OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ismoil Bekjon. Oshiq Husomiy (2011)

Husomiy Xivaqiy-Qorako‘liy (1442-1505) O‘rta Osiyo xalqlari ma’naviy-madaniy, jumladan, adabiy hayoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan siymolardan. Bu borada shoirga zamondosh va keyingi davr mualliflari maxsus so‘z yuritishgan. Husomiy ijodiga berilgan ta’rifu tavsiflar juda yuksak.

Hazrat Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”ning uchinchi majlisida o‘zi ko‘rgan va suhbatda bo‘lgan shoirlar qatorida Husomiyni quyidagicha tilga oladi: Darvesh Xusomiy xorazmlig‘dur. Bu matla’ aningdurkim: Fig‘on, ey duston, k-on la’li shirin az havas moro, Bikushtu hech kas bar sar nayomad jo‘z magas moro (Fig‘on, ey do‘stlar, ul shirin labli havas yuzasidan bizni o‘ldirdi-yu, pashshadan bo‘lak hech kim boshimizga kelmadi).» Som Mirzo Safaviy «Tuhfai Somiy” (1550) tazkirasida: «Mavlono Husomiy Qorako‘liy asli Xorazmdan. Ammo Buxoroga qarashli Qorako‘lda o‘sib-ulg‘aygan. Darvesh va abdolvash kishi bo‘lgan. She’rda movarounnahrlik shoirlardan hech birining she’ri uning san’atkorona so‘zlari darajasiga yetgan emas. Yaxshi she’rlari juda ko‘p...», deb yozadi.

Nisoriy «Muzakkiri ahbob»(1566)da Husomiyning asli Xevaqdan, keyinchalik Qorako‘lda yashab, o‘sha yerda vafot etganini Husomiy tilidan aytilgan bir bayt orqali bildiradi va Husomiyni shialikda ayblashgani, ammo uning she’rlaridagi choryorlar olqishi bu ayblovni rad qilish uchun dalil bo‘la olishini ta’kidlaydi. Tazkirada qalandar Husomiyning Makkaga borishdagi o‘lkalardan biri hokimiga aytgan hikmatli so‘zlari, 5 baytli bir g‘azali va yana bir g‘azalining 3 bayti havola etiladi. Bu asarda Husomiyning Jomiy vafotiga atab yozgan ta’rix-to‘rtligi ham keltirilgan: Jomiy ki bar sipehri kamol oftob bud, Tasnif kard nusxa zi har ilm behasib. Raft az jahonu mond miyoni suxanvaron, Ta’rixi favti xeshtan «ash’ori dilfarib”— Yetuklik osmonining quyoshi bo‘lmish Jomiy, turli ilmlar bo‘yicha son-sanoqsiz kitoblar bitdi. O‘zi jahondan o‘tdi-yu, so‘zamollar orasida «dilni o‘g‘irlovchi ash’ori»ni vafotiga ta’rix qilib ketdi.

Darveshali Changiy «Risolai musiqa»(1603)da Husomiy Xivaqiyning musiqa sohasiga oid bir risolasi borligini eslatib, shoir she’rlaridan namunalar havola etadi. Darveshali hikoya qilishicha, Husomiy Qorako‘ldan turib Xoja Ahrorga xat yozgan, so‘ng Samarqandga kelib, Xoja Ahror bilan Xoja Muhammad Dashtiy Qatag‘on alayhurrahma maqbarasida uchrashgan. Xoja Ahror bilan birga Andijon, Turkiston shaharlariga safar qilgan. Ahmad Yassaviy maqbarasi ziyorati chog‘i esa odamlar Husomiy karomatining guvohi bo‘lishgan. O‘shanda Husomiy Turkistondan qaytgach, avval Samarqandga kelib, so‘ng Qorako‘lga ketgan. Husomiyning muammo fani bo‘yicha risolasi, bitta forscha va bitta turkiy tildagi she’riy devonlari bo‘lgan. «Risolai musiqa»da shoirning 29 baytli bir qasidasi berilib, Husomiyning qabri Qorako‘ldagi «Darvozai Duob ul-qof» qabristonida ekani aytiladi.

