OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kamol Matyoqubov. Qo‘shiq sog‘inchi (2010)

1982 yilning erta bahorida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri, atoqli yozuvchi Asqad Muxtor taklifi bilan Qoraqalpog‘iston davlat filarmoniyasining “Amu to‘lqini” ansambli va ansambl rahbari, taniqli san’atkor Otajon Xudoyshukurov haqida maqola hamda intervyular tayyorlash rejalashtirildi. Rejani amalga oshirish uchun Nukus shahriga ikki bor xizmat safari uyushtirildi. Ikki gal ham ansambl a’zolari va xonanda bilan uchrashish imkoni bo‘lmadi. Ular Tatariston va Turkmanistonda ijodiy safarda ekan. O‘sha paytlarda dovrug‘i yurtimizga va qo‘shni respublikalarga taralgan bu ansambl hamda uning yetakchisi bo‘lgan hofizning kontsertlarini turli yig‘in, anjumanlar, to‘ylarda tomosha qilgandim. Lekin san’atkorning o‘zi bilan yuzma-yuz uchrashish, suhbatlashish nasib etmagandi.

U bilan bir yildan keyin uchrashdik. Uchrashuvimiz odatdagidan boshqacharoq tarzda kechdi. Toshkentdan Simferopolga uchayotgan samolyotimiz ob-havo noqulayligi tufayli Bokuga qo‘ndi. Bu yerda ob-havo noqulayligi natijasida qo‘nim topgan samolyotlar ko‘p edi. Boku aeroporti qanchalik katta bo‘lmasin, yo‘lovchilar arining uyasidek guvillardi, o‘tirishga emas, tik turgani ham joy yetishmasdi. Erta tongdan xuftongacha shu ahvol davom etdi. Samolyotlar uchishining kechiktirilishi haqidagi kun bo‘yi berilgan ma’lumotlar yo‘lovchilarning asabiga tegdi. Har xil noroziliklar paydo bo‘la boshladi. Ana shunda ma’lumotnomalar byurosidan g‘alati xabar yangradi. Ma’lumot beruvchi qiz ozayboyjoncha g‘urur va iftixor bilan Boku aeroportiga ulug‘ shoirlar Rasul Hamzatov va Nabi Hazriy kelganini, she’r eshitishni istagan yo‘lovchilar markaziy zalga borishlarini e’lon qildi. Kun bo‘yi bekorchilikdan zerikkan yo‘lovchilardan markaziy zal yana ham tirband bo‘ldi. She’rxonlikni mezbon Nabi Xazriy boshlab berdi. Keyin uni Rasul Hamzatov davom ettirdi. Bu kutilmagan mushoiraga qaerdandir mehmon kutgani chiqqan Baxtiyor Vahobzoda ham qo‘shildi. Yo‘lovchilardan ikki-uchtasi ham she’r o‘qishdi. Navbatdagi she’rini o‘qib tugatgan Rasul Hamzatov aeroportda o‘zbekistonlik san’atkor Otajon Xudoyshukurov ham borligini aytib, undan qo‘shiq kuylab berishni iltimos qildi. Aeroportdagi bu anjuman kimlarningdir sa’y-harakati bilan tashkil etildimi yoki kutilmagan holda amalga oshirildimi, bunisi noma’lum, lekin u yo‘lovchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi. Otajon Xudoyshukurovning davrada chiqishi “Aliqambar” kuyi ijrosidan boshlandi. Ko‘ngilda goh jo‘shqinlik, goh sokinlik, goh g‘uluv, goh nasimlik hislarini uyg‘otuvchi, dilni o‘ziga rom qiluvchi bu kuyni ko‘p davralarda eshitganman. Lekin uning bunday go‘zal, betakror ijrosiga birinchi bor duch kelgandim. San’atkor ham, uning atrofidagi cholg‘uchilar ham go‘yo kuyning bag‘riga singib ketgandek edilar. Ana shunda hofiz nafaqat xonanda, yetuk sozanda ekanligi, tor uning qalbiga aylanganligi, ijodiy faoliyati davomida 300 dan oshiq qo‘shiqlarga bejiz kuy bastalamaganligi sirlari ayon bo‘lganday bo‘ldi. San’atkor kuyni qo‘shiqqa uladi. “Mujgonlaring”. Bu qo‘shiqning mazmuni kimlarga ayon bo‘ldi, noma’lum. Biroq san’atkorning ovozi yig‘ilganlarning barchasi qalbiga muhrlandi. Olqishlar davom etishi natijasida san’atkorning yana qo‘liga tor olishdan boshqa iloji qolmadi. O‘zbekcha, qoraqalpoqcha qo‘shiqlarga ozarboyjon, turkman, tatar, qozoq, qirg‘iz, turk va boshqa xalqlarning ashulalari ulanib ketdi. Kutishdan toliqqan yo‘lovchilar ko‘ngillarini yozib raqsga tushdilar. Horg‘in dillarda quvonch uyg‘ondi.

