdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor bosh muharrir bo‘lgan nashr matbuotimizda yangi yo‘l ocha oldi. Uning sahifalarida e’lon qilingan dolzarb va qiziqarli mavzulardagi tahliliy maqolalar ijtimoiy fikr osmonida chaqmoqdek iz qoldira boshladi. Albatta, qisqa davrda ro‘y bergan bunday “portlash effekti”ni Odil Yoqubov rahbar bo‘lgach, izchil davom ettirish oson emas edi. “Chempion bo‘lish oson, uni saqlab qolish qiyin” deganlaridek, yangi bosh muharrirning zimmasida qozonilgan ishonchni oqlash, shu bilan birga muxlislar qalbiga yana chuqurroq yo‘l topish vazifasi turardi. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, bu talab to‘la bajarildi, boz ustiga oshirib uddalandi. Gazeta mavzulari yana ham kengaydi, endi bosiq, o‘ylashga undaydigan ruh ustivor bo‘la boshladi.
Xullas, gazeta “charaqlab” turgan kezlarda jurnalistika fakultetining uchinchi kurs talabasi amaliyotni ana shu nashrda o‘tay boshladi. Bu mashg‘ulot unga qanchalik zavq-shavq ulashganini tasavvur qilish qiyin emas. Amaliyotchilar tahririyatning barcha mashvaratlariga ruxsat etilavermasa-da, haftalik adabiy muhokama (letuchka)da qatnashishga ijozat bo‘lgandi. Ana shu asnoda bosh muharrirning ijodiy jamoa bilan munosabatiga yaqindan guvoh bo‘lishga muyassar bo‘lganman.
Gazetaning qaynoq muhiti ohanrabodek o‘ziga tortdi. Bizlar ham ustozlarga taqlid qilib (o‘zi, ko‘plab xayrli ishlar yaxshi ma’nodagi taqliddan boshlanadi), muammoli maqolalar yozishga bel bog‘ladik.
Men ham cho‘llarda yangidan tashkil etilgan aholi yashash qarorgohlari – posyolkalar bilan bog‘liq qandaydir masalalardan bahs etuvchi “Bugungi posyolka – ertangi shahar” sarlavhali maqola yozdim. Bo‘lim muharriri, adabiy kotib singari bosqichlardan o‘tib, maqola epaqaga keldi, bosmaxonaga tushib, terilish baxtiga ham muyassar bo‘ldi. Endi asosiy gap – gazeta sahifasida ko‘rinishi qolgan edi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da maqolang chiqibdi” degan xushxabarni eshitaman, deb kunlarni sanab o‘tkaza boshladim. Bu orada amaliyot muddati ham tugadi, o‘qishlar ham boshlandi. Endi kunlar izidan haftalar o‘ta boshladi, biroq maqola yorug‘lik yuzini ko‘rmasdi. Haftalarni quvib, oylar ham o‘tdi, amaliyotdan imtihon topshirish muddati ham yaqinlashdi.
Rostdan ham, tahririyat papkasi maqolalarga to‘lib ketgan, eng yaxshilari saralanib-saralanib e’lon qilinardimi yoki talabaning “ijodi” unchalik ohanraboli emasdimi, xullas, posyolkadan shahar paydo bo‘lishga yetadigan muddatda ham maqola chiqmadi. Nima qilish kerak? Quyidagi barcha xodimlarga iltimoslar beiz ketgan, hatto amaliyot rahbari – bo‘lim muharririning sa’y-harakati ham ish bermagan edi. “Yotib qolguncha otib qol” qabilida o‘zim bosh muharrirga kirishga qaror qildim. Ancha tayyorgarlikdan so‘ng shu ishni amalga oshirdim.
Kotiba mening kirmoqchi ekanimni bildirgach, rahbar, haytovur, qabul qilishni ep ko‘rdi (holbuki, o‘tgan yil amaliyot o‘tilgan boshqa bir tarmoq gazetasining rahbari o‘zi qabul qilmay, muoviniga yo‘llagan edi). Rosa to‘lib ketgan ekanmanmi, hasratimni to‘kib solgan bo‘lsam kerak-da, taniqli yozuvchi ham mutaassir bo‘lib, o‘z tuyg‘ularini izhor etgan. Shu suhbatda bir gap xotiramda alohida o‘rnashib qolgan: “Ko‘plab yoshlar tuflisining izidan ergashib yuradi, o‘zi miyasini ishlatib, harakatini boshqara olmaydi”. Keyin bir oz taskin berib, “Hali ko‘p maqolalar yozasiz, katta jurnalist bo‘lasiz. Har narsaga xafa bo‘lavermang” deganlar. Shundan keyin mas’ul kotibni chaqirib, “Talabaning maqolasi uch oydan beri terilgan turibdimi, nega berib yubormadinglar?” qabilida bir oz dashnom berganlar. Maqola shu sonda e’lon qilingan. Uning chiqishi kursdoshlarim o‘rtasida men uchun obro‘ bo‘lgan.