Abdulla Kobuliyning «Tazkirat ut-tavorix»(1690) asaridagi Husomiy hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar ham qimmatli: «Mavlono Husomiy sirlari muqaddas bo‘lsin — tab’i yaxshi, shirin kalom va majzub, bosh-oyog‘i yalang tarzda faqr libosida sulukka mashg‘ul kishi o‘tgan. Xoja Ahror hazratlari — sirlari muqaddas bo‘lsin — unga iltifot nazari bilan qaraganlar va o‘ziga hamsuhbat tutishga mayllari ko‘p bo‘lgan. Hazrat Mavlaviy Jomiy — Olloh ruhlarini yorlaqasin — va boshqa ulug‘lar Husomiyni yo‘qlab, ko‘rishga mushtoq yurisharkan. Ammo uning hech kimga e’tibori-yu, hech narsaga ishtiyoqi bo‘lmagan. Dilga o‘rnashuvchi ash’or, qasida va tengsiz so‘zlarining ko‘pi xos va avom o‘rtasida to‘la shuhrat qozongan... Husomiy hijriy 897 yili kasallanib, so‘ng o‘zi Qorako‘lga kelib maqom tutgan Cho‘kurdum Oto qabristonidagi (hozir bu qabriston xalq tilida «Cho‘burdon Ota» shaklida aytiladi — I.B.) xonaqohda vafot etgan va Cho‘kurdum Otoning nurli mozori yoniga dafn qilishgan”.

Sayyid Roqim «Torixi Roqim”(1690)da Husomiyning asli Xivaq viloyatidan bo‘lib, keyinchalik Qorako‘lga kelib vatan tutgani haqidagi to‘rtlikni to‘liq havola etadi: «...Man bulbuli diyori Qorako‘l — gulshanam, Dur az maqomi aslii xud na’ra mezanam. Aslam zi shahri Xivaqu holo dar in diyor, Darvozai Otost maqomi mo‘ayyanam (Mengulshan diyor — Qorako‘l bulbuliman. Asl yurtimdan uzoqda na’ra tortmoqdaman. Aslim Xivaq shahridan, hozir bu diyorda, «Darvozai Oto» degan joy turg‘un maqomim).

...Husomiy ko‘p yillar Xoja Ahror yonida bo‘lgan. Uning g‘oyatda latofatli va nihoyatda nazokatli bir devoni bor... Husomiy hijriy 911 yili rabi’ ul-oxir oyi jum’a kuni(1505 yil sentyabr-oktyabr — I.B.) vafot etgan. Shoirlar Husomiy vafoti munosabati bilan ko‘plab ta’rix aytishgan..».

Lutfalibek «Otashkadai Ozar”(1770) tazkirasida: «Husomiyning asli Xorazmdan. Ammo ko‘pincha Movarounnahrning Qorako‘lida yashagan va Husomiy Qorako‘liy nisbasi bilan tanilgan...», deya ma’lumot berarkan, shu yerda Husomiy she’rlaridan 5 baytini namuna sifatida keltiradi.

Mutribiy «Tazkirat ush-shuaro»da XVI asr ikkinchi yarmi shoirlari ham Husomiy she’rlariga tatabbu’ yozganlarini misollar bilan qayd etib ketgan. Hatto tazkiranavis Husomiyning «Dar jahon ey yorakon albatta boyad yorake, Nozukak, xubak, latifak, dilbarak, dildorake» matla’li va «Vaqti on omad Husomiddin xamesh kun dahanake, Sahmginak, Qutbiddinak, Shamsi beag‘yorake» maqta’li g‘azalini yanglish holda Jaloliddin Rumiy she’ri sifatida havola qiladi.

Yevropalik Herman Vamberi ham Husomiyning musiqadagi faoliyati borasida maqtovli so‘zlar aytgan.

