OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hasan Qudratullayev. “...Hech kim Mir Alisher Navoiychalik javob yozolmagan” (2011)

“Boburnoma” va “Tarixi Rashidiy”da Navoiy siymosi     

Alisher Navoiyning shaxsiyati, asarlarining barkamolligi va yuksak badiiy salohiyati haqida uning hayoti davrida, ko‘p o‘tmay XVI asr adabiy, tarixiy asarlarida yuksak darajada fikrlar bildirilgan. Zahiriddin Boburning “Boburnoma”, “Aruz risolasi” va boshqa asarlarida Navoiyga oid fikrlar adabiyotshunoslikda ancha o‘rganilgan. Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asarida Alisher Navoiy haqida bildirilgan fikrlarni amakisi Boburning fikrlari bilan qiyosiy o‘rganish mumtoz adabiyotimizni yanada teranroq tasavvur etishga imkon beradi, degan umiddamiz.

“Boburnoma”da muallif Alisher Navoiyning davlatchilik ishlaridagi ishtiroki va mavqei, davr sultoniga xizmatlari va, kezi kelganda, saltanat rivojiga ko‘rsatgan moddiy yordami haqida iliq so‘zlarni bildiradi. Shu qatori, ijodi haqida ham so‘z yuritib, asarlarini yuksak baholaydi: “Turkiy til bila she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”. “Tarixi Rashidiy” muallifi esa, “...uning taxallusi – Navoiydir. Ungacha ham, undan keyin ham turkiy tilda hech kim unchalik ko‘p she’r bitgan emas”, deb deyarli Bobur bergan bahoni takrorlaydi. Bunda Haydarning bahosi Bobur ta’rifidan taqriban 30 — 35 yil keyin berilganini inobatga olsak, Haydar tomonidan Alisherning taxallusi Navoiy ekanligi, turkiy she’rda “undan keyin ham” bu darajadagi shoir ijod qilmaganligini o‘z zamondoshlariga aniqroq yetkazish zarurati paydo bo‘lganligini payqash qiyin emas. Agar Bobur Navoiyning she’riyati shuhratini “hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytqon emas”, deya ta’riflasa, Haydar: “U she’r ilmining ustasi, uning turkiycha she’rlarining shuhrati Mullo Jomiyning forscha she’rlari shuhrati bilan teng”, deb baholaydi. Bu, birinchidan, Haydarning Navoiy adabiy merosidan to‘liq xabardorligini bildirsa, ikkinchidan, uning she’riyatini salmog‘i va yuksak badiiyati jihatidan Abdurahmon Jomiy merosi bilan teng biladi.

“Tarixi Rashidiy” muallifining Navoiyga bergan yana bir yuksak bahosi Xisrav Dehlaviy ijodiga javoban Navoiy yaratgan qasidaga munosabatida ko‘rinadi. Navoiy davrida salaflar ijodiga javob yozish ham mahorat mezoni bo‘lgan. Shu qatori, Haydar Navoiyni mashhur forsiyzabon shoir Hofiz Sheroziyning devoniga ham nazira etib javob bitganligini aytib, Navoiyning bu borada mislsiz matonat ko‘rsatganini ta’kidlab, yuksak poetik qudratiga ishora qiladi: “U Xoja Hofiz Sheroziy devoniga nazira tarzida devon tuzgan. Xoja Xisrav Dehlaviydan keyin “Yaxshilar daryosi” (“Daryoi abror”) qasidasiga hech kim Mir Alisher Navoiychalik javob yozolmagan”.

Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarini Qashqarda turib yozgan, “Boburnoma” esa Alisher Navoiy yashagan muhitga ancha yaqin Xuroson va Hindistonda yaratilgan. Ehtimol, Haydar Navoiyning barcha asarlaridan to‘la xabardor bo‘lmagandir yoki boshqa sabablar boisidandir, “uning uchta turkiy-o‘zbekcha devoni bor”, deydi. U hatto “Tazkirat ul-avliyo” asarining nomi “Nasoyim ul-muhabbat” ekanligini ham zikr etmagan.