“Bir ko‘rgan bilish, ikki ko‘rgan tanish” deganlaridek, ko‘plab kitobxonlarga ega bo‘lgan yozuvchi endi menga ham yaqinroq edi va bundan chinakamiga ichdan faxrlanar edim. Taassurotlarim har holda teranroq mulohaza yuritishga ham undardi. Chunonchi, “Nima uchun yozuvchi bo‘ladilar? Nihoyati qozon qaynatish uchunmi? Bunaqada tirikchilikning ung‘ayroq yo‘llari ham bor-ku (bunday fikrga kelishimning sababi – oliy ta’lim tahsilidan yozuvchi-shoirlarning hayoti silliq kechmaganini, ular hamma joyda “o‘zlarining borligi”ni bildirib, boshiga tashvish orttirib yurishlarini bilgan edim), masalan, qo‘liga bigiz olib, etikdo‘zlik qilishi yoki osh damlab odamlarni boqib ham kun ko‘rishi mumkin” qabilidagi odmi mulohazalarga ham izn berardi.
Ko‘p o‘tmay, bu savollarimga jonli hayotning o‘zidan javoblar topilib qoldi. Qizil imperiya hayot-mamot damlarini kechirayotgan pallada turli millat va madaniyatning eng yetuk vakillari bosh qarorgohga to‘planib, mashvarat qilardi. Bu izdihom aksariyat “Motamga borgan o‘z dardini aytib yig‘laydi” qabilida tus olardi. Bu “aytish”ning salobati og‘ir, avvalo, navbat tegishi ham dargumon, aytuvchilarning mavqei bir-biridan baland, keyin esa bu taloto‘pda til uchidagi gapni eplab aytish ham alohida mahorat talab qilardi. Ana shu ko‘pkarida xuddi xalqimiz timsolidek kamtar, kamsuqumlik bilan Odil Yoqubov ham ma’ruzalar qilgandi.
Yozuvchimizning chuqur iztirob, to‘la dard bilan aytgan gaplari ishtirokchilarni hayajonga sola olgan, ular qariyb jannat deb ta’riflanuvchi o‘lkada ham jiddiy muammolar borligini his eta olgan edilar. Jumladan, osmondan tonnalab yog‘iluvchi zahri qotillar – gerbitsitu pestitsidlar odamlarning jigarini eritib yuboribgina qo‘ymay, onalarning naslini ham abgor qilganligi haqidagi dardli ma’ruzalar hammani hushyor torttirgandi. Shunda yozuvchi Odil Yoqubovning nutqi katta suronlarda xalqining ovozi bo‘lib yangragan, uni millat, xalq uchun jonfido vatanparvar sifatida kashf qilganmiz. Shu o‘rinda yozuvchilikning mohiyati ham ayon bo‘lgan. Bu kasb kishisida o‘zini o‘tga-cho‘qqa uradigan jur’at bo‘lishi lozimligini his etganmiz.
O‘sha chiqishlarning birida o‘zbekcha “xalfana” degan ibora ishlatilgan, sherikchilikning talablari qadimiy qadriyatimiz misolida tushuntirilib, umumiy qozonda har bir ishtirokchining ulushi unga solgan masallig‘iga qarab teng taqsimlanishi haqidagi bizda qaror topgan qadimiy udum eslatilgan. Holbuki, o‘sha paytlarda (umuman, sho‘ro zamonida) bu me’yor buzilgan, boshdan-oxir unga amal qilinmagan, kimdir nuqul masalliq tashigan, kimdir faqat tayyor oshga bakovul bo‘lgan. Shu latif tanbeh orqali Odil Yoqubov o‘z xalqining farzandi, milliy qadriyatlar bilan voyaga yetgan, ulg‘aygan ziyoli ekanini ko‘rsata bilgan edi.
Yurtimiz mustaqilligining bir yilligi nishonlangach, ancha oldin tashkil qilingan “Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab” yoshlar safari ikkinchi bosqichini O‘tror yo‘nalishi bo‘yicha davom ettiradigan bo‘ldi. Shu safar asnosida Odil Yoqubovning kindik qoni tomgan Qarnoq qishlog‘iga ham tashrif buyurildi, xonadonlarning birida tunab ham qolindi. Ertasi qishloq atroflarini ko‘zdan kechirdik, ko‘plab odamlar bilan muloqotda bo‘ldik. Bu kezishlar yana bir marta atoqli yozuvchi olamini his etishda asqotdi.
