OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. Bobur – milliy artilleriya asoschisi (2004)

Tarixda o‘tgan harbiy muhorabalar sirlari, armiyani saqlash, tartib bilan ish yuritish, uni yangi aslahalar bilan boyitish tajribalari bugungi yosh askaru zobitlarimizda Vatanga muhabbat, o‘tmishimizdan g‘urur, yangilik yaratishga havas uyg‘otishi shubhasiz. Ayniqsa, Amir Temur va Zahiriddin Boburning harbiy mahoratini, ularning yuksak jang tajribalarini imkon qadar o‘rganib, mustaqil yurtimiz mudofaa tarixining ayrim sahifalarini to‘ldirish dolzarb vazifalardandir.
Mazkur maqolada biz shu katta mavzuning bir jihati — Zahiriddin Muhammad Boburning milliy artilleriyamiz asoschisi sifatidagi faoliyati haqida so‘z yuritmoqchimiz.
Zahiriddin Bobur Hindistonni tasarrufiga kiritgunga qadar, endi qirq yoshni qoralayotgan pallada yurt olib yurt bergan, muhorabalarda suyagi qotgan, do‘st vafosidan ko‘ra atrofidagilarning xiyonati, bevafoligidan ko‘p ozor chekkan sarkarda edi. Uning yagona maqsadi bobosi Amir Temurning bepoyon saltanatini asrash, ko‘pincha o‘zlarining tor manfaatlarini ko‘zlab, nizo-janjallar girdobiga tushayotgan taxtparast beklar boshini biriktirish edi.
Bobur Hindistonga yurish qilgunga qadar, avval Movarounnahrda Ahmad Tanbal, keyinchalik Xisravshoh, Shayboniyxon, Buxoro uchun kurashda Abdullaxon bilan jang qilgan, g‘alabalar nashidasini surgan, mag‘lubiyatlar alamini tortgan — ulkan muhoraba maktabini o‘tagan. Bobur yuz-yuz ellik ming askar, ayniqsa, ikki mingta jangovar filga (ta’bir joiz bo‘lsa, bu fillar o‘sha paytda muhoraba maydonida bugungi tank vazifasini o‘tagan) ega hind sarkardasi Ibrohim Lo‘diy armiyasiga qarshi nisbatan kam sonli lashkar bilan kurashib, g‘alaba qozongan. 
Bu janglarda Bobur tufang mavqeiga katta e’tibor beradi. U, birinchi galda, hind, pushtu va balujlarning jang maydonida hali bu aslahaga duch kelishmaganini bilib, undan ruhiy ta’sir vositasi sifatida ham foydalanadi. Kashmir yaqinidagi Bajavr jangida uning tufangchilari shijoat ko‘rsatib, g‘animni tahlikaga solib qo‘yishadi. Bu esa Boburga yanada mukammalroq qurol yaratish g‘oyasini beradi: «Bajavr eli chun tufangni ko‘rmaydur edilar, tufang unidin hech parvoe qilmadilar, balki tufang unini eshitgach tamasxur qilib, muqobalada shani’ harakatlar qilurlar edi. O‘shal kuni Ustod Aliquli besh kishini tufang bila otib yiqdi. O‘zga tufangandozlar ham tufang otmoqta bisyor jalodat ko‘rsatib, yaxshilab ottilar. Kalqondin, jibadin, govsardin o‘tkara-o‘tkara, yiqita-yiqita ottilar. Oqshomg‘acha shoyadkim, yetti-sekkiz-o‘n bajavriy tufang bila yiqildi. Andin so‘ngra andoq edikim, tufangning zarbidin bosh chiqara olmaslar edi».
Yuqoridagi parchadan muhorabada tufangchilar yaxshi harakat qilishgani, natijadan Boburning quvongani ko‘rinib turibdi. Biroq uning xayoliga tufangdan ko‘ra murakkabroq aslaha yaratish fikri keladi va izlanadi. U Xuroson va Movarounnahrdagi janglarda «Rum dasturi bila» urush olib borgan. Bu uslubdagi jangda harbiy arobalardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Shu dasturga Bobur yangilik kiritishga oshiqadi: tufangchilarning jang maydonidagi o‘rnini almashtirib, ulardan oldin yangi ixtirosi bo‘lgan arobalarni qo‘yadi. Bu yangilik avvalgi tufangandozlar ko‘rsatgan jasoratdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi va Boburga yangi izlanishlar eshigini ochadi: «Rum dasturi bila arobalarning orasida zanjir o‘rniga... arg‘amchilar eshib, bir-biriga bog‘laydilar. Har ikki aroba orasida olti-etti to‘ra bo‘lg‘ay. Tufangandozlar bu aroba va to‘ralarning keynida turub, tufang otqaylar. Bu asbobning tartibi jihatidin besh-olti kun bu yurtta tavaqquf bo‘lduk». 