“Boburnoma”da esa biz Navoiy asarlari haqida batafsil, aniq ma’lumotlarni kuzatamiz. Albatta, bunga Boburning Navoiy bilan nisbatan bir makonda bo‘lganidan tashqari, uning ijodi davr adabiyoti bilan uzviy bog‘liqligi, davr shoirlariga sardorligi ham sabab bo‘lgan. Bobur Navoiy asarlarining birinchi munaqqidi sifatida asarlari nomlarini “Boburnoma”da keltirishi ulug‘ shoir e’tibori va hurmati qatori, uning ijodini yuksak darajada tasavvur qila olganligini ham bildiradi. “Olti masnaviy kitobi nazm qilibtur, beshi “Xamsa” javobida, yana biri “Mantiq ut-tayr” vaznida “Lison ut-tayr” otliq. To‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: “G‘aroyib us-sig‘ar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoyi ul-vasat”, “Favoid ul-kibar” otliq....”.

Har ikkala adib Alisher Navoiyning saxovati, bunyodkorlik ishlariga yuqori baho berganlar. “Boburnoma”ning qisqabayonligi, unda tarix voqealari keng qamrab olinganligi hamda Bobur yashagan paytda Navoiy tomonidan bunyod etilgan “binoi xayr”lar qad rostlab turgani, kamolga yetgan shogirdlar hali hayotligi bois, muallif tafsilotga berilmaydi: “Ahli fazl va ahli hunarg‘a Alisherbekcha murabbiy, va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay. Ustoz Qulmuhammad va Shayxi Noyi va Husayn Udiykim, sozda saromad edilar, bekning tarbiyat va taqviyati bila muncha taraqqiy va shuhrat qildilar. Ustoz Behzod va Shoh Muzaffar tasvirda bekning sa’y va ehtimomi bila mundoq mashhur va ma’ruf bo‘ldilar. Muncha binoyi xayrkim, ul qildi, kam kishi mundoqqa muvaffaq bo‘lmish bo‘lg‘ay”.

Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy”sida Navoiyning xayru saxovati, shogirdpeshaligi, ilm, adabiyot, san’at ahliga ko‘rsatgan homiyligiga oid ma’lumotlar ko‘p jihatdan Boburning yuqoridagi ma’lumotlarini to‘ldirib keladi. Tarixiy asarlardan ma’lumki, Navoiy Husayn Boyqaro vaziri sifatida, o‘zi ega bo‘lgan boylikni xayriya ishlarga sarflagan. “Tarixi Rashidiy”dagi ma’lumotlar nafaqat Boburning bu mavzuga oid fikrlarini boyitadi, balki ko‘p jihatdan Navoiyning yaratgan “muncha binoyi xayr” ishlari sharhini keltiradi, ulug‘ shoirning naqadar himmatga fe’li kengligi, nafaqat ijodi bilan, balki to‘plagan xazinasini ham xalq manfaati yo‘liga sarflaganining aniq ifodasini beradi: “ Shunday qilib o‘sha zamonda xalqning turli toifalari ichidan fozil, benazir insonlar chiqqani uning (Navoiyning — H.Q.) sa’y-harakatlari tufaylidir. U Mir sifatida shunday jiddu jahd ko‘rsatdiki, natijada katta boylik to‘plandi, dehqonchilikdan va boshqa taraflardan tushgan kunlik daromad o‘n sakkiz ming shohruxiyni tashkil etgan. O‘z amirlik mansabining barcha jihatlarini — xizmatkorlarni, mulozimlarni, xazinani, sayisxonani, podshohlik imoratlarini u Sulton Husayn mirzoning noyibi amir Bobo Aliga topshirgan, bu o‘sha davrning buyuk sipohlaridan edi. Mir Alisher amaldorlik ishlarini yig‘ishtirib qo‘yib, boshqa amaldorlar va mulozimlar bilan bir qatorda o‘zini Sulton Husayn mirzo xizmatiga bag‘ishladi. U qudrati yetguncha unga yordam so‘rab murojaat qilgan muhtojlarga, olimu fozillarga homiylik qildi. O‘z mulkidan tushgan barcha daromadni el-yurt farovonligi uchun xayriya ishlariga sarfladi. U xonaqolar, masjidlar va boshqa imoratlar qurdirdiki, ularning ko‘pchiligi hozirgi kungacha Xurosonda saqlangan”.