Bu go‘shada mubolag‘asiz buyuk ajdodlarimiz nafasini tuyish mumkin edi. Bir nechta ulkan va qadimiy qabristonlar, masjidlar, ming yillar oldingi ulug‘ taraqqiyotni bag‘rida saqlab yotgan tepaliklar ana shu teran haqiqatni tasdiqlardi.
Keyinchalik qog‘ozga tushgan shu kunlar sharhida shunday satrlar bor ekan: “Qarnoqda eng yayragan Iskandar bo‘ldi. Bu joy uning ota yurti, padari buzrukvori – mashhur yozuvchi Odil Yoqubov shu qishloqda tug‘ilgan. Ularning hovlisi Irmoq daryosi yoqasida, ilon izi suv yo‘li bo‘yida. Minglab tollar shoxlarini tarvaqaylatib, qo‘r to‘kib turishibdi. Shu manzarada bir ajib sehr bordek tuyuladi. Yana qimmatli tomoni shundaki, yetti xil ma’dandan Qarnoqda quyilgan doshqozonning ustalari safida shu qishloqliklar ham bo‘lishgani tarixdan ma’lum. Agar Amir Temur uncha-buncha odamga ishonch bildiravermaganini hisobga olsak, bu yerda qadimdan hunarmandchilik rivojlanganiga shak-shubha yo‘q”.
Atoqli yozuvchi esa o‘z ona qishlog‘iga, uning odamlariga muhabbatini “Ulug‘bek xazinasi” romanidagi Qalandar Qarnoqiy timsoli orqali ifodalagan.
Garchi bir shaharda yashab, matbuotda faoliyat ko‘rsatib turgan bo‘lsam ham Odil Yoqubov bilan muttasil muloqotda bo‘lish nasib etmadi. Katta shahar hayoti, bo‘hronli qalamkashlik olamida bu odatdagi hol. Agar biror tasodif yoki saxovatli odam sabab bo‘lmasa, yon qo‘shningni ham tanimay o‘tib ketishing mumkin shaharda. Biroq adibning 80 yillik to‘yi bo‘lishini eshitib, ko‘p qatori olim akamiz Mahmud Sattorov hamrohligida ixlos bilan oshga tashrif buyurganmiz, azbaroyi mehrimiz, hurmatimiz tufayli oqshom yozuvchining xonadoniga ham “eshikni taqillatmay” (bu dargohning samimiyati shunga izn berardi) kirib boraverganmiz.
Dasturxon atrofidagi suhbat kinolentasidek tasavvurda abadiy yashaydi. O‘zbekona mehmonnavozlik asnosida bepoyon kengliklar bag‘rida ulg‘aygan, zuvalasiga halollik va diyonat qorishgan muhtaram zotning elga manzur qilgan fazilatlari moyasini ilg‘ashga, asarlarida do‘lvor, shijoatli, mard kishilar qiyofasini yaratgan san’atkorning estetik olamini tasavvur qilishga intilganmiz...
Yana bir jonli taasssurotlar asosidagi lavha shuki, qor yoqqan, yer muzlagan bir kun, oziq-ovqat do‘koni qarshisida telpagini chuqur bostirib olgan, sirpanib ketsa, yigitlar ham charxpalak bo‘lib ketadigan omonat ko‘prik boshida jahd bilan turgan, “nozik mehmon” uchun tansiq taomni aynan o‘zi tanlab xarid qilish uchun ataylab chiqqan buzrukvor. Uning ko‘chani to‘ldirib turgan tal’ati.har doim shu joydan o‘tganda goh kulgi (guvohlar bu do‘konni hamon “Odil akaning magazini” deb yayraydilar), goh mahzunlik qo‘zg‘ab (“bino qo‘nqayib turibdi, qani Odil Yoqubov?”), o‘ychan xotira sifatida bir umr saqlanib qoldi (balki keyinchalik esdalik lavhasi qo‘yilar).
...Ko‘plab muhtasham binolarga maftun bo‘lib ulg‘aygan oshufta qalb egasi vaqtlar va zamonlar evrilib, o‘zi ham biror kulba tiklashga jahd qiladi. Bor mehri, mahorati bilan ishga kirishadi. Shubhasiz, uning rejasi, xatti-harakatlarida bir vaqtlar tasavvurida qolgan, yorqin taasssurotlar asnosida jonlangan o‘sha imoratlar tarhi timsol bo‘lib suratlanadi...
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.