Zahiriddin Bobur harbiy qurolni yanada takomillashtirish, «farangi» otish ustida o‘ylay boshlaydi. «Farangi», bugungi ibora bilan aytganda, o‘q otar to‘p bo‘lib, birinchi marta Bobur tomonidan hind muhorabasida qo‘llanilgan. Bundan oldin ham bu qurolning odmiroq nusxasidan foydalanilgan. Bobur tufangni takomillashtirish, dushmanning kengroq maydondagi safiga zarba beradigan farangiy qurol yasashga astoydil kirishadi.
Shunday qilib, 1525 yil voqealari bayonidan boshlab, «Boburnoma» sahifalarida Ustod Aliquli — harbiy to‘p yasovchi usta nomi tez-tez keladi: «Ustod Aliquli ham g‘ulning oldidin necha qatla yaxshi farangilar otti. Mustafo to‘pchi ham g‘ulning so‘l qo‘lidin aroba ustidagi zarbzanlar bila yaxshi zarbzanlar otti». Mazkur parchadagi bir jihatga e’tibor beraylik: Bobur harbiy aslahalari qatoriga endi arobalarga o‘rnatilgan zarbzan qurol ham qo‘shilgan. 
Tufang, to‘p, zarbzanlarning dushman askarlarini vahimaga solgani Boburda yangi g‘oyalarni amalga oshirish ishtiyoqini tug‘diradi va bu ishning ustasi Ustod Aliquli bilan birga mutlaqo yangi qurol — artilleriya aslahasining ilk namunasini yaratishga kirishadi. Boburning bu ishni oxiriga yetkazgunga qadar sabr-bardosh, chidam, uzluksiz izlanish olib borgani g‘oyat ibratlidir.
Hindistondagi Biyana qo‘rg‘onini egallash ancha mushkul kechadi. Qo‘rg‘onning balandligi, ichkariga kirishning mushkulligi bor harbiy imkoniyat bilan uni egallashga yo‘l bermaydi. Shunda Bobur yangi qurolini ma’lum bir joyga o‘rnatib, katta hajmdagi nishon o‘qini uzoqroq masofaga yetkazadigan uskuna ustida ish boshlaydi. Bu g‘oyani Ustod Aliquliga aytib, topshiriq beradi. Qisqa vaqt ichida Ustod Aliquli uskuna majmuasi bilan tayyor bo‘lganini bildiradi. Bobur bu aslahaning «qozon quyarining tafarrujiga bordik», deb yozadi. Bunda «qozon» to‘pning poroxxonasi bo‘lib, uning chidamliligi, hisob-kitobi (o‘tga dosh berish darajasi, tebranish holati, o‘qni aniq masofa va mo‘ljalga yetkaza bilishi va boshqalar) aniq bo‘lishi lozim edi. 