“Boburnoma”da Alisher Navoiy va uning ijodi bilan bog‘liq bir qator tarixiy shaxslar, adiblar haqida qimmatli ma’lumot berilgan. Bular Husayn Boyqaro, Binoiy, Abdurahmon Jomiy va boshqalardir. Musiqa, san’at, miniatyura san’ati va boshqa soha vakillarining nomlari ham asarda zikr etilgan, ammo maqolamiz mavzusiga unchalik zarur emasligi bois, ular haqida batafsil to‘xtalmaymiz.

“Tarixi Rashidiy”da ham yuqoridagi shaxslarning nomlari zikr etilgan va ularning Navoiy bilan bog‘liq jihatlari haqida so‘z yuritilgan. Biz Navoiy shaxsiyati bilan bevosita bog‘liq Jomiy va Binoiyga Bobur va Haydar baholarini qiyosalashni ma’qul ko‘rdik.

Zahiriddin Bobur Abdurahmon Jomiyga oid ma’lumotni Husayn Boyqaro saltanati davridagi shuarolar zikrida keltiradi: “Shuarodin: bu jam’ning saromad va sardaftari Mavlono Abdurahmon Jomiy edi”. Ana shu ma’lumotdan keyin asarda Jomiyga oid ma’lumotni bir necha satrlarda, davr adiblariga sarvarligiga oid ma’lumotlar bayonida keltiradi. Nazarimizda, Bobur Jomiyga nisbatan o‘sha davr adiblarining “saromad va sardaftari”, deb bergan bahosi bilan qoniqqan va uni o‘z davridayoq klassik adib darajasiga yetganligini inobatga olib asarlarini nomlash, madhnamo baho berishni lozim ko‘rmagan.

Muhammad Haydarning Abdurahmon Jomiyga munosabati esa Bobur qarashlaridan ancha farq qiladi. Bu farq, birinchi navbatda, Haydarning dunyoqarashi, tasavvuf ilmi va islom olamining peshvolari, shayx va avliyolarga nisbatan yuksak hurmati orqali o‘z ifodasini topgan. Biz “Boburnoma”da muallifning tasavvuf ilmi, diniy rusumlar, aziz-avliyolarga zarur bo‘lgan o‘rinlardagina murojaat etganligini ko‘ramiz. “Tarixi Rashidiy”da esa bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Haydar Jomiyning sermahsul ijodi haqida gapirar ekan, “Nafahot ul-uns” asari davr mashoyixlari haqidagi qimmatli asarligini qayta-qayta zikr etadi. Xurosondagi shuaro zikri haqida so‘z yuritar ekan, ularning saromadi Abdurahmon Jomiy ekanligini ta’kidlaydi va “agar takrorga e’tiroz bo‘lmasa edi, olimlar va shoirlar haqidagi faslni Mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiyning muborak nomi bilan boshlash o‘rinli bo‘lardi, shuningdek, Xuroson avliyolari, olimlari, shoirlarining sardaftari ham Mavlono Jomiydir,” deydi.

“Boburnoma”da Kamoliddin Binoiy shaxsiyati, asosan, Alisher Navoiy obrazi talqinida, Husayn Boyqaro shuarolari zikrida ko‘zga tashlanadi: “Yana Binoiy edi, hiriyliqtur, otasi Ustoz Muhammad sabz banno uchun mundoq taxallus qilibtur, devon tartib qilibtur, masnaviylari ham bor”. Bobur Binoiy asarlariga baho beradi, ayrim kamchiliklarini bayon etadi va, asosan, uning shaxsiyatida shartakigo‘ylik, o‘tkir hazilkashlik xususiyati g‘olibligi va bu xususiyat Alisher Navoiy bilan bo‘lgan zarofatgo‘ylikda yaqqol ko‘zga tashlanganligini ta’kidlaydi va misollar keltiradi.