Biz O‘zFA ShI qo‘lyozmalar fondidadagi 159/VI raqami ostida saqlanuvchi bayozda Husomiyning bitta madh, 222g‘azal va 22 baytli munojoti mavjudligini aniqlagan edik. Bu bayoz 1855 yili Buxoro shahrida Muniriddin Abulsharaf Muhammad al-Husayniy bin Umar al-Buxoriy summil-Bulg‘oriy tomonidan tartib berilgan. Husomiy g‘azallarining bir qanchasida shoir g‘oyasi tasavvufiy-irfoniy tushuncha, so‘fiyona ramzlar vositasida va Ya’qub payg‘ambar, Shohi arab (islom payg‘ambari) hamda Shamsi Tabreziy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy, Xoja Ahror kabi buyuk siymolarga murojaat orqali yoritilgan. Ishq mavzuidagi satrlarda Layli, Majnun, Farhod, Shirin, Xusravi Parviz, Vomiqu Uzro va Mansuri Xalloj obrazlari qatnashadi. Husomiy o‘zining qalandarlik maslagi xususida yozadi.

Shoir she’rlarida Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Kamol Xo‘jandiy ismlari ham tilga olinadi va Ganja, Tabriz, Barda’, Xo‘jand, Shahrisabz shaharlari nomlari qayd etiladi.

Ishq mavzui tabiat manzarasi uyg‘unligida tarannum etilib, bahor, yor vasfi va visol saodati, hijron azobi kabilar quyidagicha o‘ynoqi satrlarda bayon qilinadi: Gul vaqti-yu, bahor mavsumidir bu kun, Boda keltir, do‘stlar huzuri g‘animat bugun. Qumri-yu, bulbul fig‘oni bog‘ aro, Sarvigulu gulyuzlilar ishqi tufaylidir. Yor oyog‘ining changi sabo qo‘lidadur, Ne keltirsa ul yel ko‘zimga to‘tiyo. Turklarga to‘g‘ri so‘zlik xos ersa, Mening turk (go‘zal) yorimda ham to‘g‘rilik, ham soflik mujassam. Husomiyning quyidagi g‘azali insonning Yaratguvchiga nisbatan hayrat-muhabbatini anglatib, bu izhor zaminiy muqoyasalar vositasida amalga oshgan.

Guftamash: dar shahr chun chashmi tu yak bebok nest.

Guft: agar bebokiy oyad zi maston bok nest.

Guftamash: az so‘xtan arbobi jannat forig‘and.

Guft: dar jannat magar on ruyi otashnok nest?

Guftamash: ba dog‘i ishqat xirqai so‘fiy ast pok.

Guft: agar sad bor meshuyand uro, pok nest!

Guftamash: da’voi ruxsori tu dorad oftob.

Guft: on sargashtaro yak zarrae idrok nest

Guftamash: xoki sari ko‘yat kiyonand in zamon?

Guft: holo chun husomiy kase ba ko‘yam xok nest.

Mazmuni:

Dedim: shahr aro ko‘zlari sen kabi bebok yo‘q.

Dedi: mastlardan beboklik kelsa hech bir bok yo‘q!

Dedim: kuymakdan jannat ahli ozod erur.

Dedi: jannatda magar ul yuzi otashnok yo‘q?

Dedim: ishqing dog‘idan so‘fi xirqasidir pok.

Dedi: yuz bor yuvsalar ham bo‘lmas ul pok, yo‘q!

Dedim: yuzing da’vosin qilmoqda-ku oftob.

Dedi: ul sargashtada chun bir zarra idrok yo‘q.

Dedim: ko‘chang tuprog‘i kimlar erur bu ayyom?

Dedi: Husomiydek bu dam ko‘yimda bir xok yo‘q!

(Bebok — sho‘x; bok — ajablanish; xok — tuproq.)

Xullas, O‘rta Osiyo xalqlari madaniy-ma’naviy hayoti tarixida faol qatnashgan Husomiy adabiy merosini o‘rganish navbatdagi vazifalarimizdan biri hisoblanadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 14-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.