Ustod Aliquli bilan «hammualliflikda» yangi qurol yaratish jarayoni Boburning inson ruhiy kechirmalarining bilimdoni ekanini ko‘rsatadiki, «Boburnoma»dagi Ustod Aliqulining holati tasviri bunga misol: «Biyana va ba’zi kirmagan qo‘rg‘onlar maslahatig‘a bir uluq kozon Ustod Aliqulig‘a buyurilib erdikim, quyg‘ay. O‘ra va jami’ masolihini tayyor qilib, manga kishi yibordi. Dushanba kuni muharram oyining o‘n beshida (e’tibor beraylik, Boburning o‘zi ham bu tarixiy voqeaning kunini aniq bermoqda, nazarimizda uning o‘zi ham bu yangilikni tarixiy voqea ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa ajab emas — H.Q.) Ustod Aliqulining qazon quyarining tafarrujig‘a borduk. Qozon quyar yerning girdida sekkiz qo‘ra qilib, olotni eritibtur. Har ko‘raning tubidin bir arig‘e bu qozonning qolibig‘a rost qilibtur. Biz borg‘och, ko‘ralarning teshuklarini ochti, har arig‘din erigan olot suvdek sharildob qolibg‘a kirar edi. Bir zamondin qolib to‘lmay, bu ko‘ralardin kelaturgan erigan olotning kelmog‘i birar-birar munqati’ bo‘ldi. Ko‘rada yo olotta qusure bor ekandur. Ustod Aliqulig‘a g‘arib yomon holate bo‘ldi. Darin edikim, o‘zini qolib ichidagi erigan misqa tashlag‘ay. Ustod Aliqulig‘a diljo‘ylik qilib, xil’at kiydurub, bu infi’oldin chiqarduk».
Mazkur matnning oxirgi jumlasiga e’tibor beraylik: bunda hunarmand mehnatini g‘oyatda qadrlaydigan, qo‘l ostidagilarga adolat va insof bilan hukm chiqaradigan sarkarda Bobur shaxsiyati gavdalanadi. Shuningdek, parchada Boburning buyrug‘iga ko‘ra, juda mas’uliyatli muhoraba oldidan aniq muddatda yasalib, amalga tatbiq etish lozim bo‘lgan aslaha haqida gap ketayotir. Ilk tajriba muvaffaqiyatsiz chiqqan. Shunga qaramasdan, Bobur boshlangan ishining samarasiga ishonadi, Ustod Aliqulini o‘ta o‘ng‘aysiz holatdan chiqarib, ko‘nglini ko‘taradi, hatto in’omlar hadya etadi. Bu o‘z navbatida, Boburning ijodkor shaxsga munosabatini, yangilik yaratish sabr-bardosh talab etishini chuqur anglaganini ko‘rsatadi.
Jazo o‘rniga mukofot olgan usta butun qobiliyatini ishga solib, tajribada sinalayotgan to‘pning qusurini topadi va bu xabarni Boburga yetkazishga shoshiladi. «Ustod Aliquli ko‘p bashoshat bila kishi yiboribturkim», der ekan, Bobur ustaning to‘pdagi kamchilikni qisqa muddatda aniqlab, yana zudlik bilan bu masaladan lashkarboshini xabardor etishni o‘z burchi deb bilganini ta’kidlaydi: «Bir-ikki kun qolib sovug‘ondan so‘ng ochtilar. Ustod Aliquli ko‘p bashoshat bila kishi yiboribturkim, qozonning tosh uyi bequsurdur (bunda bir masalaga diqqatni qaratish zarur: to‘pni yaratishda uning qozoni — poroxxonasi, nazarimizda, texnik jihatdan eng murakkab muammo bo‘lgan ko‘rinadiki, Boburning xavotiri ham Aliqulining aslahaning shu nozik qismi butunligidan xursandchiligini shohga yetkazishga shoshgani ham shu bilan izohlanadi — H.Q.). Doruxonasini quymoq osondur. Qozonning tosh uyini chiqarib,jame’ni aning islohig‘a ta’yin qilib, o‘zi qozonning doruxonasini quymoqqa mashg‘ul bo‘ldi».
Xullas, Boburning sabri, ustaning mahorati tez orada yuksak natija beradi: harbiy aslahalari ichida eng qudratli, muhorabalarda dushmanga dahshat soluvchi to‘p yaratiladi: «Yakshanba kuni oyning sekkizida Ustod Aliquli o‘shul uluq qozoni bilakim, quyarda tosh uyi benuqson edi, tosh otarida tavarrujig‘a bordim. Namozi digar bor edi, tosh otti. Ming olti yuz qadam bordi. Ustodga kamar xanjar va xil’at va tupchoq ot in’om bo‘ldi». Bobur bu o‘rinda ikki masalada o‘zining sinchkovligini namoyon etayotir: birinchidan, u to‘p nishonining masofasini aniq belgilamoqda, chunki bu qurolning asosiy sifat belgisi — o‘q qanchalik uzoqroqqa yetishiga bog‘liq. Ikkinchidan, uning Ustod Aliquliga qilgan in’omi faqat eng katta xizmat ko‘rsatgan, e’tiborli kishilarga ataladigan sovg‘a bo‘lib, bu ham Boburning mazkur masalaga nechog‘li e’tibor bilan qaraganini ko‘rsatib turibdi.