“Tarixi Rashidiy”da ham mavlono Binoiy haqida ma’lumot keltirilgan va unda asosan Binoiy va Navoiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan hazl-mutoyiba, “fikriy janglar” haqida so‘z boradi.

Muhammad Haydar Navoiy ijodiga mansub ikki misolni keltirib, ularning aniq manba sifatda bizga yetkazganligi bilan Navoiy ijodiga oid ma’lumotimizni nisbatan boyitadi. “Mir Alisher mavlono Sohibning bir matla’sini sotib olib, uni nihoyasiga yetkazgan. Mana o‘sha matla’:

Ko‘kragimdur subhning pirohanidin chokroq,

Kirpigim shabnam to‘kilgan sabzadin namrokroq.

Yana bir matla’ mavlono Lutfiynikidir. Mir Alisherga bu matla’ xush yoqib, uni oxiriga yetkazgan. Mana o‘sha matla’:

Boshimizdan soya sarvi qading kam bo‘lmasun,

Zoti poking bo‘lmasa, olamu odam bo‘lmasun.”

Agarchi Haydar bu misollarni Navoiyning adabiy-estetik darajasini belgilash, o‘zi ta’kidlagandek, “Mir Alishergacha birorta shoirda she’rni davom ettirib nihoyasiga yetkazish qobiliyati bo‘lmagan”, deb shoir salohiyatiga baho bersa ham, u bu misollarni Navoiy va Binoiyning “fikriy janglari” misolida foydalanadi va bu borada o‘z qarashlarini bayon etadi.

Bobur yozadi: “Alisherbekning mizoji nozukluk bila mashhurdur. El nazokatini davlatining g‘ururidin tasavvur qilur edilar. Andoq emas ekandur, bu sifat anga jibilliy ekandur. Samarqandda ekanda ham ushmundoq nozuk mijoz ekandur”.

“Tarixi Rashidiy”da ham biz Navoiyning bu xislati haqida o‘qiymiz. Haydar Navoiyning fazilatlarini mehr bilan bayon etar ekan, eng avvalo, uning zukko shaxsligi, o‘z davri kishilarni insof, insoniy burch, ilm olish va ijod bilan shug‘ullanish, tabiatlarida kishilarga g‘amxo‘rlik qilish, odamlarga yaxshilik qilishni kasb etish kabi xislatlarni tarbiyalashni shior aylaganligini, shunga qaramasdan shoir buyukligini ko‘rolmaganlar undan nuqson qidirishga harakat qilganini aytadi: “U behad zukko va zakovatli kishi edi. U boshqalarda ham xuddi shunday fazilatlar bo‘lishini xohlar, bunga erishishi qiyin bo‘lar, shundan odamlarga ginaxonliklar sodir bo‘lardi. Uning nozikta’bligi va tez ranjib qolish xususiyatidan boshqa kamchiliklarini topisholmagan. Garchi u fozil va behad davlatmand kishi bo‘lsa-da, butun qimmatli hayotini nafsini tiyish va xayrli ishlar bilan o‘tkazdi.

Bayt:

Teran dengizlardan gavhar-dur unar,

Insonga keragi – yaxshi bir hunar.

Demak, Mir Alisherning bitta kamchiligi, ya’ni nozikmijozligidan o‘zgasi butunlay fazilat edi”.

Shunday qilib, biz hazrat Alisher Navoiyga unga zamondosh bo‘lgan ikki yirik adib Zahiriddin Bobur va Muhammad Haydar qarashlari orqali yondashishga harakat qildik. Navoiyning hayotligidayoq shunchalik shuhrat topgani, o‘zidan o‘lmas asarlar, ezgu amallar qatori yuzlab shogird qoldirgani bugungi kun uchun ham yuksak darajadagi ibrat maktabidir.

Hasan Qudratullayev,

filologiya fanlari doktori, Xalqaro Bobur mukofoti sovrindori

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 7-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.