O‘sha kuni biror sahnada emas, aeroportning yo‘lovchilar kutish zalida ikki soat davomida tik oyoqda, mikrofonsiz, jonli ovozda ijro etilgan qo‘shiqlar xonanda san’atining yangi qirralarini namoyon qildi. Bu qirralar uning jarangdor, baland, barcha pardalarda ravon va ehtirosli, insonni o‘ziga maftun etadigan tabiiy ovozida, ko‘p xalqlarning qo‘shiqlarini aslidagidek mukammal bilishi hamda ijro qilishida edi. Boshqacha aytganda, o‘sha kuni Otajon Xudoyshukurovda sahnada hamma vaqt ham ko‘rish nasib qilavermaydigan haqiqiy xonandalik qudrati bo‘y ko‘rsatdi. Yo‘lovchilar — boshqa xalq, millat vakillari qalbida uning xonandaligi timsolida o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining yuksakligiga ishonch tuyg‘usi qaror topdi. U bilan birinchi uchrashuv va suhbatimiz ana shu yerda bo‘lib o‘tdi. Xonanda ustozlari, ansambli, qo‘shiqchilik san’ati muammolari, kelgusi rejalari haqida gapirib berdi. Rasul Hamzatov bilan qanday tanishligi xususidagi savolimga: “Biz bu ulug‘ shoirning taklifi bilan Dog‘istonga kontsert gastrollari bilan borib turamiz”, deya javob berdi. Rasul Hamzatovning xonandaga ehtiromining sababi shu javobda ayon edi.

Otajon Xudoyshukurov bilan ikkinchi yuzma-yuz suhbatimiz 1985 yilning qishida Toshkentda bo‘lib o‘tdi. San’atkor “Amu to‘lqini” ansambli bilan poytaxtga gastrol safariga keldi. Bir kun kontsert berildi-yu ikkinchi kuni sobiq sho‘ro rahbarlaridan birining vafoti munosabati bilan tomoshalar to‘xtatildi. O‘n kundan keyin ansamblga gastrol kontsertlarini poytaxtning chekkaroq nuqtasi — Aviasozlar madaniyat saroyida davom ettirishga ruxsat berildi. Ikki soatga mo‘ljallangan kontsert to‘rt soat davom etdi. Tomoshabinlar talabiga muvofiq Otajon Xudoyshukurovning o‘zi ikki yarim soat qo‘shiq ijro etdi. O‘nib-kuyib, qalbini, butun borlig‘ini qo‘shiqqa bag‘ishlab, qo‘shiqqa aylanib kuyladi. O‘ndan ortiq yangi qo‘shiqlarini tinglovchilar e’tiboriga birinchi bor havola etdi. U qo‘shiqdan qo‘shiqqa avjlanib, yuqorilab bordi. Nihoyatda yuksak ijrosi bilan tomoshabinlar hayrati va olqishiga sazovor bo‘ldi.

Kontsertdan keyin suhbatimiz ham birdan qovushdi. San’atkorga rag‘bat berish uchun “Kontsertingiz yaxshi o‘tdi, qo‘shiqlaringizni huv o‘sha, Boku aeroportida bo‘lgani kabi eng yuqori, avj nuqtasida kuyladingiz. Xonandaga hamisha ham ana shunday kuylash nasib etaveradimi?”, deya savol berdim. U biroz tin oldi. So‘ng jiddiy tortdi. “Yo‘q, xonandaga bunday qalbdan kuylash bilan bog‘liq baxtli onlar hamisha ham nasib qilavermaydi. Mana, siz Bokudagi aeroportda aytgan qo‘shiqlarimni eslatdingiz. O‘shanda haqiqatan ham, qo‘shiqqa butun borlig‘imni bag‘ishladim. Buning sababi — Vatan sog‘inchi, yurt, uy sog‘inchi edi. O‘sha paytda bir oy Dog‘istonda gastrolda bo‘lib yurtga qaytayotgandik. Vatanni sog‘ingandik. Ana shu sog‘inch qo‘shiqlarga aylanib qalbimdan chiqqandi. Har bir odamning, jumladan, san’atkorning ham dardi o‘ziga ayon. Bu dard qalbidan qachon va qanday chiqayotganini, boshqa qalblarni ham zabt etayotganligini yaxshi biladi. Ana shunday holatlarda san’atkorning qo‘shiqlari nihoyatda tabiiy, jozibali va zavqli chiqadi. O‘sha, aeroportda ko‘pchilikni hayratga solgan narsa ham ona yurt sog‘inchining bir ifodasi edi. Bugungi qo‘shiqlarim avjiga kelsak, buning sababi sal boshqacha — buni qo‘shiq sog‘inchi deyish mumkin. Tasavvur qiling, necha kundan beri aza tufayli qo‘shiq aytmaymiz. Agar bu hol yana bir necha kun davom etsa, bilmadim, qanday ahvolga tushardik. Sahna esa bizga butun qalbdagi borini to‘kib solish vositasi. San’atda yana bir narsa bor. Aytaylik, ijodkorlarning bir asarni yozishi uchun ilohiy qudrat — ilhom parisi kerak. Hunarmandning bir narsani yasashi uchun ilohiy ne’mat — ijodiy quvvat lozim. San’atkorda ham ijodiy jarayon ana shunday kechadi. U so‘z va musiqa birligini uyg‘unlashtirib, tinglovchi, tomoshabinga mukammal darajada yetkazishi uchun ilohiy quvvat — ilhom parisi shart. San’atkorning qalbida ilhom parisi, ilohiy qudrat bo‘lmasa, ijrosidagi qo‘shiqlari boshqalar qalbini zabt eta olmaydi, uzoq yasholmaydi. Ular shunchaki musiqaga o‘ralgan so‘zlar, qichqiriq va qiyqiriqlarga aylanib qoladi. Ilohiy quvvat bilan yaralgan qo‘shiqlar esa san’atkor, xonanda nomini abadiyatga muhrlaydi”.