Ustod Aliqulining yutug‘i Boburni qanoatlantirgan, albatta. Ammo u to‘pni yanada takomillashtirish, zarba berish qudrati va o‘qining uchish uzoqligini oshirish ustida bosh qotirgan. Izlanish va tajribalar, avvalgi loyihaga nisbatan natijali bo‘lsa-da, nuqsondan holi emas edi. «Yakshanba kuni Ustod Aliquli ulug‘ qozon bila tosh otti (bunda Bobur atay «qozon»ga «ULUG‘» so‘zini ilova qilmoqda — H.Q.) Agarchi toshi yiroq bordi, vale qazon pora-pora bo‘ldi. Bir porasi jame’ni bosti. Bu jumladin sekkiz kishi o‘ldi». Tajriba chog‘ida to‘pning qozonxonasi yorilib, bir parchasigina sakkiz kishining joniga zomin bo‘lgan ekan, bu to‘pning kattaligi qancha bo‘lgan? Bobur davrida bunchalik issiqbardosh, yuqori darajadagi o‘tga chidamli metallar qaerdan olingan? Bu savollarga beriladigan javoblar milliy armiyamiz tarixiga doir ixtirolar tahliliga bog‘liqki, bu o‘rinda biz turli sohalardagi olimlarimizning javobiga bugungi o‘quvchining chanqoqligini aytishni istar edik. 
Xullas, Zahiriddin Bobur masalaga jiddiy qaraydi: to‘p o‘rnatiladigan joy tuprog‘i, tuproqning tarkibi, yerning to‘p zarbiga bardoshliligi, muhoraba maydonining muvofiqligini o‘rganadi va bu ishlar nazoratini bevosita o‘z qo‘liga oladi. To‘p otishda, tajriba chog‘idagi kabi, fojia takrorlanmasligini istab, bu ishni o‘rganishga mas’ul «muhassislar va beldorlar»dan iborat hay’at tayinlaydi. Ana shu ishlar bajarilib, ko‘ngli to‘lgandan keyingina boshqa qurol, anjomlarni hozirlashni buyuradi: «Ustod Aliquli tosh otar uchun bir bog‘da yassi yerni ixtiyor qildi. Muhassislar va beldorlar ta’yin bo‘ldikim, qozon qurari uchun buljor qo‘porg‘aylar. Jami’ cherik eliga farmon bo‘ldikim, to‘ra va shotu va navkari to‘ranikim, qal’agirlik asbobidur, tayyor qilgaylar».
Shu o‘rinda bir masalaga diqqatni tortmoqchimiz. Bobur yangi ixtiro qilingan to‘pni jangga hozirlamaguncha egallashi qiyin bo‘lgan qo‘rg‘on hujumiga o‘tmagan. «Boburnoma»da Biyana qo‘rg‘onining juda baland, mustahkamligi bir necha marta takror aytilganki, unga qilingan hujumlar zoe ketib, maqsadga erishilmagan. Ancha mukammallashtirilgan to‘pning yaratilganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng Bobur «qal’agirlik asbob»larini hozirlash vaqti yetganini bildirmoqda. Shundan ham bu aslahaning yaratilishi Boburning Hindistonni o‘z tasarrufiga kiritishida nechog‘li zarur bo‘lganini bilish mumkin.
Zahiriddin Bobur Ibrohim Lo‘diyga qarshi muhorabaga juda jiddiy hozirlik ko‘radi. Bu uning uchun hayot-mamot jangi edi. «Boburnoma»ning shu jangga oid sahifalarini o‘qir ekanmiz, Boburning muhoraba maydonlarida lashkari joyini belgilashida, askarlarni dushman zarbasidan himoya etib, hisobsiz qirg‘inlarga yo‘l qo‘ymaslikda, avvalo, o‘zi yaratgan, takomillashtirishda bosh bo‘lgan to‘plarga, to‘pchilar xavfsizligini ta’minlashga diqqat qilganini kuzatamiz. U avval to‘p o‘rnatiladigan maydonni tanlab, to‘pni joylashtirib, keyin muhorabaning boshqa bo‘g‘inlariga e’tibor qaratgan: «Ustod Aliqulining farangiy va zarbzan otmog‘ini tafarruj qildim. Ushbu kun Ustod Aliquli farangiy toshi bila ikki kemani urub sindurub, g‘arq qildi. Mustafo ham ul yuzdin farangiy toshi bila ikki kema urub sindurub, g‘arq qildi. Ulug‘ qozonni jang joyig‘a eltib, yerini yasamoqqa Mullo G‘ulomni muhassil qo‘yub, bir pora yasavullardin va jald yigitlardin anga ko‘mak ta’yin qilib, yonib kelib, o‘rdu to‘g‘risi bir orolda ma’jun yeduk.»
Bobur Mullo G‘ulom ismli kishiga to‘plarni o‘rnatish ishini nazorat qilishni tayinlab, o‘zi orolchaga borib nafasini rostlar ekan, shu joydan turib to‘psozlar ishini kuzatadi, zarur topshiriqlarni berib, bu jarayonni bir lahza ham nazaridan chetda qoldirmaydi: «Namozi peshin Ustod qoshidin kishi keldikim, tosh tayyor bo‘lubtur, ne farmon bo‘lur? Farmon bo‘ldikim, bu toshni otsun, yana men borg‘uncha yana bir toshni tayyor qilsun».
Bobur o‘zining bu yaratuvchilik faoliyati, ixtirosi natijasini Ibrohim Lo‘diyni butkul tor-mor etganda ko‘p eslaydi. U jang maydonidan g‘olib chiqarkan, «bengaliylarning otashbozlik bila shuhrati bor edi», deb hind lashkaridagi harbiy mushak otishlarni o‘zining to‘plari zarbalari bilan qiyoslaydi va bu jarayonni tahlil etib, faxr bilan o‘z tuyg‘ularini yashirmay shunday yozadi: «Namozi digarda kichkina Bangaliy zavraqqa kirib, mo‘ljor qo‘porg‘on yerga bordim. Ustod bir navbat ulug‘ tosh otti, yana bir necha farangiy otti. Bangaliylarning otashbozliq bila shuhrati bor edi, bu navbat yaxshi sinaduk, bir yerni chog‘ qilib otmaydurlar, har tavr bila otadurlar».
«Boburnoma»da 1528 yilning oxiridagi voqealar tasvirida Bobur usta nomini avvalgidek Ustod Aliquli deb emas, balki USTOD bilan keltiradi. Bu bejiz emas. Bu, birinchi marta Boburning yuksak bir niyati, orzui — o‘sha davrda mukammal to‘p yaratishni amalga oshirgan mohir qurolsoz ustaga ehtiromi, uning xizmatini qadrlagani bo‘lsa, ikkinchidan, ta’kidlaganimizdek, xuddi shu qurol Hindistonda uning g‘alabasini ta’minlashda muhim omillardan biri bo‘lgan. Yana bir jihatga e’tiborni qarataylik. «Boburnoma»da muallif quyidagi jumlani keltiradi: «Nodirul-asr Aliquli o‘z ulusi bilan g‘ulning oldida edi va miltiq va zarbzan va tosh otmoqqa ishlar qilur edilar». Bunda davr shohi o‘zining mohir hunarmand ustasiga «nodirul-asr», ya’ni asrning nodir kishisi, deb baho bermoqda. Bu Ustod Aliqulining yuksak e’tiborga noil bo‘lganini ko‘rsatadi. Yana xuddi shu parchadan biz Ustod Aliquli shunchaki ustoz emas, balki Zahiriddin Bobur armiyasida, agar ta’bir joiz bo‘lsa, artilleriya bosh qo‘mondoni vazifasini bajargan. Asarda uning barcha o‘qotar, artilleriya qurollariga boshchilik qilganligining guvohi bo‘lamiz.
Xullas, biz Zahiriddin Boburning harbiy mahoratiga oid bir jihatni ko‘rib chiqishga harakat qildik. Bu bizga buyuk vatandoshimiz umr sahifasining bir pallasiga nazar solish imkonini berdi.

Hasan Qudratullayev, 
filologiya fanlari doktori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 2-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.