Otajon Xudoyshukurov bilan uchrashuvlarimiz, suhbatimiz keyinchalik yana davom etdi. Adabiyot, san’at, sozandalik, xonandalik, san’at turlari va hayotning boshqa jabhalari haqidagi muloqotlarimiz muhtaram muharririmiz niyat qilganidek matbuot sahifalarida e’lon qilindi. Atoqli xonanda bilan oxirgi uchrashuv va suhbatimiz 1994 yil qishning boshlarida bo‘lib o‘tdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Qoraqalpog‘iston Respublikasining adabiyot va san’at kunlari Toshkent shahrida, Toshkentning adabiyot va san’at kunlari esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazildi. O‘shanda To‘rtko‘l shahriga borgan bir guruh ijodkorlar, san’atkorlar bilan birga xasta yotgan xonandadan ko‘ngil so‘ragani uyiga kirdik. Xastalik uning qiyofasiga, qaddi-qomatiga soya tashlagan, san’atkorda avvalgi o‘ktamlik, shijoat yo‘q edi. U do‘stlarini, san’atkor safdoshlarini ko‘rib o‘zini dadilroq tutishga harakat qildi. Doktorlar kasallik zo‘raymasin degan maqsadda unga qo‘shiq aytish, tor chalish, musiqa bilan shug‘ullanishni taqiqlab qo‘ygan ekan. Do‘stlariga ijodiy rejalari, yangi yaratgan kuylari, qo‘shiqlari haqida so‘zlab berdi. Keyin beixtiyor yonida turgan torini qo‘lga oldi. Asta “Xorazm segohi”ni boshladi. Bir ozdan keyin uning musiqasidagi, ovozidagi xastalik o‘rnini dadillik egallay boshladi. Atrofdagilar uni tor chalish, qo‘shiq aytishdan qaytarmoqchi, xastaligini eslatmoqchi bo‘lishdi. U parvo qilmadi. Qo‘shiq tobora avjiga chiqaverdi. Buning sababi ayon edi. U qalbidagi dard — qo‘shiq sog‘inchini yengmoqda edi. Ammo taniqli hofiz vujudidagi dardni yenga olmadi. U oradan ko‘p o‘tmay, uzun qish kechalaridan birida vafot etdi... Do‘stlar davrasida kuylagan qo‘shig‘i uning toriga, xonandalik qismatiga, san’atga aytgan so‘nggi vidosi bo‘ldi. Bizning qo‘shiq sog‘inchi haqidagi suhbatlarimiz ham uzildi.

Odamzod fe’li qiziq: u qaerda, qanday sharoitda, qay ahvolda bo‘lmasin qalbida qo‘shiq sog‘inchi bilan yashaydi. Ajoyib so‘z va g‘aroyib soz sehridan — ilohiy quvvatdan qalbi quvonchga to‘ladi. Uni qayta-qayta eshitgisi, shu bilan ko‘nglidagi sog‘inch hovrini bosgisi keladi. Atoqli san’atkor Otajon Xudoyshukurov yaratib ketgan, ijro etgan qo‘shiqlar ham qalblarga malham bo‘luvchi, ruhiyatni yuksaltiruvchi asarlar bo‘lib qoldi. Bu qo‘shiqlarning xalqimiz madaniyati xazinasidan abadiy joy olganligi boisi ham shunda, deb o‘ylayman.

Kamol Matyoqubov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 40-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.